Termiziy “al-Jome’” asaridagi hadis hukmlarining nusxalararo farqlari va “hasan sahih” istilohi

by Matbuot xizmati
11 👁️

Annotatsiya

Imom Abu Iso Muhammad ibn Iso at-Termiziy (209–279 h.) «al-Jome’» asarida deyarli har bir hadisga o‘z hukmini beradi. Ammo bu hukmlar asarning turli nusxalarida bir xil kelmaydi. Bu farqni VII hijriy asrdayoq Ibn as-Saloh qayd etgan va nusxalarni o‘zaro solishtirishni tavsiya qilgan.

Maqolada uch masala ko‘rib chiqiladi: Termiziyning «hasan» atamasiga o‘zi bergan ta’rifi, «hasan sahih» qo‘shma istilohi haqidagi mumtoz qarashlar hamda nusxalararo farqlarning hadisni baholashga ta’siri. Asosiy xulosa: «hasan sahih» istilohini talqin qilishdan oldin shu hukm qaysi nusxada qanday kelganini aniqlash kerak.

Kalit so‘zlar: Termiziy, «al-Jome’», hasan sahih, hadis istilohi, nusxalar farqi, Ibn as-Saloh, Ibn Hajar, matnshunoslik.

Termiziy asarining to‘liq nomi: «الجامع المختصر من السنن عن رسول الله ﷺ ومعرفة الصحيح والمعلول وما عليه العمل» (Rasululloh ﷺdan rivoyat qilingan sunnatlardan muxtasar jamlanma; sahih va ma’lul hadislarni, shuningdek, amal qilinadiganlarini bilish). Nomning o‘zi asarning uch vazifasini ko‘rsatadi: sunnatni jamlash, sahih va illatli rivoyatni ajratish, faqihlar amalini bayon qilish.

Asar «Kutubi sitta» nomi bilan mashhur oltita asosiy hadis to‘plamidan biri. U boshqa sunan kitoblaridan hadislarga muntazam hukm berilishi bilan ajralib turadi. Ibn as-Saloh «Ulum al-hadis» («Muqaddima») asarida Termiziy kitobini hasan hadisni bilishda asosiy manba deb atagan va Termiziy bu atamani mashhur qilib, uni asarida ko‘p qo‘llaganini ta’kidlagan [1,1j , 36–b].

Mavzuning dolzarbligi shundaki, bugungi o‘quvchi Termiziy hukmini bosma nashrdan oladi. Bosma nashrlar esa turli qo‘lyozmalarga tayanadi. Agar nusxalarda hukm har xil bo‘lsa, «Termiziy bu hadisni hasan sahih degan» qabilidagi da’vo qaysi nusxaga asoslanganini ko‘rsatmasdan to‘liq asosli bo‘lmaydi.

Maqolaning maqsadi: mumtoz arab manbalari va zamonaviy tadqiqotlar asosida bu muammoni yoritish hamda uni o‘rganishning asosiy yo‘nalishlarini belgilash.

Termiziyning baholash tizimi va o‘z ta’rifi

Termiziy «hasan» deganda nimani nazarda tutganini asar oxiridagi «Kitob al-Ilal»da o‘zi izohlagan [2]:

«وما ذكرنا في هذا الكتاب حديث حسن فإنما أردنا به حسن إسناده عندنا، كل حديث يروى لا يكون في إسناده من يتهم بالكذب، ولا يكون الحديث شاذا، ويروى من غير وجه نحو ذاك، فهو عندنا حديث حسن».

Mazmuni: Termiziy nazdida hasan hadisning uch sharti bor. Birinchisi, isnodda yolg‘onda ayblangan roviy bo‘lmasligi. Ikkinchisi, hadis shoz (ishonchliroq rivoyatlarga zid) bo‘lmasligi. Uchinchisi, hadis shunga o‘xshash tarzda bir necha yo‘l bilan rivoyat qilingan bo‘lishi.

Bu ta’rif keyingi muhaddislarning «hasan li zotihi» tushunchasidan farq qiladi. Termiziy ta’rifida roviyning zabti (rivoyatni aniq saqlash qobiliyati) emas, balki hadisning boshqa yo‘llar bilan ham kelishi asosiy shart. Shu sababli uning «hasan» hukmini keyingi davr istilohi bilan bir xil deb o‘qish xato talqinga olib kelishi mumkin.

