
Musulmon sivilizatsiyasi tarixida alohida ahamiyatga ega bo‘lgan shaxslardan biri, shubhasiz Abu Ali ibn Sinodir. Taxminan 980-yilda Buxoro yaqinidagi Afshona qishlog‘ida tug‘ilgan alloma Islom olamida Ibn Sino kunyasi bilan mashhur bo‘lib, ilm-fan va falsafa sohasidagi beqiyos mavqeini ifodalash maqsadida o‘rta asr olim va mutafakkirlari tomonidan berilgan “Shayx ur-rais” unvoni bilan ham tanilgan. Shuningdek, u “Hujjat ul-haq”, “Sharaf ul-mulk” kabi sifatlar bilan ham tilga olingan. G‘arbda esa odatda Avitsenna nomi bilan tanilgan.
Asli balxlik bo‘lgan otasi Abdulloh Somoniylar hukmdori Nuh ibn Mansur davrida poytaxt Buxoroga ko‘chib kelgan edi. Bu davrda yaxshi ta’lim olgan Abdullohning uyi falsafa, geometriya va hind matematikasi masalalari muhokama qilinadigan ilmiy markazga aylangan edi. Ana shu ilmiy bahslar muhitida ulg‘aygan Ibn Sino juda yoshligidan falsafiy masalalarga oshno bo‘lib yetishdi. Ibn Sino favqulodda zakovat egasi bo‘lgani uchun kichik yoshidanoq e’tiborni o‘ziga tortdi. Avval Qur’onni yod oldi, so‘ng til, adabiyot, aqida va fiqh ilmlarini o‘rgandi. Tarjimai holida bu davrdagi ustozlari orasida hanafiy faqihi Abu Muhammad Ismoil ibn Husayn az-Zohidni tilga oladi, til va adabiyot sohasida esa Abu Bakr al-Barkiydan saboq olgani taxmin qilinadi. Ibn Sino otasidan geometriya, arifmetika va falsafa bo‘yicha dastlabki bilimlarni olgach, otasining istagiga binoan Mahmud al-Massohdan hind arifmetikasini o‘rgandi.
Abu Abdulloh an-Notiliy Buxoroga kelganida, otasi uni o‘g‘liga dars berish uchun uyida mehmon qildi. Ibn Sino Notiliy qo‘lida Porfiriyning “Isog‘uji” (Eisagoge) nomli mantiq asarini o‘qib, bu doirada bahs-munozaralar olib bordi. Uning yuksak iste’dodidan mamnun bo‘lgan ustoz otasiga Ibn Sinoni ilmga oid bo‘lmagan ishlar bilan band qilmaslikni tavsiya etdi.
Keyinchalik Ibn Sino fizika, metafizika va boshqa falsafiy fanlarga oid matnlar hamda ularning sharhlarini o‘rganishga kirishdi. Bu izlanishlar natijasida falsafaning barcha sohalarida yetuk bilimga ega bo‘lgach, tibbiyot tahsilini boshladi. Manbalarda uning tibbiyotdagi ustozlari sifatida Abu Sahl Iso ibn Yahyo al-Masihiy hamda Somoniylar saroy tabibi Abu Mansur Hasan ibn Nuh al-Qumriy tilga olinadi. Ko‘rinadiki, Ibn Sino bu sohada ham avval ustozlaridan saboq olib, keyin tibbiyotga oid asarlarni mustaqil o‘rganishga kirishgan. Shu tariqa u tibbiyot va dorishunoslikda ham yetuk darajaga erishdi. Natijada, o‘n olti yoshidayoq ko‘plab tabiblar tomonidan tibbiyotdagi yetuk mutaxassis sifatida e’tirof etilgan.
Shu bilan birga, fiqh ilmini ham davom ettirib, bahs-munozaralarda qatnashadigan darajaga yetdi. Keyinchalik mantiq va falsafaga oid asarlarni qayta ko‘zdan kechirdi. Bir yarim yil davom etgan bu jarayonda mantiq, matematika va fizika sohalarida yanada rivojlanib, metafizikaga oid asarlarni chuqur o‘rgandi. Bu davrda u Aristotelning “Metafizika” asarini bir necha bor o‘qigan bo‘lsa-da, uning mazmunini to‘liq anglay olmadi. Ammo Abu Nasr Forobiyning Aristotel “Metafizika”siga yozgan sharhini tasodifan qo‘lga kiritib o‘qigach, bu muammoga yechim topdi.
Falsafa va tibbiyotda shuhrat qozongan Ibn Sino Somoniy hukmdori Nuh ibn Mansur og‘ir xastalikka chalingach, saroyga taklif etildi. Saroy tabiblari bilan hamkorlikda olib borilgan davolash ishlari natijasida nisbiy muvaffaqiyatga erishildi. Shu tariqa Ibn Sino boy saroy kutubxonasidan foydalanish imkoniga ega bo‘ldi. Bu kutubxonada u ilgari nomini ham eshitmagan ko‘plab tabib va mutafakkirlarning asarlarini o‘rganishga muvaffaq bo‘lgan edi.
Manbalarda Ibn Sinoning nihoyatda zukko, mehnatsevar va sermahsul ijodkor bo‘lgani qayd etiladi. Kindiy bilan boshlangan islom falsafasi an’anasining eng yuqori cho‘qqisida turgan Ibn Sino o‘z falsafiy tizimida ayniqsa Forobiydan kuchli ta’sirlangan. Uni Forobiyning ma’naviy shogirdi va davomchisi sifatida ko‘rish mumkin. Shu bilan birga, G‘azzoliy va FaxrIddin Roziy kabi allomalar ham Ibn Sinodan ta’sirlanganlar. Asrlar davomida islom falsafasiga hukmronlik qilgan mukammal falsafiy tizimni yaratgan yagona mutafakkir aynan Ibn Sino ekani aytiladi.
Xulosa sifatida aytganda, Abu Ali ibn Sino Islom tamadduni tarixida ulkan ahamiyatga ega shaxsdir. U falsafiy tizimini shakllantirib, ilm, metafizika va tibbiyot sohalarida yangi kashfiyotlar qildi. Ibn Sino Islom dunyosida aql va vahiy uyg‘unligini mukammal tarzda izohladi, din va falsafani bir-biri bilan ziddiyatga tushirmasdan, inson tafakkuri va jamiyat ehtiyojlariga moslashtirdi. U yaratgan tizimli falsafiy meros nafaqat keyingi davr musulmon allomalariga, balki G‘arb tamadduniga ham chuqur ta’sir ko‘rsatgan. Shu jihatdan, Ibn Sino Islom falsafasi va sivilizatsiyasining rivojlanishida markaziy rol o‘ynagan buyuk mutafakkirlardan hisoblanadi.
Sarvar Saidov
Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Ilmiy tadqiqot bo‘limi boshlig‘i, tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD)