
2026 yil 20 noyabr kuni Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026 yil 24 iyuldagi PQ–275-son qarori ijrosi doirasida buyuk vatandoshimiz, hadis va tasavvuf ilmining yetuk namoyandasi Hakim Termiziy tavalludining 1200 yilligiga bag‘ishlangan ”Hakim Termiziy ilmiy-ma’naviy merosining bugungi kundagi ahamiyati” mavzusida xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Anjuman qadimiy Termiz zaminida turli mamlakatlardan tashrif buyurgan olimlar, ulamolar, muftiylar, islomshunos va tasavvufshunos mutaxassislar, xalqaro ilmiy muassasalar vakillarini bir maydonda jamladi.
Konferensiyada Misr, Malayziya, Italiya, Suriya, Qirg‘iziston va Afg‘oniston davlatlaridan 20 ga yaqin xorijiy olim va ulamolar, shuningdek, mamlakatimiz davlat va jamoat arboblari, oliy ta’lim va ilmiy muassasalar vakillari ishtirok etdi.
Tadbirning ochilish marosimi Qur’oni karim tilovati bilan boshlandi.
Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov konferensiya ishtirokchilarini tabriklab, yurtimizda buyuk ajdodlar ilmiy merosini chuqur o‘rganish, muqaddas qadamjolarni obod qilish va ilmiy-tadqiqot markazlari faoliyatini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida to‘xtaldi.
Shuningdek, Prezident Administratsiyasi mas’ul xodimi Ergash Daminov, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari Davron Maxsudov, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon Ishmatbekov, Malayziyaning Sabah viloyati muftiysi Datuk Bungsu Abd Aziz bin Ja’far, Qirg‘iziston Islom akademiyasi rektori Ermamat Ergeshev hamda Termiz davlat universiteti rektori Abduqodir Toshqulov so‘zga chiqib, konferensiyaning ahamiyati va tashkilotchilarga minnatdorliklarini bildirdilar.
Konferensiyaning yalpi majlisi va ikki sho‘ba yig‘ilishida Hakim Termiziy va Termiziylar maktabining islom sivilizatsiyasi rivojidagi o‘rni, allomaning hadis, tasavvuf, aqida, ma’naviy tarbiya va inson kamolotiga oid qarashlari, ilmiy merosining zamonaviy jamiyat hayotidagi ahamiyati yuzasidan jami 26 ta ilmiy ma’ruza tinglandi.
Ma’ruzalarda, jumladan:
Hakim Termiziyning ilmiy-ma’naviy merosi va uni zamonaviy tadqiqotlar asosida o‘rganish;
allomaning tasavvuf, axloq, ma’rifat va komil inson tarbiyasiga oid qarashlari;
Hakim Termiziy va Abu Mansur Moturidiyning aqidaviy qarashlari;
Termiziy allomalarning islom ilmlari rivojiga qo‘shgan hissasi;
buyuk mutafakkirlar merosining zamonaviy global tahdidlarga qarshi ma’rifiy yechim sifatidagi ahamiyati kabi masalalar muhokama qilindi.
Konferensiya ikki sho‘bada o‘z ishini davom ettirdi:
Anjuman doirasida yurtimizning buyuk allomalari ilmiy merosiga oid kitoblar, ilmiy nashrlar va tadqiqotlar ko‘rgazmasi ham tashkil etildi.
Xalqaro konferensiya xorijlik ishtirokchilarda Hakim Termiziy merosiga bo‘lgan qiziqishni yanada oshirib, O‘zbekistonning boy ilmiy-ma’rifiy merosini xalqaro miqyosda namoyon etishga xizmat qildi. Buni quyida keltirilgan e’tiroflardan ham bilish mumkin.
Datuk Bungsu Abd Aziz bin Ja’far – Malayziyaning Sabah shtati muftiysi“Avvalo, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev janoblarining Hakim Termiziy tavalludining 1200 yilligini keng nishonlash to‘g‘risidagi qarorini yuksak baholayman.
Termiz nomi Malayziya musulmonlari uchun ham qadrli. Bu zamin islom olamiga buyuk allomalarni yetishtirib bergan. Xususan, Imom Abu Iso at-Termiziyning “Sunan” va “Shamoili Muhammadiya” asarlari Malayziya masjidlari va diniy ta’lim muassasalarida hozirgacha o‘qitib kelinmoqda.
Hakim Termiziyning eng buyuk xizmatlaridan biri — turli ilmlarni o‘zaro uyg‘unlashtira olganidir. Allomaning “Navodir al-usul” asarida hadislarning teran ma’nolari, “Riyozat an-nafs” asarida esa nafs tarbiyasi va ruhiy poklanish masalalari yoritilgan”.
Rebekka Nikastri (Italiya) – Niderlandiyadagi Leyden universiteti tadqiqotchisi – “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev siyosatida ilm-fanni rivojlantirish va xalqaro ilmiy hamkorlikni kengaytirish muhim o‘rin tutadi. Bu borada amalga oshirilayotgan ishlar ilmiy aloqalarni mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Hakim Termiziyning boy ilmiy-ma’naviy merosiga bag‘ishlangan ushbu xalqaro konferensiyada ishtirok etish men uchun katta imkoniyatdir. Anjuman davomida buyuk alloma merosini yanada chuqurroq o‘rganish, turli mamlakatlar olimlari bilan ilmiy fikr almashish imkoniga ega bo‘laman.
Konferensiya davomida orttirgan bilim, tajriba va taassurotlarimni Italiyadagi hamkasblarim hamda Leyden universiteti ilmiy jamoasi bilan baham ko‘raman.”
Konferensiyada so‘zga chiqqan ma’ruzachilar O‘zbekistonda buyuk allomalarning ilmiy merosini o‘rganish, tadqiq etish va xalqaro miqyosda targ‘ib qilish borasida amalga oshirilayotgan islohotlarni yuksak baholadilar.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning BMT Bosh Assambleyasining
72-sessiyasida ilgari surgan ”Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik” tashabbusi, shuningdek, 78-sessiyadagi buyuk allomalar merosini o‘rganish va islomning insonparvarlik g‘oyalarini xalqaro miqyosda targ‘ib qilishga qaratilgan tashabbuslari alohida e’tirof etildi.
Ma’ruzachilar O‘zbekistonni buyuk allomalar va mutafakkirlar vatani, muqaddas ilm-ma’rifat zamini sifatida ta’riflab, mamlakatimizda tarixiy ilmiy-ma’rifiy salohiyatni qayta tiklash, diniy merosni xolis va ilmiy asosda o‘rganish yo‘lida olib borilayotgan ishlarga yuqori baho berdilar.
Shuningdek, Qur’oni karim oyatlari va hadisi shariflar asosida ilm-ma’rifat, ezgulik, tinchlik, bag‘rikenglik va go‘zal axloqni targ‘ib qilish borasidagi sa’y-harakatlar, Hakim Termiziy va Termiz zaminidan yetishib chiqqan allomalarning boy ilmiy-ma’naviy merosi bugungi kunda ham muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.
Konferensiya ishtirokchilari mazkur nufuzli anjumanni tashkil etish tashabbusi uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevga o‘z minnatdorliklarini bildirdilar.
Mazkur halqaro konferensiya jarayonida Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bilan Bahouddin Naqshband ilmiy-tadqiqot markazi hamda Qirg‘iziston Respublikasining Islom akademiyasi o‘rtasida o‘zaro hamkorlik to‘g‘risidagi memorandumlari imzolandi.
Konferensiya doirasida xorijlik va mahalliy ishtirokchilarning Hakim Termiziy majmuasiga ziyorati tashkil etildi. Mehmonlar buyuk allomaning hayoti, ilmiy-ma’naviy merosi va uning nomini abadiylashtirish maqsadida amalga oshirilgan ishlar bilan tanishdilar.
Shuningdek, konferensiya yakunida xorijlik ishtirokchilarga qimmatbaho esdalik sovg‘alari topshirildi.
Konferensiya jarayonlari respublika va mahalliy ommaviy axborot vositalari, internet nashrlari hamda ijtimoiy tarmoqlarda keng yoritildi.
Hakim Termiziy ilmiy-ma’naviy merosining bugungi kundagi ahamiyatiga bag‘ishlangan xalqaro konferensiya buyuk vatandoshimiz merosini xalqaro miqyosda keng targ‘ib qilish, uni zamonaviy ilmiy yondashuvlar asosida o‘rganish, xorijiy va mahalliy olimlar o‘rtasida ilmiy hamkorlikni mustahkamlash, shuningdek, O‘zbekistonning islom sivilizatsiyasi rivojiga qo‘shgan tarixiy hissasini yanada keng namoyon etishga xizmat qildi.
Xorijlik nufuzli mehmonlar konferensiyaning yuqori tashkiliy saviyada o‘tkazilganini e’tirof etib, o‘zbek xalqining yuksak mehmondo‘stligi, samimiy munosabati, ularga ko‘rsatilgan alohida hurmat-ehtirom va izzat-ikrom uchun chuqur minnatdorchilik bildirdilar.
Anjuman Hakim Termiziy ilgari surgan ma’rifat, axloq, inson kamoloti, ruhiy tarbiya va ezgulik g‘oyalarining bugungi globallashuv davrida ham dolzarb ekanini yana bir bor tasdiqladi.









Imom Termiziy XITM Matbuot xizmati