
Axloqiy tamoyillar Islom dinining inson tarbiyasi va jamiyat hayotiga oid ta’limotida alohida o‘rin egallaydi. Islom dini insonning nafaqat e’tiqodi va ibodatlariga, balki uning kundalik hayotdagi xulq-atvori, boshqalar bilan munosabati, muomala madaniyati, so‘zlashish odobi va jamiyat oldidagi mas’uliyatiga ham katta ahamiyat beradi. Shu ma’noda, axloq insonning ichki dunyosi bilan uning tashqi xatti-harakatlarini bog‘lab turuvchi muhim mezondir.
Insonning boshqalarga qanday munosabatda bo‘lishi, zaif va muhtoj kishilarga yordam berishi, o‘zgalarning huquqlarini hurmat qilishi, g‘azabini jilovlay olishi, xatolarni kechira bilishi va turli fikrlarga nisbatan bag‘rikeng munosabatda bo‘lishi uning axloqiy kamolotini namoyon etadi. Shu sababli go‘zal axloq shaxsning ma’naviy yetukligini belgilovchi asosiy mezonlardan biri hisoblanadi.
Islom tomonidan belgilangan axloqiy tamoyillar shaxs va jamiyatning o‘zaro vazifa hamda mas’uliyatlarini aniq ko‘rsatib beradi. Ezgulik bilan tarbiyalangan vijdon insonda boshqalarga nisbatan mas’uliyat hissini shakllantiradi. Bunday inson faqat o‘z manfaatini o‘ylab qolmay, atrofidagi kishilarning huquqi, sha’ni, qadr-qimmati va manfaatlarini ham hisobga oladi. Natijada jamiyatda o‘zaro hurmat, ishonch, hamjihatlik va hamkorlik muhiti vujudga keladi.
Muqaddas dinimizning asosiy maqsadlaridan biri insonni ma’naviy va axloqiy jihatdan kamol toptirish, uni yuksak madaniyat va ezgu fazilatlar sohibiga aylantirishdir. Barkamol jamiyatni shakllantirish faqat tashqi tartib-qoidalar bilan emas, balki inson qalbi va ruhining poklanishi bilan bog‘liq. Shu bois Islom dini axloq masalasiga katta e’tibor qaratadi.
Payg‘ambarimizning hayotlari musulmonlar uchun go‘zal axloqning eng mukammal namunasi hisoblanadi. Qur’oni karimda ham Payg‘ambarimizning yuksak axloqlari alohida e’tirof etilib: “Albatta, Sen buyuk xulq uzrasan” (Qalam, 4-oyat), deb ta’kidlangan. Bu oyat Payg‘ambarimizning shaxsiy hayotlari, insonlar bilan muomalalari, kechirimliligi, sabr-toqati, rahm-shafqati va bag‘rikengligi musulmonlar uchun ibrat namunasi ekanini ko‘rsatadi.
Go‘zal axloqning muhim ko‘rinishlaridan biri bag‘rikenglikdir. Insonlar tabiatan turlicha fikrlashlari, turli tajriba va dunyoqarashga ega bo‘lishlari mumkin. Bunday farqlarni dushmanlik yoki adovat sababi sifatida emas, balki jamiyatdagi tabiiy xilma-xillik sifatida qabul qilish lozim. Boshqalarning fikrini tinglash, ularni tushunishga harakat qilish, o‘z qarashini zo‘rlab qabul qildirmaslik va turli masalalarda muloyim munosabatda bo‘lish yuksak axloq belgisidir.
Islom axloqida shirinso‘zlik va ochiq chehralilik ham muhim o‘rin tutadi. Inson bilan qanday gaplashish ko‘pincha aytilayotgan fikrning o‘zidan ham muhimroq bo‘lishi mumkin. To‘g‘ri fikrni qo‘pol va haqoratli tarzda bayon qilish insonni haqiqatdan uzoqlashtirishi mumkin. Aksincha, muloyim so‘z, chiroyli muomala va samimiy munosabat inson qalbiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.
Qur’oni karimda: “Bandalarimga aytgin, ular eng go‘zal bo‘lgan narsani aytsinlar. Albatta, shayton oralarini buzib turadir. Albatta, shayton inson uchun ochiq-oydin dushmandir” (Isro, 53-oyat), deb marhamat qilinadi. Ushbu oyat insonlar o‘rtasidagi muloqotda so‘zning naqadar katta ahamiyatga ega ekanini ko‘rsatadi.
Jamiyat a’zolari o‘zaro hurmat va bag‘rikenglik asosida munosabatda bo‘lsalar, turli kelishmovchiliklarning oldini olish imkoniyati ortadi. Aksincha, qo‘pollik, kibr, adovat, haqorat, murosasizlik va taassub kuchaygan muhitda jamiyat a’zolari o‘rtasidagi ishonch zaiflashadi. Bu esa guruhbozlik, ijtimoiy ajralish va nizolarning kuchayishiga olib kelishi mumkin. Ayniqsa, bugungi axborot makonida go‘zal axloq tamoyillariga amal qilish alohida ahamiyatga ega. Ijtimoiy tarmoqlarda insonlar turli diniy va ijtimoiy masalalar yuzasidan fikr bildiradilar. Bunday muhitda boshqalarning fikrini haqorat qilish, asossiz ayblash, yolg‘on yoki tekshirilmagan ma’lumotlarni tarqatish, muayyan guruh yoki mazhab vakillarini kamsitish taassubning zamonaviy ko‘rinishlariga aylanishi mumkin. Shu sababli diniy masalalarda fikr bildirayotganda ilmiy asoslanganlik, odob, xolislik va mas’uliyat tamoyillariga rioya qilish zarur.
Go‘zal axloq insonlar o‘rtasidagi farqlarni yo‘q qilishni emas, balki farqlar bilan birga tinch va hamjihat yashash madaniyatini shakllantirishni nazarda tutadi. Insonlar turlicha fikrlashi mumkin, ammo bu ularning bir-birini hurmat qilishiga to‘sqinlik qilmasligi kerak. Ayniqsa, umumiy e’tiqod, milliy qadriyatlar, Vatanga muhabbat, tinchlik va jamiyat farovonligi kabi mushtarak jihatlar insonlarni birlashtiruvchi asosiy omillar bo‘lib xizmat qiladi.
Shunday qilib, go‘zal axloq faqat shaxsiy fazilat emas, balki jamiyat barqarorligi va ma’naviy xavfsizligining muhim omili hamdir. Axloqan yetuk, bag‘rikeng, kechirimli, muloyim va mas’uliyatli insonlar ko‘paygan sari jamiyatda o‘zaro ishonch, tinchlik, hamjihatlik va birdamlik mustahkamlanadi. Aksincha, taassub, murosasizlik, kibr va nafratning kuchayishi jamiyatning ichki birlik va barqarorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Shu nuqtayi nazardan, axloqning asosiy tamoyillarini yosh avlod tarbiyasiga, jamiyatdagi kundalik munosabatlarga izchil tatbiq etish muhimdir. Go‘zal axloq insonni inson bilan, jamiyatni esa hamjihatlik va ezgulik bilan bog‘laydigan ma’naviy ko‘prikdir.
Sarvar Saidov
Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi Ilmiy tadqiqotlar bo‘limi boshlig‘i, tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD)