
Xosilmurat Parmanov
Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi kichik ilmiy xodimi
Annotatsiya. Ushbu maqolada Abu Abdulloh Muhammad Hakim Termiziyning hayoti va ijodi, allomaning ijtimoiy hayotda yuksak ahamiyat kasb etgan hikmatli so‘zlari hamda u zot haqida ulamolar tomonidan bildirilgan ijobiy fikrlar yoritilgan. Shuningdek, Hakim Termiziyning noyob asarlaridan biri bo‘lgan «Ar-Raddu ala-l-muattila» asari mazmuni tahlil qilinib, undagi asosiy g‘oya – o‘sha davrdagi «Muattila» (Allohning ism va sifatlarining ayrimlarini yoki barchasini inkor qiluvchilar) qarashlariga raddiya berish hamda ularni ahli sunna val jamoa e’tiqodiga muvofiq to‘g‘ri yo‘lga boshlash ekani ochib berilgan. Muhammad Hakim Termiziyning ilmiy merosi bugungi kunda turli aqidaviy xurujlar va tahdidlar kuzatilayotgan sharoitda musulmonlarning sog‘lom e’tiqodini asrashda muhim mafkuraviy immunitet vazifasini bajaradi.
Kalit so‘zlar: Hakim Termiziy, Ar-Raddu ala-l-Muattila, Xatmu-l-Avliyo, tasavvuf, faqih.
Biz o‘tmishda yashab o‘tgan ajdodlarimiz va ularning ilmiy merosiga e’tibor qaratsak, Abu Abdulloh Muhammad Hakim Termiziy hazratlari nafaqat O‘rta Osiyo xalqlari, balki butun dunyo ilm-ma’rifati rivojiga salmoqli hissa qo‘shgan alloma ekaniga guvoh bo‘lamiz.
Yetuk tasavvuf namoyandasi, mashhur muhaddis va faqih sifatida tanilgan Hakim Termiziyning to‘liq ism-sharifi Abu Abdulloh Muhammad ibn Ali ibn Hasan ibn Bashirdir. Allomaning tavallud va vafot sanalari haqida tarixiy manbalarda turlicha ma’lumotlar uchraydi. Jumladan, Abdulfattoh Abdulloh Baraka Hakim Termiziyning «Odobul muridin va bayonil kasb» asari muqaddimasida quyidagilarni qayd etadi: «Tarixiy manbalarda bu zotning aniq tug‘ilgan va vafot etgan yillari ko‘rsatilmagan. Biroq tadqiqotchilarning fikricha, Hakim Termiziy taxminan hijriy 205/820 yillarda tug‘ilgan va 115 yil umr ko‘rib, 320/932 yillar atrofida vafot etgan».
Hakim Termiziy boshlang‘ich ilmlarni otasi Alidan olgani hamda «Ar-Raddu ala-l-muattila» asarida onasidan hadis rivoyat qilgani haqidagi ma’lumotlardan kelib chiqib, uni ziyoli oilada tarbiya topgan, deb aytish mumkin. Alloma ilm talabida Makka, Madina, Balx va boshqa ko‘plab shaharlarga safar qilgan. U ko‘plab asarlar ta’lif etgan bo‘lib, ularning aksar qismi bizgacha yetib kelgan, biroq qo‘lyozmalarining katta qismi xorijiy mamlakatlar kutubxonalarida saqlanmoqda.
Marhum tadqiqotchi Mahmud Normurodov o‘zining «Hakim Termiziyning ilmiy merosi» nomli maqolasida allomaga nisbat berilgan o‘ttiz oltita asarni sanab o‘tadi va mazkur ro‘yxat nisbiy ekanini ta’kidlaydi.
Muhammad Hakim Termiziyning «Ar-Raddu ala-l-muattila» va «Ar-Raddu ala-r-rofiza» asarlari o‘z davridagi e’tiqodiy adashishlarga qarshi, ahli sunna val jamoa mazhabi asosida to‘g‘ri aqidani bayon etishga bag‘ishlangan. Xususan, «Ar-Raddu ala-l-muattila» asarining noyob qo‘lyozma nusxasi Madinai Munavvarada saqlanadi. Ushbu asar 1439 h./2017 m. yilda bir guruh tadqiqotchi olimlar tomonidan o‘rganilib, Madina shahridagi «Ar-Ravza» nashriyoti tomonidan qayta nashr etilgan. Asar muqaddimasida Muhammad Hakim Termiziyning quyidagi hikmatli so‘zlari keltirilgan:
Dunyoda yaxshilikdan og‘ir yuk yo‘q, chunki sizga yaxshilik qilgan kishi ishonchingizga kiradi, sizga jafo qilgan esa uzoqlashadi.
