KATTA GUNOH TAKFIRGA SABAB BO‘LMAYDI

by Matbuot xizmati
21 👁️

Amal imondan emasligiga dalil bormi?

Albatta, bir qancha oyat va hadislar amallar imon haqiqatiga kirmasligiga dalolat qiladi. Quyida shulardan ba’zilarini keltirib o‘tamiz:

يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آمَنُوا تُوبُوا إِلَى اللَّهِ تَوْبَةً نَّصُوحًا

Ey, iymon keltirganlar! Allohga xolis tavba qilinglar[1]! Birinchidan, tavba shar’iy istelohda ma’siyatdan toat (itoatsizlikdan itoatga)ga qaytishga aytiladi[2]. Ikkinchidan, tavba gunohi kabirada (kechirilishi uchun) shart qilinadi[3]. Gunohi sag’iralar uchun tavba shart qilinmaydi. Shundan ma’lumki oyatdagi tavbaga buyurilayotganlar gunohi kabira sohiblaridir. Katta gunoh sodir qilgan insonni Alloh Taolo mo‘min deb nomlayapti. Demak, amal imondan emas ekan. Agar amal imon mohiyatiga kirganida edi Alloh Taolo ularga mo‘minlar deb xitob qilmagan bo‘lar edi.

وَإِن طَائِفَتَانِ مِنَ الْمُؤْمِنِينَ اقْتَتَلُوا فَأَصْلِحُوا بَيْنَهُمَا

Agar mo‘minlardan ikki toifa urishib ketsalar, bas, o‘rtalarini isloh qiling[4]. Urishish va qatl gunohi kabiralardan hisoblanadi. Bu oyatda ham Alloh Taolo gunohkorlarni mo‘minlar ekanini aytmoqda. Amal imondan emasligini ifodalovchi eng yorqin dalillardan biri:

وَمَن يَعۡمَلۡ مِنَ ٱلصَّٰلِحَٰتِ مِن ذَكَرٍ أَوۡ أُنثَىٰ وَهُوَ مُؤۡمِنٞ فَأُوْلَٰٓئِكَ يَدۡخُلُونَ ٱلۡجَنَّةَ وَلَا يُظۡلَمُونَ نَقِيرٗا

Erkakmi, ayolmi – kim mo‘min bo‘lgan holda yaxshiliklar qilsa, ana o‘shalar jannatga kirurlar va ularga qilcha ham zulm qilinmas[5]. Ushbu oyatda Alloh Taolo yaxshi amallarga imonni shart qilib qo‘ydi. Shart bilan shart qilingan narsalarning boshqa-boshqa ekani hech kimga sir emas[6]. Agar amal iymondan hisoblanganida edi, oyat bunday uslubda keltirilmagan bo‘lar edi. Bu ma’nodagi oyati karimalar Qur’onda juda ko‘p. Biz esa yuqoridagi oyatlar bilan kifoyalanamiz. Amal iymondan emasligiga hadislardan ham dalillar bor:

 قال أبو ذر قال: أَتَيْتُ النبيَّ صَلَّى اللهُ عليه وسلَّمَ وعليه ثَوْبٌ أبْيَضُ، وهو نَائِمٌ، ثُمَّ أتَيْتُهُ وقَدِ اسْتَيْقَظَ، فَقالَ: ما مِن عَبْدٍ قالَ: لا إلَهَ إلَّا اللَّهُ، ثُمَّ مَاتَ علَى ذلكَ إلَّا دَخَلَ الجَنَّةَ قُلتُ: وإنْ زَنَى وإنْ سَرَقَ؟ قالَ: وإنْ زَنَى وإنْ سَرَقَ قُلتُ: وإنْ زَنَى وإنْ سَرَقَ؟ قالَ: وإنْ زَنَى وإنْ سَرَقَ قُلتُ: وإنْ زَنَى وإنْ سَرَقَ؟ قالَ: وإنْ زَنَى وإنْ سَرَقَ ثم في الرابعة: علَى رَغمِ أنْفِ أبِي ذَرٍّ. رواه البخاري ومسلم[7].

Abu Zar roziyallahu anhu aytib berdi: Nabiy sollallahu alayhi va sallamning oldilariga bordim. Egnilarida oq kiyim bor edi. U zot uxlab yotar edilar. Keyin kelsam, uyg’ongan ekanlar. Shunda u zot: “Qaysi bir banda «Laa ilaaha illallah» desa, so‘ng o‘shanga binoan o‘lsa, albatta jannatga kiradi”, dedilar. “Zino qilsa hammi? O‘g’irlik qilsa hammi?” dedim. “Zino qilsa ham, o‘g’irlik qilsa ham”, dedilar. “Zino qilsa hammi? O‘g’irlik qilsa hammi?” dedim. “Zino qilsa ham, o‘g’irlik qilsa ham”, dedilar. “Zino qilsa hammi? O‘g’irlik qilsa hammi?” dedim. “Zino qilsa ham, o‘g’irlik qilsa ham”. So‘ngra to‘rtinchisida: “Abu Zar xohlamasa ham”, dedilar. Buxoriy va Muslim rivoyati. Ushbu hadisda amalsiz ham jannatga kirish mumkinligi aytilmoqda. Jannatga esa faqatgina imoni bor inson kirishi ma’lum. Amalsiz ham imon bo‘lishidan amal imondan emasligi kelib chiqadi.

Xulos o‘rnida, Qur’oni Karim oyatlari hamda hadislarning dalolati amallar iymonning ajralmas mohiyatiga kirmasligini qat’iy isbotlaydi. Katta gunoh sodir etgan, hatto o‘zaro qon to‘kishgacha borgan kishilarga ham Alloh taolo tomonidan «mo‘minlar» deb xitob qilinishi hamda tavhid kalimasi bilan vafot etgan gunohkorning oxir-oqibat jannatga kirishi haqidagi bashoratlar buning ochiq dalilidir. Shunday ekan, sodir etilgan ma’siyat yoki kamchilik tufayli musulmonni dindan chiqqanga chiqarish (kofir deb e’lon qilish) aqlga ham, naqlga ham butunlay ziddir.

Qambarov Iqboljon

Imom Termiziy xalqaro ilmiy tadqiqot markazi kichik ilmiy xodimi


[1] Ta’hrim surasi, 8-oyat.

[2] Alloma Abdulaziz Farhoriy. Nibros ala sharhi aqoid. – Istanbul, Maktabatu Yosin: 1433-2012. – B. 485.

[3] Abul Main Nasafiy. Bahrul kalom. – Damashq: Dor al-farfur. 1421-2000. – B. 161.

[4] Hujurat surasi, 9-oyat.

[5] Niso surasi, 124-oyat.

[6] Abul Main Nasafiy. Bahrul kalom. – Damashq: Dor al-farfur. 1421-2000. – B. 376.

[7] Alloma Abdulaziz Farhoriy. Nibros ala sharhi aqoid. – Istanbul, Maktabatu Yosin: 1433-2012. – B. 90.

Manzil: Surxondaryo viloyati Termiz shahri Shimoliy darvoza ko’chasi 3-uy


Telefon: +998 55 451 05 99


E-Mail: termiziycenter@gmail.com


Whatsapp: +998 55 451 05 99

©2017-2025 Imam Termizi ISRC- All Right Reserved. Designed and Developed by Shokhzamon

© 2017 by Imam Termizi ISRC is licensed under CC BY-SA 4.0
Яндекс.Метрика