Islom ilmlari tarixida hadis ilmi – Muhammad paygʻambar (s.a.v.) soʻzlari, ish-harakatlari va taqrirlarini toʻplash, saralash va tahlil qilish bilan shugʻullanuvchi soha – alohida oʻrin tutadi. Bu ilmning shakllanishida markaziy osiyolik allomalar, xususan termizlik muhaddis Abu Iso Muhammad ibn Iso at-Termiziy salmoqli hissa qoʻshgan. Uning «al-Jomeʼ as-Sahih» asari – xalq orasida «Sunani Termiziy» nomi bilan mashhur – islom olamida eʼtirof etilgan olti ishonchli hadis toʻplami («Kutub as-Sitta») tarkibiga kiradi. [7]
Termiziyning hadisshunoslikka qoʻshgan eng katta va oʻziga xos yangiligi – bu hadislarni ishonchlilik darajasiga koʻra baholashda «hasan» degan mustaqil toifani keng va tizimli ravishda qoʻllagani hamda ilmiy muomalaga kiritganidir. Ushbu tushuncha kelgusi asrlarda hadis tanqidi (naqd al-hadis) sohasining asosiy tayanch tushunchalaridan biriga aylandi.
Milodiy 824-yilda (hijriy 209-yilda) Termiz shahri atrofi, Bug`da Abu Iso Muhammad ibn Iso at-Termiziy dunyoga kelgan. U ilm izlash yoʻlida Xuroson, Iroq, Hijoz kabi oʻsha davrning yirik ilmiy markazlarini kezib chiqqan va zamonasining eng nufuzli muhaddislaridan, jumladan Imom Buxoriy huzurida taʼlim olgan. [1, 7] Ustoz va shogird oʻrtasidagi ilmiy hamkorlik Termiziyning tanqidiy metodologiyasi shakllanishiga kuchli taʼsir koʻrsatgan.
Termiziyning «Jomeʼ Sahih» asari nafaqat hadislar toʻplami, balki fiqhiy masalalar boʻyicha turli mazhab olimlarining qarashlarini qiyoslovchi ilmiy asar hamdir. Aynan mana shu qiyosiy yondashuv unga har bir hadisning ishonchlilik darajasini alohida koʻrsatib borish zaruratini yuklagan. Muallif koʻpgina hadislardan soʻng ularning sahih, hasan yoki zaif ekanini bevosita bayon qiladi – bu oʻsha davr toʻplamlari uchun kam uchraydigan uslub edi.
Termiziygacha boʻlgan muhaddislar hadislarni asosan ikki toifaga – maqbul (qabul qilinadigan) va mardud (rad etiladigan) toifalariga ajratishga moyil edilar. Imom Termiziy esa bu ikki qutb oʻrtasida oraliq, ammo mustaqil darajani – «hasan» toifasini ilmiy jihatdan asoslab berdi.
Allomaning taʼrifiga koʻra, hasan hadis – shunday hadiski, uning rivoyat zanjirida (isnodida) yolgʻonchilikda ayblangan roviy boʻlmaydi, hadis mashhur (odatiy) maʼnoga zid kelmaydi va u boshqa yoʻllar orqali ham rivoyat qilingan boʻladi. Yaʼni hasan hadis sahih darajasiga toʻliq yetmasada, uni butunlay rad etib boʻlmaydigan, amal qilishga yaroqli hadis hisoblanadi. [1, 8]
Bu yangilikning ahamiyati shundaki, u hadislarni baholashda «yo oq, yo qora» tarzidagi qatʼiy ikki tomonlama yondashuvni yumshatib, ilmiy nozik va bosqichma-bosqich tasnif imkonini yaratdi. Natijada koʻplab foydali hadislar butunlay chetga surilishdan saqlanib qoldi va ular fiqhiy dalil sifatida qoʻllanilaverdi.
Tirmiziyning tasnif tizimi mustahkam ilmiy asoslarga qurilgan. Uning metodologiyasida bir necha muhim jihat ajralib turadi:
- har bir rivoyatchining ishonchliligi, xotira quvvati va adolatliligi baholanadi.
- rivoyat zanjirida uzilish yoki nomaʼlum roviy bor-yoʻqligi aniqlanadi.
- bir hadisning boshqa yoʻllar orqali ham kelganligi uni kuchaytiruvchi omil sifatida hisobga olinadi.
- hadis mazmunining Qurʼon va boshqa ishonchli manbalarga ziddiyatsizligi tekshiriladi.
