Amir Temurning Islom dini, ilm-fan va ulamolarga munosabati

by Matbuot xizmati
11 👁️

Amir Temur (1336–1405) jahon tarixida nafaqat buyuk sarkarda va davlat arbobi, balki ma’naviyat, din va ilm-fanni qo‘llab-quvvatlagan yirik siyosiy va madaniy shaxs sifatida ham alohida o‘rin tutadi. Uning hukmronligi davrida Markaziy Osiyo, ayniqsa Samarqand nafaqat siyosiy markaz, balki ilm-fan va madaniyatning muhim o‘chog‘iga aylangan. Uning siyosiy qarashlarida din, ilm va davlat boshqaruvi o‘rtasidagi uyg‘unlik markaziy o‘rinni egallaydi.

Amir Temur o‘zini Islom dini homiysi sifatida namoyon etgan. U davlat boshqaruvida shariat qoidalariga amal qilishga intilib, adolatni eng muhim tamoyil sifatida belgilagan. Uning “Tuzuklari”da bu masala alohida ta’kidlanadi: “O‘z tajribamda ko‘rib bildimki, davlat agar dinu tartib asosida qurilmas, to‘ra-tuzukka bog‘lanmas ekan, unday saltanatning shukuhi qudrati va tartibi yo‘qoladi”.

Amir Temur yoshligidanoq diniy ilmlarga katta qiziqish bildirgan. U yoshligida Qur’oni Karimni yod olgan, uni nafaqat to‘g‘ri, balki teskarisiga ham qiroat qilish qobiliyatiga ega bo‘lgani haqida rivoyatlar mavjud. Bu holat uning qori sifatida ham yuqori darajada bo‘lganini ko‘rsatadi. Shu bilan birga, u faqat qiroat bilan cheklanmagan, balki Qur’on ma’nolarini ham chuqur anglagan. Ayniqsa, fiqh sohasida ham bilimli bo‘lgani ta’kidlanadi.

Amir Temur Islomni faqat shaxsiy ibodat emas, balki jamiyatni boshqaruvchi tizim sifatida tushungan. U fuqarolarni dinni o‘rganishga chaqirgan, amaldorlar va askarlarni ham diniy tarbiyaga jalb qilgan, jamiyatda axloqiy tartibni ta’minlashga intilagan.

Uning mashhur misollaridan biri — bir kuni, sahroda harbiy mashq o‘tkazilayotganida qor yog‘ib qoladi. Mashqlarni to‘xtatishga to‘g‘ri keladi. Shunda, Amir Temur o‘z odamlarini chodirga to‘plab turib, kim Qur’oni Karimdan qor haqidagi oyatni topib bersa, bir miqdor oltin mukofot berishini e’lon qiladi. Odamlar chodirlarga tarqalib, kun bo‘yi Qur’on o‘qish bilan ovora bo‘ladilar. So‘ng Sohibqiron ularni qayta to‘playdi va Qur’oni Karimga alohida e’tibor ila yondashmaslikda tanqid qiladi. Qur’oni Karim issiq, qor yog‘maydigan o‘lkada nozil bo‘lgani uchun unda qor haqida oyat bo‘lishi mumkin emasligiga e’tibor bermaganlarini eslatadi. Ularni Qur’oni Karimga, Islom diniga ixlosini kuchaytirishga chaqiradi va turli diniy savollariga javob beradi. Bu orqali u odamlarni Qur’onni chuqur o‘rganishga undagan va yuzaki bilimni tanqid qilgan.

Amir Temurning jamiyat va fuqarolar bilan aloqasining asosiy qismi ulamolar orqali bo‘lar edi. U kishi ulamolarni haddan ziyod hurmatlar va ularni o‘ziga yarasha taqdirlar edi. Bu borada amirning o‘zlari amal qilgan ahli sunna va jamoa mazhabi ulamolari bo‘lishi shart emas edi. Shiya, rofiziy mazhablari hatto nasroniy yoki boshqa dinlarning ulamolarini ham taqdirlar edi.

Temur o‘zi zabt etgan mamlakatlarda ham din ulamolarini himoyasiga olardi. Ko‘pincha ular shaxsan Sohibqiron huzuriga keltirilardi. Amir Temurda katta taassurot qoldirsalar, ularni o‘z saroyida yoki Samarqandda xizmat qilishga taklif etar yoki o‘z mamlakatlarida qolishlariga bag‘rikenglik bilan ruxsat berardi.

Amir Temur qaerga borsa, mashhur va o‘zi kitobini o‘qigan ulamolarning vafot etganlari bo‘lsa, qabrini ham ziyorat qilar edi. Sohibqiron tomonidan ulamolarning ehtirom qilishining yana bir ko‘rinishi, urush bo‘lgan joylarda yashaydigan ulamolarning uyiga kirganlarga omonlik berar, ularga tegmas edi. Amir Temur olim kishi sifatida o‘z davridagi kitoblarni o‘qib va tahlil qilib borardi. Ana o‘sha o‘zi kitobini o‘qigan ulamolarni tirik bo‘lsalar ham, vafot etgan  bo‘lsalar ham hurmatlarini joyiga qo‘yardi.

Amir Temur ulamolarni jamiyatning ma’naviy ustuni deb bilgan. Uning saroyida ko‘plab mashhur olimlar faoliyat yuritgan, jumladan: Sa’duddin Taftazoniy — mantiq, kalom va fiqh sohasida yirik olim, “Sharh al-Aqoid” kabi asarlar muallifi, Sayyid Sharif Jurjoniy — falsafa va mantiq sohasida mashhur, “Ta’rifot” asari bilan tanilgan; Ibn Xaldun — mashhur tarixchi va sotsiolog, “Muqaddima” asari muallifi; Nizomiddin Shomiy — “Zafarnoma” asari muallifi; Sharafiddin Ali Yazdiy — Amir Temur hayotini yoritgan tarixchi.

Amir Temur bu ulamolarni nafaqat hurmat qilgan, balki ular bilan munozaralar o‘tkazgan, ularning fikrlariga tayangan holda qarorlar qabul qilgan.

Amir Temur tasavvuf ahliga katta ehtirom bilan qaragan. Uning ma’naviy shakllanishida Bahouddin Naqshband — naqshbandiya tariqati asoschisi; Shamsiddin Kulol — piri va Sayyid Baraka — ma’naviy qo‘llovchisi sifatida muhim rol o‘ynagan.

Sohibqiron o‘z o‘gitlarining birida shunday deydi: “Piru komil shayx Bahouddin Naqshbandning: “Kam yegin, kam uxla, kam gapir”, degan pandu nasihatlariga amal qildim. Arkonu davlatga, barcha mulozimlarimga ham aytar so‘zim shu bo‘ldi, kam yenglar – ocharchilik ko‘rmasdan boy-badavlat yashaysizlar, kam uxlanglar – mukammallikka erishasizlar, kam gapiringlar, dono bo‘lasizlar”.

Amir Temur piri murshidlar, ma’naviy ustozlarga o‘z saroyining to‘ridan joy berdi. Tarixchi Ibn Arabshohning qayd etishicha, shayx Shamsiddin Kuloldan olgan duosini Sohibqiron doimo o‘z muvaffaqiyatlarining eng birinchi sababi deb bilgan.

Amir Temur pirlaridan biri, Muhammad payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning avlodlaridan bo‘lgan Sayyid Baraka 1370 yilda Balx qal’asi egallanishidan oldin Temurning oldiga keladi. Ulug‘ shayx Temurga hokimiyat ramzi hisoblangan nog‘ora va bayroq tutqazib, uning porloq kelajagidan bashorat qiladi. Bundan tashqari, Sayyid Baraka o‘z duosi bilan Sohibqironning g‘animlarga qarshi kurashida ham uni qo‘llab-quvvatlaydi. Masalan, Ibn Arabshohning ma’lumot berishicha, 1391 yilda o‘rta asrlardagi eng yirik janglardan biri – Qunduzcha jangi oldidan Sayyid Baraka duo qilib, omad tilagani uchun Amir Temur undan g‘oyatda mamnun bo‘lgan.

Amir Temur avliyolar va ulamolar qabrlarini ziyorat qilishga katta ahamiyat bergan. Jumladan, u Ahmad Yassaviy maqbarasini ziyorat qilgan va uni qayta qurdirgan.

U harbiy yurishlar paytida ham muqaddas joylarga zarar yetkazmaslikka harakat qilgan. Bu uning diniy qadriyatlarga amal qilganini ko‘rsatadi.

Amir Temur ilm-fanni davlat taraqqiyotining asosiy omili deb bilgan. U Samarqandni yirik ilmiy markazga aylantirishga harakat qilgan.

Uning siyosati natijasida Samarqandga turli o‘lkalardan olimlar taklif etildi, madrasalar va ilmiy muassasalar barpo etildi, kitobat va tarjima ishlari rivojlandi. Bu jarayon keyinchalik Temuriylar davrida yanada yuksalib, Mirzo Ulug‘bek kabi buyuk olimlar faoliyatiga zamin yaratdi. Ulug‘bekning rasadxonasi va astronomik ishlari jahon ilm-fanida katta ahamiyat kasb etgan.

Amir Temur Islom diniga sodiq, ilm-fanni qo‘llab-quvvatlovchi va ulamolarni qadrlagan davlat arbobi bo‘lgan. Uning siyosatida din, ilm va davlat boshqaruvi o‘rtasidagi muvozanat muvaffaqiyatli ta’minlangan. Bunday ma’naviy va ilmiy muhit keyinchalik Temuriylar davrida yanada rivojlanib, jahon sivilizatsiyasiga katta ta’sir ko‘rsatgan. Shu sababli, Amir Temurni nafaqat buyuk sarkarda, balki ma’naviy va ilmiy taraqqiyot homiysi sifatida baholash mumkin.

Olim Jo‘raev

Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

Manzil: Surxondaryo viloyati Termiz shahri Shimoliy darvoza ko’chasi 3-uy


Telefon: +998 55 451 05 99


E-Mail: termiziycenter@gmail.com


Whatsapp: +998 55 451 05 99

©2017-2025 Imam Termizi ISRC- All Right Reserved. Designed and Developed by Shokhzamon

© 2017 by Imam Termizi ISRC is licensed under CC BY-SA 4.0
Яндекс.Метрика