Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bir hadisi shariflarida shunday marhamat qiladilar: “Bir ota oʻgʻliga beradigan eng afzal hadya – bu goʻzal odobdir”. (Imom Termiziy rivoyati)
Ushbu hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam farzand tarbiyasining naqadar ulugʻ ekanini bayon qiladilar. Hadisda “Bir ota oʻgʻliga beradigan eng afzal hadya – bu goʻzal odobdir” deyiladi. Bu soʻzlar ota-ona tomonidan farzandga beriladigan eng qimmat va eng foydali neʼmat moddiy boylik emas, balki yaxshi xulq-atvor, odob-axloq va toʻgʻri tarbiya ekanini anglatadi. Chunki mol-mulk vaqt oʻtishi bilan tugashi yoki yoʻqolishi mumkin, ammo odob va tarbiya inson hayoti davomida unga yoʻldosh boʻladi, uni jamiyatda hurmatli qiladi va oxiratda ham foyda keltiradi. Shuning uchun Islom taʼlimotida ota-onaning eng muhim vazifalaridan biri farzandini goʻzal xulq, halollik, hurmat va masʼuliyat ruhida tarbiyalash hisoblanadi.
Taʼkidlash joizki, farzand tarbiyasi Islom dinida, uning muqaddas manbai Qurʼoni karim va hadisi shariflarda eng koʻp eʼtibor qaratilgan mavzulardan biridir. Farzand inson umrining davomchisi sifatida, ota-onaning xayrli ishlarini davom ettirishga, ularning yaxshi nom bilan zikr etilishlariga sabab boʻluvchi asosiy kishidir. Shu nuqtayi nazardan farzandlarni goʻzal tarbiya asosida voyaga yetkazish, ularni jamiyatning xushxulq va yaxshi fazilatlar bilan ziynatlangan aʼzosi qilib tarbiyalash ota-onalar oldidagi asosiy vazifalardan hisoblanadi.
Dunyo mutafakkirlari taʼkidlaganlaridek, bu yorugʻ olamga kelgan bola ongi oppoq, toza varaq kabidir. Ota-ona tarbiyasi va atrof-muhit taʼsiri ostida ushbu varaq turli ranglar bilan boʻyalib boradi. Mana shu jarayonda tarbiyaning oʻrni beqiyosdir.
VIII asr Islom tamaddunining isteʼdodli vakili, tarjimon, kotib va faylasuf Abu Muhammad Abdulloh ibn Muqaffaning “Adab ul-vajiz li-l-valadi-s-sagʻir” nomli risolasi aynan farzand tarbiyasi, uning axloqiy-maʼnaviy xislatlarini yuksaltirish, diyonatli, ruhan va jismonan yetuk inson qilib voyaga yetkazish masalasiga qaratilganligi bilan diqqatga sazovordir. Risolaning har bir bandi “Ey farzand” xitobi bilan boshlanib, taʼlim-tarbiyaning maʼlum bir masalasiga qaratilgan. Muallif pand-nasihat asnosida Qurʼoni karim va hadisi shariflardan koʻplab misollar keltirib, oʻz nasihatlarining taʼsiri yanada oshishiga, risolaning esa yanada goʻzalroq koʻrinish kasb etishiga erisha olgan.
Ushbu risolaning asl arab tilida yozilgan nusxasi bizning kunlarimizga qadar yetib kelmagan. Faqatgina XIII asrda fors olimi Nosiruddin Tusiy tomonidan risolaning fors tiliga qilingan tarjimasi ushbu bebaho tarbiya namunasining butkul yoʻqolib ketishining oldini oldi.
Risolaning boshlanish qismlarida ibn Muqaffa yosh avlodga murojaat qilib shunday deydi:
“Ey farzand: Men senga odob namunalaridan egallashing, oʻzingda zaxira qilishing lozim boʻlgan, hech qanday shak-shubhasiz, sabr-toqat va bor quvvating bilan intilishing shart boʻlgan vasiyat shudirki, Alloh taoloning rizoligi yoʻlida ijtihod qilgin, Uning yoʻlida xizmat qilishni hamma narsadan afzal koʻrgin. Chunki “Avval ham, oxir ham, zohir ham, botin ham Uning Oʻzidir” .
Aql-farosatni oʻz qalbingda mustahkam qilib joylagin, Allohdan qoʻrqishni oʻzingga odat va shior qilib olginki, bugungi azob ertangi rohat oldida arzimas ahamiyat kasb etsin. Zero, qiyomat osoyishtaligini talab qiluvchi aql sohiblari nazdida tez oʻtib ketuvchi mashaqqatning qadri yoʻqdir, boqiy jannatdan umidvor boʻlgan oqil kishi koʻz oldida esa foniy kulfat hech bir ahamiyatga ega emas. Har kimki Alloh taolodan qoʻrqsa, taqvoni oʻzi uchun mustahkam qoʻrgʻonga aylantirsa, turli balo va ofatlardan oʻzini ehtiyot qilgan, gʻam-qaygʻuga sabab boʻluvchi voqea-hodisalardan himoyalangan boʻladi”.
Bugungi globallashuv davrida, yosh avlod ongiga salbiy ta’sir qilishi mumkin bo‘lgan turli ma’naviy tahdidlar, mafkuraviy xurujlarga qarshi mafkuraviy immunitetni mustahkamlashda, unib-o‘sib kelayotgan farzandlarimizni chuqur tarixiy ildizlarga ega bo‘lgan ma’naviy qadriyatlarimizga sodiq shaxs sifatida tarbiyalashga bu kabi bebaho kitob va risolalarning ahamiyati beqiyosdir. Zero, “Adab ul-vajiz” risolasi moddiy lazzatlardan maʼnaviy lazzatlarni ustun qoʻyuvchi fikrlar, axloqiy poklikka daʼvat etuvchi gʻoyalarga boyligi bilan ahamiyatlidir. Shu sababli ushbu risoladan yosh avlodni maʼnan va axloqan barkamol shaxs sifatida tarbiyalash maqsadida foydalanish maqsadga muvofiqdir.
Sarvar Saidov – Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi Ilmiy tadqiqotlar bo‘limi boshlig‘i, tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD)