Oilalar buzilish sababi nimada ?????

by Matbuot xizmati
15 👁️

Oila – muqaddas tushuncha. Har bir odam o‘zini oilasiz tasavvur qila olmaydi. Oila jamiyatning bir bo‘lagi.  Barcha narsa juft-juft bo‘lib yaratilgan ekan, juft bo‘lib yashash tabiat qonunidir. Islom dinida oilaga katta e’tibor berilib, uni qanday tashkil qilish, oila a’zolarining huquqlari, farzandlar tarbiyasi, oilada chiqadigan kelishmovchiliklarni muolaja qilish, umuman oilaviy hayotning barcha masalalariga javob topish mumkin. Alloh taolo Qur’oni karimda marhamat qiladiki: U (Alloh) sizlarni bir jondan yaratib, undan uning juftini unga (uylanib) taskin topishi uchun paydo qilgan zotdir” (A’rof surasi, 189-oyat).

Oilali bo‘lish insoniyat naslining ko‘payishi va qiyomat kunigacha boqiy bo‘lishi uchun lozim bo‘lgan haqiqiy yo‘ldir. Islom dinida nikoh – bu Allohning amri, Payg‘ambar (s.a.v.)ning sunnatlari bilan, mo‘min-musulmonlarning guvohligida bog‘lanadigan muqaddas aloqa vositasidir. Umr yo‘ldoshini tanlashda har ikki tomon ham teng huquqqa egadir.  Oila-inson tafakkurining oliy mahsuli. Bu mo‘jaz maskan umrimizga mazmun, hayotimizga fayz beribgina qolmay, jamiyat ravnaqi, yurt taraqqiyotida muhim o‘rin tutadi. Oiladagi totuvlik esa kishining ongu shuurida hayotga muhabbat, kasbga sadoqat, atrofdagilarga nisbatan hurmat va e’tibor singari yuksak insoniy fazilatlarni ham shakllantiradi.

Konstitutsiyamizda oila jamiyatning asosiy bo‘g‘ini ekanligi hamda jamiyat va davlat muhofazasida bo‘lish huquqiga ega ekanligi belgilab qo‘yilgan. Har qaysi millatning o‘ziga xos ma’naviyatini shakllantirish va yuksaltirishda, hech shubhasiz, oilaning o‘rni va ta’siri beqiyos. Chunki insonning eng sof va pokiza tuyg‘ulari, ilk hissiy tushuncha va tasavvurlari birinchi galda oila bag‘rida shakllanadi. Ya’ni oila ma’naviy jihatdan butun bo‘lsagina, mustahkam bo‘ladi. Mustahkam oilalardan tashkil topgan mamlakat esa, albatta, qudratli bo‘ladi.Haftaning har chorshanba kuni yarashtirish kuni bo‘lgani uchun biz otinoyilar ham yarashtirish komisiyasi a’zolarimiz.Oilada er-xotinning huquq va majburiyatlari yuzasidan tug‘ilayotgan bahslar, turmushning darz ketishi va u bilan bog‘liq mojarolar, ayrim xonadonlardagi mavjud notinch ma’naviy-ruhiy muhit natijasida sodir bo‘layotgan nikohdan ajralishlar bugungi kunda jamiyatimizda jiddiy e’tibor qaratilishi lozim bo‘lgan masaladir. Hozirgi kunda tobora avjiga chiqib kelayotgan oiladagi ajrimlar muammosi hech kimga sir emas albatta. Ba’zi yoshlarimizning oila deb atalmish muqaddas tushunchani anglay olmaganligi va natijada o‘rtada tug‘ilgan farzandlar «tirik yetim» bo‘lib qolayotganligi achinarli holatdir.

Arzimagan vajlar sabab oilani barbod etish, albatta, bolalar tarbiyasiga salbiy ta’sir etadi. “Bolaning uvoli tutadi”, degan gaplar ham o‘z-o‘zidan paydo bo‘lmagan. Afsuski, uvol-savobni bilmaydigan, norasidalarning yetim qolishini uylamaydigan ota-onalar ham oramizda yo‘q emas.

Xo‘sh, nima uchun bunday holatning vujudga kelyapti? Asl sababi nimada? Tahlillarga ko‘ra, bu muammoning bosh omili — ularning huquqiy bilimga yetarli darajada ega yemasliklari, huquqiy savodxonlik darajasining pastligidan dalolat beradi. Shuning uchun ular ajralish holati qanday oqibatlarga olib kelishini tushunib yetmaydilar.

Oilalarning buzilish sabablari o‘rganib chiqilganda, farzandsizlik, xiyonat, erlarning chetga ayolisiz chiqib ketib uzoq yil birga yashamaslik,  oilaviy kelishmovchiliklar va qolgan holatlarda yoshlarimizning oila qurishga tayyor emasligi, sog‘lig‘iga e’tiborsizlik, yigitlarning oilani boshqarishni, taloq xukmini bilmasliklari,  ro‘zg‘orni moddiy ta’minlash, farzandlarni ma’nan hamda jismonan sog‘lom qilib tarbiyalashni o‘z burchlari, deb bilmasliklari, qizlarning esa uy bekasi, onalik vazifasini tushunmasligi, aksariyat hollarda qaynona va kelin o‘rtasidagi mojarolar tufayli yuzaga kelayotganligi ma’lum bo‘ldi.

Qolaversa, ajrashish holatlari oilalardagi kelishmovchiliklar, o‘zaro muhabbatning yo‘qligi, fe’l-atvorning to‘g‘ri kelmasligi, er yoki xotinning kasalligi, achinarlisi, ayrim yigitlarning ichkilikbozlik, giyohvandlikka berilib ketishi yoki boshqa ayollar bilan hayot kechirishi natijasida ham kelib chiqqan.

Bilamizki, oilalar tinchligi va mustahkamligida oila boshlig‘i — erkaklarning o‘rni hamda mas’uliyati juda katta. Chunki hayotning qiyinchiliklarini ular o‘z yelkalariga oladilar. Afsuski, amaliyotda ko‘rib turibmizki, erkaklarning oilaviy munosabatlarda o‘z o‘rnini yo‘qotib qo‘yayotgani, ya’ni ikkinchi darajaga tushib qolayotgan holatlar ham yo‘q emas.

Alloxim har bir oila barqaror bo‘lishini, farzandlar ota-ona bag‘rida o‘sishini nasib aylasin.

O‘MI Surxondaryo viloyati vakilining xotin-qizlar masalalari bo‘yicha yordamchisi Xosiyat Kasimova.

Manzil: Surxondaryo viloyati Termiz shahri Shimoliy darvoza ko’chasi 3-uy


Telefon: +998 55 451 05 99


E-Mail: termiziycenter@gmail.com


Whatsapp: +998 55 451 05 99

©2017-2025 Imam Termizi ISRC- All Right Reserved. Designed and Developed by Shokhzamon

© 2017 by Imam Termizi ISRC is licensed under CC BY-SA 4.0
Яндекс.Метрика
Hakim Termiziy 1200 yilligi xalqaro ilmiy konferensiyasi