IMOM TERMIZIY ILMIY MEROSINING ISLOM SVILIZATSIYASIDA TUTGAN O‘RNI

by Matbuot xizmati
33 👁️

Annotatsiya. Ushbu maqolada islom dunyosida o‘z o‘rniga ega bo‘lgan hadisshunos olim Imom Termiziyning hayot yo‘li, hadis to‘plashdagi izlanishlari, u zotning asarlari, xususan, «Sunani Termiziy» haqida so‘z boradi.

Kalit so‘zlar: Imom Termiziy, Bug‘ qishlog‘i, Jayhun, Marv, Makka, Madina, «Sunani Termiziy».

Abstract. This article tells about the life of Imam Tirmidhi, a researcher of hadiths, who has a place in the Islamic world, his research in the fiyeld of collecting hadiths, his works, in particular, «Sunani Tirmidhi».

Keywords: Imam Tirmidhi, the village of Bug, Jayhun, Marv, Mecca, Medina, «Sunani Tirmidhi».

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 14 fevraldagi PQ- 2774-sonli «Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tashkil etildi hamda Adliya vazirligi tomonidan 2017 yil 14 martda davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi. Bu haqda Adliya vazirligining matbuot xizmati xabar bergan edi.

Markazning asosiy maqsad va vazifalari Islom dini rivojiga ulkan hissa qo‘shgan buyuk alloma, vatandoshimiz Abu Iso Termiziy (Imom Termiziy) va termiziy allomalarning benazir merosini ilmiy asosda chuqur o‘rganishga, muqaddas yurtimiz zamini azal-azaldan ulug‘ allomalar, aziz- avliyolar vatani bo‘lib kelganini yurtdoshlarimiz va xalqaro jamoatchilik o‘rtasida keng targ‘ib qilishga, milliy-diniy qadriyatlarimizni asrab- avaylash va rivojlantirishga, shu asosda yosh avlodni ezgu g‘oyalar ruhida tarbiyalashga, ularning qalbida Vatanga muhabbat va sadoqat tuyg‘usini yanada kuchaytirishga qo‘maklashishga qaratilgan edi.

Buyuk hadisshunos olim imom Buxoriyning sevimli shogirdi Abu Iso Muhammad at-Termiydir. To‘liq ismi Muhammad ibn Iso ibn Savra ibn Muso ibn az-Zahhok as-Sulamiy al-Bug‘iy at-Termiziy. Kunyasi Abu Iso (ya’ni Isoning otasi)578.

Termiziyning nasabi ko‘pgina manbalarda ana shunday zikr qilingan. U zot nasabi haqida yana ikki xil qavl bor. Birinchisi –Muhammad ibn Iso ibn Savra ibn Shaddod. Ikkinichisi – Muhammad ibn Iso ibn Yazid ibn Savra ibn as-Sakan. Termiziy hijriy 209 yil (milodiy 824-825) yil tavallud topgan. Hofiz az-Zahabiy «Miyzon ul-i’tidol» kitobida Termiziyning hijriy 279 (milodiy 892-893) vafot etganini zikr qilib: «Vafot atgan vaqtlarida yetmish yoshda edilar», deydi. Alloma Mulla Ali al-Qoriy hazratlari ham «Ash-Shamoil» asari sharhida ham xuddi shu gapni aytadi. Imom Termiziy tug‘ilgan vatani O‘zbekistondir. Termiziy Termiz shahridan olti farsax (taqriban 40 km) narida joylashgan Bug‘ qishlog‘ida tavallud topdi. Al-Bug‘iy deb Bug‘ qishlog‘iga nisbat berilishi shu yerda yashab vafot etgani sabablidir. Bo‘lajak allomaning beg‘ubor bolaligi, sho‘x yoshligi jo‘shqin va sokin Jayhun sohillarida o‘tdi. Oiladagi ilmga chanqoq muhit, shahardagi chinakam pokiza sharoit Muhammad ibn Ali Hakim Termiziyning Qur’on tilovatiga, Rasululloh hadislariga rag‘batini oshirdi. Ilmga chanqoqlik Termiziyni Buxoro va Samarqand hamda Marv va Nishopur shaharlariga chorlaydi. Ilm fanga tashna Imom Termiziy 850 yildan boshlab uzoq yurtlarga, ko‘plab xorijiy mamlakatlar va sharlarga sayohat qildi. U kishi 20 yoshga yetganda Xurosonga borib, shayx Is’hoq ibn Rohavayx Marvaziy va boshqalardan ilm o‘rganadi. So‘ng 25-26 yoshlarida Iroqqa (Basraga) borib u yerdagi allomalardan dars oladi, keyin Makka va Madinaga ketadi U yerda ko‘plab ulamolar bilan muloqotda bo‘lib, ta’lim oladi. Bu sayohatlari ko‘p yillar davom etadi. Imom Termiziy Termizga hijriy 250 (milodiy 864) yilda qaytib keladi. Shunga qaraganda, taxminan 20 yil davomida o‘zga yurtlarda hadislarni o‘rganib yig‘ib yurgan.

Imom Buxoriy bilan Nishopurda (hijriy 250 yil) uchrashib, ko‘p hadislar haqida muzokaralar olib borgani haqida ma’lumotlar bor. Shundan so‘ng «Al-Jome’ as-Sahih» («Sunani Termiziy») kitobini yoza boshlagan. Imom Termiziy yoshligidan hadis yig‘ishga ishtiyoqi baland bo‘lgan, har bir hadisni yozib olganda unga alohida e’tibor bergan. o‘zlari o‘qigan yoki biror roviydan eshitgan hadislarni asli va isnodini diqqat va ogohlik bilan aniqlab qayta-qayta tekshirib, to‘g‘riligiga ishonch hosil qilgandan keyin, asl hadislarni alohida qog‘ozga ko‘chirgan, shubha qilganlarini ham alohida qog‘ozga yozib qo‘ygan. Ana shu tariqa sahih va shubhali hadislarni tabaqalarga bo‘lib, sahih, hasan, zaif, g‘arib sifat va xillarga ajratgan. Imom Termiziyning xotirasi juda kuchli bo‘lgan, bir marta eshitgan hadisini yodlab qolish qobiliyati bor edi, u haqida o‘zi ham hikoya qilgan. Imom Termiziy islom olamida o‘zining asarlari bilan mashhur. Olimlar Imom Termiziy islom olamiga turli asarlar tortiq qilganini aytishadi. Ularning fikricha u zotning asarlari quyidagilar:

  1. «Al-Jome’ as-Sahih» («Sunani Termiziy»).
    1. «Ash-Shamoil al-Mahammadiya» («Ash-Shamoil al-Nabaviya» deb ham yuritiladi).
    1. «Al-Hol».
    1. «At-Tarix».
    1. «Az-zuhl».
    1. «Al-Asmo va al-kuno» («Ismlar va kunyalar»).
    1. «Al-Ilal fi-l-hadis» («Hadis sanadlaridagi illatlar yoki nuqsonlar»). Bu tasnif ikki mustaqil asardan iborat: 1) «Al-ilal as- sag‘ir»; 2) «Al-ilal al-kabir» yoki «Al- mufrad». Termiziyning boshqa asarlari ham bo‘lishi mumkin579.

Imom Termiziyning eng mashhur asari «Sunani Termiziy» hisoblanib, asar Imom Buxoriy bilan uchrashuvdan hijriy 250 (864 yil) dan keyin yozilgan. «Sunani Termiziy» kitobi haqida ko‘plab ulamolar o‘z fikrlarini bildirib o‘tganlar. Termiziyning «Sunan» kitobi haqidagi fikrlar Ibn Asiyr o‘z «Tarix»ida bunday deydi: «Termiziy imom va hofiz edi. Bebaho asarlar tortiq qildi. «Al-jome’ ul-kabir («Katta to‘plam» ya’ni «Sunani Termiziy») bu asarlarning eng mukammalidir.

Hofiz Abul-Fazl Maqdisiy aytadi: «Hirotda imom Abu Iso al- Ansoriydan eshitdim. U o‘z majlisida Termiziy va uning kitobi borasida so‘z ketganida bunday dedi: “Mening uchun Termiziyning kitobi Imom Buxoriy va Imom Muslim kitoblaridan ko‘ra foydaliroq. Chunki ularning kitoblaridan faqat teran ilmli mutaxassis olimlargina istifoda etadi. Termiziydan esa har kim foydalanishi mumkin».

Alloma Toshko‘prukzoda Termiziyning tarjimai holi haqida shunday deydi: (Termiziy) hadis ilmida ko‘pgina asarlar taqdim etdi. Uning «Al- jome’ as-Sahih» kitobi bo‘lib, u asarlar orasida foydasi eng ko‘p, tartibi ixcham takrori eng oz kitobdir. Unda boshqa hadis kitoblarida uchramaydigan xususiyatlar bor.

Biz so‘zimiz davomida bu kitob haqida bir qancha faktlarga to‘xtalmoqchimiz. Imom Termiziyning yozgan asarlari juda ko‘p, lekin ular ichida eng taniqlisi va shoh asari «Sunani Termiziy»dir. Muhaddis kitoblarni 51 ta mavzuga bo‘lganlar. Mavzular ichidagi jami boblar soni 2231 tani tashkil qiladi. Hadislar soni esa 3956 tadir. Turli xil nusxalar e’tiboridan farqlanishi mumkin. Imom Termiziy bu kitobdagi uslublari birinchi hadisni keltiradilar keyin fiqhiy hukmga aloqador masalalarni keltirib, olimlarning shu borasida qanday yo‘l tutganini ham yoritib o‘tadilar. Yana qo‘shimcha qilib sahobiy va tobeinlarning ham tutgan yo‘llarini keltirgan580.

