
Islom dinida ikkinchi manba hisoblangan hadislarni tag-tugi bilan inkor etuvchi bu toifa Aslam Jayrajpuri, G‘ulom Ahmad Parvez, Abdulloh Jakarulviy singari Britaniya kuchlari Hindistonda tarbiyalagan uch-to‘rtta zalolat boshchilari tomonidan yaratilgan.
Ularning da’vosi: “Faqat Qur’ongagina ishonamiz, zero, Alloh taolo faqat Qur’onnigina saqlashga va’da qilgan!”, degan o‘ta makkorona da’volarini ilgari surib, qanchadan-qancha ilmsiz kishilarni adashtirdilar.
Ularning ko‘rinishdan haqiqat bo‘lib ko‘ringan bu so‘zlari Ali roziyallohu anhuning ta’biri bilan aytganda; «botil iroda qilingan haq so‘z» deyishga ham arzimaydi. Chunki, Ali roziyallohu anhu bu mashhur so‘zlarini «Alloh nozil qilgan narsa bilan hukm qilaylik!», degan adashgan xavorijlarga qarata aytgan edilar. Vaholanki, Xavorijlar besunnat “Qur’oniylar” singari Sunnatni to‘laligicha inkor qilmas edilar.
Dinimiz bizga faqat Qur’onning o‘zi bilan emas, balki, qolgan manbalarning barchasi (hadis, ijmo’, qiyos) orqali asrlar davomida yetib kelmoqda. Mazkur manbalarga tayanib, asrlar davomida Islom ulamolari dinimizning barcha zamonu barcha makonga to‘laqonli javob bera olishini amaliy ravishda isbotlab kelmoqdalar.
Qur’ondan boshqasini inkor qiluvchi kimsa, Islomni to‘liq inkor qiluvchi hisoblanadi. Unday inson Qur’onni ham to‘g‘ri tushuna olmaydi. Chunki, barcha oyati karimalarning tafsiri hadisi shariflar orqali bayon qilingan, sahobayu tobeinlar so‘zlarida o‘z ifodasini topgan va mufassir ulamolar tomonidan kitoblarda naql qilingan.
Qiziq bir holat: Ijtimoiy tarmoqlarda o‘zini “Qur’oniy” deb tanishtirgan bir kimsa: “faqat Qur’onga ishonish kerak, hadislarga ishonch yo‘q, biz hadislarga ishonmaymiz, hadis imomlari yolg‘onchi” deb, Qur’on oyatlari haqida so‘z ochib: “Alaq surasining besh oyati birinchi nozil bo‘lgan oyatlar” deb ma’ruzasini davom ettiryapti. Esi past nodon anglamayaptiki, dastlabki nozil bo‘lgan “Alaq” surasining oyatlari haqidagi ma’lumotlar faqatgina hadislar orqali bizgacha yetib kelgan. O‘zing hadisni inkor etar ekansan, nega hadisdan gapirasan? Bu qanday ahmoqlik! O‘sha hadislardan biri:
عن مجاهد، قال: أوّل ما نزل من القرآن: (اقْرَأْ بِاسْمِ رَبِّكَ)
Imom Mujohiddan rivoyat qilinadi: “Qur’oni karimdan eng avval nozil bo‘lgan oyat bu: “Seni yaratgan parvardigoring nomi bilan o‘qi!” (Alaq so‘rasi, 1).
O‘zlarini “Qu’roniylar”miz deb tanishtirayotgan bunday aqlsiz kimsalar hadislarsiz bir qadam ham oldinga yurolmaydilar. Aslida ular da’vo qilayotgan shaytoniy g‘oya dahriylikning bir ko‘rinishi hisoblanib, bular Islomga shu tarzda zarba bermoqchi. Bilishni xohlamaydilarki, Alloh haq subhonahu va taolo ular haqida nima degan:
“Ular hidoyatning o‘rniga zalolatni sotib olgan kimsalardir”. (Baqara, 16)
Uljaev Umarali – Imom Termiziy ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi