
Muayyan diniy tushuncha yoki yondashuvni qabul qilib, keyinchalik uni haqiqatning yagona yo’li deb bilish taassubdir. Biror fikr yoki mazhab mutlaq haqiqat darajasiga ko‘tarilganda, ushbu qarash doirasidan tashqaridagi barcha tushuncha va mazhablar botil toifasiga kiritiladi. Boshqacha aytganda, bu bir qarashni haddan tashqari ulug‘lash va boshqa talqinlarni qadrsizlantirishni anglatadi. Chunki “yagona to‘g‘ri yo‘lni topgan, yagona najotga erishgan yoki yagona to‘g‘ri fikr bizniki” degan mantiq boshqa haqiqat izlovchilarini kamsitish, ularni chetlatish va ulardan uzoqlashishni anglatadi.
Har qanday qarashning dogmatik shaklga aylanishi qadriyatlarni dogmatizm bilan, dogmatizmni esa murosasizlik bilan tenglashtirishga olib keladi. Bunday muhitda bir guruhga mansub kishilar o‘zlarini najot topgan jamoa sifatida ko‘rsalar, boshqalarni adashgan, xato qilgan va halokatga yuz tutuvchi guruhlar sifatida baholay boshlaydilar. Holbuki, mutlaq haqiqat Qur’ondir. Ijtihod va talqinga asoslangan qarashlarni esa mutlaq haqiqat darajasiga ko‘tarib bo‘lmaydi. Ularning xato qilish ehtimoli mavjudligi, tanqid qilinishi mumkinligi hamda haqiqatga turli yo‘llar orqali yetib borish imkoniyati borligini hech qachon unutmaslik kerak.
O‘z mazhabi, tariqati yoki jamoasini tanqiddan xoli deb bilish, uning to‘g‘ri yoki noto‘g‘riligiga qaramasdan, unga ko‘r-ko‘rona itoat qilish taassubdir. Mazhablarning mavjudligi qanchalik tabiiy bo‘lsa, insonning ushbu fikriy maktablardan biriga ergashishi ham shunchalik tabiiy va normaldir. Biroq sog‘lom va me’yoriy bo‘lmagan holat o‘zi ergashgan mazhabni mutlaq va munozarasiz haqiqat deb bilish, haqiqatga olib boruvchi boshqa yo‘llarni esa dushman deb hisoblashdir. Bunday taassub dinimizda mutlaqo ma’qullanmaydi. Chunki dinning muayyan bir talqinini mutlaq haqiqat deb bilish, uni dinning o‘zi bilan tenglashtirishni anglatadi.
Islom tarixi davomida diniy matnlarni anglash, Qur’on va sunnatni kundalik hayot bilan bog‘lash masalasida mazhablarning hissasi katta bo‘lgan. Bugungi kunda bizning vazifamiz ana shu ilmiy meros ustiga yana bir g‘isht qo‘yish, to‘plangan ilmiy tajribani yanada rivojlantirish va uni yangi bosqichga olib chiqishdir. Buning o‘rniga biror fikrga, jamoaga yoki mazhabga ko‘r-ko‘rona bog‘lanib, uni munozara qilib bo‘lmaydigan darajaga ko‘tarsak, diniy tafakkurni qotirib qo‘ygan va uni go‘yo tarix qa’riga qamab qo‘ygan bo‘lamiz.
Mazhabga oid taassubning tarixdagi izlariga nazar tashlasak, mazhabi yo‘lida sahobalarni haqorat qilgan, boshqa mazhab vakillarini kamsitgan va hatto o‘z qarashlarini qo‘llab-quvvatlash uchun hadislar ham to‘qigan kishilarni uchratishimiz mumkin.
Xatosiz deb qaraladigan va mutlaqlashtiriladigan har qanday fikr, tabiiy ravishda, o‘zidan boshqalarni “o‘zga” sifatida ko‘rgani sababli musulmonlarning birlik va hamjihatligiga putur yetkazadi. Tarixdan ma’lumki, o‘zidan boshqalarni Islom doirasidan tashqariga chiqarib qo‘yadigan xorijiylik (xavorijiy) tafakkuri musulmonlarning bir-biri bilan tanishishi va o‘zaro yaqinlashishiga to‘sqinlik qilgan. Bugungi kundagi o‘ziga o‘xshamaganlarni dushman deb biladigan va ularni yo‘q qilish rejalarini tuzadigan turli radikal, ekstremistik yondashuvlar ham bunga yaqqol misol bo‘la oladi. Bugungi kunda yuzaki, sayoz, hikmatdan mahrum va takfirga asoslangan e’tiqodiy qarashlar keltirib chiqarayotgan vayronkor oqibatlar haqida esa, nazarimizda, ortiqcha gapirishning hojati yo‘q.
Boshqa tomondan, fikriy oqimlarni mutlaqlashtirish kabi shaxslarni ham mutlaqlashtirish, ularni begunoh va daxlsiz deb e’lon qilish Islom ta’limotiga ziddir. Biror insonga bo‘lgan sadoqat uning har qanday holati, so‘zi, qarori va da’vosini hech qanday shartsiz qabul qilish darajasiga yetib borsa, bu insonning idrokini cheklab qo‘yadi.
Inson zoti xato qilishi, unutishi va noto‘g‘ri ish tutishi mumkinligini hech qachon unutmaslik kerak. Shunday ekan, hech kim o‘zini xatosiz va gunohdan pok deb da’vo qilishi mumkin emas. Fikrlarga ham, insonlarga ham nisbatan taassub shakllantirish jamiyatda ajralish, guruhbozlik va vayronkorlikka sabab bo‘ladi. Turli ijtimoiy muhitlarda yashaydigan va inson sifatida tabiatan turlicha fikrlash imkoniyatiga ega bo‘lgan musulmonlar o‘zlaridagi bu xilma-xillikni boylik va imkoniyat sifatida ko‘rishlari hamda bir-birlarini qabul qilib, o‘zaro ahillikni mustahkamlashlari lozim. Aks holda, har bir guruh o‘zining yo‘li va qarashlarini mukammal deb bilib, boshqalarga nisbatan vayronkor tanqidlar bildira boshlashi va ularni yo‘q qilishga intilishi oxir-oqibat butun jamiyatga zarar yetkazadigan oqibatlarga olib keladi.
Umarali Uljayev – Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi