
Inson hayoti bir tekis yo‘ldan iborat emas. Unda quvonch va tashvish, yutuq va sinov, farovonlik va qiyinchilik navbatma-navbat uchrab turadi. Ba’zan inson kutgan narsasiga erishadi, ba’zan esa qancha harakat qilmasin, natija darhol ko‘rinmaydi. Ana shunday paytlarda uning qalbidagi eng katta tayanchlardan biri – sabr, yana biri esa – shukrdir.
Sabr – faqat qiyinchilikka chidash emas. U insonning o‘zini tutishi, his-tuyg‘ularini boshqara olishi, ezgu maqsadidan qaytmasligi va yaxshilikka umid bilan harakat qilishidir. Shukr esa faqat “rahmat” deyish bilan cheklanmaydi. U insonga berilgan ne’matlarni qadrlash, ulardan oqilona foydalanish va ularning haqiqiy manbasini anglashdir. Islom ma’naviyatida sabr va shukr inson kamolotining muhim mezonlari sifatida qaraladi. Bu g‘oyalar Termiz zaminidan yetishib chiqqan buyuk allomalar merosida ham alohida o‘rin egallaydi.
Buyuk muhaddis Abu Iso Muhammad Termiziyning hadis ilmiga oid asarlari insonning axloqiy va ma’naviy kamoloti uchun ham katta ahamiyatga ega. Ayniqsa, uning mashhur “Sunani Termiziy” asarida sabr, shukr, tavakkal, qanoat, yaxshi xulq, mehr-oqibat kabi fazilatlarga doir ko‘plab hadislar jamlangan. Imom Termiziy rivoyat qilgan hadislar mazmunidan anglashiladiki, mo‘min insonning hayotidagi har bir holat uning uchun tarbiya vositasi bo‘lishi mumkin. Yaxshilikka erishsa, shukr qiladi, qiyinchilikka duch kelsa, sabr qiladi. Shu ma’noda insonning haqiqiy boyligi tashqi imkoniyatlarida emas, balki uning qalbidagi xotirjamlik, iymon va qanoatdadir.
Rasululloh ﷺning mashhur hadislaridan birida mo‘minning holati hayratlanarli ekani ta’kidlanadi: unga yaxshilik yetsa, shukr qiladi va bu uning uchun xayr bo‘ladi; boshiga qiyinchilik tushsa, sabr qiladi va bu ham uning uchun xayr bo‘ladi. Bu hadis inson hayotiga juda chuqur ma’no beradi. Demak, mo‘min kishi uchun hayotdagi har bir holat ma’naviy o‘sish imkoniyatidir. Bugungi inson uchun bu g‘oya ayniqsa muhim. Chunki zamonaviy hayot tezkorlikni, doimo ko‘proq narsaga erishishni talab qilayotgandek tuyuladi. Inson o‘zini boshqalar bilan taqqoslaydi, bor narsasidan qoniqmay qoladi, muammoga duch kelsa esa tezda tushkunlikka tushishi mumkin. Sabr va shukr esa insonni ana shu ichki bezovtalikdan himoya qiladi.
Ko‘pincha sabr tushunchasi noto‘g‘ri talqin qilinadi. Ayrimlar sabrni hech qanday harakat qilmasdan, taqdirga qo‘l qovushtirib o‘tirish deb tushunadilar. Aslida esa haqiqiy sabr – harakat bilan birga bo‘ladi. Termiziy allomalar merosida ham insonning irodasi, nafsini tarbiyalashi, ilm izlashi va yaxshi amallarga intilishi muhim o‘rin tutadi. Haqiqiy sabr – inson qiyinchilik oldida sinmasligi, xatosidan saboq chiqarishi va yana harakat qilishda davom etishidir. Masalan, talaba imtihondan past baho olsa, sabr uni “mendan hech narsa chiqmaydi”, degan fikrdan asraydi. U xatosini tahlil qiladi va yana o‘qishga harakat qiladi. Oilada biror muammo yuzaga kelsa, sabr insonni shoshma-shosharlik bilan qaror qabul qilishdan tiyib, vaziyatni aql bilan hal qilishga undaydi. Shu ma’noda sabr – sukut emas, o‘zini boshqara bilish. Sabr – taslim bo‘lish emas, to‘g‘ri yo‘lda davom etish. Sabr – zaiflik emas, ichki kuchdir.
Insonning eng katta muammolaridan biri – qo‘lidagi ne’matning qadriga u ko‘pincha uni yo‘qotgandan keyin yetadi. Masalan, sog‘lik bor paytda uning qadrini unutamiz, ota-ona yonimizda ekanida, ularning mehrini oddiy hol deb qabul qilamiz, tinchlik va osoyishtalikda yashar ekanmiz, uning qanchalik buyuk ne’mat ekanini har doim ham his qilmaymiz. Shukr insonni mana shu g‘aflatdan uyg‘otadi.
Shukr qiluvchi inson o‘z hayotidagi kichik yaxshiliklarni ham qadrlaydi. Bir burda non, oila bag‘ri, sog‘lik, farzandlar tabassumi, ilm olish imkoniyati, tinch yurtda yashash – bularning barchasi katta ne’matlar ekanini anglaydi. Shukr faqat tilda emas, amalda ham namoyon bo‘lishi kerak. Agar inson ilm ne’matidan bahramand bo‘lsa, uni boshqalarga ham yetkazishi, mol-dunyo berilgan bo‘lsa, muhtojlarga yordam berishi, vaqt berilgan bo‘lsa, uni foydali ishlarga sarflashi – shukrning amaliy ko‘rinishlaridir.
Hakim Termiziy merosida insonning ichki dunyosi, qalb tarbiyasi va ma’naviy kamolotiga katta e’tibor berilgan. Uning asarlarida inson o‘z nafsini anglashi, qalbini poklashi va ma’naviy jihatdan yuksalishi zarurligi haqida chuqur fikrlar uchraydi. Sabr va shukr ham, avvalo, qalb holatidir. Tashqi sharoit qanday bo‘lishidan qat’i nazar, insonning ichki dunyosi xotirjam bo‘lsa, u qiyinchilikni yengishga kuch topa oladi. Aksincha, barcha imkoniyatlarga ega bo‘lgan odam ham noshukrlik va qanoatsizlik tufayli o‘zini baxtsiz his qilishi mumkin. Shuning uchun Hakim Termiziy merosidan insonning haqiqiy islohi tashqi dunyodan emas, uning qalbidan boshlanadi, degan xulosa chiqarish mumkin.
Inson hayotini qushga qiyoslasak, uning ikki qanoti sabr va shukrga o‘xshaydi. Faqat sabr bilan yashagan inson hayotdagi go‘zalliklarni ko‘rmay qolishi mumkin. Faqat shukr bilan, ammo sinovlarga tayyor bo‘lmasdan yashagan inson esa qiyinchilik oldida tushkunlikka tushishi mumkin. Sabr insonga qiyin kunlarni yengib o‘tishga, shukr esa yaxshi kunlarni qadrlashga yordam beradi.
Hozirgi axborot asrida insonning ehtiyojlari ham, xohishlari ham cheksiz ko‘payib bormoqda. Ijtimoiy tarmoqlarda boshqalarning go‘zal hayotini ko‘rib, o‘z hayotini kamsitish, bor narsasidan qoniqmaslik holatlari uchraydi. Bunday vaziyatda Termiziy allomalar merosidagi sabr, shukr va qanoat g‘oyalari biz uchun ma’naviy immunitet vazifasini bajara oladi.
Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, oilada sabr bo‘lsa, kelishmovchiliklar katta nizoga aylanmaydi, shukr bo‘lsa, oila a’zolari bir-birining qadriga yetadi, ishda sabr bo‘lsa, inson muvaffaqiyatsizlikdan keyin ham harakat qiladi, shukr bo‘lsa, erishgan natijalaridan kibrlanmaydi, ta’limda sabr bo‘lsa, bilim olishdagi qiyinchiliklarga bardosh beradi, shukr bo‘lsa, olgan bilimini qadrlaydi va uni ezgu maqsadlarga sarflaydi.
Hayotda qiyinchilik ham, imkoniyat ham bo‘ladi. Muhimi, inson ularga qanday munosabatda bo‘lishidir. Sinov kelganda sabr, ne’mat kelganda shukr, imkoniyat kelganda harakat, xatoga yo‘l qo‘yganda tavba va saboq – mana shu fazilatlar insonni ma’nan yuksaltiradi. Shu bois hayot mazmunini birgina jumla bilan ifodalash mumkin: sabr – qiyinchilikda insonni ushlab turadi, shukr – farovonlikda uni adashtirmaydi. Inson har kuni o‘ziga oddiy savol berib ko‘rishi mumkin: “Bugun men nimalarga shukr qildim?”, “Bugungi qiyinchilik menga qanday saboq berdi?”Bu ikki savolning o‘zi insonning dunyoqarashini o‘zgartirishi mumkin. Chunki shukr e’tiborimizni bor narsalarga qaratadi, sabr esa yo‘qotilgan yoki hali erishilmagan narsalar tufayli tushkunlikka tushib qolishdan asraydi.
Sevarov Olimjon – Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy kotibi