YANGI O‘ZBEKISTONDA YOSHLARNING DINIY-MA’RIFIY ONGINI SHAKLLANTIRISHDA DAVLAT SIYOSATI: KONSEPTUAL ASOSLAR VA AMALIY MEXANIZMLAR

by Matbuot xizmati
17 👁️

Yangi O‘zbekistonni barpo etish va uchinchi Renessans poydevorini mustahkamlash jarayonida yosh avlodning ma’naviy, intellektual va g‘oyaviy yetukligi davlat siyosatining eng muhim va hayot-mamot masalasiga aylandi. Aholisining yarmidan ko‘pini navqiron yoshlar tashkil etadigan mamlakatimizda yoshlarning ijtimoiy-siyosiy ongi, ma’naviy dunyoqarashi va diniy-ma’rifiy savodxonligini tizimli ravishda shakllantirish, ularni turli mafkuraviy va axborot xurujlaridan himoya qilish strategik vazifa sanaladi.

O‘zbekiston Respublikasida yoshlarning ma’naviy-axloqiy va ma’rifiy kamoloti uchun zarur huquqiy baza izchil tarzda takomillashtirib borilmoqda. Shunisi ramziyki, Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan imzolangan eng birinchi qonun hujjati 2016-yil 14-sentyabrdagi “Yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida”gi Qonundir. Mazkur Qonunda yoshlarni vatanparvarlik, bag‘rikenglik, qonunlarga, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash, ularni axloqiy negizlarni buzadigan xatti-harakatlardan, ekstremizm, radikalizm va fundamentalizm g‘oyalaridan himoya qilish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlari etib belgilangan.

2023-yilda yangilangan Bosh qomusimizda ham oila, bolalar va yoshlar masalalariga alohida bob ajratildi. Diniy-ma’rifiy sohadagi munosabatlarni yangi, demokratik va insonparvarlik asosida yo‘lga qo‘yish maqsadida 2025-yil 25-fevralda O‘RQ-1037-son Qonun bilan “O‘zbekiston Respublikasida fuqarolarning vijdon erkinligini ta’minlash va diniy sohadagi davlat siyosati konsepsiyasi” qabul qilindi. Mazkur Konsepsiyaning asosiy vazifalaridan biri jamiyatda diniy bag‘rikenglik va dunyoviylik prinsiplarini ta’minlash, ayniqsa, yoshlar ongida ma’rifiy immunitetni kuchaytirish, diniy radikallashuv va ekstremizm g‘oyalari tarqalishining oldini olishdan iboratdir.

Bugungi murakkab globallashuv sharoitida g‘oyaviy tahdidlarga qarshi kurashishning eng samarali vositasi kuch ishlatish emas, balki ta’lim va ogohlik ekani hayotiy haqiqatga aylandi. Shu sababli O‘zbekiston hukumati o‘zining diniy-ma’rifiy islohotlarida “Jaholatga qarshi ma’rifat” degan ezgu g‘oyani asosiy yo‘nalish qilib oldi.
Ushbu g‘oyaning xalqaro miqyosdagi e’tirofi sifatida, O‘zbekiston tashabbusi bilan ishlab chiqilgan va BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida taklif etilgan “Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik” maxsus rezolyutsiyasi 2018-yil 12-dekabrda BMTga a’zo davlatlar tomonidan bir ovozdan ma’qullandi. Hujjatning bosh maqsadi barchaning ta’lim olish huquqini ta’minlash, savodsizlik va jaholatga barham berish hamda diniy e’tiqod erkinligini himoya qilishdir.

Yangi O‘zbekiston tarixidagi eng katta islohatlardan biri bu – yurtimizda islom dinining asl insonparvarlik mohiyatini, buyuk ajdodlarimiz ma’naviy merosini chuqur o‘rganish maqsadida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy, Bahouddin Naqshband xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari hamda O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi tashkil etildi.

Ushbu ilmiy-ma’rifiy maskanlar nafaqat boy merosni tahlil qilmoqda, balki yoshlar ongiga ma’rifiy islom qadriyatlarini singdirishda muhim poydevor bo‘lib xizmat qilmoqda.

Bundan tashqari yoshlarning sog‘lom dunyoqarashini shakllantirishda diniy va dunyoviy bilimlarni oqilona muvofiqlashtirish va tizimli o‘qitish muhim ahamiyat kasb etadi. Shu maqsadda Yangi O‘zbekistonda quyidagi muhim islohotlar ham amalga oshirilmoqda:

  1. Diniy ta’lim muassasalarida ta’lim shakllari zamonaviy standartlarga moslashtirildi. Diniy sohadagi kadrlarni tayyorlash tizimini takomillashtirish maqsadida oliy diniy ta’lim bitiruvchilarining diplomlari davlat oliy ta’lim darajasiga tenglashtirildi, magistratura va doktorantura bosqichlariga asos solindi;
  2. Toshkent islom instituti va uning “Aqoid va fiqhiy fanlar” kafedrasi zamon talablariga mos, yuqori malakali soha mutaxassislarini tayyorlash orqali mamlakatimizning ma’naviy xavfsizligini ta’minlashga munosib hissa qo‘shmoqda. Ular taassub va radikalizmga qarshi Abu Mansur al-Moturidiy va Abu Muin an-Nasafiy kabi allomalar asarlaridagi aqliy va naqliy dalillar asosida ilmiy raddiyalar tayyorlamoqdalar;
  3. O‘zbekiston musulmonlari idorasi huzurida “Fatvo markazi” tashkil etilib, aholining diniy masalalarga oid murojaatlari yuzasidan onlayn savol-javoblarni amalga oshirish maqsadida “1171” qisqa telefon raqami ishga tushirildi;
  4. Umumta’lim maktablarida o‘quvchilarning ijtimoiy va axloqiy ongini yuksaltirish maqsadida “Milliy g‘oya”, “Odobnoma”, “Dinlar tarixi”, “Vatan tuyg‘usi” fanlarini birlashtiruvchi yaxlit “Tarbiya” fani joriy etildi;
  5. Dunyoviylik prinsiplariga tayanish kafolatlandi ya’ni davlat ta’lim tizimida diniy betaraflikni saqlash, diniy qarashlarni majburan singdirishga yo‘l qo‘ymaslik kafolatlangan bo‘lib, butun ijtimoiy munosabatlar dunyoviylik asosida tartibga solinadi.

