
Islom tafakkuri va tasavvuf ilmi tarixida Abu Abdulloh Muhammad ibn Ali Hakim Termiziy alohida maqomga ega siymodir. Uning ismiga zamondoshlari va keyingi avlodlar tomonidan berilgan «Hakim» unvoni shunchaki ehtirom ifodasi bo‘lmay, balki allomaning narsa va hodisalarning yashirin mohiyatini, ularning botiniy qonuniyatlarini anglay olish karomatiga berilgan yuksak bahodir.
Hakim Termiziy nafaqat zohiriy ilmlar – hadis, fiqh va tafsirda peshvo bo‘lgan, balki inson ruhiyatining eng teran qatlamlarini yorituvchi botiniy ilmlar va ma’rifat nuri sohasida ham beqiyos ilmiy natijalar qoldirgan. Ma’rifat sultonining buyuk maqomi uning eng murakkab ma’naviy munozaralarda yaqqol namoyon bo‘ladi. Uning «G‘ovrul umur» (Ishlarning tub mohiyati) asari aynan mana shunday hikmat peshvosiga xos bo‘lgan teran tahlillarni o‘z ichiga olgan noyob xazinadir.
«G‘ovrul umur» asari inson qalbining poklanishi va ma’naviy yuksalish yo‘lidagi to‘siqlarni tadqiq etuvchi fundamental manbadir. Asarda Iblisning Odam alayhissalomga sajda qilishdan bosh tortishi va bunga keltirgan «mantiqiy» dalillari ham tahlil qilingan. Jumladan asarda ushbu mavzu quyidagicha tahlil qilingan.
Iblisning xatosi uning qiyosda adashganligi bo‘ldi. Uning birinchi da’vosi «olov va loy» o‘rtasidagi unsurlar qiyosiga tayangan edi. U: «Men olovdan yaratilganman, u esa loydan. Olov loydan ustundir», degan zohiriy qarashni ilgari surdi. Hakim Termiziy buni Iblisning «ustunlik» mezonini noto‘g‘ri belgilagani deb baholaydi. Iblis faqat zohiriy unsurlarning tashqi ko‘rinishiga qarab, ilohiy amrning botiniy haqiqatini va insonga baxsh etilgan ilohiy ruhning qadrini anglay olmadi. Bunday yuzaki mantiqiy xato uni ma’naviy halokatga va ilohiy dargohdan mahrum bo‘lishga olib keldi.
Hakim Termiziy Iblisning «olov loydan ustun» degan da’vosini chippakka chiqarish uchun tabiiy unsurlarning axloqiy tabiati va hikmatiga tayanadi. Alloma suvning (loy asosi sifatida) olovdan ustunligini quyidagicha isbotlaydi:
Hayotbaxshlik va vayronkorlik: Olov o‘z tabiatiga ko‘ra kuydiruvchi va yo‘q qiluvchidir. Suv esa hayot manbai bo‘lib, u bor joyda ko‘karish, o‘sish va obodonchilik bo‘ladi.
Qudrat va g‘alaba: Olov qanchalik baland ko‘tarilmasin, suv uni o‘chirish xususiyatiga ega. Demak, ta’sir kuchi nuqtai nazaridan ham suv olovdan kuchliroqdir.
Tavoze va kibr: Termiziy bu yerda tabiiy unsurlarni axloqiy tushunchalar bilan sintez qiladi. Olovning tabiatida «kibr» (yuqoriga intilish) bor, suvning tabiatida esa «tavoze» (pastga intilish) mavjud. Inson yaratilgan loyning asli bo‘lmish suvdagi tavoze uni shaytonning olovidagi kibrdan yuqori qo‘yadi.
Shu tariqa, alloma hikmat nuqtai nazaridan loyning olovdan naqadar ustun va hayotbaxsh ekanini mantiqiy hujjatlar bilan mustahkamlaydi.
Hakim Termiziyning ilmiy salohiyati shundaki, u Iblis bilan bo‘lgan ushbu munozaralarni shunchaki tarixiy bahs sifatida emas, balki inson ruhiyatining teran tahlili sifatida taqdim etadi. Allomaning raddiyalari insoniyatni nafs kibridan va shaytonning yuzaki mantiqiy tuzoqlaridan asrashda beqiyos ahamiyatga ega.
Uning «hikmat» va «ma’rifat» orqali erishgan natijalari shuni ko‘rsatadiki, haqiqiy ustunlik riyozat muddatining ko‘pligida yoki moddiy kuchda emas, balki qalbning pokligi va undagi ilohiy nurning ziyosidadir. Hakim Termiziy merosi bizga nafsni jilovlash, shayton makrini anglash va insoniylik qadrini botiniy haqiqatlar orqali anglash bo‘yicha mukammal dars beradi.
Qambarov Iqboljon – Imom Termiziy xalqaro ilmiy tadqiqot markazi kichik ilmiy xodimi.