KIBERMAKONDA DIN OMILI

by Matbuot xizmati
11 👁️

Media va din zamonaviy jamiyatlarning shakllanishida muhim rol o‘ynaydigan ikki kuchli tuzilmadir. Ular jamiyatdagi qadriyatlar, insonlarning o‘zligini anglashlari va ijtimoiy me’yorlarga ta’sir qilib, shaxs va jamiyatlarning ijtimoiy hamda madaniy hayotida muhim o‘zgarishlarni yuzaga keltiradi. Media axborotning tez tarqalishini ta’minlab, jamiyatdagi qarashlar va xatti-harakatlarni shakllantirsa, din insonlarning ma’naviy e’tiqodi, axloqiy qadriyatlari va jamiyat oldidagi mas’uliyatini belgilaydi. Bugungi kunda globallashuv, raqamlashtirish va ijtimoiy o‘zgarishlar tezlashib borayotgani sababli, media va dinning o‘zaro ta’siri tobora ko‘proq muhokama qilinayotgan mavzuga aylanmoqda.

Medianing ta’siri, ayniqsa, so‘nggi bir necha o‘n yillikda texnologiyaning rivojlanishi bilan yanada kuchaydi. An’anaviy media vositalari – radio, televideniye va gazetalardan tortib, raqamli media va ijtimoiy tarmoqlargacha bo‘lgan keng makonda axborot va turli mazmundagi materiallar juda tez tarqalmoqda hamda jamiyatning barcha qatlamlariga yetib bormoqda.

Media diniy masalalarni jamoatchilik muhokamasiga olib chiqish, diniy voizlar va mashhur diniy ulamolarning jamiyat ma’naviy hayotidagi ta’sirini kuchaytirishda muhim vosita bo‘lib xizmat qilmoqda. Ayniqsa, internet va ijtimoiy tarmoqlar diniy mazmundagi materiallarning keng ommaga yetib borishini ta’minlab, dinning jamiyat ma’naviy hayotidagi ta’sirini kuchaytirdi.

Dinning jamiyatdagi roli va unga bo‘lgan munosabat ham media orqali shakllanmoqda. Media diniy ramzlar, marosimlar va diniy yetakchilar obrazi orqali dinning jamiyat hayotidagi o‘rnini doimiy ravishda qayta shakllantirib boradi. Ayniqsa, ijtimoiy tarmoqlar insonlarning o‘z diniy e’tiqodlarini ifodalash usullarini o‘zgartirdi. Ushbu platformalar diniy qarashlarning tez tarqalishiga hamda turli e’tiqod va dunyoqarashlarning bir-biri bilan muloqot qilishiga imkon bermoqda.

Biroq buning salbiy tomonlari ham mavjud. Masalan, diniy matnlarning noto‘g‘ri tushunilishi yoki ataylab o‘zgartirib talqin qilinishi holatlari uchramoqda. Medianing diniy qarashlarni shakllantirish hamda jamiyatga ta’sir ko‘rsatish kuchi dinning rivojlanish jarayonlariga ham ta’sir qilishi mumkin.  Boshqa tomondan, dinning mediaga ta’sirini ham e’tibordan chetda qoldirib bo‘lmaydi. Din, ayniqsa, jamiyat va shaxsning qadriyatlari nuqtayi nazaridan media materiallarining mazmunini shakllantirishga ta’sir qiluvchi muhim omildir.

Media materiallarida ba’zan diniy ta’limotlarga mos kelmaydigan mazmunlar ham uchraydi. Masalan, zo‘ravonlik, shahvoniy mazmun va axloqiy qadriyatlarga zid mavzular ko‘plab diniy ta’limotlar bilan qarama-qarshi bo‘lishi mumkin. Shu sababli din media sohasida axloqiy me’yorlarni belgilash va tarqatilayotgan materiallarni nazorat qilish masalasida muhim rol o‘ynashi mumkin. Ayniqsa, diniy ulamolar media materiallari jamiyatning axloqiy muhitiga salbiy ta’sir ko‘rsatishidan xavotirlanib, bu borada muvozanatni saqlashga targ’ib qilmoqdalar.

Diniy voizlar va mutaxassislar media orqali keng jamoatchilikka murojaat qilish va o‘z diniy qarashlarini tarqatish imkoniyatiga ega bo‘lmoqda. Masalan, diniy voizlar ijtimoiy tarmoqlar orqali o‘z e’tiqod va qarashlarini targ‘ib qilib, raqamli platformalarda ko‘plab kuzatuvchilarni to‘plashmoqda. Bu esa yuqorida ta’kidlanganidek, ularning jamiyat ma’naviy hayotidagi ta’siri kuchayishiga xizmat qilmoqda.

Kelajakda media va din o‘rtasidagi munosabatlar yanada murakkablashishi kutilmoqda. Texnologiyalar va raqamli platformalarning yanada keng tarqalishi dinning qanday qabul qilinishi va jamiyatdagi o‘rnini yanada o‘zgaruvchan holga keltiradi. Ayniqsa, sun’iy intellekt va virtual reallik kabi yangi texnologiyalar diniy mazmundagi materiallarni yaratishda muhim rol o‘ynashi mumkin. Bu esa diniy e’tiqod va amaliyotlarning tobora virtual muhitga ko‘chishiga olib kelishi ehtimoldan xoli emas.

Umuman olganda, media va dinning o‘zaro ta’siri jamiyat tuzilishi va insonlarning qadriyatlarini shakllantiruvchi muhim omillardan biridir. Tez rivojlanayotgan media texnologiyalari dinning jamiyat ma’naviy hayotidagi ta’sirini kuchaytirayotgan bo‘lsa, ayni paytda odamlarning din haqidagi tasavvurlarini ham o‘zgartirmoqda.

Sarvar Saidov

Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi Ilmiy tadqiqotlar bo’limi boshlig’i, tarix fanlari bo’yicha falsafa doktori (PhD)

Manzil: Surxondaryo viloyati Termiz shahri Shimoliy darvoza ko’chasi 3-uy


Telefon: +998 55 451 05 99


E-Mail: termiziycenter@gmail.com


Whatsapp: +998 55 451 05 99

©2017-2025 Imam Termizi ISRC- All Right Reserved. Designed and Developed by Shokhzamon

© 2017 by Imam Termizi ISRC is licensed under CC BY-SA 4.0
Яндекс.Метрика