
Bugungi kunda internet makoni insonlar hayotining muhim bir ajralmas qismiga aylandi desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Google, Facebook, Instagram, Telegram, YouTube, TikTok va shu kabi platformalar orqali insonlar o‘z fikr va qarashlarini erkin ifoda etishi, yangiliklardan xabardor bo‘lishi, bilim va tajriba almashishi, ilmiy-ma’rifiy ma’lumotlarni o‘rganishi hamda jamiyat hayotida sodir bo‘layotgan voqea-hodisalarga munosabat bildirishi mumkin. Ayniqsa, yoshlar uchun internet ta’lim olish, kasbiy rivojlanish va dunyoqarashni kengaytirishning muhim vositasiga aylanib bormoqda. Biroq har qanday imkoniyat, avvalo, undan qanday maqsadda foydalanilayotganiga qarab ijobiy yoki salbiy natija keltirib chiqarishi mumkin. Shu ma’noda, axborot texnologiyalarining jadal rivojlanishi insoniyat oldiga nafaqat yangi imkoniyatlarni, balki muayyan huquqiy, ma’naviy va axloqiy mas’uliyatni ham qo‘ymoqda. Zero, virtual makondagi har bir fikr, har bir chaqiriq va har bir tarqatilgan axborot jamiyat ongiga, ayniqsa, hali dunyoqarashi to‘liq shakllanmagan yoshlar tarbiyasiga muayyan ta’sir ko‘rsatishi hech gap emas.
To‘g‘ri, har bir shaxsning axborotni qonun hujjatlarida belgilangan tartibda erkin izlash, olish va tarqatish huquqi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida kafolatlangan. Biroq mazkur huquq mutlaq va cheksiz huquq sifatida talqin etilishi mumkin emas. Zero, demokratik huquqiy davlatda bir shaxsning huquq va erkinligini amalga oshirishi boshqa shaxslarning huquq va erkinliklari, qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlari hamda jamiyat va davlat xavfsizligiga tajovuz qilmasligi lozim. Chunki, bir shaxsning huquq va erkinliklari boshqa shaxsning huquq va erkinliklari boshlangan joyda cheklanadi.
Shu bois axborot erkinligidan foydalanish jarayonida shaxs nafaqat o‘z huquqlarini, balki uning xatti-harakatlari boshqalarning huquqiy maqomi va qonuniy manfaatlariga qanday ta’sir ko‘rsatishini ham hisobga olishi shart. Ayniqsa, ijtimoiy tarmoqlarda yolg‘on, adovat va zo‘ravonlikni targ‘ib qiluvchi, shaxsning sha’ni va qadr-qimmatiga tajovuz qiluvchi yoki qonunchilik bilan taqiqlangan axborotlarni tarqatish “so‘z va axborot erkinligi” niqobi ostida oqlanishi mumkin emas. Chunki huquqiy davlatning fundamental tamoyiliga ko‘ra, huquq va erkinliklar o‘zga shaxslarning huquq va erkinliklari buziladigan chegaragacha amal qiladi va erkinlik mas’uliyat bilan uyg‘unlashgandagina u jamiyat taraqqiyotiga xizmat qiluvchi haqiqiy huquqiy qadriyatga aylanadi.
Afsuski, bugungi kunda internet makonida ayrim radikal va ekstremistik qarashlarni targ‘ib qiluvchi guruhlar zamonaviy axborot texnologiyalaridan o‘zlarining g‘arazli maqsadlari yo‘lida faol foydalanayotganini ko‘rish mumkin. Bunday toifalar ijtimoiy tarmoqlarning keng auditoriyasi, tezkorligi va oson tarqalish xususiyatidan foydalanib, o‘z qarashlarini jamiyatga singdirishga, ayniqsa, yoshlarni o‘z ta’sir doirasiga jalb etishga urinmoqda. Ular turli soxta diniy da’volar, buzib talqin qilingan diniy matnlar, hissiyotga ta’sir qiluvchi videolar, yolg‘on va manipulyativ axborotlar orqali foydalanuvchilarning ongiga ta’sir o‘tkazishga harakat qilmoqda.
