
Har bir firqaning o‘z oldiga qo‘ygan rejasi va maqsadi bo‘ladi. Yuqorida zikri o‘tganlarning qanday rejalari bor? Bu uchta narsadan iborat. Ularning ba’zisi mana shu uchta narsani birdaniga da’vo qiladi, ayrimlari birovini da’vo qilib chiqadi.
Ularning birinchi botil g‘oyalari, nomaqbul fikrlaricha, “Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning vazifasi Qur’onni yetkazish, xolos. U zotning payg‘ambarlik siymosi, ya’ni sunnatlari, topshiradigan vazifa va ko‘rsatmalari yo‘q. Shuning uchun faqat Qur’oni karimga itoat qilish vojib, Rasululloh sollallohu alayhi va sallamga payg‘ambarlik yuzasidan na sahobaga va na keyingi ummatga vojib” emish. Alloh bunday e’tiqoddan o‘zi asrasin!
Yana bunga qo‘shimcha: ular “matluv vahiy” bor, “g‘ayrimatluv vahiy” yo‘q deydilar. Bizlar esa “g‘ayrimatluv” vahiy ham bor deymiz. Ya’ni Rasululloh sollallohu alayhi va sallamga Qur’ondagi oyati karimalardan boshqa ham vahiy ko‘rsatmalari bo‘lgan deymiz. Ular asosida Rasululloh sollallohu alayhi va sallam shariatni bizlarga shakllantirib berganlar.
Hozirgi Qur’oni karimga kiritilgan oyatlar “matluv” – tilovat qilinadigan oyatlardir. Bu ahli sunnat va jamoatning ijmo’si bilan sobit bo‘lgan narsalardir. Alloh taoloning Rasululloh sollallohu alayhi va sallamga maxsus vahiy orqali shariatning ayrim hukmlarini bayon qilib bergan ko‘rsatmalari mavjuddir. Ularni ham Rasululloh sollallohu alayhi va sallam risolatga aslo xiyonat qilmagan holda ummatlariga to‘laligicha yetkazganlar. Biroq ushbu haqiqatlarni inkor etayotgan adashgan toifalar bugun Alloh taologa ham, Rasululloh sollallohu alayhi va sallamga ham xiyonat qilmoqdalar.
Ularning “g‘ayrimatluv”ni inkor etishlari Qur’oni karimni tushunish uchun boshqa narsa kerak emas, xususan, hadisi shariflar kerak emas, ularga ehtiyoj yo‘q deyishlari uchun kerak edi.
Ikkinchi botil g‘oyalari, ularning nomaqbul fikrlari: “Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning irshodlari, ko‘rsatmalari sahobalarga vojib bo‘lgan, bizga vojib emas, u zotga itoat etish uning davridagi sahobalargagina vojib bo‘lgan, qolgan ummatlarga vojib emas” emish.
Uchinchi botil g‘oyalari, ularning nomaqbul fikrlari: “Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning ko‘rsatmalari, irshodlari hammaga vojib edi, barcha ummatga vojib bo‘lgan, biroq hozirda bizgacha yetib kelgan hadislar hujjat bo‘lishga yaroqli emas. Sababi, hadislarning bizlargacha yetib kelgan silsilalarida, isnodlarida turli-tuman gap-so‘zlar mavjud. Qisqasi, bizga sahih va ishonchli sanad bilan bironta hadis yetib kelmagan, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam davridagi sahobalar ko‘rsatmalarni o‘zlaridan olgani uchun ularga itoat etish vojib, biroq keyingilarga, xususan, bizlarga ko‘rsatmalar ishonchli bo‘lib yetib kelmagani bois itoat aslo vojib emas”, – deydilar.
Hadislarni inkor etadiganlarning barchasi qanday toifa bo‘lishidan qat’i nazar, yuqorida aytilgan uchta g‘oyaning birovini da’vo qiladilar.
Ularning bu buziq g‘oyalariga ahli sunnat va jamoat olimlari yetuk ma’rifat bilan javoblar berishgan.
Abu Iso at -Temriziy“Sunoniy Termiziy sharhi” 1-jild muqaddima kitobidan