
Tarixdan ma’lumki, xavorijlar va ularning zamonaviy vorislari bo‘lmish takfirchilar ummatning sof aqidasiga eng ko‘p putur yetkazgan toifalardan sanaladi. Ularning eng xatarli uslubi – Qur’on va sunnat matnlarini umumiy shar’iy qoidalardan uzib olib, faqat zohiriy ma’nosiga qarab musulmonlarni kofirga chiqarishidir. Quyida ularning ushbu buzuq da’volariga ilmiy asosda ko‘rib chiqiladi.
Takfirchilar o‘zlarining da’volariga oyat va hadislardan dalillar keltiradilar. Masalan: Moida surasi, 44-oyat:
وَمَنْ لَمْ يَحْكُمْ بِمَا أَنْزَلَ اللَّهُ فَأُولَئِكَ هُمُ الْكَافِرُونَ
«Kim Alloh nozil qilgan narsa ila hukm yuritmasa, o‘shalar kofirlardir».
Ular: «Hukm yuritish – insoniy amal, amalni tark etish esa kufrga sabab bo‘lmoqda», deya oyatning zohiridan xulosa chiqaradilar. Hadislardan Rasululloh ﷺning quyidagi mashhur hadislari:
لَا يَزْنِي الزَّانِي حِينَ يَزْنِي وَهو مُؤْمِنٌ، وَلَا يَسْرِقُ السَّارِقُ حِينَ يَسْرِقُ وَهو مُؤْمِنٌ، وَلَا يَشْربُ الخمر حِينَ يَشْربُها وَهو مُؤْمِنٌ
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan quyidagi hadisi sharifda: «Zinokor zino qilayotgan chog‘ida mo‘min bo‘lmaydi. O‘g‘ri o‘g‘rilik qilayotgan chog‘ida mo‘min bo‘lmaydi. Xamr ichuvchi xamr ichayotgan chog‘ida mo‘min bo‘lmaydi», deyilgan (Buxoriy va Muslim rivoyati).
Ular bu yerdan: «Gunoh sodir etilgan lahzada imon yo‘q bo’lishi, amal iymondan ajratishiga dalil bo’ladi», degan noto‘g‘ri ma’noni oladilar. Takfirchilar: «Sizlar ushbu matnlarning inobatga olmay, oyat-hadislarni inkor qilib, dinga nafsi-havoni aralashtiryapsizlar», degan asossiz tuhmatni ilgari suradilar. Aslida ham haqiqat shundaymi?
Matnni inkor qilish bilan uning zohirini tark etish bir-xil emas: Oyat yoki hadisni rad etish, shubhasiz, kufrdir. Ammo uning qat’iy aqliy va naqliy dalillarga zid keluvchi zohiriy ma’nosini tark etib, sahih ma’noga burish (ta’vil qilish) nafaqat joiz, balki kerakli o’rinda vojib hisoblanadi.
Shar’iy matnlarni jamlash: Din faqat bitta oyat yoki bitta hadisdan iborat emas. Boshqa qat’iy dalillar gunohkor mo‘min dindan butunlay chiqmasligini ochiq ko‘rsatadi. Oyatning asl talqini: Sahobai kiromlar, xususan Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhumo ushbu oyatni sharhlab: «Bu millatdan (dindan) chiqaradigan kufr emas, balki kufrdan quyiroq kufrdir (kufrun duna kufr)», deganlar. Ya’ni, Allohning hukmini inkor qilmay, nafsiga yengilib unga amal qilmagan kishi fosiq bo‘ladi, dindan chiqmaydi.
Hadisdagi imonning ma’nosi: Hadisdagi «mo‘min bo‘lmaydi» jumlasi imonning aslini emas, uning kamolini bildiradi. Zotan, Abu Zarr roziyallohu anhudan rivoyat qilingan sahih hadisda Rasululloh ﷺ zino va o‘g‘rilik qilgan banda ham agar qalbidagi tavhidi bilan vafot etsa, oxir-oqibat jannatga kirishini xabar berganlar.
Xulosa qilib aytganda, oyat va hadislarning zohiriy ma’nosini shariatning qat’iy dalillari asosida tark qilish – dinni nafsga moslashtirish yoki bid’at emas, balki shariat ruhini chuqur anglashdir. Takfirchilarning xatosi shundaki, ular Qur’on va sunnatning bir burchagini ushlab, uning qolgan qismiga ko‘z yumadilar. Ahli sunna val jamoa esa barcha dalillarni bir-biriga muvofiqlashtirgan holda, gunohi kabira qilgan musulmon kofir emas, balki tavbaga muhtoj fosiq mo‘min bo‘lib qolishini takidlaganlar.
Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi kichik ilmiy xodimi Iqboljon Qambarov.