
Bugun O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligini nishonlash arafasida o‘tgan davrga nazar tashlar ekanmiz, istiqlol yillarida yurtimiz hayotining barcha sohalarida ulkan o‘zgarishlar amalga oshirilganiga guvoh bo‘lamiz. Bu islohotlar nafaqat iqtisodiyot va ijtimoiy sohalarni, balki xalqimizning ma’naviy hayotini ham tubdan yangiladi. Ayniqsa, milliy tariximiz va qadriyatlarimizni qayta tiklash, buyuk ajdodlarimiz merosini chuqur o‘rganish, ilm-fan va ma’rifatni jamiyat taraqqiyotining muhim tayanchiga aylantirishga alohida e’tibor qaratildi. Bu esa milliy o‘zligimizni yanada chuqur anglashimizga, ajdodlarimizga munosib voris bo‘lish tuyg‘usining mustahkamlanishiga xizmat qilmoqda.
Bu jarayon, ayniqsa, yurtimizdan yetishib chiqqan buyuk allomalar merosini o‘rganishda yaqqol namoyon bo‘lmoqda.
O‘zbekiston zamini asrlar davomida jahon ilm-fani va madaniyatining yirik o‘choqlaridan biri bo‘lib kelgan. Buxoro, Samarqand, Termiz, Nasaf, Shosh, Kesh, Farg‘ona kabi tarixiy shaharlarning markazlarda hadis, fiqh, tafsir, kalom, tasavvuf, falsafa, astronomiya, matematika, tibbiyot, adabiyot kabi ilmlar keng rivoj topgani tarixiy manbalarda o‘z aksini topgan. Bu zamindan yetishib chiqqan Imom Buxoriy (810–870), Imom Termiziy (824–892/893), Imom Moturidiy (taxminan 870–944), Ahmad Farg‘oniy (taxminan 797–865), Abul Muin Nasafiy (1027–1114), Abu Yusr Pazdaviy (1030–1099), Qaffol Shoshiy (904–976), Bahouddin Naqshband (1318–1389) singari allomalarning nomlari bugun nafaqat mamalakatimizda, balki xalqaro doirada doimiy tilga olinadi.
Bu ulug‘ zotlar har biri o‘z sohasida ulkan ilmiy-ma’naviy maktab yaratdi. Eng muhimi, ularning boy ma’naviy merosida ilm bilan axloq, bilim bilan mas’uliyat, tafakkur bilan ma’naviyat uyg‘unlashgan. Shu bois bugun ajdodlar merosini o‘rganish faqat o‘tmishga qiziqish emas, balki kelajak avlodning dunyoqarashini boyitish, ilmga hurmat va ma’rifatga intilishni kuchaytirishning muhim vositasidir.
Mustaqillik yillarida, ayniqsa, so‘nggi yillarda buyuk ajdodlarimiz qoldirgan ilmiy-ma’naviy merosni chuqur o‘rganish, uni xalqaro miqyosda targ‘ib qilish va yosh avlodga yetkazish borasida izchil ishlar amalga oshirildi. Buning uchun zarur huquqiy va ilmiy-institusional asoslar yaratildi. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 27 martdagi PQ-2855-son qarori asosida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, 2017 yil 14 fevraldagi PQ-2774-son qarori asosida Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, 2020 yil 11 avgustdagi PQ-4802-son qarori asosida Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tashkil etildi. Mazkur markazlar faoliyati yurtimizdan yetishib chiqqan buyuk allomalarning hayoti va ilmiy merosini tizimli tadqiq etish, asarlarini o‘rganish, tarjima va nashr qilish hamda ulardagi ezgu g‘oyalarni keng jamoatchilikka yetkazishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Ana shu keng ko‘lamli ma’rifiy jarayonda qadimiy Termiz zaminining o‘rni va undan yetishib chiqqan allomalarning boy merosi alohida ahamiyatga ega. Qadimgi Termiz asrlar davomida Sharqning muhim ilm va madaniyat markazlaridan biri bo‘lib kelgan. Bu zaminda hadisshunoslik, fiqh, tafsir, kalom va tasavvuf sohalarida o‘ziga xos ilmiy muhit shakllangan. Termiziylar nomi bilan tanilgan allomalarning asarlari Movarounnahr va Xuroson ilm-fani taraqqiyotida muhim o‘rin tutgan.
