QUR’ONI KARIMDAN O‘ZIGA KERAKLI JOYIDAN YULIB OLIB TALQIN QILISHNING XAVFI

by Matbuot xizmati
17 👁️

View Post↗

Bugun ijtimoiy tarmoqlarda ba’zi kishilar Qur’on oyatlari va hadislarning bir qismini kesib olib, o‘z qarashlarini isbotlash uchun «dalil» sifatida keltirayotganiga tez-tez guvoh bo‘lyapmiz. Lekin Qur’ondan bir oyatni yoki uning ma’nolarining tarjimasini o‘qish — uni to‘liq tushunish va undan hukm chiqarish degani emas. Qur’onni to‘g‘ri anglash uchun arab tilini bilish bilan birga, oyatning konteksti, nozil bo‘lish sababi, tafsiri va ulamolarning sharhlarini ham o‘rganish zarur.

Oyat va hadislarni to‘g‘ri tushunish uchun ilm ahliga murojaat qilish zarur. Chunki Qur’on va hadislarning ma’nosini anglashda ularning konteksti, nozil bo‘lish sababi, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning ko‘rsatmalari, sahobalar tushunchasi va mo‘tabar ulamolarining tafsir va sharhlariga tayanish muhim. Shuningdek, inson bilmagan yoki tushunishda qiynalgan masalalarda ilm ahlidan so‘rashi lozim. Alloh taolo:  

فَاسْأَلُوا أَهْلَ الذِّكْرِ إِن كُنتُمْ لَا تَعْلَمُونَ

«Agar bilmasangiz, zikr ahlidan so‘ranglar» (Nahl surasi, 43-oyat), deb marhamat qilgan.

Qur’on haqida ilmsiz gapirishdan esa Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qattiq ogohlantirib, shunday deganlar: «Kim Qur’on haqida ilmsiz (bilmasdan) gapirsa, do‘zaxdagi joyini tayyorlayversin», deb qattiq ogohlantirganlar.

Kontekstdan uzishning fojiasi — Nuh alayhissalom qavmi misoli

Qur’on oyatlarini oldingi va keyingi oyatlardan uzib olmaslik qanchalik muhimligini Nuh alayhissalom haqidagi oyatlarda ko‘rishimiz mumkin.

Avvalo, Alloh taolo Nuh alayhissalomga shunday vahiy qilgan:

وَأُوحِيَ إِلَىٰ نُوحٍ أَنَّهُ لَن يُؤْمِنَ مِن قَوْمِكَ إِلَّا مَن قَدْ آمَنَ فَلَا تَبْتَئِسْ بِمَا كَانُوا يَفْعَلُونَ

«Nuhga: “Qavmingdan avval iymon keltirganlardan boshqa hech kim iymon keltirmaydi. Bas, ularning qilayotgan ishlari tufayli qayg‘urma”», deb vahiy qilindi (Hud surasi, 36-oyat).

Nuh alayhissalom qavmidan endi boshqa hech kim iymon keltirmasligi ma’lum qilinganidan so‘ng, u zot qavmi haqida shunday duo qilganlar:

وَقَالَ نُوحٌ رَّبِّ لَا تَذَرْ عَلَى الْأَرْضِ مِنَ الْكَافِرِينَ دَيَّارًا

«Nuh aytdi: “Ey Robbim! Yer yuzida kofirlardan birorta (tirik) yuruvchini qoldirmagin” (Nuh surasi, 26-oyat).

Agar kishi faqat shu oyatning o‘zini o‘qisa, go‘yoki yer yuzidagi barcha kofirlarni barchasini halok qilish so‘ralganday va bu umumiy qoidadek tuyuladi. Ammo darhol keyingi oyat bu duoning asl sababini ochiqlaydi:

إِنَّكَ إِن تَذَرْهُمْ يُضِلُّوا عِبَادَكَ وَلَا يَلِدُوا إِلَّا فَاجِرًا كَفَّارًا

«Chunki agar Sen ularni qoldirsang, bandalaringni yo‘ldan ozdirurlar va faqat fosiq, noshukur(lar)ni tug‘arlar» (Nuh surasi, 27-oyat).

Demak, 26-oyatdagi duoni 27-oyatdan ajratib qaramaslik kerak. Shuningdek, uni Hud surasidagi 36-oyat bilan birga o‘qisak, voqea yanada aniqroq tushuniladi: Nuh alayhissalomga qavmidan iymon keltiradiganlar qolmagani bildirilgan, keyin esa ularning uzoq yillik qarshiligi va odamlarni haqdan adashtirishi sababli ular haqida duo qilganlar.

Nuh alayhissalom o‘z qavmining kelajagi haqida shunchaki taxmin qilib gapirmayaptilar. U zot o‘z qavmining holatini uzoq yillar davomida ko‘rib, ularning tabiatini yaxshi bilganlar.