Termiziy hukmlari sodda va qo‘shma shakllarda keladi: sahih, hasan, g‘arib, hasan sahih, hasan g‘arib, sahih g‘arib, hasan sahih g‘arib. Addob al-Hamshning tadqiqotiga ko‘ra, Termiziy yuzga yaqin hadisdan tashqari barcha hadislarga hukm bergan [3, 1204-b.].

«Hasan sahih» istilohi: mumtoz qarashlar

«Hasan sahih» – Termiziy asaridagi eng ko‘p bahs qilingan istiloh. Bu istilohdagi ziddiyatni Ibn as-Saloh qayd etgan [1]: hasan darajasi sahihdan past, demak, bir hadisni ham hasan, ham sahih deyish bir vaqtning o‘zida kamchilikni tasdiqlash va inkor etish bo‘lib chiqadi.

Bu e’tirozga Ibn Hajar al-Asqaloniy «Nuzhat an-nazar»da javob bergan [4, 66–b.]:

«فإن جُمِعا أيْ الصحيحُ والحَسَنُ في وصفٍ واحدٍ كقَوْل الترمذي وغيرِه «حديثٌ حَسَنٌ صحيح» فَلِلترَدُّدِ الحاصِلِ من المجتهد في الناقِل، هل اجتمعَتْ فيه شروطُ الصحة أو قَصرَ عنها، وهذا حيثُ يحصلُ منه التفرُّدُ بتلك الرواية. وَعُرِفَ بهذا جوابُ مَنِ استشكلَ الجَمْعَ بين الوصفَيْن فقال: الحَسَنُ قاصِرٌ عن الصحيح، ففي الجمع بين الوصفين إثباتٌ لذلك القصور ونَفْيُه؟».

Mazmuni: sahih va hasan vasflari bir hadisda jamlansa, bu mujtahidning roviy haqidagi ikkilanishidan kelib chiqadi: unda sahih shartlari jamlanganmi yoki ulardan qisqa qolganmi. Bu hukm roviy shu rivoyatda yolg‘iz qolgan holatga tegishli. Shu bilan «hasan sahihdan past, demak, ikki vasfni jamlash kamchilikni bir vaqtda tasdiqlash va inkor etishdir» degan e’tirozga javob ma’lum bo‘ladi. Ibn Hajar javobini ikki holatga ajratadi:

  1. Hadis bitta sanad bilan kelgan bo‘lsa, qo‘shma hukm mujtahidning roviy haqidagi ikkilanishini bildiradi: unda sahih shartlari to‘liq bormi yoki yo‘qmi. Bu holda «hasan sahih» faqat «sahih»dan pastroq, chunki qat’iy hukm ikkilanishdan kuchliroq.
  2. Hadis bir necha sanad bilan kelgan bo‘lsa, qo‘shma hukm ikki sanadga qaratilgan: biri sahih, ikkinchisi hasan. Bu holda «hasan sahih» faqat «sahih»dan yuqori, chunki yo‘llarning ko‘pligi hadisni kuchaytiradi.

Ibn Hajarning bu javobiga e’tiroz ham bildirilgan. Britaniyalik islomshunos olim Muhammad Akram Nadviy «Nuzhat an-nazar»ga yozgan tanqidiy izohlarida («Istidrokot») shunday deydi:

«قلت: من نظر في كتاب الترمذي تبين له أنه لم يحصل له أي تردد، فإنه يطلق هذا الوصف على كثير من الأحاديث التي هي في غاية الصحة وهي في الصحيحين، وكذلك لا يطلق هذا الوصف باعتبار إسنادين».

Tarjimasi: «Aytamanki, Termiziy kitobiga nazar solgan kishiga Termiziyda hech qanday ikkilanish bo‘lmagani ayon bo‘ladi. Chunki u bu vasfni sihhati juda yuqori bo‘lgan va Sahihaynda kelgan ko‘plab hadislarga beradi. Shuningdek, bu vasfni ikki isnodga nisbatan ham bermaydi» [5].

Shunday qilib, mumtoz va zamonaviy manbalarda «hasan sahih» uchun yagona, umume’tirof etilgan ta’rif yo‘q. Biroq har bir talqin asar matni aniq ekanini, ya’ni Termiziy aynan shu hukmni berganini oldindan faraz qiladi.