Bu ma’naviy maktabning eng ulug‘ vakillaridan biri — Abu Iso Muhammad ibn Iso at-Termiziy (824–892/893) dir. Imom Termiziy hadis ilmining buyuk namoyandalaridan biri sifatida ilm talabida turli yurtlarga safar qildi, mashhur muhaddislardan ta’lim oldi va o‘zidan boy ilmiy meros qoldirdi. Uning «Al-Jomi’» («Sunani Termiziy») asari hadis ilmining muhim manbalaridan biri sanaladi. «Ash-Shamoil an-Nabaviyya» («Shamoili Muhammadiya») asari esa Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning axloq-odobi, fazilatlari va hayot tarzini o‘rganishda muhim manba hisoblanadi. Imom Termiziy asarlarining bugungi kunda ham o‘rganilayotgani ularning ilmiy va ma’naviy qimmati yuksakligidan dalolat beradi.
Bugun Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi Termiz zaminidan yetishib chiqqan allomalarning hayoti va ilmiy-ma’naviy merosini tadqiq etish, asarlarini o‘rganish, tarjima va nashr qilish, ilmiy natijalarni keng jamoatchilikka yetkazish borasida ish olib bormoqda. Markaz faoliyatining muhim ahamiyati shundaki, Termiziylar merosi endi alohida-alohida siymolar faoliyati doirasidagina emas, balki yaxlit ilmiy maktab va ma’naviy muhit sifatida tadqiq etilmoqda. Termiziy nisbasi bilan ijod qilgan 230 ga yaqin alloma hayoti va faoliyati bo‘yicha tadqiqot ishlari olib borilmoqda. Bu raqam Termiz zaminida shakllangan ilmiy-ma’rifiy muhitning ko‘lamini tasavvur qilish imkonini beradi. Ular orasida Hakim Termiziy (820–932), Abu Bakr Varroq Termiziy (vafoti 907), Abu Ja’far Muhammad ibn Ahmad at-Termiziy (816–909), Sayyid Burhoniddin Muhaqqiq Termiziy (1165–1240), Xoja Samandar Termiziy (taxminan 1638–1740), Adib Sobir Termiziy (1078–1147), Munjik Termiziy (X asr) kabi alloma va adiblar bor. Bugungi kunga qadar Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy jamoasi tomonidan Termiziy allomalarning hayoti, ilmiy-ma’naviy merosi va asarlariga bag‘ishlangan 50 dan ortiq kitob va risola tayyorlanib, nashr etildi hamda ilmiy va ma’rifiy muomalaga kiritildi.
Termiziy allomalarning hayoti va boy ilmiy-ma’naviy merosini o‘rganish jarayoni shuni ko‘rsatadiki, ular faqat birgina ilm sohasi bilan cheklanib qolmagan. Aksincha, hadis, fiqh, tafsir, kalom, tasavvuf, adabiyot va boshqa ilm yo‘nalishlarida samarali ijod qilib, islom ma’rifatining yuksalishiga munosib hissa qo‘shganlar. Shu jihatdan, Termiziy allomalar merosi yaxlit holda o‘rganilganda, ularning ilm-fan va ma’naviyat taraqqiyotida tutgan o‘rni yanada yaqqol namoyon bo‘ladi.
Abu Ja’far Muhammad ibn Ahmad at-Termiziy (816–909) shofe’iy mazhabi faqihi, olim va muhaddis sifatida tanilgan. Manbalarda uning hijriy 200, milodiy 816 yilda tavallud topgani va 295/909 yilda vafot etgani qayd etiladi.
Sayyid Burhoniddin Muhaqqiq Termiziy (1165–1240) esa tasavvuf tarixida alohida o‘rin tutadi. U Mavlono Jaloliddin Rumiyning ustozi sifatida mashhur. Uning ma’naviy-irfoniy qarashlari keyingi tasavvuf maktablari rivojiga ta’sir ko‘rsatgan.
Adib Sobir Termiziy (1078–1147) Movarounnahr adabiyotining yirik namoyandalaridan biri bo‘lib, she’rlarida ilm-fan, odob-axloq, ta’lim-tarbiya va inson kamoloti masalalariga keng o‘rin bergan. Uning devonida qasida, g‘azal, qit’a, tarjiband va ruboiylar jamlangan.
Xoja Samandar Termiziy (taxminan 1638–1740) esa tarixchi olim, shoir, ulamo va davlat arbobi sifatida tanilgan. Uning «Dastur al-muluk» asari 1695 yilda yozilgan bo‘lib, davlat boshqaruvi, axloq va jamiyat hayotiga oid fikrlarni qamrab olgan.
Ajdodlar merosini o‘rganishda Hakim Termiziy nomi ham alohida ahamiyatga ega. Uning to‘liq ismi Abu Abdulloh Muhammad ibn Ali ibn Hasan ibn Bishr bo‘lib, hadis, tafsir, fiqh va tasavvuf sohalarida 80 dan ortiq asarlar yozgan. «Navodir al-usul», «Tahsil nazoir al-Qur’on», “Xatmal avliyo” kabi asarlari muhim ilmiy ahamiyat kasb etadi.
Hakim Termiziy merosini o‘rganishga bugun ham jiddiy e’tibor qaratilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026 yil 24 iyuldagi PQ-275-son qarori bilan alloma tavalludining 1200 yilligini keng nishonlashga tayyorgarlik ko‘rish belgilangan. Bu tashabbus Hakim Termiziyning ilmiy-ma’naviy merosini yangi tadqiqotlar asosida keng o‘rganishga xizmat qiladi.
Termiziylar ilmiy-ma’naviy merosini o‘rganish ishlari allomalarning hayot yo‘lini yoritish bilan cheklanib qolmayapti. Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy jamoasi tomonidan Termiz zaminida shakllangan ilmiy maktablarni yaxlit tizim sifatida tadqiq etishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Jumladan, «Termiziylar hadis maktabi», «Termiziylar fiqh maktabi», «Termiziylar tafsir maktabi», «Termiziylar kalom maktabi», «Termiziylar tasavvuf maktabi» kabi ilmiy risolalar tayyorlanib, nashr etildi. Mazkur tadqiqotlar orqali Termiz zaminida asrlar davomida shakllangan ilmiy an’analarning o‘ziga xos jihatlari, Termiziy allomalarning turli ilm sohalari rivojiga qo‘shgan hissasi ochib berilmoqda. Ayni paytda ularning asarlarida mujassam bo‘lgan ilm-ma’rifat, yuksak axloq, bag‘rikenglik, ezgulik va inson kamolotiga oid g‘oyalarni bugungi avlodga yetkazishga xizmat qilmoqda.
Shu ma’noda «Buyuk Termiziylar» rukni ostida xalqimizga tushunarli, sodda va mazmunli uslubda 20 ta xalqchil risola tayyorlanib, nashr etildi. Ularda Termiz zaminidan yetishib chiqqan buyuk allomalarning hayoti, ilmiy faoliyati, boy ma’naviy merosi va asarlarida ilgari surilgan ezgu g‘oyalar keng yoritildi. Mazkur risolalarni tayyorlashdan asosiy maqsad — ilmiy tadqiqotlarda jamlangan ma’lumotlarni keng jamoatchilikka, ayniqsa, yoshlarga yaqin va tushunarli shaklda yetkazish, ularda ajdodlar merosiga hurmat va ilm-ma’rifatga qiziqishni kuchaytirishdan iborat.
Tayyorlangan 20 ta risola Surxondaryo viloyatidagi 900 dan ortiq umumta’lim maktablari, davlat va jamoat tashkilotlariga taqdim etildi. Shu tariqa Termiziy allomalarning boy ilmiy-ma’naviy merosi nafaqat soha mutaxassislari, balki keng kitobxonlar ommasi, xususan, yoshlar orasida ham targ‘ib qilinmoqda. Zero, buyuk ajdodlarimiz qoldirgan ilmiy meros qanchalik keng o‘rganilmasin, uni xalqqa tushunarli tilda yetkazish va hayotbaxsh g‘oyalarini yosh avlod qalbiga singdirishgina uning ma’rifiy ahamiyatini yanada oshiradi.