Ulamolar buni uzoq davom etgan tajriba bilan ham izohlaganlar. Nuh alayhissalom qavmlari orasida 950 yil yashaganlar. Shu davr mobaynida ularning da’vatga qanday munosabatda bo‘lganini, haqdan qanday yuz o‘girganini va avloddan-avlodga kufr qanday o‘tib borganini ko‘rganlar.

Tafsirlarda keltirilishicha, ulardan bir kishi o‘z bolasini Nuh alayhissalomning oldilariga olib kelib: «Ey bolam, mana bu kishidan (Nuh alayhissalomdan) ehtiyot bo‘l! U yolg‘onchidir. Otam ham menga xuddi shuni vasiyat qilgan edi», der edi. Shu tariqa kattalar o‘zlaridan keyingi avlodni ham haqiqatdan qaytarib borar edilar. Natijada yillar o‘tishi bilan ularning avlodlari ham kufr va adashishda davom etardi.

Shuning uchun bu oyatlarni o‘zaro bog‘lab o‘qiganda, Nuh alayhissalomning duosi ularning uzoq yillik holati, davomli qarshiligi va odamlarni haqdan adashtirishidan kelib chiqqanini anglaymiz.

Bu yerda yana bir muhim jihat bor: bu oyatni umumiy qoida qilib olish mumkin emas. Nuh alayhissalomning qavmi haqidagi bu tushuntirish muayyan qavmning muayyan holatiga taalluqli bo‘lib, uni boshqa odamlar yoki boshqa vaziyatlarga o‘zboshimchalik bilan tatbiq qilish to‘g‘ri emas.

Shuning uchun Qur’ondan bir oyatni olib, uning oldingi va keyingi oyatlarini, sababini va tafsirini hisobga olmasdan xulosa chiqarish juda xavfli. Oyatning ma’nosi ko‘pincha uning oldingi va keyingi oyatlari bilan birga o‘qilganda to‘liq namoyon bo‘ladi.

Qolaversa, suraning davomida u zot faqat duoibad bilan cheklanmay, mo‘minlar uchun mag‘firat ham so‘raganlar (Nuh surasi, 28-oyat).

Tarixda xorijiylar oqimi (xususan, ularning yetakchilaridan biri Nafe’ ibn al-Azraq) aynan shu oyatning zohiriy, tashqi ma’nosini uzib olgan. Ular sahobalarning tafsirini inkor qilib, shu oyat asosida o‘zlariga muxolif bo‘lgan musulmonlarning hatto balog‘atga yetmagan begunoh go‘daklarini ham o‘ldirish mumkin, degan fojiali xulosaga kelishgan.

Ayniqsa, bugungi yoshlar ijtimoiy tarmoqlarda turli kishilarning oyat va hadislar haqidagi gaplarini eshitganda, «Oyatdan gapirayapti, demak, aytgani to‘g‘ri», deb darhol ishonib ketmasliklari kerak. Agar biror masalani tushunmasalar, o‘z atroflaridagi ishonchli va mo‘tabar ulamolardan so‘rashlari lozim. Biror kishining gapiga ko‘r-ko‘rona ergashish emas, dalilni to‘g‘ri tushunish va uni ilm ahliga tekshirtirish kerak.

Qur’on oyatini o‘qib olish — undan hukm chiqarish huquqini bermaydi. Hadisni o‘qib olish — uni o‘zicha talqin qilish degani emas. Tarjimani o‘qib olish — tafsir va fiqh ilmlarini egallash degani emas.

Shuning uchun birov oyat yoki hadis keltirib: «Qur’onda mana shu bor, demak, hukm shu!» desa, darhol ishonib ketmaylik. Avvalo uning konteksti, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning sharhlari, sahoba va tobeinlarning tushunchasi hamda mo‘tabar mazhab ulamolarining izohlariga murojaat qilaylik.

Oyat va hadislarni kontekstidan ajratib, o‘zimizga kerakli ma’noni chiqarmaylik. Avvalo, ularni to‘g‘ri tushunishga harakat qilaylik. Ijtimoiy tarmoqlardagi har qanday gapga ko‘r-ko‘rona ishonib, ergashib ketmaylik. Dinni ijtimoiy tarmoqlardagi har xil ma’lumotlar, audio va videolardan emas, atrofimizdagi ishonchli ilm ahli va mo‘tabar ulamolardan o‘rganaylik.

Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi Jo‘rayev Olim

Manzil: Surxondaryo viloyati Termiz shahri Shimoliy darvoza ko’chasi 3-uy


Telefon: +998 55 451 05 99


E-Mail: termiziycenter@gmail.com


Whatsapp: +998 55 451 05 99

©2017-2025 Imam Termizi ISRC- All Right Reserved. Designed and Developed by Shokhzamon

© 2017 by Imam Termizi ISRC is licensed under CC BY-SA 4.0
Яндекс.Метрика