IYMON TA’RIFIDA AMALNING O‘RNI: AHLI SUNNA VA ADASHGAN TOIFALAR O‘RTASIDAGI NOZIK FARQ

by Matbuot xizmati
26 👁️

Islom aqidasining eng muhim va nozik masalalaridan biri – amallarning iymon ta’rifidagi o‘rnidir. Islom olamidagi ko‘plab muhaddis, mutakallim va faqihlar amalni iymon tushunchasiga kiritish lozim deb hisoblaganlar. Masalan: Imom Shofe’iy va Imom Ahmaddan “Imon qalb bilan tasdiqlash, til bilan iqror bo’lish va azolar bilan amal qilishdir”, deganlari rivoyat qilingan[5:120].

Tashqi ko‘rinishidan ushbu ta’rif adashgan firqalarning qarashlari bilan bir xildek tuyulishi mumkin. Ammo imomlarning gaplari ko’rinishidan Xavorij va Mo’tazililarning “Iymon – tasdiq, iqror va amaldan iborat”, degan gaplari bilan bir xil bo‘lsa ham undan qasd qilingan ma’no butkul boshqadir.

Mohiyatdagi farq: Asl rukn va kamolot sharti

Ushbu qarashlar o‘rtasidagi tub farqni to‘g‘ri anglash uchun “iymonning asli” va “iymonning kamoli” degan mezonlarga tayanish lozim:

  1. Ahli sunna qarashi: Ahli sunna ulamolari amalni imondan deganlarida komil iymonni nazarda tutganlar. Amalsiz imon yo’q bo’lib qoladi degan ma’noda emas. Ya’ni, inson qalbi bilan tasdiqlab, tili bilan iqror bo‘lsa, u mo‘min hisoblanadi. Solih amallar esa ushbu iymonning mevalari, nuri va uni bezab turuvchi kamolot omillaridir. Agar kishi ibodatda sustkashlik qilsa yoki katta gunoh sodir etsa, uning iymoni zaiflashadi, ammo butkul yo‘qolmaydi.
  2. Xavorij va Mo‘taziliylarning yondashuvi: Ular amalni iymonning ajralmas, asosiy rukni deb bilishgan. Ularning aqidasiga ko‘ra, iymon bo‘laklarga bo‘linmaydigan yaxlit tushunchadir: agar amal yo‘q bo‘lsa, iymon ham barham topadi. Shu sababli, xavorijlar farz amallarni tark etgan kishini kofir deb e’lon qilsa, mo‘taziliylar uni “ikki makon oralig‘ida” deb hisoblab, tavbasiz vafot etsa, jahannamda mangu qoladi, degan xulosaga kelishgan.

Ushbu ma’no ko‘plab kitoblarda bayon qilingan bo‘lib, jumladan “Zov’ul maoliy” asarida quyidagicha ifodalangan: “Ba’zi muhaqqiqlar aytganlaridek eng to‘g‘risi ularning murodlari amallar komil imonning ichiga kiruvchi ekanidir. Xavorij va Mo‘tazililar aytganlaridek uning yo‘qligi imonni yo‘q qiladigan ma’noda emas.

Xulosa qilib aytganda, Imom Shofe’iy va Imom Ahmad kabi ahli sunna ulamolarining iymon ta’rifiga amalni qo‘shishlari ko‘rinishidan xavorij va mo‘taziliylar so‘zlariga o‘xshasa-da, ularning maqsadi va aqidaviy asosi butkul farqlidir. Ahli sunna amalni kishining iymoni komil bo‘lishi, ziyoda bo‘lib mustahkamlanishi uchun zaruriyat deb biladi va aslo amalsizlikni kufr deb baholamaydi. Ulamolar bunday iboralar bilan iymon bo‘lsa amalning ahamiyati yo‘q deb biluvchi murji’a toifasiga raddiya berganlar. Shu bois, iboralarning sirtqi shakliga qarab ahli sunna peshvolarini adashgan firqalar bilan bir xil qarashda deb hisoblash mutlaqo noto‘g‘ridir.

Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi kichik ilmiy xodimi Iqboljon Qambarov.

Manzil: Surxondaryo viloyati Termiz shahri Shimoliy darvoza ko’chasi 3-uy


Telefon: +998 55 451 05 99


E-Mail: termiziycenter@gmail.com


Whatsapp: +998 55 451 05 99

©2017-2025 Imam Termizi ISRC- All Right Reserved. Designed and Developed by Shokhzamon

© 2017 by Imam Termizi ISRC is licensed under CC BY-SA 4.0
Яндекс.Метрика