HAKIM TERMIZIY VA IMOM MOTURIDIY

by Matbuot xizmati
113 👁️

Dunyodagi din va e’tiqodlar orasida Islom dini aqidaviy jihatdan o‘zining aniq va tushunarliligi bilan alohida ajralib turishi ma’lum. Shunday bo‘lsa-da, insoniy ong saviyasining turlichaligi oqibatida ushbu aqidaviy qarashlar talqinida muammolar tug‘ilib kelgan. Avvalo, Qur’oni Karim oyatlaridayoq  bu masalada yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan muammolar haqida so‘z boradi:

“U senga kitobni tushirgan zotdir. Unda muhkam oyatlar ham bor va ular kitobning aslidir va mutashobih (oyat)lar ham bor. Qalblarida hidoyatdan og‘ish borlar fitna maqsadida va uni ta’vil qilish maqsadida undan mutashobih bo‘lganiga ergashadi. Uning ta’vilini Allohdan boshqa hech kim bilmas. Ilmda sobit bo‘lganlar esa, unga iymon keltirdik, barchasi Rabbimiz huzuridandir, derlar. Va faqat aql egalarigina eslaydilar” (Oli Imron, 6).

Oyatdan ko‘rinib turibdiki, to‘g‘ri aqidadan chetlashish insonning shaxsidagi noqisliklar – qalbidagi kamchiliklar, unda mustahkamlik va to‘g‘rilik asoslarining bo‘lmasligi natijasida yuzaga kelar ekan. Payg‘ambar alayhissalomning bu ummatning yetmish uch firqaga bo‘linishi haqidagi hadislari zamirida ham mana shu omil yotadi.

Ammo yurtimiz – tarixiy Movarounnahr olimlarining yuksak ilmiy-amaliy salohiyatlari tufayli xalqimiz ushbu tafriqa burhonlaridan omon qolishgan va bu bizning millatimiz uchun ulkan sharafdir. Buning zamirida esa ko‘plab olimlarimizning Alloh in’om etgan salohiyati va sa’y-harakati yotadi. Ana shunday olimlarimizdan ikkitasi Abu Abdulloh Muhammad ibn Ali Hakim Termiziy (205-318/820-932) va Imom Muhammad ibn Muhammad ibn Mahmud Moturidiy Samarqandiy (vaf. 333/944) Moturidiydir. Bu ikki ulug‘ allomaning asarlari mag‘ribu mashriqda katta qiziqish bilan o‘rganilib, shu vaqtgacha millionlab, balki milliardlab insonlar tomonidan foydalanib kelinmoqda. Zero, ularning dengiz misol teran va ulkan meroslarida jam bo‘lgan sof ilmu ma’rifat, dinimizning to‘g‘ri va hakimona tadqiqlari dunyo turguncha turish darajasiga yetgandir. Quyida bu ikki alloma qarashlari orasidagi uzviylik va bir-birini to‘ldiruvchi jihatlardan bittasi bilangina tanishib o‘tamiz. Mana shu orqali ham ushbu zotlarning qanchalik ulkan shaxsiyatlar bo‘lishganini anglab yetishimiz mumkin.

Hakim Termiziy va Imom Moturidiy asarlari o‘rtasidagi  vorisiylik tamoyillarini kuzatish mumkin. Hakim Termiziy o‘zidan so‘ralgan yaxshilik va yomonlik haqidagi savolga javoban deydi: “Bu Alloh taolodan tarbiyakunandalik jihatidandir, bandalardan esa harakatlardir. Haq ahli ularning biri bilan ikkinchisini “urishdan” (ularni bir-biriga zid qo‘yishdan) saqlanadilar. Ismi barakotli Alloh tarbiyakunandaligi uzilmaydigan Zotdir. Bandalar esa to tirik ekan harakatlari uzilmaydiganlardir. Alloh tarbiyakunandaligi orqasidan biron narsani talab qiluvchi emas. Bandalar esa harakatlari bilan biron narsani talab qiluvchilardir” [2, b. 113].

Bu matn o‘z ichiga ulkan haqiqatlarni oladi. Xulosa shuki, Alloh amallarni biron-bir ehtiyoj yuzasidan qilmaydi, demak, ilohiy qadardagi yomon ko‘ringan narsalar ham bandalarning tarbiyasiga uchun bo‘ladi. Kishilar doimo harakatda bo‘lib, ham qalb va aqlga, ham nafsu havoga ega bo‘lganlari tufayli yaxshi yoki yomon holda yoki ikkovi aralashgan holda bo‘lishlari tinimsizdir. Bu esa ularga nisbatan doimiy tarbiyakunandalikni taqozo etadi. Alloh taolo esa har bir harakatning taqdir etuvchisi o‘laroq, ularning hisob-kitobini olib, oqibatini belgilaydi hamda bular natijasida bandalariga nisbatan tarbiya choralarini ko‘rib boradi. Buni yaxshi yoki yomon narsalar orqali amalga oshirib turishi ham mumkin._Bu mukofot yoki jazo tarzida yoki bular birikka holda tarbiya mazmunida bo‘ladi. Sha’ni ulug‘ Alloh: “Biz sizlarni yomonlik va yaxshilik ila imtihon uchun sinaymiz” (Anbiyo, 35) deydi.

