Har bir shogird ortida bir ustozning mehnati bor

by Matbuot xizmati
12 👁️

Inson hayotida shunday insonlar bo‘ladiki, ularning bergan sabog‘i yillar o‘tsa ham unutilmaydi. Ular bizga faqat nazariy bilimlarni emas, balki to‘g‘ri so‘zlash, odob saqlash, halol mehnat qilish, qiyinchilikka sabr etish va o‘z kuchimizga ishonishni ham o‘rgatadi. Bunday fidoyi insonlar – ustozlardir.

Ko‘pincha biror kishining yutug‘ini ko‘rganimizda, uning iqtidori, tirishqoqligi va qobiliyati haqida gapiramiz. Ammo uning ortida yillar davomida mehnat qilgan, kamchiligini ko‘rsatgan, xatosini to‘g‘rilagan va unga ishonch bildirgan ustoz borligini ba’zan unutib qo‘yamiz.

Aslida esa kamol topgan har bir shogird ortida uning qo‘lidan tutib, ilm va tarbiya yo‘liga boshlagan ustozning ko‘z nuri va beminnat mehnati yotadi.

Islom dini ilm va ta’limga yuksak maqom bergan. Qur’oni karimning ilk nozil bo‘lgan oyatlaridayoq:

«Yaratgan Robbing nomi bilan o‘qi!» (Alaq surasi, 1-oyat) deyiladi.

Inson dunyoga kelganida ko‘p narsani bilmaydi. U o‘rganadi, savol beradi, xato qiladi va yana o‘rganadi. Ana shu jarayonda unga ilm va hayot yo‘lida to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsatadigan yo‘lboshchi kerak. Bu sharafli vazifani ustoz bajaradi.

Alloh taolo yana shunday marhamat qiladi:

«Agar bilmaydigan bo‘lsangiz, zikr (ilm) ahlidan so‘ranglar» (Nahl surasi, 43-oyat).

Demak, bilmaganni so‘rash ayb emas. Ilm ahlidan ta’lim olish esa ilm yo‘lining muhim qismidir. Ustoz shogird anglamagan masalalarni tushuntiradi, savollariga sabr bilan javob beradi va unga ilm yo‘lida hamroh bo‘ladi.

Ustoz faqat bilim bermaydi

Haqiqiy ustozning vazifasi dars o‘tish bilan cheklanmaydi. U shogirdning qalbi, dunyoqarashi va xulq-atvori ustida ham ishlaydi.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Albatta, men muallim qilib yuborildim», deganlar (IBn Moja rivoyati).

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam insonlarga ilm o‘rgatish bilan birga, iymon, odob, halollik, sabr va go‘zal xulqni ham ta’lim berdilar.

Shuning uchun haqiqiy ustoz ham shogirdiga faqat «nimani bilish»ni emas, balki «qanday inson bo‘lib yashash»ni o‘rgatadi. U shogirdini halol va haromga e’tiborli bo‘lishga, halol rizq topishga, harom ishlardan o‘zini tiyishga, birovning haqqiga xiyonat qilmaslikka va har qanday holatda vijdon bilan ish tutishga chaqiradi.

Ba’zan ustozning bir og‘iz so‘zi ham shogird hayotiga katta ta’sir qiladi:

«Sendan, albatta, yaxshi inson chiqadi».

«Xato qilishdan qo‘rqma, yana bir bor harakat qil».

«Ilmingda bardavom bo‘l, aslo to‘xtama».

«Halol yo‘ldan og‘ishma, haromdan o‘zingni asra».

Oddiy tuyulgan bu so‘zlar shogirdga qiyin paytlarda kuch va ishonch beradi. Yillar o‘tib, u qaror qabul qilayotganda ham ustozining nasihatlarini eslaydi.

Ustozning mehnati darhol ko‘rinmaydi

Dehqon urug‘ qadagan kuniyoq hosil kutmaydi. U yerni tayyorlaydi, urug‘ni ekib, suv beradi va niholni sabr bilan parvarish qiladi. Vaqt o‘tibgina mehnatining samarasini ko‘radi.

Ustozning zahmati ham shunday. Bugun berilgan saboq yoki aytilgan nasihatning ta’siri darhol ko‘rinmasligi mumkin. Ammo yillar o‘tib shogird yetuk olim, malakali mutaxassis, halol kasb egasi yoki xalqqa foydasi tegadigan inson bo‘lganda, uning yutug‘ida ustozining mehnati ham borligi namoyon bo‘ladi.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam marhamat qilganlar:

«Inson vafot etganda, uning amali to‘xtaydi, faqat uch narsadangina uzilmaydi: sadaqai joriya, foydalaniladigan ilm va uning haqqiga duo qiladigan solih farzand» (Imom Muslim rivoyati).

Ustozdan ilm olgan shogird o‘sha bilimni boshqalarga o‘rgatsa, ustoz boshlagan ezgu ish yana davom etadi. Shu ma’noda, ustozning eng qimmatli meroslaridan biri — uning tarbiyalagan shogirdlaridir.

Shogirdning yutug‘i — ustozning quvonchi

Haqiqiy ustoz shogirdining o‘zidan ham yuksak marralarga chiqishini istaydi. Uning maqsadi faqat «mendan ilm olsin» emas, balki ilm avloddan avlodga o‘tib, odamlarga naf keltirsin degan xolis niyatdir.

Shogird biror yutuqqa erishganda, uning ortida bir vaqtlar daftarini tekshirgan, xatosini ko‘rsatgan, savollariga javob bergan va unga ishonch bildirgan ustozning mehnati borligi yodga tushadi.

Ustozni unutmaslik

Inson qanchalik yuksak martabalarga erishmasin, uning ilk qadamlarini kimdir boshlab berganini unutmasligi kerak. Ustozlarni ehtirom qilish, holidan xabar olish, duolarida eslash va ulardan olingan ilmni boshqalarga yetkazish – shogirdlik odobidir.

Qur’oni karimda:

«Ehsonning (yaxshilikning) mukofoti faqat ehson (yaxshilik)dir» (Rahmon surasi, 60-oyat) deyiladi.

Ustoz bizga ilm va tarbiya berdi. Biz esa uning mehnatini ehtirom, xayrli duolar va yaxshi amallar bilan qadrlashimiz lozim. Eng katta minnatdorlik esa ustoz o‘rgatgan ezgu yo‘lni hayotimizda davom ettirishdir.

Zero, bir ustoz tarbiyalagan shogird ertaga boshqa bir insonga ustoz bo‘ladi. Shu tariqa bir insonning mehnati avloddan avlodga o‘tib, yana ko‘plab qalblarga ilm, odob va ezgulik nurini olib kiradi.

Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi Olim Jo‘raev

Manzil: Surxondaryo viloyati Termiz shahri Shimoliy darvoza ko’chasi 3-uy


Telefon: +998 55 451 05 99


E-Mail: termiziycenter@gmail.com


Whatsapp: +998 55 451 05 99

©2017-2025 Imam Termizi ISRC- All Right Reserved. Designed and Developed by Shokhzamon

© 2017 by Imam Termizi ISRC is licensed under CC BY-SA 4.0
Яндекс.Метрика