TAASSUBNING MUOLAJASI VAHDATDIR

by Matbuot xizmati
20 👁️

Islom taqdim etgan fikr erkinligi hamda unga hamroh bo‘lgan turli qarashlar va mazhablar dinni anglash va unga amal qilishda bir qancha muqobil yondashuvlar mavjudligini ko‘rsatadi. Taassub esa ushbu fikr erkinligi, qarashlar xilma-xilligiga nisbatan murosasizlikdir. Taassubning eng og‘ir oqibatlaridan biri tafriqadir. Tafriqa bo‘linish va fitna, musulmonlar o‘rtasidagi tavhid rishtalarining uzilishi, sunnat bilan uyg‘unlashgan qalblarning bir-biridan ajralishi, beg‘araz va yolg‘iz holga tushishidir. Tafriqa zulmati jamiyatni qoplaganda, insonlarning qalb ko‘zi ko‘r bo‘lib qoladi. Rahmat va baraka ketadi, tartibsizlik va nafrat keng tarqaladi.

Holbuki, tafriqaning aksi vahdat, ya’ni birlikdir. Vahdat son-sanoqsiz mo‘minlarning o‘z erkinligini yo‘qotmagan holda bir-biri bilan bog‘lanishi, o‘z irodasidan ayrilmagan holda birlikka bo‘ysunishidir. Vahdatning asosida, shubhasiz, tavhid, ya’ni Allohning yagona va tengsiz ekaniga bo‘lgan iymon yotadi. Vahdat binosining devorlari esa Alloh Rasulining yo‘l-yo‘rig‘i asosida quriladi. Har bir mo‘min ana shu binoning bir g‘ishtidir. Sevimli Payg‘ambarimiz qo‘llarining barmoqlarini bir-biriga kirishtirib, bu birlikni shunday ifodalaganlar:

“Musulmonning boshqa musulmonlar bilan munosabati bir-biriga mahkam biriktirilgan binoning g‘ishtlari kabidir.” (Imom Buxoriy rivoyati).

Taassubning yana bir oqibati – takfir, ya’ni boshqalarni kofirga chiqarishdir. Takfir ummat birligiga tahdid soluvchi eng zararli da’volardan biridir. Islomda iymon asoslari dinning qat’iy mezonlarini tashkil etadi. Ular ochiq-oydin nasslar bilan tasdiqlangan va bahs-munozaraga o‘rin qoldirmaydigan masalalardir. Dinning maqsad va asosini tashkil etuvchi ushbu e’tiqodlarni rad etish iymonga xavf tug‘diradi. Buning tashqarisidagi masalalar esa aqida sohasiga nisbatan tafsilot hisoblanadi. Demak, e’tiqod masalalari asos, boshqa sohalar esa uning tarmoqlaridir.

Iymon yoki kufr kabi keskin ajratish faqat iymon asoslariga taalluqli masalalarda qo‘llanishi mumkin. Agar biror kishi Allohni tan olmasa, payg‘ambarlarni inkor etsa, ilohiy kitoblarning mavjudligiga shubha bilan qarasa, oxiratga ishonmasa yoki dinning qadriyatlarini masxara qilsa, ana shunda kufr haqida so‘z yuritish mumkin. Ammo e’tiqodning mohiyatiga daxldor bo‘lmagan tafsilotlarda turlicha fikrda bo‘lish iymon-kufr masalasining doirasiga kirmaydi.

Shunday ekan, bunday masalalardagi bahslarni asosiy masalalar darajasiga ko‘tarish va keyinchalik boshqacha fikrlaydigan insonlarni kofir deb e’lon qilish na to‘g‘ri, na adolatli, balki eng sodda ifoda bilan aytganda, insonlarga nisbatan insofsizlikdir.

Iymon asoslari borasida ittifoq qiladigan va ko‘plab umumiy qadriyatlarga ega bo‘lgan musulmonlarning tafsilotga oid masalalar sababli bir-birlarini takfir qilishi va ajratishi nihoyatda tashvishlidir. Aksincha, turli musulmon jamoalari avvalo o‘zaro kelishilgan masalalardan kelib chiqishlari, ana shu umumiy jihatlar asosida shakllanadigan birodarlik va bag‘rikenglik esa ixtilof qilingan masalalarni hal etishga ham muhim hissa qo‘shishi mumkin.

Umarali Uljayev – Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

Manzil: Surxondaryo viloyati Termiz shahri Shimoliy darvoza ko’chasi 3-uy


Telefon: +998 55 451 05 99


E-Mail: termiziycenter@gmail.com


Whatsapp: +998 55 451 05 99

©2017-2025 Imam Termizi ISRC- All Right Reserved. Designed and Developed by Shokhzamon

© 2017 by Imam Termizi ISRC is licensed under CC BY-SA 4.0
Яндекс.Метрика