IJTIMOIY TARMOQLARDA DINIY AXBOROT OLISH MADANIYATI

by Matbuot xizmati
7 👁️

So‘nggi yillarda raqamli texnologiyalarning rivojlanishi bilan ijtimoiy tarmoqlarning dinga ta’siri yanada yaqqol ko‘rinib bormoqda. Ijtimoiy tarmoqlar diniy mazmundagi xabarlarni tarqatish va diniy bilimlarni jamiyatning turli qatlamlariga yetkazishda muhim rol o‘ynaydi. An’anaviy media vositalari – televideniye, radio, gazeta, shuningdek, raqamli media – ijtimoiy tarmoqlar, bloglar va podkastlar dinni tushunish hamda jamiyatlar o‘rtasida diniy bilim almashishning muhim vositalariga aylangan.

An’anaviy media vositalari ko‘p yillardan beri diniy bilimlarni keng ommaga yetkazishda samarali vosita bo‘lib kelmoqda. Ayniqsa, televideniyeda namoyish etiladigan ma’rifiy ruhdagi ko‘rsatuvlar, hujjatli filmlar insonlarning diniy ta’limotlardan foydalanishini osonlashtiradi. Bunday materiallar, ayniqsa, chekka hududlarda yashaydigan insonlarning diniy bilim olishiga yordam beradi va jamiyatda diniy xabardorlikni oshiradi.

Masalan, telekanallarda namoyish etilgan biror diniy-ma’rifiy mazmundagi ko‘rsatuv insonlarga o‘z diniy qadriyatlarini qayta anglash yoki o‘z e’tiqodlarini tahlil qilish imkonini berishi mumkin. Shuningdek, din tarixidan hikoya qiluvchi filmlar insonlarga dinning tarixi, ta’limoti va madaniyatga ta’siri haqida chuqurroq ma’lumot olish imkoniyatini beradi.

Ijtimoiy tarmoqlar esa bu jarayonni yanada tezlashtirdi va diniy ma’lumotlarning kengroq auditoriyaga yetib borishini ta’minladi. Internetning keng tarqalishi natijasida ijtimoiy tarmoqlar, bloglar va podkastlar diniy mazmundagi materiallarning tez tarqalishi va ko‘proq odamlarga yetib borishiga imkon bermoqda.

Ayniqsa, ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilarga o‘z diniy qarashlarini bayon qilish, diniy masalalarni muhokama qilish va diniy materiallarni boshqa insonlar bilan bo‘lishish imkonini beradi. Bu holat dinning jamiyatdagi ko‘rinishini kuchaytirish bilan birga, diniy e’tiqod va qarashlarning turli xil talqinlari ham tez tarqalishiga sabab bo‘lmoqda.

Biroq diniy bilimlarning ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqalishi ayrim salbiy oqibatlarni ham keltirib chiqarishi mumkin. Medianing katta auditoriyaga murojaat qilish maqsadi ba’zan diniy xabarlarning haddan tashqari soddalashtirilishi yoki noto‘g‘ri tushunilishiga olib keladi.

Ba’zan diniy materiallar ko‘ngilochar yoki tijoriy maqsadlarda taqdim etiladi. Natijada ularning asl mazmuni noto‘g‘ri tushunilishi mumkin. Bu esa diniy ta’limotning mazmunidan chekinish yoki diniy ma’lumotlarning buzib talqin qilinishi kabi muammolarni yuzaga keltiradi. Masalan, diniy va’z yoki suhbatni ko‘proq qiziqarli va e’tiborni tortadigan shaklda taqdim etish maqsadida uning ayrim qismlarini tushirib qoldirish yoki mazmunini o‘zgartirish insonlarning diniy bilimni yuzaki tushunishiga sabab bo‘lishi mumkin.

Medianing dinga ta’siri bo‘yicha olib borilgan tadqiqotlarda diniy bilimlarning media orqali tarqalishi ijobiy va salbiy natijalarga olib kelishi ta’kidlanadi.

Hoover (2006) bu masalaga alohida e’tibor qaratib, medianing diniy mazmundagi materiallarni keng ommaga yetkazishi diniy jamoalar o‘rtasida aloqa va hamkorlikni shakllantirishda muhim rol o‘ynashini qayd etadi.

