GUNOH SABABLI KUFRGA HUKM QILISH AQLGA HAM NAQLGA HAM ZIDDIR

by Matbuot xizmati
13 👁️

Har bir voqea va holatning o‘ziga xos sababi bo‘ladi. Diniy ta’limotlarning noto‘g‘ri talqin qilinishining asosiy sababi esa, shubhasiz, johillik va bilimsizlikdir. Ana shunday bilimsizlikning eng xavfli ko‘rinishlaridan biri – gunoh sababli mo‘minni kufrda ayblashdir.

Bugungi kunda dunyoning turli burchaklarida “jihod” shiori ostida sodir etilayotgan qon to‘kishlarning zamirida ham aynan shu xato yondashuv yotadi. Chunki islom ta’limotida musulmonning qoni, moli va obro‘si harom hisoblanadi. O‘zini musulmon deb bilgan inson bunday muqaddas chegarani o‘zbilarmonlik bilan buzishga jur’at qilolmaydi. Biroq, bunga o‘ziga asos topish uchun avvalo qarshisidagi insonni kufrda ayblaydi, so‘ng esa uning qonini o‘zicha “halol” deb bilib, “jihod” shiori ostida qotillik va boshqa jinoyatlarni sodir etadi.

Bunday xatti-harakatlarni jismoniy tazyiq yoki kuch bilan to‘xtatish deyarli imkonsizdir. Chunki bu kabi zo‘ravonliklar ko‘pincha aks ta’sir ko‘rsatib, shaxs o‘z noto‘g‘ri yo‘lini “to‘g‘ri” deb bilishda yanada qat’iylashishi mumkin. Hayotda bunday holatlar ko‘plab uchraydi.

Bunday holatlarning yagona davosi ilm va ma’rifatdir. Agar adashgan insonlarga ilmiy asosda, mantiqiy dalillar va tushunarli uslubda xatolarini tushuntira olsak, ular bu qabihlikka qo‘l urmaydilar. Chunki biz ularni bunday jirkanch ishlarga undagan asl sabab bo‘lgan johillikni yo‘q qilgan bo‘lamiz.

Shunday ekan, diniy ta’limotlarni sof va haqqoniy shaklda ummatga taqdim etish, noto‘g‘ri tushunchalarni ilm va ma’rifat orqali bartaraf etish barchamizning muhim vazifamizdir. Zero, ma’rifat bor joyda jaholatga o‘rin qolmaydi.

Shu maqsadda, quyida ushbu muammoni o‘zgacha uslubda tahlil qilib, imkon qadar adashganlarga haqiqatni ko‘rsatish va to‘g‘ri yo‘lga qaytishlarida ko‘maklashishga harakat qilamiz. Shoyad, qilayotgan sa’y-harakatlarimiz kimningdir zalolatdan najot topishiga sabab bo‘lsa.

Avvalo, gunohlardan murodtil va a’zolardan sodir bo‘ladigan amallar ekanini aniq bilib olishimiz zarur. Ana shu amallar mo‘minni iymondan chiqarmasligini ahli sunna ulamolarimiz aql, naql va ijmo asosida mustahkam dalillar bilan bayon qilganlar.

Amal sababli kufr sobit bo‘lmasligini to‘liq tushunish uchun esa, avvalo, iymonning haqiqatini anglashimiz lozim. Chunki iymon va amal o‘rtasidagi bog‘liqlikni to‘g‘ri tushunish, gunoh va kufr o‘rtasidagi chegarani aniqlashda muhim omildir.

Iymon nima?

Iymon lug’atda tasdiqlashdir. Yusuf alayhissalomning akalari otalariga aytganlaridek: “Agar rostgo‘y bo‘lsak ham, sen bizga ishonmassan”[1] , ya’ni: Bizning gapimizni tasdiqlovchi emassan.

Istilohiy ma’nosi borasida ahli sunna ulamolari va mazhablari ortasida ixtilof bor. Ammo bu ixtilof voqelikda iymon va kufrga hukm qilishda ta’sir qilmaydi. Iymon shar’iy istilohda: Allohning huzuridan kelgani aniq bolgan barcha narsalarda Nabiy alayhissalomni qalb bilan umumiy tasdiqlash va til bilan iqror bo’lish. Bu aksar Moturidiyya ulamolarining ta’rifi bolib, unga ko’ra iymonning ikkita rukni[2] boladi: Tasdiq va iqror. Ya’ni shu ikkala rukn topilmasa, iymon bolmaydi. Ash’ariyya mazhabi va ba’zi Moturidiyya ulamolariga kora til bilan iqror bolish rukn emas, balki dunyo ahkomlarini yurgazish uchun shart[3] hisoblanadi. Shundan kelib chiqib iymonda bitta rukn boladi: Tasdiq. Asosiy mavzudan chalgimaslik uchun ikkala mazhab ixtiloflari sabablari va dalillari tafsilotlariga kirishmadik. Chunki bu alohida mavzu hisoblanadi. Bahsimizga kerakli bolgan joyi har ikkala mazhabda ham amal iymon ruknidan emasligidir.

Xulosa qilib aytganda, gunoh sababli musulmonni kufrda ayblash – sof islom ta’limotini bilmaslik va johillik mahsulidir. Ahli sunna e’tiqodiga ko‘ra, amal iymonning ajralmas rukni bo‘lmagani bois, sodir etilgan gunoh insonni dindan chiqarmaydi va uning qonini halol qilmaydi. Bunday buzg‘unchi va adashgan g‘oyalarga qarshi eng ta’sirchan chora esa kuch ishlatish emas, balki chuqur ilm, sog‘lom mantiq va ma’rifat bilan kurashishdir. 

Davomi bor…

Qambarov Iqboljon – Imom Termiziy xalqaro ilmiy tadqiqot markazi kichik ilmiy xodimi


[1] Yusuf surasi 17-oyat. Qur’oni Karim ma’nolarining tarjimasi Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufning “Qur’oni Karim va o’zbek tilidagi ma’nolar tarjimasi” kitobidan olindi.

[2] Amalning mohiyatiga kirib, uning yo‘qligidan amalning ham yo‘qligi kelib chiqadi. Masalan: Namozdagi sajda rukndir.

[3] Amalning mohiyatiga kirmaydi uning yo‘qligidan amalning ham yo‘qligi kelib chiqadi. Masalan: Tahorat namozning shartidir.

Manzil: Surxondaryo viloyati Termiz shahri Shimoliy darvoza ko’chasi 3-uy


Telefon: +998 55 451 05 99


E-Mail: termiziycenter@gmail.com


Whatsapp: +998 55 451 05 99

©2017-2025 Imam Termizi ISRC- All Right Reserved. Designed and Developed by Shokhzamon

© 2017 by Imam Termizi ISRC is licensed under CC BY-SA 4.0
Яндекс.Метрика