
Biror kasbning jamiyatdagi haqiqiy qadrini aniqlash uchun faqat unga bildirilayotgan hurmat yoki bayram kunidagi tabriklarning o‘zi yetarli emas. Buning uchun davlatning qonunchiligiga, mehnat kafolatlariga, yaratilgan shart-sharoitlarga va insonning kasbiy faoliyatini himoya qiluvchi mexanizmlarga nazar tashlash kerak.
Ustozlik kasbi haqida ham shunday fikr yuritish mumkin. Chunki mustaqillikdan keyingi yillarda O‘zbekistonda o‘qituvchining jamiyatdagi o‘rni nafaqat ma’naviy jihatdan e’tirof etildi, balki bosqichma-bosqich huquqiy, ijtimoiy va moddiy kafolatlar bilan mustahkamlandi. Bugungi kunda esa o‘qituvchi mehnatining ahamiyati mamlakat Konstitutsiyasining o‘zida alohida norma sifatida mustahkamlangan.
Mustaqillikning dastlabki yillaridayoq davlat tomonidan pedagoglarning jamiyatdagi o‘rniga alohida e’tibor qaratila boshlaganini huquqiy hujjatlarda ko‘rish mumkin. 1993-yil 29-dekabrda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasi xalq ta’limi xodimlari kunini belgilash to‘g‘risida”gi Qonun bilan oktabr oyining birinchi yakshanbasi O‘zbekiston Respublikasi xalq ta’limi xodimlari kuni etib belgilandi.
1996-yil 27-dekabrda qabul qilingan 367-I-sonli “O‘qituvchi va murabbiylar kunini belgilash to‘g‘risida”gi Qonun bilan 1-oktabr “O‘qituvchi va murabbiylar kuni” etib belgilandi hamda bayram – dam olish kuni deb e’tirof etildi. Shu bilan birga, 1993-yilda belgilangan xalq ta’limi xodimlari kuni to‘g‘risidagi qonun o‘z kuchini yo‘qotdi.
Bu o‘zgarishning ramziy ahamiyati bilan birga huquqiy ahamiyati ham bor edi. Chunki davlat bayramlar taqvimida aynan o‘qituvchi va murabbiylarga bag‘ishlangan alohida sana belgilandi.
1997-yil 29-avgustda “Kadrlar tayyorlash milliy dasturi to‘g‘risida”gi 463-I-son Qonun qabul qilindi. Bu hujjat o‘qituvchi oldiga ham yangi talablarni qo‘ydi. Endilikda pedagog faqat mavjud bilimni yetkazuvchi emas, balki yangi milliy ta’lim modelining asosiy ishtirokchilaridan biri sifatida qarala boshladi.
Ta’lim tizimining rivojlanishi bilan pedagog faoliyatining huquqiy asoslarini yanada aniq belgilash zarurati paydo bo‘ldi. Bu boradagi muhim bosqichlardan biri 2020-yil 23-sentabrda qabul qilingan yangi tahrirdagi “Ta’lim to‘g‘risida”gi Qonun bo‘ldi.
Mazkur qonun ta’lim sohasidagi munosabatlarni kompleks tartibga solib, ta’lim tizimining zamonaviy huquqiy asoslarini belgiladi.
2023-yil 30-aprelda referendum orqali qabul qilingan yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 52-moddasi mamlakat ta’lim siyosatida alohida ahamiyatga ega bo‘ldi.
Unga ko‘ra, O‘zbekistonda o‘qituvchining mehnati jamiyat va davlatni rivojlantirish, sog‘lom va barkamol avlodni shakllantirish hamda tarbiyalash, xalqning ma’naviy va madaniy salohiyatini saqlash va boyitishning asosi sifatida e’tirof etildi.
Eng muhimi, Konstitutsiyaning o‘zida davlat o‘qituvchilarning sha’ni va qadr-qimmatini himoya qilishi, ularning ijtimoiy va moddiy farovonligi hamda kasbiy jihatdan o‘sishi haqida g‘amxo‘rlik qilishi belgilandi.
Bu yerda muhim bir jihat borki, avval ustozning jamiyatdagi o‘rni alohida bayram va ta’lim siyosati orqali e’tirof etilgan bo‘lsa, yangi Konstitutsiyada uning mehnatiga berilgan baho asosiy qonun darajasiga ko‘tarildi. Boshqacha aytganda, “ustozni qadrlash kerak” degan umumiy fikr huquqiy normaga aylandi.
2024-yil 1-fevralda “Pedagogning maqomi to‘g‘risida”gi Qonun qabul qilindi. Mazkur qonun pedagoglarning huquqlari, majburiyatlari va faoliyatining asosiy kafolatlarini belgilaydi.