 Bu talqin esa kengroq shaklda Imom Moturidiyda uchraydi. Termiziy hakimlik uslubi taqozosiga ko‘ra zidlik orqali qisqacha va hikmat bilan tushuntirsa, Moturidiy kalom ilmi uslubi taqozosiga ko‘ra masalaga kengroq to‘xtaladi va “Zararli javharlarning yaratilish hikmati” nomli bob ochadi. Unga ko‘ra, aqllar buning tub mohiyatiga yetib bormasa ham, uning ayrim hikmatlarini sanash mumkin. Jumladan, o‘sha yomon narsalar oqibatida kishilar ishlardagi oqibatni bu dunyoda ko‘rib-bilishadi: yaxshilikka yaxshilik, yomonlikka yomonlik. Yaxshilik va yomonlikni o‘z jismu jonlarida tatish orqali esa buning nimaligi, azob va lazzatini tushunib, bundan xulosa chiqaradilar. Yoki ular o‘zlarida zararli narsalarning alamini totib ko‘rish orqali bu kabi narsalar ma’rifati bilan ehtiyotkorlik va yordam kabi tushunchalarni hosil qilishadi. Yosh bolalarni tarbiyalashda ularni jazolashning misoli ham shu kabi. Zaharli narsa garchi odamni o‘ldirsa ham, uning oz miqdordagisi shifo bo‘ladi. Olov kuydirsa-da, uning manfaatlari kattadir. Suv esa hayot manbai bo‘lgani bilan toshqin sifatida baloga ham aylanishi mumkin.

Eng muhimi, yaxshilik va yomonlik, zarar va foyda bir-biriga zid ko‘rinsa-da, aslida ular dalolat va shahodat (guvohlik) masalasida ittifoqdadir. Bu “la havla va la quvvata illa billah”ga (Allohdan boshqada kuch-quvvat va o‘zgartirish yo‘q) ham tegishli. Yaxshilik va yomonlik, zarar va manfaatlar bir-biriga zid ko‘rinsa-da, bular dalolat jihatidan vahdoniyatga (Allohning birligiga), shahodat (guvohlik) jihatidan esa rububiyat (ya’ni, tarbiyakunandalik) ekanligi bilan bir o‘zakka qaytishi jihatidan birlashib ketadi! Ya’ni, o‘zaro qarama-qarshidek ko‘ringan narsalarning foyda va zarar berishda ma’lum me’yorlarga bo‘ysunishi Allohning borligi va birligiga, kishilarni tarbiyalash xususiyatiga egaligi esa Allohning rububiyati – tarbiyakunandaligiga borib taqaladi [1,b. 175-176].

Ko‘rib turilganidek, hikmat tamoyili Imom Moturidiy qarashlarida ham ustuvorlik qilishi bilan birga, ikki alloma fikri ham yomon ko‘ringan narsalarning maqsadi ilohiy rububiyat – tarbiyakunandalikka qaytishida jam bo‘lgan. Bu ikki ulug‘ zot asarlarining qiyosiy tahlili bundan boshqa misollar ham mavjudligiga ishor qilmoqda. Qolaversa, ushbu masala Xolid Zahriy, Ayyub Palmer kabi sharqu g‘arb olimlarining e’tiborini tortganki, bularning bari kelajakda Movarounnahr kalom maktabi borasida jiddiy tadqiqotlar olib borishimizga imkon beradi.

Ulug‘ olimlarimizning bu kabi hikmatga to‘la so‘zlari va qarashlarini o‘rganish xalqimizni, ayniqsa yoshlarimizni yuksak tafakkur, chuqur bilim va keng dunyoqarash egasi bo‘lishga chorlashiga ishonamiz. Eng asosiysi – ularning asarlarini o‘rganish insonni tom ma’nodagi komillikka yetaklovchi Islom dinini to‘g‘ri anglashga yo‘llaydi. Buning uchun ularning asarlari bilan birga hayot yo‘llaridan ham imkon qadar xabardor bo‘lishga harakat qilishimiz lozim. Imom Termiziy va Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bilan bir qatorda, shu kunlarda Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazining tashkil etilishi dinimiz asoslarini yanada chuqurroq o‘rganish, ilmiy va aqliy salohiyatimizni yanada oshirish yo‘lida ulkan qadam bo‘lishini istab qolamiz.

Jo‘rabek ChO‘TMATOV – Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi, tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD)

Adabiyotlar ro‘yxati

1. Abu Mansur Moturidiy. Kitob at-tavhid. Bayrut: Doru Sodir / Istanbul: Irshod, 2001.

2. Hakim Termiziy. Manozil al-qurba. Rabot: Manshurotu kulliya al-alab val ulum al-insaniyya, 2002. 113 b.

Manzil: Surxondaryo viloyati Termiz shahri Shimoliy darvoza ko’chasi 3-uy


Telefon: +998 55 451 05 99


E-Mail: termiziycenter@gmail.com


Whatsapp: +998 55 451 05 99

©2017-2025 Imam Termizi ISRC- All Right Reserved. Designed and Developed by Shokhzamon

© 2017 by Imam Termizi ISRC is licensed under CC BY-SA 4.0
Яндекс.Метрика