Nusxalararo farqlar muammosi

Ibn as-Saloh hukmlardagi farqni to‘g‘ridan-to‘g‘ri qayd etgan va amaliy yo‘l ko‘rsatgan [1]:

«وتختلف النسخ من كتاب الترمذي في قول: هذا حديث حسن. أو: هذا حديث حسن صحيح ونحو ذلك. فينبغي أن تصحح أصلك به بجماعة أصول، وتعتمد على ما اتفقت عليه».

Mazmuni: Termiziy kitobining nusxalari «bu hasan hadis» yoki «bu hasan sahih hadis» kabi hukmlarda farq qiladi. Shuning uchun o‘z nusxangizni bir necha asl nusxa bilan solishtirib tuzatishingiz va ular kelishgan narsaga tayanishingiz kerak.

Bu ogohlantirishning ahamiyatini keyingi davr va zamonaviy olimlar ham ta’kidlaydi:

  • Shayx Abdulkarim al-Xuzayr shunday izohlaydi:

«اختلاف أحكامه على الأحاديث بسبب اختلاف النسخ، ولذلك تجد حتى عند النووي ومن قبل النووي يقول: «قال الترمذي: حسن صحيح»، وفي نسخة «صحيح» فقط، وفي حديث يقال: «قال الترمذي: حسن صحيح»، وفي نسخة «حسن»، هذا تباين في الأحكام على الأحاديث».

Tarjimasi: «Termiziyning hadislarga bergan hukmlari nusxalar farqi sababli turlicha. Shu bois hatto an-Navaviyda va undan oldingilarda ham „Termiziy: hasan sahih, degan“, boshqa bir nusxada esa faqat „sahih“ deyilgani uchraydi. Boshqa bir hadisda ham „Termiziy: hasan sahih, degan“, boshqa nusxada esa faqat „hasan“ deyiladi. Bu – hadislarga berilgan hukmlardagi tafovutdir».

Olimning fikricha, bosma va qo‘lyozma nusxalar, ayniqsa hukmlar borasida, bir-biridan sezilarli farq qiladi [6].

  • Addob al-Hamsh o‘z tadqiqotida «al-Jome’»ni ishonchli qadimiy qo‘lyozmalar asosida ilmiy tahqiq qilishni tavsiya etgan [3].
  • Muborakfuriy «Tuhfat al-ahvaziy» sharhida nusxalardagi kotib xatolarini ko‘rsatgan: masalan, ba’zi nusxalarda «Abu Ya’fur» o‘rniga xato «Abu Ya’qub» yozilganini qayd etgan [7,1j , 442–b].

Bu faktlar «hasan sahih» istilohiga oid yuqoridagi talqinlarning amaliy qiymatini bevosita cheklaydi. Ibn Hajar qoidasiga ko‘ra, «hasan sahih» bir sanadli hadisda «sahih»dan pastroq, ko‘p sanadlida esa yuqoriroq. Agar bir nusxada «hasan sahih», boshqasida faqat «sahih» yoki faqat «hasan» kelsa, hadisning darajasi haqidagi xulosa ham o‘zgaradi. Demak, istiloh talqini matnshunoslik tekshiruvisiz yakuniy bo‘la olmaydi.

O‘rganilgan manbalarda nusxalardagi farqlar soni yoki ulushini ko‘rsatuvchi ishonchli statistik ma’lumot uchramadi. Bunday hisob-kitob ushbu yo‘nalishdagi tadqiqotning asosiy vazifalaridan biri bo‘lishi mumkin.

Xulosa va takliflar

Termiziy hukmini to‘g‘ri tushunish ikki bosqichni talab qiladi: avval hukm matnini nusxalar bo‘yicha aniqlash, keyin uni Termiziyning o‘z istilohi asosida talqin qilish. Mumtoz manbalar ikkala bosqich zarurligini ko‘rsatadi.