Qonunning 3-moddasida O‘zbekistonda pedagogning maqomi tan olinishi, uning kasbiy faoliyatini amalga oshirishi uchun tashkiliy-huquqiy shart-sharoitlar yaratilishi, ijtimoiy himoyasi ta’minlanishi va huquqlarini amalga oshirish uchun kafolatlar berilishi belgilangan.
Qonun pedagogning kasbiy faoliyatini himoya qilishga qaratilgan bir qator aniq mexanizmlarni ham belgiladi. Jumladan, pedagog o‘z sha’ni, qadr-qimmati va ishchanlik obro‘sini himoya qilish bilan bog‘liq ishlar bo‘yicha sudga murojaat qilganida davlat bojidan ozod etilishi nazarda tutilgan. Shuningdek, pedagogning kasbiy faoliyatiga noqonuniy aralashish bilan bog‘liq holatlarda uning sudga bevosita murojaat qilish huquqi ham belgilangan.
Ustozning jamiyatdagi mavqeini baholashda uning mehnatiga yaratilayotgan moddiy sharoit ham muhim mezondir.
“Pedagogning maqomi to‘g‘risida”gi Qonunning 12-moddasida pedagogning oylik ish haqi uning ma’lumoti, malaka toifasi yoki lavozimi bo‘yicha bazaviy tarif stavkasi, ilmiy darajasi, ilmiy unvoni, davlat mukofotlari hamda qonunchilikda belgilangan ustamalar hisobga olingan holda hisoblanishi belgilangan.
Bu yondashuvda pedagogning daromadi faqat lavozimning o‘zi bilan emas, balki uning malakasi, ilmiy darajasi, yutug‘i va kasbiy natijalari bilan ham bog‘lanmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 12-avgustdagi “Ish haqi, pensiyalar va nafaqalar miqdorini oshirish to‘g‘risida”gi PF-108-son Farmoniga muvofiq, 2024-yil 1-oktabrdan boshlab maktabgacha, umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, professional va maktabdan tashqari ta’lim tashkilotlarida ishlovchi pedagoglarning ish haqi 15 foizga oshirildi.
Bu bitta farmon bilan cheklanadigan jarayon emas. Keyingi yillarda pedagoglarni malaka, sertifikat va natija asosida rag‘batlantirish mexanizmlari ham kengaytirildi.
Bugungi bosqichning muhim jihati shundaki, pedagogni qo‘llab-quvvatlash faqat ish haqini oshirish bilan cheklanmayapti. Kasbiy rivojlanish, sertifikatlash, malaka toifasini olish va yuqori natija uchun ustama olish imkoniyatlari ham kengaymoqda.
2025-yil 9-sentabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida maktab ta’limi tizimidagi islohotlar muhokama qilinar ekan, pedagoglarga malaka, til bilish, yangi baholash tizimi va fan olimpiadalari kabi mezonlar asosida 10 dan ortiq turdagi ustamalar joriy etilgani ma’lum qilingan. O‘sha paytda ushbu imkoniyatlardan samarali foydalangan 60 ming o‘qituvchi 10-12 million so‘m miqdorida maosh olayotgani qayd etilgan.
Bundan tashqari Vazirlar mahkamasining 2026-yil 17-sentabrdagi “Pedagoglarning davlat oliy ta’lim tashkilotlariga o‘qishga kirgan va tahsil olayotgan farzandlarining to‘lov-kontrakt summasiga chegirma berish va ehtiyojmand oila farzandlarini zamonaviy kasblarga o‘qitish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 501-son qaroriga muvofiq pedagogik faoliyat bilan bog‘liq 465 ta lavozimda faoliyat yuritayotgan pedagoglarning davlat oliy ta’lim tashkilotlariga o‘qishga kirgan va tahsil olayotgan farzandlarining to‘lov-kontrakt summasiga 30% chegirma berildi.
Yuqorida sanalgan islohatlarni birgina bayram sanasi bilan o‘lchab bo‘lmaydi. Ustozga bo‘lgan munosabatning o‘zgarishi qonun hujjatlarida, mehnat kafolatlarida, kasbiy rivojlanish imkoniyatlarida va moddiy rag‘batlantirish tizimida aks etmoqda.
Ustozning qadri haqida gapirganda, faqat uning bugungi maoshi yoki unga berilgan imtiyozlarni sanab o‘tish ham yetarli emas. Chunki o‘qituvchilikning mohiyati raqamlar bilan to‘liq o‘lchanmaydi. Ammo davlatning ustozga munosabatini aynan shu raqamlar va huquqiy normalar orqali ko‘rish mumkin.
Shunday ekan, 1-oktabr – “O‘qituvchilar va murabbiylar kuni” faqat tabriklar aytiladigan sana emas. Bu kun mamlakatimizning ta’limga, ilmga va inson kapitaliga bo‘lgan munosabatini yana bir bor eslatadigan kundir.
Samandar Axmatov Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi kichik ilmiy xodimi