Ijtimoiy tarmoqlar turli diniy e’tiqodga ega bo‘lgan guruhlar o‘rtasida o‘zaro muloqot va tushunishni rivojlantirishda foydali vosita bo‘lishi mumkin. Masalan, ijtimoiy tarmoqlar turli diniy guruhlarning madaniyati va an’analarini tanishtirish orqali jamiyatda tinchlik, o‘zaro hurmat va bag‘rikenglikni rivojlantirishga xizmat qilishi mumkin.

Biroq ijtimoiy tarmoqlar ba’zan diniy xabarlarni buzib ko‘rsatishi natijasida noto‘g‘ri tushunchalar paydo bo‘lishiga ham sabab bo‘ladi. Diniy tushunchalar va marosimlar ijtimoiy tarmoqlar orqali ko‘pincha qisqa va sodda shaklda tushuntiriladi. Bunday soddalashtirilgan bayonlar esa diniy e’tiqodlarning noto‘g‘ri tushunilishiga olib kelishi mumkin.

Ijtimoiy tarmoqlar orqali insonlar istalgan vaqtda va istalgan joyda diniy materiallardan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lmoqda. Shu bilan birga, ular turli e’tiqod va qarashlarga ega bo‘lgan insonlar bilan ham muloqot qilishlari mumkin.

Ammo buning salbiy tomoni ham mavjud. Bu – “axborot ifloslanishi”, ya’ni internetda juda ko‘p noto‘g‘ri va tekshirilmagan ma’lumotlarning tarqalishidir. Raqamli platformalarda diniy materiallarning hech qanday nazoratsiz tarqalishi jamiyatda noto‘g‘ri diniy tasavvurlar shakllanishiga sabab bo‘lishi mumkin. Internetdagi ko‘plab diniy materiallar mutaxassislar tomonidan tekshirilmasdan tarqatiladi. Shu sababli noto‘g‘ri ma’lumotlar yoki diniy masalalarning noto‘g‘ri talqinlari jamiyatda juda tez yoyilishi mumkin. Shu sababli ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqatilayotgan diniy materiallar mutaxassislar tomonidan tekshirilishi va nazorat qilinishi kerak. Diniy bilimlarning to‘g‘ri va ishonchli tarzda taqdim etilishi noto‘g‘ri tushunchalarning oldini olishga yordam beradi.

Shuningdek, sohaga mas’ul tashkilotlar, ma’rifiy muassasalar diniy materiallar tayyorlashda ishonchli ma’lumot berish va jamiyatdagi qarashlarga ta’sir ko‘rsatish borasidagi mas’uliyatini unutmasligi kerak. Diniy materiallar jamiyatda to‘g‘ri tushuncha va bag‘rikenglikni shakllantirishga xizmat qilishi uchun mutaxassislarning fikri hamda diniy ulamolar va yetakchilarning tavsiyalariga e’tibor berish muhimdir.

Umuman aytganda, ijtimoiy tarmoqlar va dinning o‘zaro ta’siri diniy bilimlarni tarqatish uchun katta imkoniyatlar bilan birga jiddiy xavflarni ham keltirib chiqaradi.

Bir tomondan, ijtimoiy tarmoqlar diniy bilimlarni keng ommaga tez va oson yetkazish imkonini beradi. Ikkinchi tomondan esa, noto‘g‘ri yoki tekshirilmagan diniy ma’lumotlarning tez tarqalishiga sharoit yaratishi mumkin.

Shuning uchun ijtimoiy tarmoqlarning dinga ta’siri ijobiy yo‘nalishda bo‘lishi uchun diniy kontent ishonchli manbalarga asoslanishi, mutaxassislar tomonidan tekshirilishi va jamiyatga to‘g‘ri diniy bilim yetkazilishiga alohida e’tibor qaratilishi zarur.

Sarvar Saidov

Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi Ilmiy tadqiqotlar bo’limi boshlig’i, tarix fanlari bo’yicha falsafa doktori (PhD)

Manzil: Surxondaryo viloyati Termiz shahri Shimoliy darvoza ko’chasi 3-uy


Telefon: +998 55 451 05 99


E-Mail: termiziycenter@gmail.com


Whatsapp: +998 55 451 05 99

©2017-2025 Imam Termizi ISRC- All Right Reserved. Designed and Developed by Shokhzamon

© 2017 by Imam Termizi ISRC is licensed under CC BY-SA 4.0
Яндекс.Метрика