Ushbu koʻp bosqichli tahlil natijasida Termiziy hadisni «hasan sahih», «hasan gʻarib», «hasan sahih gʻarib» kabi murakkab, aralash toifalarga ham ajratadi. Bu esa uning tasnif tizimi nechogʻli nozik va tafsilotli ishlab chiqilganini koʻrsatadi. Bunday koʻp qirrali baholash oʻquvchi va olimga har bir hadisning aniq ilmiy «pasporti»ni taqdim etadi.
Termiziy asos solgan hasan hadis tushunchasi vaqt oʻtishi bilan hadis ilmining mustahkam terminologik poydevoriga aylandi. Undan keyin kelgan yirik hadisshunos olimlar, jumladan Ibn Saloh, Imom Navaviy va Ibn Hajar Asqaloniy oʻz asarlarida bu tushunchani yanada rivojlantirdilar, uni yangi ichki boʻlimlarga ajratdilar. [2, 3, 4]
Xususan, keyingi olimlar hasan hadisni ikki turga – «hasan li-zotihi» (oʻz-oʻzidan hasan) va «hasan li-gʻayrihi» (boshqa rivoyatlar tufayli hasan darajasiga koʻtarilgan) toifalariga boʻlib oʻrgandilar. [2, 3] Bularning barchasi Termiziy qoʻygan dastlabki asosga borib taqaladi. Shu maʼnoda, uni hadis tanqidining ushbu yoʻnalishida asoschi deb atash mubolagʻa boʻlmaydi.
Imom Abu Iso Termiziyning «hasan» hadis tushunchasini ilmiy muomalaga kiritishi hadisshunoslik tarixidagi eng muhim metodologik yangiliklardan biri boʻldi. [5] Bu tasnif hadislarni baholashda ikki tomonlama qatʼiy yondashuvni yengib, ilmiy asoslangan, nozik va bosqichli tahlil imkonini berdi. Natijada foydali hadislar saqlanib qoldi, fiqhiy dalil bazasi kengaydi va hadis tanqidi aniq mezonlarga ega ilmiy sohaga aylandi.
Bugungi kunda Oʻzbekistonda Imom Termiziy merosini oʻrganish, uning qoʻlyozmalarini raqamlashtirish va ilmiy isteʼmolga kiritish milliy maʼnaviy merosni tiklashning muhim yoʻnalishlaridan biridir. Termizlik allomaning ilmiy metodologiyasi nafaqat diniy ilm, balki umumiy manbashunoslik va tanqidiy tahlil madaniyati uchun ham qimmatli namuna boʻlib xizmat qiladi.
Xudoynazarov Faxriddin – Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi
Foydalanilgan adabiyotlar
1. at-Termiziy, Abu Iso Muhammad ibn Iso (1996) al-Jomeʼ as-Sahih (Sunan at-Termiziy). Tahqiq: Bashshor Avvod Maʼruf. 6 j. Bayrut: Dor al-Gʻarb al-Islomiy.
2. Ibn as-Saloh, Abu Amr Usmon ash-Shahrazuriy (1986) Muqaddima Ibn as-Saloh fi ulum al-hadis. Tahqiq: Nuriddin Itr. Dimashq: Dor al-Fikr.
3. Ibn Hajar al-Asqaloniy, Ahmad ibn Ali (2000) Nuzhat an-nazar fi tavzih Nuxbat al-fikar fi mustalah ahl al-asar. Tahqiq: Nuriddin Itr. Dimashq: Matbaat as-Saboh.
4. an-Navaviy, Yahyo ibn Sharaf (1985) at-Taqrib va-t-taysir li-maʼrifat sunan al-bashir an-nazir. Tahqiq: Muhammad Usmon al-Xusht. Bayrut: Dor al-Kitob al-Arabiy.
5. Brown, J.A.C. (2007) The Canonization of al-Bukhārī and Muslim: The Formation and Function of the Sunnī Ḥadīth Canon. Leiden: Brill.
6. Brown, J.A.C. (2018) Hadith: Muhammadʻs Legacy in the Medieval and Modern World. 2nd edn. London: Oneworld Publications.
7. Juynboll, G.H.A. (2000) «al-Termiziy» maqolasi, Islom Ensiklopediyasi, 2-nashr. Leyden: Brill nashriyoti.
8. Dickinson, E. (tarjima) (2006) Hadis Ilmiga Kirish (Ibn al-Salohning «Kitāb Maʿrifat anwāʿ ʿilm al-ḥadīth» asari). Reading: Garnet Publishing nashriyoti.

IMOM TERMIZIYNING «HASAN» HADIS TUSHUNCHASI
Faxritdin Xaitovich Xudoynazarov
Imom Termiziy xalqaro
ilmiy-tadqiqot markazi
Ilmiy tadqiqot boʻlimi xodimi