
Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi yurtimizdan yetishib chiqqan buyuk allomalarning boy ilmiy-ma’naviy merosini o‘rganish, ularning asarlarini tadqiq etish va jahon ilm-fanidagi o‘rnini keng yoritish borasida muhim ilmiy maskan sifatida faoliyat yuritmoqda. Bugun markazda olib borilayotgan izlanishlar nafaqat mahalliy, balki xorijlik mutaxassislarda ham katta qiziqish uyg‘otmoqda.
Yaqinda markazga tashrif buyurgan Turkiyaning Anqara ijtimoiy fanlar universiteti islomshunoslik fakulteti professori, doktor Selchuk Joshqun hamda dotsent, doktor Hasan So‘zenman ushbu ilmiy muassasada yaratilgan imkoniyatlar va amalga oshirilayotgan tadqiqotlar bilan tanishdilar.
Markaz direktori Muzaffarxon Joniev mehmonlarga termiziy allomalarning hayoti va ijodini o‘rganish, ularning asarlarini ilmiy muomalaga kiritish hamda yosh avlodga yetkazish yo‘nalishidagi ishlar haqida ma’lumot berdi. Xususan, markaz olimlari tomonidan 226 nafar termiziy alloma haqida ma’lumotlar aniqlanib, o‘rganilayotgani turkiyalik olimlarda alohida qiziqish uyg‘otdi.
Tashrif davomida mehmonlarga Imom Termiziy va boshqa allomalarning hayoti, ilmiy faoliyati hamda ma’naviy merosiga bag‘ishlangan 80 dan ortiq kitob va risola taqdim etildi. Ushbu nashrlar ajdodlarimiz qoldirgan bebaho merosning ko‘lami va uni o‘rganish borasidagi izlanishlar bilan yaqindan tanishish imkonini berdi.
Uchrashuv yakunida termiziy allomalarning ilmiy merosini xalqaro miqyosda yanada keng tadqiq etish, xorijlik olimlar bilan hamkorlik aloqalarini mustahkamlash va qo‘shma ilmiy izlanishlarni yo‘lga qo‘yish masalalari yuzasidan kelishuvga erishildi.
Yaxyayev Zoxir – Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi matbuot kotibi