
Qurbonlik – Alloh taologa yaqinlashish va Uning roziligini qozonish maqsadida, shar’iy shartlarga javob beradigan hayvonni muayyan vaqtda qurbonlik niyati bilan so‘yish ibodatidir.
Qurbon bayramida ibodat maqsadida Iydul adho kuni ertalab so‘yilgan hayvonga “udhiyya”, hajda so‘yiladigan hayvonga “hady”, go‘shti uchun so‘yilgan hayvonga esa “zabiha” deyiladi.
Alloh taolo Kavsar surasida shunday marhamat qiladi:
“Albatta, Biz senga Kavsarni berdik. Bas, Robbingga namoz o‘qi va jonliq so‘y”, degan.
Ulamolar ushbu oyati karimadagi “namoz”dan murod Iydul adho namozi, “jonliq”dan murod esa qurbonlikka so‘yiladigan hayvon ekanini ta’kidlaganlar.
Qurbonlik vaqti
Qurbonlik qilish vaqti “Iydul adho” — Qurbon hayiti kunida boshlanadi. Bu vaqt Zulhijja oyining 10-kuni tongi otishi bilan kiradi va uchinchi hayit kuni quyosh botishi bilan tugaydi.
Qurbonlik hayit namozi o‘qilgandan keyin so‘yiladi. Agar kim qurbonligini hayit namozidan oldin so‘ygan bo‘lsa, uning qurbonligi qabul bo‘lmaydi va qaytadan qurbonlik qilish lozim bo‘ladi. Bu haqda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
“Kim namozdan oldin jonliq so‘ygan bo‘lsa, yana qayta so‘ysin”, deganlar.
Qurbonlik odoblari
Iyd namozidan keyin qurbonlik uchun tayyorlangan hayvonga ozor berilmasdan, so‘yiladigan joyga olib boriladi va qiblaga qaratib chap tomoni bilan yotqiziladi. Qurbonlik qiluvchi kishi imkoni bo‘lsa, jonivorni o‘zi so‘yishi mustahabdir. Agar o‘zi so‘ya olmasa, boshqa bir kishiga vakolat berishi joiz. Qurbonlik vaqtida o‘zi hozir bo‘lishi ham mustahab sanaladi.
So‘yish tartibi
So‘yish jarayonida qassob hayvonni qiynamasligi, pichoqni unga ko‘rsatmasligi va oldindan o‘tkirlab qo‘yishi kerak. So‘yuvchi o‘ng qo‘li bilan pichoqni, chap qo‘li bilan hayvonning boshini ushlab turib, quyidagi zikrni aytadi: “Bismillahi vallohu akbar” yoki “Bismillahi vallohu akbar, Allohumma haza minka va laka”.
Bu zikrning ma’nosi:
“Allohning nomi bilan so‘yaman. Alloh buyukdir. Ey Allohim, bu qurbonlik Sen tarafingdan va Senga atalgandir”.
Qur’onda bu haqda shunday marhamat qilinadi:
“Allohning nomi zikr qilinmagan narsadan yemanglar” (An’om, 121-oyat).
Jobir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
“Nabiy sollallohu alayhi vasallam bilan namozgohda qurbon namoziga hozir bo‘ldim. U zot xutbalarini tugatib, minbarlaridan tushganlarida bir qo‘chqor ketirildi. U zot uni o‘z qo‘llari bilan so‘ydilar va: “Bismillahi vallohu Akbar! Bu mendan va mening qurbonlik qilmagan ummatimdan”, dedilar”.(Abu Dovud va Termiziy rivoyati)
Hanafiy mazhabiga ko‘ra qurbonlik qilish hur, balog‘atga yetgan, aqlli, muqim va nisob miqdoriga yetgan musulmonga vojibdir. Musofir uchun vojib emas.
Qurbonlik hayvoniga qo‘yiladigan shartlar
Qurbonlik qilish uchun hayvon tanlash paytida bemor, g‘ilay, ochiq-oydin cho‘loq kabi kamchiliklar bo‘lmasligiga alohida e’tibor berish kerak. Kamchiligi aniq bilinib turadigan hayvonni qurbonlik qilib bo‘lmaydi. Agar sezilar-sezilmas bo‘lsa, bo‘ladi, deydi ulamolarimiz. Shuningdek, ko‘zi ko‘r, oyog‘i cho‘loq, shohi tagidan singan, qulog‘i tagidan butunlay kesilgan va miyasi chatoq bo‘lsa, u qurbonlikka yaroqli hisoblanmaydi. Bu haqda Baro roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “To‘rt narsa qurbonlikka joiz emas: g‘ilayligi ochiq-oydin hayvon, bemorligi ochiq-oydin hayvon, cho‘loqligi ochiq-oydin hayvon va miyasi chatoq hayvon”, dedilar” (Sunan egalari rivoyat qilganlar).
