
So‘z insonning ichki dunyosini oshkor etadi: u ko‘ngilni ko‘tarishi ham, qalbni jarohatlashi ham mumkin. Shu sababli so‘zlashuv madaniyati – faqat chiroyli gapirish emas, balki odob, mas’uliyat va inson qadrini asrash san’atidir. Insonning kimligi faqat uning tashqi ko‘rinishi, egallagan lavozimi yoki moddiy imkoniyatlari bilan belgilanmaydi. Uning ma’naviy qiyofasi, avvalo, muomalasi va so‘zlashuv tarzida namoyon bo‘ladi. Ba’zan birgina muloyim so‘z kishining ko‘nglini ko‘tarib, unga umid va ishonch bag‘ishlasa, o‘ylamay aytilgan qo‘pol ibora qalbda uzoq yillar bitmaydigan jarohat qoldirishi mumkin. Shu bois islomiy ta’limotda ham, milliy qadriyatlarimizda ham til odobi inson tarbiyasining eng muhim mezonlaridan biri sifatida qaraladi.
So‘zlashuv madaniyati o‘z ichiga so‘zning mazmuni, ohangi, aytiladigan o‘rni, vaqti, suhbatdoshning yoshi va ruhiy holatini hisobga olish, tinglashni bilish, boshqalarning sha’ni va qadr-qimmatini hurmat qilish kabi ko‘plab fazilatlarni qamrab oladi. Demak, madaniyatli so‘zlash uchun boy lug‘atning o‘zi yetarli emas. Buning uchun insonda odob, farosat, sabr, mas’uliyat va mehr ham bo‘lishi kerak.
Islom dinida inson tiliga katta mas’uliyat yuklanadi. Chunki til orqali zikr va duo ham qilinadi, yolg‘on, g‘iybat, tuhmat va haqorat ham sodir etiladi. “Baqara” surasining 83-oyatida “… odamlarga yaxshi gaplar ayting, …” – deb buyurilgan. Mazkur jumlani Imom Hasan Basriy tafsir qilib, “Yaxshi gap – amri ma’ruf, nahyi munkar, hilmu afv, kechirim va shirin so‘zlardan iboratdir” – deb aytganlar. Shuningdek, “Isro” surasining 53-oyatida “Bandalarimga aytingki, ular (o‘zaro so‘zlashganlarida) eng go‘zal so‘zlardan so‘zlasinlar. Zero, shayton ularning o‘rtalarida buzg‘unchilik qilur. Darhaqiqat, shayton insonga ochiq dushmandir.” – deyiladi. Bu ko‘rsatmalar insonning har qanday vaziyatda ham so‘zini nazorat qilishi, o‘z fikrini ezgulik va odob doirasida ifodalashi zarurligini anglatadi. Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam: “Kim Allohga va oxirat kuniga imon keltirgan bo‘lsa, yaxshi gapirsin yoki sukut saqlasin”, deganlar. Ushbu hikmatli ko‘rsatmada so‘zlashuv madaniyatining juda muhim mezoni mujassam: aytilayotgan so‘z foydali, rost va yaxshi bo‘lmasa, uni aytmaganing ma’qul.
Afsuski, kundalik hayotda insonlar ba’zan gapirishdan oldin so‘zining oqibatini o‘ylamaydi. G‘azab ustida aytilgan haqorat, hazil niqobi ostidagi masxara, tekshirilmagan xabarni tarqatish yoki bir kishining kamchiligini boshqalar oldida muhokama qilish oddiy holatdek ko‘rinishi mumkin. Aslida esa bunday so‘zlar odamlar o‘rtasidagi ishonchni yo‘qotadi, adovatni kuchaytiradi va jamiyat ma’naviy muhitiga zarar yetkazadi.
Islomiy so‘zlashuv madaniyatida rostgo‘ylik asosiy o‘rin tutadi. Biroq rost gapirish degani har qanday haqiqatni istalgan shaklda aytish mumkinligini anglatmaydi. Haqiqatni ham odob, muloyimlik va hikmat bilan yetkazish lozim. Insonni boshqalar oldida uyaltirish yoki uning ko‘nglini og‘ritish maqsadida aytilgan “rost gap” nasihat emas, ozor bo‘lishi mumkin. Chinakam nasihat insonning obro‘sini saqlagan, kamchiligini tuzatishga undagan holda, yakkama-yakka va samimiy tarzda bildiriladi.
Xulosa qilib aytganda, insonning ma’naviy qiyofasi uning so‘zi va muomalasida yaqqol namoyon bo‘ladi. Shuning uchun har bir so‘zni aytishdan oldin uning mazmuni, ohangi va inson qalbiga ta’sirini o‘ylash, haqiqatni ham odob, muloyimlik va hikmat bilan ifodalash muhimdir. Yaxshi so‘z insonga umid va ishonch bag‘ishlasa, o‘ylamay aytilgan bir og‘iz so‘z uning qalbiga ozor yetkazishi mumkin. Islom ta’limotidagi “yaxshi gapirsin yoki sukut saqlasin” degan hikmat ham har bir insonni tiliga e’tiborli, so‘ziga mas’uliyatli bo‘lishga chaqiradi. Demak, so‘zlashuv madaniyati – chiroyli gapirishdan ko‘ra kengroq tushuncha bo‘lib, u odob, sabr, farosat, rostgo‘ylik, mehr-oqibat va inson qadrini asrash kabi yuksak fazilatlarni o‘zida mujassam etadi.
Sevarov Olimjon – Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy kotibi