
Bag‘rikenglik – inson yuksak madaniyat darajasiga erishishi natijasida shakllanadigan fazilatlardan biridir. Jamiyatni tashkil etuvchi har bir shaxsning o‘ziga xos xarakteri, moyilligi va hayotga bo‘lgan qarashlari mavjud. Insonlarning bir-birining turlicha qarash va tushunchalarini hurmat bilan qabul qilishi bag‘rikenglik deb ataladi. Bag‘rikenglik insonlarni qanday bo‘lsa, shundayligicha qabul qilish demakdir.
Bag‘rikenglikning aksi taassubdir. Taassub muayyan fikrga ko‘r-ko‘rona bog‘lanib qolish demakdir. Taassubning “siyosiy taassub”, “kasbiy taassub”, “ilmiy taassub”, “milliy taassub”, “diniy taassub”, “mazhabiy taassub” kabi turlari mavjud.
Taassub jamiyatda yashayotgan kishilarning o‘z qarashlarida haddan tashqari qat’iy turib olishi boshqa insonlar bilan ular o‘rtasida turli muammolar yuzaga kelishida muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.
Qilingan yomonlikni kechirish yetuk shaxsga xos bo‘lgan xulq-atvordir. Bu borada payg‘ambarimiz musulmonlar uchun go‘zal namuna hisoblanadi. U zot o‘zlariga nisbatan ko‘rsatilgan turli qarshilik va ozorlarga qaramay, barchaga bag‘rikenglik bilan munosabatda bo‘lganlar. O‘zlariga ozor bergan va yomonlik qilgan kishilarni kechirganlar hamda ularning to‘g‘ri yo‘lga kirishlari uchun duo qilganlar. Chunki u zot insoniyatga rahmat sifatida yuborilganlar. Anbiyo surasining 107-oyatidagi “Biz Sizni faqat olamlarga rahmat qilib yubordik” mazmunidagi oyat ham ayni haqiqatni tasdiqlaydi.
Payg‘ambarimiz bag‘rikenglikning eng go‘zal namunalaridan birini Makka fathida namoyon etganlar. U zotga Makkada yashash imkonini bermagan, turli zulm va yomonliklarni qilgan makkaliklar qarshisida Payg‘ambarimiz: “Men sizlarga nima qilishim mumkin deb o‘ylaysizlar?” deganlarida, ular: “Sen yaxshi birodarsan va yaxshi birodarning o‘g‘lisan”, deb javob berganlar. Shunda Payg‘ambarimiz: “Boringlar, sizlar ozodsizlar”, deb ularni kechirganlar.
Yaxshi niyat tushunchasi bilan chambarchas bog‘liq bo‘lgan bag‘rikenglik jamiyatdagi tinchlik va o‘zaro kelishuvni ta’minlashda ham katta ahamiyatga ega. Jamiyatda yashovchi insonlarning turli qarashlari va masalalarga nisbatan turlicha yondashuvlari bo‘lishi mumkin. Biroq bunday farqlarga sabr bilan munosabatda bo‘lish, ularni hurmat qilish, tushunish va bag‘rikenglik bilan yondashish lozim. Zero, jamiyat sifatida bizni birlashtirib turadigan umumiy e’tiqodlar, umumiy qadriyatlar va mushtarak jihatlar mavjud.
Bundan tashqari, birgalikda yashash jarayonida insonlar ba’zan bir-birlariga nisbatan xato qilishi yoki ranjitishi mumkin. Qarshimizdagi insonning xatosini kechirish maqbul xatti-harakatdir. Chunki buning natijasida o‘zaro xafagarchiliklar barham topadi va jamiyatda tinchlik hamda totuvlik qaror topadi. Qur’oni karimdagi quyidagi oyat bu masalani juda chiroyli bayon etadi:
“Afvni qabul qil, yaxshilikka buyur va johillardan yuz o‘gir.”
(A’rof surasi, 199-oyat)
Ushbu oyati karima ham bag‘rikenglikning har bir inson, har bir mo‘min-musulmon hayotidagi asosiy tamoyil ekanligini, ushbu xislat eng go‘zal fazilatlardan hisoblanishini dalillaydi.
Sarvar Saidov Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi Ilmiy tadqiqotlar bo’limi boshlig’i, tarix fanlari bo’yicha falsafa doktori (PhD)