Qurbonlik qilinayotgan qo‘yning qulog‘iga qaraladi, agar qo‘yning qulog‘ini uchdan bir yoki uchdan biridan ozroq qismi kesilgan bo‘lsa yoki qulog‘i teshib qo‘yilgan bo‘lsa, bu qo‘yni qurbonlik yoki aqiqa uchun so‘ysa bo‘ladi. Agar qo‘yning qulog‘ini uchdan biridan ko‘p qismi kesilgan bo‘lsa, qurbonlik va aqiqa uchun so‘yib bo‘lmaydi.
Qurbonlik qilinadigan hayvonlar tuya, qoramol, qo‘y va echkilardan iboratdir. Bu hayvonlarning erkagi ham, urg‘ochisi ham, bichilgani ham, bichilmagani ham qurbonlik qilinsa, bo‘laveradi. Boshqa hayvonlarni qurbonlik qilib bo‘lmaydi. Yetti kishi birgalashib bitta tuya yoki qoramolni qurbonlik qiladi.
Qurbonlik qilinadigan jonivorlarni yoshi mol va qo‘toslarda to‘liq ikki yosh, tuya besh yosh, qo‘y va echki bir yoshdir. Agar bulardan bir kun ham kam bo‘lsa, qurbonlik qilish joiz bo‘lmaydi. Lekin, bir yoshga kirmagan qo‘yning jussasi bir yosh qo‘y jussasichalik bo‘lsa, ya’ni olti oylik qo‘zi bir yoshlik qo‘y jussasichalik gavdasi bo‘lsa, uni qurbonlik qilish joiz bo‘ladi. Lekin, olti oyga to‘lmagan qo‘zini jussasi bir yoshlik qo‘y kabi bo‘lsa, uni qurbonlik qilish joiz bo‘lmaydi. Bir yoshga kirgan qo‘yning jussasi kichik bo‘lsa-yu, lekin bir yoshga to‘lganligi aniq bo‘lsa, qurbonlik qilish joiz bo‘ladi.
Qurbonlik go‘shtini uch qismga bo‘lish mustahab sanaladi. Bir qismini o‘zi ahlu oilasi bilan iste’mol qiladi. Yana bir qismini faqir, beva-bechoralarga sadaqa qiladi. Uchinchi qismini qarindosh-urug‘, yoru birodarlari, qo‘ni-qo‘shnilariga hadya qiladi.
Agar u odamning qaramog‘idagilar ko‘p bo‘lsa yoki ehtiyojlari bo‘lsa, qurbonlik go‘shtini uyda hech kimga tarqatmasdan iste’mol qilsa ham joizdir.
Qurbonlik faqat Allohning roziligini qozonish uchun kesilgani uchun uning go‘shtini sotish joiz bo‘lmaganidek, terisini, yungini, ichaklarini, suyaklarini va yog‘ini ham sotish joiz emas. Qurbonlik qilgan kishi xohlasa uni o‘zi uyida ishlatadi, xohlasa boshqalarga hadya qiladi. Agar ularni sotib qo‘ygan bo‘lsa, pulini sadaqa qiladi.
Qurbonlikni so‘ygan kishiga xizmat haqqi sifatida qurbonlikning go‘shti yoki terisi berilmaydi. Bunga dalil shuki, Ali roziyallohu anhu aytadilar: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam menga u zotning qurbonliklariga qarashimni, go‘shtlari, terilari va jabduqlarini sadaqa qilishimni va u narsalardan qassobga bermasligimni amr qildilar. Unga biz o‘zimiz beramiz”, dedilar” (Beshovlari rivoyat qilishgan).
Qurbonlikni so‘ygan kishiga xizmat haqqi sifatida pul berilganidan keyin, qurbonlikning go‘shti yoki terisini hadya sifatida bersa joiz bo‘ladi.
Qurbonlik amallari yakunlangach, atrof-muhitni toza saqlash, hayvondan qolgan bo‘laklarni tuproqqa chuqur ko‘mib tashlash va imkoni boricha hech bir qismini ochiq holda qoldirmaslik lozim. Bu holat qurbonlik qilingan hayvonga nisbatan hurmat va atrofdagilarga nisbatan ozodalikni ta’minlash belgisidir.
Qurbonlik ibodati nafaqat oxiratdagi savobi, balki dunyoda ham katta manfaatlarga ega. U insonlar o‘rtasida mehr-oqibat, saxovat va hamjihatlikni mustahkamlaydi.
Qurbonlik go‘shtini muhtoj oilalar, qiynalgan insonlar, qarindosh-urug‘ va qo‘ni-qo‘shnilar o‘rtasida tarqatish orqali ijtimoiy aloqalar yanada kuchayadi, jamiyatda o‘zaro yordam va birdamlik ruhi ortadi.
Alloh taolo buyurgan ushbu ibodat zamirida insonlar o‘rtasidagi o‘zaro hurmat, mehr va hamdardlik kabi yuksak insoniy fazilatlar mujassamdir. Bunday amallarni doimiy ravishda bajarish insonni yaxshilik va taqvo sari yetaklaydi va taqvoni mustahkamlaydi.
Qurbon hayitingiz muborak bo‘lsin, Alloh taolo barchamizning ibodatlarimizni qabul etsin, yurtlarimizni tinch, oilalarimizga esa doimiy baraka va fayz ato etsin.
Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi Olim Jo‘raev