INSONIYLIK VA SHUKRONALIK BAYRAMI

by Matbuot xizmati
15 👁️

Qurbon hayiti asrlar davomida shakllangan diniy va milliy qadriyatlarni o’zida mujassam etgan ulug’ bayramdir. Bu ayyom inson qalbida ezgulik, mehr-oqibat, saxovat va o’zaro hamjihatlik tuyg’ularini kuchaytirishi bilan yanada ahamiyatli.

Qurbon hayiti nafaqat diniy marosim, balki jamiyatda tinchlik, barqarorlik va birdamlikni mustahkamlaydigan ma’naviy omil sifatida ham qadrlanadi. O’zbekistonda har yili Prezidentimizning «Muborak Qurbon hayitini nishonlash to’g’risida»gi qarori qabul qilinishi va bayram dam olish kuni etib belgilanishi xalqimizning diniy qadriyatlarga bo’lgan hurmat va e’tiborini yana bir bor namoyon etadi. Bu esa bayramning davlat va jamiyat hayotidagi o’rni tobora mustahkamlanib borayotganini ko’rsatadi.

Islom ta’limotiga ko’ra, har bir amalning asl qiymati uning tashqi ko’rinishida emas, balki uning ortidagi niyat, ixlos va taqvodadir. Shu ma’noda qurbonlik ibodati ham inson qalbini poklash, uni ruhiy jihatdan tarbiyalash vositasi sifatida qaraladi.

Qur’oni karimda bu haqda shunday marhamat qilinadi: «Allohga ularning go’shti ham, qoni ham yetmas. Lekin Unga sizlarning taqvoyingiz yetar» («Haj» surasi). Ulamolar ushbu oyatni inson amallarining haqiqiy mezoni taqvo ekanini ta’kidlovchi muhim dalil sifatida sharhlaydilar.

Qurbonlik ibodati Zulhijja oyining 10-kunidan boshlanib, hayitning uchinchi kuni asr vaqtiga qadar davom etadi. Ushbu amalni bajarishda shariat qoidalariga rioya qilish, hayvonga ozor yetkazmaslik, uni shafqat bilan so’yish kabi axloqiy talablar muhim ahamiyatga ega. Shuningdek, qurbonlikni ado etuvchi shaxs imkoni bo’lsa, bu ibodatni shaxsan o’zi bajarishi afzal hisoblanadi. Agar bu imkoniyat bo’lmasa, vakil orqali amalga oshirish ham shariatda joizdir.

Islom ulamolari qurbonlik ibodatining bir qator hikmatlarini ta’kidlaganlar. Ularning eng asosiylari sifatida Islom shiorlarini ulug’lash, Allohga bo’lgan taqvoni kuchaytirish hamda muhtojlarga yordam berish kabi jihatlar ko’rsatiladi. Bu amal orqali jamiyatda rahm-shafqat, saxovat va ijtimoiy hamjihatlik mustahkamlanadi.

Qurbonlik go’shtining belgilangan tartibda taqsimlanishi ham muhim ijtimoiy ahamiyatga ega. Odatda u uch qismga bo’linadi: bir qismi oila ehtiyoji uchun, ikkinchi qismi muhtojlarga, uchinchi qismi esa qarindoshlar va qo’ni-qo’shnilarga tarqatiladi. Bu esa jamiyatda o’zaro yordam, mehr-oqibat va hamkorlik muhitini kuchaytiradi.

Bayram kunlarida isrofgarchilikdan saqlanish, turli asossiz marosimlarni o’tkazmaslik ham muhim masalalardan hisoblanadi. Chunki Qurbon hayitining asosiy mohiyati tantana yoki ortiqcha dabdabada emas, balki ma’naviy poklanish va ehtiyojmandlarga yordam berishda namoyon bo’ladi. Shu bilan birga, ayrim hududlarda uchraydigan «yangi hayit», «hayit yo’qlovi» kabi marosimlarning diniy asosga ega emasligi haqida ulamolar tomonidan alohida ta’kidlanadi. Bu kabi odatlar bayramning asl mazmunidan uzoqlashishga olib kelishi mumkin.

Qurbonlik amalini bajarishda atrof-muhit tozaligiga ham alohida e’tibor qaratish lozim. Sanitariya qoidalariga rioya etish ham Islom axloqining bir qismi sifatida qaraladi.

Qurbon hayiti insonni ma’naviy poklikka, jamiyatni esa birlik, bag’rikenglik va mehr-oqibatga yetaklaydigan ulug’ bayramdir. Shu bois ham, bu ayyom xalqimiz hayotida shukronalik, insoniylik va o’zaro hurmat tuyg’ularini yanada mustahkamlab, kelajak avlod tarbiyasida ham muhim o’rin tutadi.

Olim JO’RAYEV,  Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

Manzil: Surxondaryo viloyati Termiz shahri Shimoliy darvoza ko’chasi 3-uy


Telefon: +998 55 451 05 99


E-Mail: termiziycenter@gmail.com


Whatsapp: +998 55 451 05 99

©2017-2025 Imam Termizi ISRC- All Right Reserved. Designed and Developed by Shokhzamon

© 2017 by Imam Termizi ISRC is licensed under CC BY-SA 4.0
Яндекс.Метрика