Tinchlik va totuvlik – Imom Termiziy merosidagi ezgu g‘oya

by Matbuot xizmati
11 👁️

Insoniyat taraqqiyoti tarixiga nazar tashlasak, xalqlar va davlatlarning yuksalishi, avvalo, tinchlik va barqarorlik bilan chambarchas bog‘liq ekanini ko‘ramiz. Tinchlik bor joyda ilm rivojlanadi, ma’rifat yuksaladi, oila va mahalla farovonligi ta’minlanadi. Aksincha, adovat, nizo va murosasizlik ilm-fan, iqtisodiyot va ma’naviy hayot taraqqiyotiga jiddiy to‘siq bo‘ladi. Shu ma’noda, asrlar davomida Movarounnahr va Xuroson hududida yashab, jahon ilm-fani va ma’naviy taraqqiyotiga ulkan hissa qo‘shgan Termiziy allomalarning ilmiy-ma’naviy merosi bugun ham katta ahamiyatga ega. Ayniqsa, buyuk muhaddis Imom Abu Iso Termiziy asarlarida insonni ezgulik, mehr-oqibat, bag‘rikenglik, kechirimlilik va o‘zaro hurmatga chorlovchi g‘oyalar muhim o‘rin tutadi.

Imom Termiziyning “Al-Jomi’” (“Sunani Termiziy”) asari nafaqat hadis ilmining muhim manbalaridan biri, balki insonning ma’naviy-axloqiy kamolotini ta’minlashga xizmat qiluvchi ulkan xazinadir. Asarda insonlar o‘rtasidagi munosabat, yaxshilik qilish, qarindoshlik rishtalarini mustahkamlash, kechirimlilik, rahm-shafqat va nizolarni bartaraf etishga oid ko‘plab hadislar keltirilgan. Jumladan, Imom Termiziy rivoyat qilgan hadislardan birida Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom insonlar o‘rtasini isloh qilish, ya’ni kelishtirishning naqadar ulug‘ amal ekanini ta’kidlaydilar. Unda odamlar orasida yarashuvga sabab bo‘ladigan yaxshi gapni aytish yoki yaxshi xabar yetkazish qoralanmasligi bayon qilinadi. Imom Termiziy ushbu hadisni “hasan-sahih” deb baholagan.

Bu hadisdan juda muhim hayotiy xulosa chiqadi: tinchlik o‘z-o‘zidan paydo bo‘lmaydi, uni insonlar o‘zaro yaxshi munosabat, oqilona muloqot va murosa orqali barpo etadilar. Ayniqsa, bugungi axborot tez tarqaladigan davrda ushbu g‘oyaning ahamiyati yanada ortib bormoqda. Bir og‘iz salbiy gap, asossiz mish-mish yoki haqorat insonlar o‘rtasidagi munosabatni buzishi mumkin. Aksincha, yaxshi so‘z, samimiy muloqot va xolis tushuntirish kelishmovchilikning oldini oladi.

Imom Termiziy rivoyat qilgan yana bir hadisda o‘zaro adovat va nafratdan saqlanishga chaqiriladi. Hadisda insonlar o‘rtasidagi yomon munosabat, adovat va nafrat “halok qiluvchi” illat sifatida ta’riflanadi. Demak, Imom Termiziy merosida tinchlik faqat urush yoki janjalning yo‘qligi sifatida emas, balki inson qalbida adovatning o‘rnini mehr, hurmat va bag‘rikenglik egallashi bilan bog‘liq holda namoyon bo‘ladi.

Imom Termiziyning “Al-Jomi’” asarida insonlar o‘rtasida mehr-oqibatni kuchaytirishga xizmat qiladigan oddiy, ammo chuqur ma’noli amallarga ham katta e’tibor berilgan.

Payg‘ambarimiz alayhissalomdan rivoyat qilingan hadisda insonlarning o‘zaro muhabbatini kuchaytiruvchi omillardan biri sifatida salomni keng yoyish ta’kidlangan. Hadisda o‘zaro muhabbat iymon bilan bog‘liq ekani, uni mustahkamlash yo‘llaridan biri esa salomni tarqatish ekani aytilgan. Salom – oddiy so‘z emas. Unda tinchlik, omonlik va ezgu niyat mujassam. Kishi boshqa insonga “Assalomu alaykum” deganida, aslida unga tinchlik va xotirjamlik tilaydi. Shu nuqtai nazardan qaraganda, oilada, mahallada, ta’lim muassasasida va ish joyida salomlashish madaniyatini yuksaltirish ham jamiyatda o‘zaro hurmat va totuvlik muhitini mustahkamlashga xizmat qiladi.

Imom Termiziy merosida insonga mehr bilan munosabatda bo‘lish masalasi ham alohida o‘rin tutadi. U zot rivoyat qilgan hadisda: “Kim odamlarga rahm qilmasa, Alloh unga rahm qilmaydi”, degan mazmundagi hikmat keltirilgan. Imom Termiziy ushbu hadisni “hasan-sahih” deb baholagan. Bu tamoyil jamiyat hayotining deyarli barcha sohalariga daxldor. Ota-onaning farzandiga mehri, ustozning shogirdiga g‘amxo‘rligi, kattaning kichikka hurmati, qo‘shnilarning bir-biriga yordami – bularning barchasi jamiyatda totuvlikni qaror toptiradi.

Tinchlikni faqat davlat yoki jamoat tashkilotlari ta’minlaydi, deb o‘ylash noto‘g‘ri. Tinchlik har bir xonadondan boshlanadi. Oilada bir-birini eshitish, kechirish va hurmat qilish odatga aylansa, mahallada ham, jamiyatda ham o‘zaro ishonch mustahkamlanadi.

Imom Termiziy rivoyat qilgan yana bir hadis insonni vaziyatga qarab emas, o‘zining axloqiy tamoyillariga asoslanib ish tutishga chaqiradi. Unda odamlar yaxshilik qilsa yaxshilik qilish, yomonlik qilsa yomonlik bilan javob qaytarish kabi kayfiyatdan saqlanish, hatto yomon munosabatga duch kelganda ham adolatsizlik qilmaslik ta’kidlanadi.

Bu fikr bugungi kunda, ayniqsa, ijtimoiy tarmoqlar va internet muloqoti sharoitida juda dolzarb. Kimdir haqorat qilsa, unga yanada og‘ir so‘z bilan javob qaytarish nizoni kuchaytiradi. Aksincha, vazminlik, madaniyatli munosabat va haqiqatga asoslangan muloqot nizoning avj olishiga yo‘l qo‘ymaydi. Shuning uchun Imom Termiziy merosidan bugungi yoshlar uchun muhim bir saboq olish mumkin: insonning madaniyati uni boshqalar qanday munosabatda bo‘lganida emas, o‘zi qanday munosabatda bo‘lishida namoyon bo‘ladi.

Xulosa qilib aytganda, Imom Termiziyning boy ilmiy-ma’naviy merosida tinchlik va totuvlik inson hayotining muhim ma’naviy asosi sifatida namoyon bo‘ladi. Alloma rivoyat qilgan hadislarda insonlar o‘rtasida mehr-oqibat, o‘zaro hurmat, rahm-shafqat, kechirimlilik va yarashuvni qaror toptirishga alohida e’tibor qaratiladi. Ayniqsa, nizolashayotgan insonlarni yarashtirish, yaxshi so‘z aytish, salomlashish, boshqalarga rahm-shafqat ko‘rsatish kabi oddiy, ammo yuksak insoniy fazilatlar jamiyatda tinchlik va barqarorlikni mustahkamlashning muhim vositalari sifatida talqin etiladi. Demak, tinchlik faqat nizo va urushning yo‘qligi emas, balki inson qalbida adovat o‘rniga mehr, nafrat o‘rniga bag‘rikenglik, murosasizlik o‘rniga o‘zaro tushunish va hurmat qaror topishidir.

Bugungi kunda Imom Termiziyning mazkur g‘oyalari ayniqsa dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Axborot oqimi jadallashgan, ijtimoiy tarmoqlarda turli fikr va qarashlar to‘qnash kelayotgan sharoitda har bir inson so‘zi va munosabati uchun mas’uliyatni his qilishi zarur. Asossiz xabar tarqatmaslik, haqorat va adovatga adovat bilan javob bermaslik, kelishmovchiliklarni muloqot va murosa orqali hal etish, oila va jamoada mehr-oqibat muhitini shakllantirish — tinchlikni asrashning amaliy ko‘rinishlaridir. Shu bois Imom Termiziy merosidagi ezgulik, rahm-shafqat, yaxshi muomala va insonlar o‘rtasini isloh qilishga doir g‘oyalarni bugungi avlod tarbiyasiga singdirish, ularni kundalik hayot mezoniga aylantirish barqaror va totuv jamiyat barpo etishning muhim omillaridan biri hisoblanadi.

Sevarov OlimjonImom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy kotibi

Manzil: Surxondaryo viloyati Termiz shahri Shimoliy darvoza ko’chasi 3-uy


Telefon: +998 55 451 05 99


E-Mail: termiziycenter@gmail.com


Whatsapp: +998 55 451 05 99

©2017-2025 Imam Termizi ISRC- All Right Reserved. Designed and Developed by Shokhzamon

© 2017 by Imam Termizi ISRC is licensed under CC BY-SA 4.0
Яндекс.Метрика