Manbalardan kelib chiqadigan faktlar:

  1. Termiziy «hasan»ga o‘z ta’rifini bergan va u keyingi istilohdan farq qiladi (Kitob al-Ilal).
  2. «Hasan sahih» istilohi mumtoz davrdayoq muammo sifatida qayd etilgan (Ibn as-Saloh) va unga turli javoblar berilgan (Ibn Hajar; unga e’tirozlar – M. A. Nadviy).
  3. Asar nusxalari aynan shu hukmlarda farq qilishi VII hijriy asrdayoq qayd etilgan va nusxalarni solishtirish tavsiya qilingan (Ibn as-Saloh).

Takliflar: birinchidan, Termiziy hukmiga tayanilganda foydalanilgan nashr yoki qo‘lyozma aniq ko‘rsatilishi lozim; ikkinchidan, «al-Jome’»ning ishonchli qadimiy qo‘lyozmalari asosida hukmlarni solishtiruvchi tanqidiy nashr tayyorlash dolzarb vazifa hisoblanadi; uchinchidan, nusxalararo farqlarning soni va ulushini aniqlaydigan maxsus tadqiqot o‘tkazish maqsadga muvofiq.

Foydalanilgan adabiyotlar

  1. Ibn as-Saloh, Usmon ibn Abdurrahmon (v. 643 h.). Ma’rifat anvo’ ulum al-hadis (Muqaddimat Ibn as-Saloh)/Abu Amr Taqiyuddin Usmon ibn Abdurrahmon Ibn as-Saloh ; muhaqqiq Nuriddin Itr. – Suriya : Dor al-fikr; Bayrut: Dor al-fikr al-muosir, 1986 (1406 h.). – 1 j.
  2. At-Termiziy, Muhammad ibn Iso (209–279 h.). Al-Ilal as-sag‘ir / Abu Iso Muhammad ibn Iso ibn Savra at-Termiziy ; tahrir A. M. Shokir. – Bayrut : Dor ihyo at-turos al-arabiy, 1938 (1357 h.). – 1 j.
  3. Al-Hamsh, Addob Mahmud. Al-Imom at-Termiziy va manhajuhu fi kitobihi «Al-Jome’» : dirosa naqdiyya tatbiqiyya / Addob Mahmud al-Hamsh. – 1-nashr. – Ammon : Dor al-Fath, 2003.
  4. Ibn Hajar al-Asqaloniy, Ahmad ibn Ali (v. 852 h.). Nuzhat an-nazar fi tavzih Nuxbat al-fikar fi mustalah ahl al-asar / Abu-l-Fazl Ahmad ibn Ali ibn Muhammad ibn Ahmad ibn Hajar al-Asqaloniy ; tahqiq va izohlar Nuriddin Itr. – 3-nashr. – Damashq : Matba’at as-Sabboh, 2000 (1421 h.). – 1 j.
  5. Istidrokot ala «Nuzhat an-nazar fi tavzih Nuxbat al-fikar» = استدراكات على نزهة النظر // Al-Salam Institute. – URL: https://alsalam.ac.uk/nuzhat-al-nadhr/ (murojaat sanasi: 01.10.2026). – Matn : elektron.
  6. al-Xuzayr, Abdulkarim. Sunan at-Termiziy = سنن الترمذي : [ma’ruza matni] // Shayx Abdulkarim al-Xuzayrning rasmiy sayti. – URL: https://shkhudheir.com/book-detector/2062348975 (murojaat sanasi: 01.10.2026). – Matn : elektron.
  7. Al-Muborakfuriy, Muhammad Abdurrahmon ibn Abdurrahim (v. 1353 h.). Tuhfat al-ahvaziy bi sharh Jome’ at-Termiziy / Abu-l-Ulo Muhammad Abdurrahmon ibn Abdurrahim al-Muborakfuriy. – Bayrut : Dor al-kutub al-ilmiyya. – 10 j.

Imom Termiziy xalqaro

 ilmiy tadqiqot markazi

 ilmiy xodimi                                                           Xudoynazarov.F

Manzil: Surxondaryo viloyati Termiz shahri Shimoliy darvoza ko’chasi 3-uy


Telefon: +998 55 451 05 99


E-Mail: termiziycenter@gmail.com


Whatsapp: +998 55 451 05 99

©2017-2025 Imam Termizi ISRC- All Right Reserved. Designed and Developed by Shokhzamon

© 2017 by Imam Termizi ISRC is licensed under CC BY-SA 4.0
Яндекс.Метрика