Insonning o‘ziga zararli narsadan xursand bo‘lishi uning aybdor ekaniga kifoyadir.
Bandalik sifatlarini bilmagan kishi Rabboniy vasflarni ham anglamaydi.
Besh toifa insonning islohi besh joydadir: bolalar – maktabda, yoshlar – ilmda, qariyalar – masjidlarda, ayollar – uyda, jinoyatchilar – zindonda.
Mo‘minning xursandligi yuzida, g‘am-g‘ussasi qalbida bo‘ladi; munofiqning esa g‘am-g‘ussasi yuzida, xursandligi qalbida bo‘ladi.
Allohga bo‘lgan muhabbatning haqiqati Uning zikrida bardavom bo‘lishdadir.
Inson haqida so‘ralganda, Hakim Termiziy: «Inson ochiq-oydin zaif, ammo da’vosi keng», – deb javob bergan.
Asarning boshlanish qismida alloma haqida ulamolarning quyidagi fikrlari keltiriladi. Abu Na’im «Tabi’un lil-asar» asarida: «U hadislarni mustahkam usulda to‘plab, murjia va boshqa adashgan toifalarga raddiyalar bergan», deb yozadi. Ibn an-Najjor esa «Zaylu ta’rixi Bag‘dod» asarida: «U musulmonlar imomlaridan biri bo‘lib, usulud-din va hadis ma’nolariga oid keng qamrovli asarlari mavjud», deya ta’kidlaydi.
Hakim Termiziy «Xatmu-l-avliyo» asarini yozganidan so‘ng ayrim zamondosh olimlar bilan kelishmovchiliklar yuzaga kelib, Termizni tark etadi va Balx shahriga ko‘chib o‘tadi. Bu haqda Ibn Taymiya: «Termiziy ilmli va fazilatli zot edi. “Xatmu-l-avliyo” asarini yozganida ayrimlar uni inkor qildilar, ammo u qadri ulug‘, iymoni mustahkam inson edi», deb yozgan.
«Ar-Raddu ala-l-muattila» asarining to‘qqizinchi sahifasida quyidagi fikr bayon etiladi: «Ilmiy dalil bilan sobit bo‘lgan tavhidning ikki ziddi bor: biri – ta’til (Allohning sifatlarini inkor qilish), ikkinchisi – tashbeh (Allohni maxluqotga o‘xshatish). Kimki Allohning sifatlarini inkor etsa, u tavhidni inkor etgan bo‘ladi; kimki Allohni maxluqotga o‘xshatsa, u ham tavhidni inkor etgan bo‘ladi». Ushbu mulohazalar aqida ilmidagi mo‘tadillik tamoyilini ifodalaydi.
Asar bir necha bobdan iborat bo‘lib, har bir bobda Alloh taoloning muayyan sifatlari Qur’on oyatlari va hadislar asosida isbotlab berilgan. Jumladan, birinchi bobda «vajh», ikkinchi bobda «kalom», uchinchi bobda esa «ayn» sifati bayon qilingan.
Tadqiqotchi Zafar Faxriddinov «Muhammad Hakim Termiziyning aqidaviy qarashlari» nomli maqolasida allomaning hanafiy mazhabiga mansubligini dalillar bilan asoslaydi. Shuningdek, Abulhasan Hujviriy o‘zining «Kashfu-l-mahjub» asarida: «Al-Hakim fiqhni Abu Hanifaning xos shogirdlaridan biri qo‘lida o‘rgangan», deb yozadi.
Yuqoridagi ma’lumotlarga tayanilgan holda aytish mumkinki, Muhammad Hakim Termiziyning yurtimiz va xorijda saqlanayotgan asarlarini aniqlash, ularni ilmiy tadqiq etish bugungi kun tadqiqotchilari oldida turgan dolzarb vazifalardan biri hisoblanadi.
Foydalanilgan adabiyotlar:
- Imom Termiziy ilmiy merosining Islom sivilizatsiyasida tutgan o‘rni. Maqolalar to‘plami. «ILM-21» bosmaxonasi, Termiz, 2025.
- Hakim Termiziy. Ar-Raddu ala-l-muattila. Madina: «Ar-Ravza» nashriyoti, 2017.
- Buyuk Termiziylar: Hakim Termiziy. Termiz: «ILM-21» bosmaxonasi, 2018.