Hozirgi axborot asrida yoshlar ongini buzg‘unchi va yot g‘oyalardan himoya qilish jiddiy ijtimoiy-psixologik muammoga aylandi. Internet va ijtimoiy tarmoqlar buzg‘unchi kuchlar qo‘lida ommaviy manipulyatsiya vositasi sifatida qo‘llanilmoqda.

Ushbu global xavflarga qarshi samarali kurashish va yoshlarni himoyalash maqsadida davlat siyosati darajasida quyidagi mexanizmlar ham joriy etilmoqda:

  1. O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining qarorlariga muvofiq, internet tarmoqlaridagi 500 dan ortiq ekstremistik va radikal mazmundagi kontentlar, akkauntlar va veb-saytlar taqiqlangan materiallar ro‘yxatiga kiritilib, ularni mamlakat hududida tarqatish va saqlash qonunan man etildi;
  2. Yoshlar ishlari agentligi tomonidan mahalliy hokimiyat va ichki ishlar organlarining maxsus bo‘limlari bilan hamkorlikda yoshlarning ekstremistik g‘oyalar ta’siriga tushishini aniqlash maqsadida onlayn sotsiologik so‘rovlar va ilmiy-nazariy tahlillar o‘tkazib borilmoqda;
  3. Internet tarmog‘ining milliy “.uz” segmentida yoshlarga sog‘lom diniy va ma’rifiy ma’lumotlarni yetkazish, onlayn guruhlarning salbiy ta’sirini kamaytirish uchun rasmiy mutaxassislar tomonidan boshqariladigan ma’lumotlar bazasini boyitish hamda tizimli targ‘ibot ishlarini yo‘lga qo‘yish zarurati belgilandi;
  4. Adashib yot g‘oyalar ta’siriga tushgan shaxslarni reabilitatsiya qilish doirasida amalga oshirilgan “Mehr” operatsiyalari natijasida Yaqin Sharqdagi jangovar hududlardan 300 dan ortiq ayollar va bolalar Vatanga qaytarildi va ularni jamiyatga moslashtirish ishlari tizimli ravishda amalga oshirilmoqda.

Shuningdek, yoshlar tarbiyasini bolalikdan boshlab tizimli rejalashtirish maqsadida mamlakatimizda “Uzluksiz ma’naviy tarbiya konsepsiyasi” hayotga tatbiq etilmoqda. Ushbu konsepsiya oila, bog‘cha va maktab hamkorligida yoshlarda Vatanga sadoqat, tadbirkorlik, irodalilik, bag‘rikenglik va mafkuraviy immunitet kabi fazilatlarni bosqichma-bosqich shakllantirishga xizmat qiladi.

Yangi O‘zbekiston sharoitida yoshlarning diniy-ma’rifiy ongini shakllantirishga oid davlat siyosati asriy qadriyatlar, milliy o‘zlikni anglash va dunyoviy tamoyillar uyg‘unligiga asoslangan. Mamlakat taraqqiyoti va uchinchi Renessans istiqboli ushbu sohadagi islohotlarning muvaffaqiyatiga bevosita bog‘liqdir.

Mavjud ilmiy-amaliy tahlillar asosida diniy-ma’rifiy ongni yanada yuksaltirish uchun Moturidiylik aqidasi va hanafiy fiqhiga oid mumtoz asarlarning akademik va izohli tarjimalarini nashr etishni, raqamli media resurslar va zamonaviy texnologiyalardan foydalangan holda yoshlarbop, jozibador diniy-ma’rifiy elektron kontentlarni ko‘paytirishni va yoshlar tarbiyasi borasida davlat organlari, diniy idoralar va fuqarolik jamiyati institutlarining o‘zaro samarali va tizimli hamkorligini yanada kuchaytirish muhim ahamiyat kasb etadi.

Sog‘lom diniy e’tiqod va yuksak dunyoviy bilimlar uyg‘unligi yosh avlodni jamiyat taraqqiyotining faol ishtirokchisiga hamda tinchlik va barqarorlikning mustahkam tayanchiga aylantiradi.

Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi kichik ilmiy xodimi Axmatov Samandar Olim o‘g‘li

Manzil: Surxondaryo viloyati Termiz shahri Shimoliy darvoza ko’chasi 3-uy


Telefon: +998 55 451 05 99


E-Mail: termiziycenter@gmail.com


Whatsapp: +998 55 451 05 99

©2017-2025 Imam Termizi ISRC- All Right Reserved. Designed and Developed by Shokhzamon

© 2017 by Imam Termizi ISRC is licensed under CC BY-SA 4.0
Яндекс.Метрика