Ayniqsa, diniy masalalarda yetarli bilim va malakaga ega bo‘lmagan shaxslarning internetdagi har qanday ma’lumotni tanqidiy tahlilsiz qabul qilishi jiddiy xavf tug‘diradi. Diniy tushunchalarning asl mazmunidan uzib olinishi, oyat va hadislarning kontekstdan ajratib talqin qilinishi yoki mutaxassis bo‘lmagan shaxslarning o‘z qarashlarini “diniy haqiqat” sifatida taqdim etishi natijasida noto‘g‘ri tasavvurlar shakllanishi holatlari yuz bermoqda.
Bugungi kunda O‘zbekiston aholisi tarkibida yoshlar salmoqli o‘rin egallab, mamlakatning ijtimoiy, siyosiy va ma’naviy hayotida muhim demografik qatlamni tashkil etmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yil 1-yanvar holatida 14-30 yoshdagi yoshlar mamlakat doimiy aholisining qariyb 25,2 foizini tashkil etgan.[1] Shu nuqtai nazardan, yoshlarning internet makonidagi turli mafkuraviy ta’sirlardan, xususan, radikal va ekstremistik g‘oyalarni targ‘ib qiluvchi toifalarning yolg‘on va manipulyativ chaqiriqlaridan himoya qilinishi davlat va jamiyat xavfsizligining muhim yo‘nalishlaridan biridir. Chunki yoshlarning dunyoqarashi va ijtimoiy pozitsiyasi shakllanishida internet hamda ijtimoiy tarmoqlarning ta’siri tobora ortib borayotgan bir sharoitda diniy tushunchalarni buzib talqin qiluvchi, zo‘ravonlik va adovatni oqlovchi hamda jamiyat barqarorligiga tahdid soluvchi g‘oyalarning tarqalishi jiddiy huquqiy va ijtimoiy xavf tug‘dirishi mumkin. Bu borada Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyevning 2017-yil 20-sentabrda BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida so‘zlagan nutqida ekstremistik faoliyat va zo‘ravonlik bilan bog‘liq jinoyatlarning aksariyati 30 yoshga yetmagan yoshlar tomonidan sodir etilayotgani, shuningdek, dunyo yoshlari son jihatidan insoniyat tarixidagi eng yirik avlod bo‘lib, qariyb 2 milliard kishini tashkil etayotganini alohida ta’kidlaganlar.[2] Mazkur holat yoshlarni radikal mafkuralar ta’siridan himoya qilish masalasiga faqat tarbiyaviy yoki diniy-ma’rifiy muammo sifatida emas, balki qonun ustuvorligi, jamoat xavfsizligi, inson huquqlari va jamiyat barqarorligini ta’minlash bilan bevosita bog‘liq kompleks huquqiy-ijtimoiy masala sifatida yondashish zarurligini ko‘rsatadi.
Hozirgi kunda ayrim shaxslarning internet makonida radikal va ekstremistik qarashlarni targ‘ib qiluvchi guruhlar ta’siriga tushib qolishi natijasida qonunchilikda belgilangan ma’muriy yoki jinoiy javobgarlikka sabab bo‘ladigan qilmishlarni sodir etish holatlari ham kuzatilmoqda. Xususan, bunday shaxslarning o‘zlari tomonidan yoki radikal va ekstremistik toifalar tomonidan tayyorlangan yoki tarqatilgan qonunchilik bilan taqiqlangan diniy mazmundagi materiallarni internet tarmoqlari orqali izlash, yuklab olish, saqlash, boshqa shaxslarga yuborish yoki ommaviy ravishda tarqatish, ekstremistik mazmundagi axborotlarni targ‘ib qilish, shuningdek, taqiqlangan diniy-ekstremistik tashkilotlarni moliyalashtirish, ularning faoliyatida ishtirok etish yoki ularning safiga qo‘shilish kabi harakatlar sodir etilmoqda. Bunda shaxsning “materialni o‘zi tayyorlamagani”, “faqat boshqa manbadan olgani” yoki “shunchaki ulashgani” uning harakatlariga huquqiy baho berilmasligini anglatmaydi, chunki javobgarlik masalasi qilmishning mazmuni, sodir etilish usuli, maqsadi, shaxsning aybi va qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa holatlardan kelib chiqib belgilanadi.
Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 184.2-moddasiga muvofiq, diniy mazmundagi materiallarni tarqatish maqsadida qonunga xilof ravishda tayyorlash, saqlash, O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kirish yoki tarqatish ma’muriy javobgarlikka sabab bo‘lib, huquqbuzarlik ashyolari va uni sodir etishda foydalanilgan vositalar musodara qilinishi hamda fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining yigirma baravaridan yuz baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa – ellik baravaridan yuz ellik baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi. Shuningdek, agar shu xatti-harakat milliy, irqiy, etnik yoki diniy adovatni targ‘ib qiluvchi materiallarni tayyorlash, saqlash yoki tarqatish bilan bog‘liq bo‘lsa, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 184.3-moddasi qo‘llanilishi mumkin. Unda jarima bilan bir qatorda ayrim hollarda 15 sutkagacha ma’muriy qamoq jazosi ham nazarda tutilgan. Ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin ayni shu qilmish takror sodir etilsa, Jinoyat kodeksining 244.3-moddasi bo‘yicha jinoiy javobgarlik masalasi yuzaga keladi va bazaviy hisoblash miqdorining yuz baravaridan ikki yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.
Shu bois internet foydalanuvchilari har qanday diniy yoki mafkuraviy mazmundagi axborotni tarqatishdan avval uning manbasi, mazmuni va qonuniyligini tekshirishi, ayniqsa, qonunchilik bilan taqiqlangan materiallarni tasodifan bo‘lsa ham tarqatish yoki ulardan foydalanish huquqiy oqibatlarga olib kelishi mumkinligini anglab yetishi lozim. Zero, radikal guruhlarning ta’siriga tushib qolish shaxsni nafaqat ma’naviy va mafkuraviy jihatdan chalg‘itishi, balki uning o‘z harakatlari oqibatida qonun oldida javob berishiga ham sabab bo‘lishi mumkin.
Xulosa qilib aytganda, ijtimoiy tarmoqlar o‘z-o‘zidan xavf manbai emas, balki undan qanday maqsadda foydalanilishiga qarab ijobiy yoki salbiy ta’sir ko‘rsatadigan vositadir. Shu bois radikalizm va ekstremistik g‘oyalarning internet orqali tarqalishiga qarshi kurash faqat huquqiy cheklovlar bilan emas, balki diniy-ma’rifiy targ‘ibot, media savodxonlik, yoshlar bilan manzilli profilaktik ishlar va ishonchli axborot muhitini shakllantirish orqali olib borilishi lozim. Eng muhimi, jamiyatda radikal g‘oyalarga qarshi ma’naviy va huquqiy immunitetni shakllantirish, buning uchun davlat organlari, diniy ulamolar, ta’lim muassasalari, OAV, fuqarolik jamiyati va oilaning hamkorligini ta’minlash zarur. Zero, yoshlarni buzg‘unchi g‘oyalar ta’siridan asrash – butun jamiyatning umumiy mas’uliyatidir.
Axmatov Samandar Olim o’g’li – Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi kichik ilmiy xodim
[1] O‘zbekiston Respublikasi Milliy statistika qo‘mitasi rasmiy veb-sayti. https://stat.uz/uz/ (Murojaat qilingan sana: 26.08.2026 y).
[2] O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-sayti. https://president.uz/oz/lists/view/1063 (Murojaat qilingan sana: 26.08.2026 y).