BOBUR MEROSI: ILMIY TAFAKKUR VA MA’NAVIY QADRIYATLAR UYG‘UNLIGI

by Matbuot xizmati
87 👁️

Zahiriddin Muhammad Bobur nomi Markaziy Osiyo va jahon tarixida nafaqat buyuk sarkarda va davlat arbobi, balki yuksak ilmiy tafakkur va teran ma’naviy qarashlar sohibi sifatida ham alohida o‘rin tutadi. U Temuriylar davrining eng yorqin vakillaridan biri bo‘lib, siyosiy faoliyati bilan bir qatorda adabiyot, tarix, geografiya, tilshunoslik va madaniyat rivojiga salmoqli hissa qo‘shgan allomadir. Bobur shaxsiyati va ijodi Sharq uyg‘onish davri tafakkurining uzviy davomi sifatida ilm va ma’naviyat uyg‘unligini yaqqol namoyon etadi.

Bobur merosining eng muhim jihatlaridan biri shundaki, u ilmiy kuzatuv va tahlilni chuqur insoniy-axloqiy qadriyatlar bilan bog‘lab talqin etadi. Uning asarlarida tabiat, jamiyat, inson ruhiyati va tarixiy voqeliklar ilmiy aniqlik bilan tasvirlanar ekan, adolat, vatanparvarlik, halollik, sabr-qanoat va ma’naviy poklik kabi tushunchalar markaziy o‘rin egallaydi. Ayniqsa, “Boburnoma” singari nodir manbalar orqali Bobur o‘z davrining ijtimoiy-siyosiy hayotini, madaniy muhitini va shaxsiy kechinmalarini ilmiy asoslangan holda, ma’naviy mas’uliyat bilan bayon etadi.

Zahiriddin Muhammad Bobur nafaqat mohir shoir, balki ma’rifatli hukmdor sifatida ham dunyo tarixida o‘chmas iz qoldirgan. Zahiriddin Muhammad Bobur o‘zining harbiy-siyosiy sohadagi mahorati tufayli Hindistonda buyuk Boburiylar saltanatiga asos solgan bo‘lsa, “Boburnoma” asari orqali Markaziy Osiyo, Afg‘oniston, Eron va Hindiston tarixi bo‘yicha qimmatli ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan bebaho manbani avlodlarga meros qilib qoldirgan olim ham hisoblanadi. Zahiriddin Muhammad Bobur o‘zining 47 yillik hayoti davomida boy adabiy va ilmiy meros qoldirdi. U jahon miqyosida e’tirof etilgan mashhur “Boburnoma” avtobiografik asari, o‘ziga xos va go‘zal lirik asarlar (g‘azal, ruboiylar), musulmon fiqhi yoritilgan “Mubayyin” risolasi, “Xatti Boburiy” maxsus alifbosining muallifidir. Bobur she’riyat ilmida Alisher Navoiyga ergashgan, uni o‘ziga ustoz deb bilgan ijodkor sifatida doimiy ravishda Alisher Navoiy bilan xat almashib turgan. O‘zining she’riyat ilmidagi mahorati, she’r va ruboiylari orqali o‘z davrining mashhur shoirlari e’tiborini o‘ziga jalb etgan.

Boburning bugungi kunga qadar keng o‘rganilayotgan, ko‘plab tadqiqotlar uchun asos bo‘lib xizmat qilayotgan asari “Boburnoma”dir. Ushbu asar uch qismdan iborat bo‘lib, birinchi qismda Markaziy Osiyo mintaqasidagi ijtimoiy-siyosiy, ilmiy-madaniy jarayonlar, ikkinchi qismda Afg‘onistondagi voqea-hodisalar, uchinchi qismda esa Hind diyorining fath etilishi va bu yerda Boburiylar hukmronligining o‘rnatilishi borasidagi tarixiy ma’lumotlar aks ettirilgan. “Boburnoma” nafaqat tarixiy ma’lumotlarni o‘zida jamlagan asar, balki so‘z yuritilgan xalqlarning urf-odatlari, marosimlari, e’tiqodlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni o‘zida jamlagan manba hamdir. Fransuz sharqshunosi Lui Bazan “Boburnoma”ning 1980 yilda amalga oshirilgan fransuzcha tarjimasiga yozgan muqaddimasida “Boburnoma” asarini islom adabiyotida nihoyatda kam uchraydigan janrda yozilgan asar ekanligini e’tirof etadi.

Olimning o‘g‘li Humoyunga bag‘ishlab yozgan “Mubayyin” risolasi esa islom fiqhida alohida ahamiyatga ega bo‘lgan risolalardan bo‘lib, Bobur ushbu risolada shariat bo‘yicha kimdan qancha soliq olish lozimligi, soliq yig‘ish qonun-qoidalari va o‘ziga xos xususiyatlari borasida ma’lumotlar keltirgan.

Umrining so‘nggi yillarida Vatandan judolik mavzusi Bobur lirikasining markaziy mavzularidan biriga aylandi. Aytishimiz mumkinki, Bobur she’rlari shoirning tarjimai holi bo‘lib, unda teran his-tuyg‘ular she’riy tilda ta’sirchan ifodalangan, hayotiy sharoit bilan to‘qnashuv natijasida yuzaga kelgan kechinmalar mahorat bilan bayon etilgan bo‘lib, shoirning o‘zi bu haqda shunday yozadi:

Tole’ yo‘qki jonimg‘a balolig‘ bo‘ldi,
Har ishnikim, ayladim xatolig‘ bo‘ldi,
O‘z yerin qo‘yib Hind sori yuzlandim,
Yorab, netayin, ne yuz qorolig‘ bo‘ldi.

Umuman aytganda, Zahiriddin Muhammad Bobur o‘z davrining noyob siymolaridan biri bo‘lib, u nafaqat qudratli shoh va iste’dodli shoir, balki harbiy-siyosiy tajribaga ega davlat arbobi hamda serqirra ilmiy-adabiy tafakkur sohibi sifatida tarixda munosib o‘rin egallagan. Bobur qoldirgan boy meros – tarixiy, geografik, etnografik va adabiy qarashlar majmui – bugungi kunda ham ilmiy tadqiqotlar uchun muhim manba bo‘lib xizmat qilmoqda.

Sarvar Saidov

Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bo‘lim boshlig‘i, tarix fanlari bo’yicha falsafa doktori

Manzil: Surxondaryo viloyati Termiz shahri Shimoliy darvoza ko’chasi 3-uy


Telefon: +998 55 451 05 99


E-Mail: termiziycenter@gmail.com


Whatsapp: +998 55 451 05 99

©2017-2025 Imam Termizi ISRC- All Right Reserved. Designed and Developed by Shokhzamon

© 2017 by Imam Termizi ISRC is licensed under CC BY-SA 4.0
Яндекс.Метрика