O‘zbekiston delegatsiyasi Afg‘onistondagi xalqaro konferensiyada ishtirok etdi

by Matbuot xizmati
7 👁️

#O‘zbekiston #Afg‘oniston #Marg‘inoniy #Termiz #Konferensiya

O‘zbekistonlik diniy-ma’rifiy soha vakillaridan iborat delegatsiya Afg‘onistonga tashrif buyurdi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov boshchiligidagi delegatsiya “Imom Burhoniddin Marg‘inoniy ilmiy merosining zamonaviy islomshunoslikdagi o‘rni va mavqei” mavzusidagi xalqaro konferensiyada ishtirok etish uchun Afg‘onistonda bo‘lib turibdi.

Tashrifning dastlabki kuni delegatsiya a’zolari Afg‘oniston poytaxti Kobul shahridagi qator tarixiy, ilmiy va madaniy-ma’rifiy maskanlarga tashrif buyurdi.

Jumladan, delegatsiya “Kalimot” ilmiy-tadqiqot markazi, Qobul Milliy muzeyi hamda Zahiriddin Muhammad Bobur bog‘ida bo‘lib, ushbu maskanlarning faoliyati va tarixiy ahamiyati bilan tanishdi.

4-oktyabr kuni esa Kobul shahrida “Imom Burhoniddin Marg‘inoniy ilmiy merosining zamonaviy islomshunoslikdagi o‘rni va mavqei” mavzusidagi xalqaro konferensiyaning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Unda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi a’zolari, Afg‘onistonlik ulamolar, olimlar va diniy-ma’rifiy soha vakillari ishtirok etdi.

Konferensiyada O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi bosh mutaxassisi Habibulloh Jo‘raboyev, Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori o‘rinbosari Karomiddin Jamahmatov, markazning Xalqaro aloqalar va ziyorat turizmini rivojlantirish bo‘limi boshlig‘i Anvar Jo‘rayev, Imom Buxoriy ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy kotibi Me’rojiddin Amanov, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bo‘lim boshlig‘i Shukrullo Umarov, Surxondaryo viloyati bosh imom-xatibi Rasuljon Abdulloyev, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi Ijtimoiy va huquq fanlari kafedrasi o‘qituvchisi Mir Odil Haydarov, Toshkent islom instituti Aqida va fiqh fanlari kafedrasi katta o‘qituvchisi Yahyo Razzoqov, Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti Xalqaro munosabatlar kafedrasi katta o‘qituvchisi Obidjon Abdurahmonov, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik instituti Islomshunoslik bo‘limi mudiri Adiljon Ro‘piyev hamda boshqa mutaxassislar qatnashdi.

Konferensiyaning ochilish marosimida O‘zbekiston delegatsiyasi rahbari Homidjon domla Ishmatbekov so‘zga chiqdi. U o‘z nutqida O‘zbekiston va Afg‘oniston xalqlarini asrlar davomida bog‘lab kelayotgan tarixiy, ilmiy va ma’naviy aloqalarning ahamiyatini ta’kidladi.

Shuningdek, umumiy ilmiy merosni chuqur o‘rganish, buyuk allomalar asarlarini tadqiq etish va ikki mamlakat o‘rtasidagi ilmiy-ma’rifiy hamkorlikni yanada rivojlantirish muhim ekani qayd etildi.

Konferensiyaning ilmiy qismida Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori o‘rinbosari Karomiddin Jamahmatov “Termiz ulamolari va fiqh ilmi: ilmiy meros va an’analar” mavzusida ma’ruza qildi.

Ma’ruzada Termiz zaminidan yetishib chiqqan ulamo va muhaddislarning fiqh ilmi rivojiga qo‘shgan hissasi, ularning ilmiy merosini o‘rganish va avlodlarga yetkazish an’analari haqida so‘z yuritildi. Mazkur mavzu konferensiyaning asosiy yo‘nalishi — Imom Marg‘inoniy va Movarounnahr fiqh maktabining ilmiy merosini tadqiq etish bilan bevosita bog‘liq ekani bilan ahamiyatlidir.

Anjuman davomida O‘zbekiston va Afg‘oniston ulamolari hamda olimlari o‘rtasida ilmiy fikr almashinuvi bo‘lib, umumiy tarixiy, ilmiy va ma’naviy merosni chuqur o‘rganish masalalari muhokama qilindi.

Mazkur tashrif va xalqaro konferensiya ikki mamlakat o‘rtasidagi tarixiy-madaniy hamda ilmiy-ma’rifiy aloqalarni yanada rivojlantirish, umumiy ilmiy merosni tadqiq etish va o‘zaro tajriba almashish uchun muhim ahamiyat kasb etmoqda.

O‘zbekiston delegatsiyasining Afg‘onistonga tashrifi 7-oktyabrga qadar davom etadi. Safar dasturidan qator ilmiy-ma’rifiy uchrashuvlar va tashriflar o‘rin olgan.

.

Manzil: Surxondaryo viloyati Termiz shahri Shimoliy darvoza ko’chasi 3-uy


Telefon: +998 55 451 05 99


E-Mail: termiziycenter@gmail.com


Whatsapp: +998 55 451 05 99

©2017-2025 Imam Termizi ISRC- All Right Reserved. Designed and Developed by Shokhzamon

© 2017 by Imam Termizi ISRC is licensed under CC BY-SA 4.0
Яндекс.Метрика