Bugun mamlakatimizda ajdodlar merosini o‘rganish bilan bog‘liq ilmiy-ma’rifiy muassasalar tarmog‘i ham kengayib bormoqda. Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, shuningdek, Hadis ilmi maktabi, Mir Arab oliy madrasasi, Imom Termiziy islom instituti kabi muassasalarda ilm va ma’rifatni rivojlantirish, mutaxassislar tayyorlash, tarixiy va diniy-ma’rifiy merosni tadqiq etishga qaratilgan ishlar amalga oshirilmoqda. Bu jarayonda Islom sivilizatsiyasi markazining ahamiyati ham beqiyos. Unda yurtimiz hududida shakllangan islom sivilizatsiyasi, allomalar merosi va ilm-fan taraqqiyoti tarixini yaxlit tarzda namoyon etish maqsadi ko‘zlangan.
Ajdodlarimiz ilmiy-ma’naviy merosini o‘rganishdan maqsad faqat ularning hayoti va asarlari haqida ma’lumot berish emas. Asosiy maqsad — ularning ilm-fan va ma’rifat taraqqiyotiga qo‘shgan hissasini chuqur anglash, ilmiy izlanishlaridagi ibratli jihatlarni bugungi avlodga yetkazishdir.
Masalan, Imom Buxoriy hadislarni to‘plash va saralashda yuksak ilmiy mezonlarga tayangan bo‘lsa, Imom Termiziy hadislarni jamlash, tasniflash va sharhlashda o‘ziga xos ilmiy uslub yaratdi. Imom Moturidiy aql va naqlni uyg‘unlashtirgan holda insonning e’tiqodiy masalalarini chuqur tahlil etdi. Ahmad Farg‘oniy aniq fanlar, xususan, astronomiya sohasida muhim ilmiy kashfiyotlar qildi. Hakim Termiziy esa inson ma’naviyati, axloqi va ruhiy kamoloti masalalariga katta e’tibor qaratdi.
Istiqlol yillarida xalqimizning tarixiy xotirasi tiklanib, buyuk ajdodlarimiz qoldirgan ilmiy-ma’naviy merosni xolis o‘rganish uchun keng imkoniyatlar yaratildi. Bugun Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy, Hakim Termiziy, Ahmad Farg‘oniy singari allomalarning asarlari qayta tadqiq etilayotgani, Ilmiy Markazlar faoliyati yo‘lga qo‘yilayotgani ana shu imkoniyatlarning amaliy samarasidir. Ayniqsa, Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazining Termiziy allomalar merosini tizimli o‘rganishga qaratilgan faoliyati bu jarayonga munosib hissa qo‘shmoqda.
Ajdodlar merosining qadri uning bugungi avlodga berayotgan ma’rifiy sabog‘i bilan belgilanadi. Imom Termiziyning «Sunan Termiziy» asarida ilm izlash fazilatiga bag‘ishlangan hadisda: «Kim ilm talab qilib bir yo‘lga tushsa, Alloh unga jannat yo‘lini oson qiladi», deya rivoyat qilingan. Hakim Termiziyning «Navodir al-usul» asarida esa hadislar nafaqat rivoyat sifatida keltirilib, ularning inson ma’naviy hayotidagi mazmuni va hikmati ham tahlil qilingan. Tadqiqotlarda allomaning qalb tarbiyasi, sabr, niyat pokligi va inson kamolotiga oid qarashlari muhim ahamiyatga molik ekanligi alohida ta’kidlanadi.
Shu ma’noda, mustaqillikning 35 yilligi — bosib o‘tilgan taraqqiyot yo‘lini sarhisob qilish, istiqlol bergan imkoniyatlarni qadrlash va uning ne’matini yanada teran anglash uchun muhim ma’naviy palladir. Tinchlikni asrash, ilm va ma’rifatni ulug‘lash, tarixiy merosimizni o‘rganib, uni kelajak avlodga yetkazish — istiqlolga sadoqat va shukronaning muhim ifodasidir. Zero, ajdodlar merosini asrash — faqat o‘tmishni yod etish emas, balki ularning ilmga, ma’rifatga va ezgulikka intilish an’analarini davom ettirishdir. Ana shu mas’uliyat tuyg‘usi istiqlol ne’matini qadrlash, uni asrab-avaylash va kelajak avlodlarga munosib Vatanni meros qoldirishga undaydi.