Xulosa o‘rnida shuni aytishimiz mumkinki Imom Termiziy ilmiy faoliyatini o‘rganish hozirgi zamon yoshlarining ko‘nglida islom olamida mashhur olimlaridan faxrlanish tuyg‘usini uyg‘otadi. Ayniqsa bu biz Surxondaryo farzandlari uchun g‘ururdir.

Muqaddas islom dini rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan, hadis ilmining darg‘alaridan biri, buyuk vatandoshimiz Imom Termiziyning ulkan ilmiy merosini yanada chuqur o‘rganish, xalqimiz va jahon jamoatchiligi o‘rtasida keng targ‘ib etish, ushbu yo‘nalishda olib borilayotgan tadqiqotlarni qo‘llab- quvvatlash, azaliy milliy qadriyatlarimizni saqlash va ulug‘lash, yosh avlodning ruhiy va ma’naviy olamini boyitish, iymon-e’tiqodini mustahkamlash, ularning qalbida Vatanga muhabbat va sadoqat tuyg‘usini yanada kuchaytirish bugungi kundagi dolzarb masalalardan hisoblanadi. Imom Termiziyning boy ma’naviy merosini o‘rganishda yurtboshimiz tomonidan qabul qilingan «Imom Termiziy tavalludining 1200 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida»gi qaror muhim tarixiy ahamiyatga ega bo‘ldi. Ushbu qaror asosida Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, Surxondaryo viloyat hokimligi, Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Termiz davlat universiteti va O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi hamkorligida 12- sentyabr sanasida «Termiziy allomalarning ilmiy-ma’naviy merosi:  o‘tmish va bugun» mavzusida respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi o‘tkazildi581.

Xulosa qilib aytganda, buyuk bobokalonimizning shaxsiy hayoti va uning boy ma’naviy merosini chuqur va har tomonlama o‘rganish ham ilmiy ham amaliy jihatdan katta ahamiyatga egadir.

Yasmina Olimova, Termiz Davlat Universiteti Tarix fakulteti talabasi

FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR RO‘YXATI:

  1. Mirzo Kenjabek. Buyuk Termiziylar. – Toshkent: «O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi» Davlat ilmiy nashriyoti, 2017.
  2. Tursunov S., Murtazoev B. Termiziylarning ilmiy tafakkuri. – Toshkent: «O‘zbekiston», 2016.
  3. Saidov S. «Termiziylar merosi jahon olimlari olimlar nigohida». Yangi O‘zbekiston gazetasi.

4. https://kun. uz/uz/82723093

578 Tursunov S., Murtazoev B. Termiziylarning ilmiy tafakkuri. – Toshkent: «O‘zbekiston», 2016. – B. 86.

580 Saidov S. «Termiziylar merosi jahon olimlari olimlar nigohida». Yangi O‘zbekiston gazetasi. № 192 (1253), 2024 yil 20-sentabr. – B. 5.

581 Saidov S. «Termiziylar merosi jahon olimlari olimlar nigohida». Yangi O‘zbekiston gazetasi. № 192 (1253), 2024 yil 20-sentabr. – B. 5.

579 Mirzo Kenjabek. Buyuk Termiziylar. – Toshkent: «O‘bekiston milliy ensiklopediyasi» Davlat ilmiy nashriyoti, 2017. – B. 123.

 Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi. Ommaviy axborot vositalari vakillari va veb-sayt foydalanuvchilari diqqatiga! Siz termizi.uz veb-saytidagi maʼlumotlardan bemalol foydalanishingiz mumkin. Bundan mamnun boʻlamiz. Faqat yagona shartimiz shuki, xabar yoki maqolani oʻz veb-sahifangizda yoritishda “Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi rasmiy sayti xabar berishicha” deb, bunda “rasmiy sayti” degan soʻz ustiga saytimiz havolasini qoʻyib, termizi.uz sahifasiga yoʻnaltirilgan boʻlishi shart. Unutmang, maʼlumot olinganda muallif va manzil koʻrsatmaslik mualliflik huquqining buzilishi kabi javobgarlikka sabab boʻladi.

Flag Counter

©2017-2025 Imam Termizi ISRC- All Right Reserved. Designed and Developed by Shokhzamon

© 2017 by Imam Termizi ISRC is licensed under CC BY-SA 4.0
Яндекс.Метрика