
Farzandlarning ota-onalariga mehr va hurmat ko‘rsatishlari, ularning so‘zlariga quloq tutishlari hamda muhtoj bo‘lgan paytlarida ularga g‘amxo‘rlik qilishlari farzandlik burchidir.
Alloh taolo Qur’oni karimda shunday marhamat qiladi:
“Biz insonni ota-onasiga yaxshilik qilishga buyurdik. Onasi unga qiylanib homilador bo‘ldi va uni qiylanib tug‘di. Va uning homilasi va ko‘krakdan ajratishi o‘ttiz oydir. Toki u kamolga yetib, qirq yoshga kirganida: «Robbim O‘zing mеnga va ota-onamga bеrgan nе’matlaringga shukr qilishimga va sеn rozi bo‘lgan solih ishlarni qilishimga ilhom bеrgin. Va mеning zurriyotlarimni ham solihlardan qilgin. Albatta, mеn tavba qildim va albatta, mеn musulmonlardanman, dеdi (Ahqof surasi, 15-oyat).
Yana shunday marhamat qiladi:
“Robbing faqat Uning O‘zigagina ibodat qilishingni va ota-onaga yaxshilik qilishnigni amr etdi. Agar huzuringda ularning birlari yoki ikkovlari ham kеksalikka yetsalar, bas, ularga «uff» dеma, ularga ozor bеrma va ularga yaxshi so‘z ayt! (Isro surasi, 23-oyat).
Rasululloh (s.a.v.)dan so‘radilar:
– Yaxshi muomalamga eng haqli kishi kim?
U zot dedilar:
– Onang.
– Keyin kim?
– Onang.
– Keyin kim?
– Onang.
– Keyin kim?
– Otang.
Yana Rasululloh (s.a.v.) marhamat qildilar:
“Sizlarga gunohlarning eng kattalarini aytib beraymi?”
Sahobalar:
– Ha, ey Allohning Rasuli! – dedilar.
Shunda u zot dedilar:
“Allohga shirk keltirish, ota-onaga itoatsizlik qilish…”
So‘ng suyangan joylaridan to‘g‘rilanib o‘tirib:
“Ogoh bo‘ling! Yolg‘on so‘zlash va yolg‘on guvohlik berish”, — dedilar.
Yana biri rivoyatda jihodga chiqish uchun Rasululloh (s.a.v.)dan ruxsat so‘ragan bir kishiga u zot:
– Ota-onang hayotmi? – deb so‘radilar.
U:
– Ha, – dedi.
Shunda Rasululloh (s.a.v.):
“Unday bo‘lsa, ularga xizmat qilish va ularni rozi qilish yo‘lida harakat qil. Sening jihoding – ularga xizmat qilishdir.” – dedilar.
Islom dinining muqaddas manbalari – Qur’oni karim va hadisi shariflardan keltirilgan ushbu misollardan oydinlashadiki, muqaddas dinimizda ota-onani hurmat qilish, ularning xizmatlarini qilish va shu orqali ularning roziliklariga erishish mo‘min-musulmonlikning eng asosiy alomatlaridan hisoblanadi.
Sarvar Saidov
Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi Ilmiy tadqiqotlar bo‘limi boshlig‘i, tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD)