
Annotatsiya. Ushbu maqolada Imom Termiziyning diniy va dunyoviy fanlarni, ayniqsa, hadis ilmini alohida qiziqish bilan egallaganligi, bu boradagi o‘z bilimlarini muttasil oshirish uchun ko‘pgina Sharq mamlakatlariga safar qilganligi haqida bayon qilingan.
Kalit so‘zlar: hadis ilmi, axloqiy tarbiya, komillik, mafkura, muhaddis
Abstract. In this article, it is stated that Imam Tirmidhi took special interest in religious and secular sciences, especially the science of hadith, and traveled to many Eastern countries to improve his knowledge in this regard.
Keywords: science of hadith, moral education, perfection, ideology, muhaddis
Imom Termiziyning ilmiy merosi, xususan, «Sunani Termiziy» asarini o‘rganish, asarda keltirilgan hadislarni ilmiy tahlil qilish, yoshlarda milliy mafkura, milliy ongni shakllantirishda, ularning axloqiy tarbiyasida hadislarning ahamiyatini ochib berish masalasi ushbu mavzuning dolzarbligini yanada oshiradi. «Sunani Termiziy» o‘zining tuzilishi, mavzularning izchil tartibda joylashtirilishi, hadislarning muayyan mavzularga oid boblarda to‘g‘ri, aniq va batafsil aks ettirilishini mazkur uslubda yaratilgan boshqa asarlardan ajralib turadigan jihatlarini o‘rganish ham davrimizning muhim masalalaridan biri ekanligi haqida batafsil yoritilgan. Termiziyning asarlarida keltirilgan hadisi shariflar katta tarbiyaviy ahamiyatga ega bo‘lib, yoshlarni komillik sari intilishga, halol, adolatli, iymon-e’tiqodli, diyonatli, pokiza, mehnatsevar, muruvvatli, rahm-shafqatli, ota-onaga nisbatan hurmat- e’tiborli bo‘lishga chorlaydi.
Yurtimiz Islom nuri ila munavvar bo‘lgan asr insoniyat tarixida Sharq uyg‘onishi davri deb ataladi. O‘sha asrdan boshlab diyorimizda butun dunyoga mudarris bo‘lgan, butun Islom olamida e’tirof qilingan buyuk allomalar yetishib chiqa boshlagan. Xususan, Islom ummatiga Qur’oni Karimni tafsir qilish hamda sahih hadisi shariflarni yetkazish va sharhlash borasida buyuk vatandoshlarimizning xizmati beqiyosdir.
Buyuk muhaddislardan biri vatandoshimiz imom Abu Iso Muhammad at- Termiziyning to‘liq ismi Abu Iso Muhammad ibn Savra ibn Muso ibn ad- Zahhok as-Sulamiy (umrining oxirlarida ko‘zi ojiz bo‘lib qolganligidan ad-Zarir taxallusi bilan ham atalgan) at-Termiziy bo‘lib, u hijriy hisobda 209 (milodiy 824) yilda Termizda, uncha badavlat bo‘lmagan oilada tavallud topgan. Uning yoshlik yillari Termiz shahrida yashab, dastlabki ilm ma’lumotlarini shu shaharda olgan. Bolaligidan o‘ta ziyrakligi, yodlash qobiliyatining kuchliligi va noyob qobiliyati bilan o‘z tengqurlaridan ajralib turgan at-Termiziy diniy va dunyoviy fanlarni, ayniqsa, hadis ilmini alohida qiziqish bilan egallagan va bu boradagi o‘z bilimlarini muttasil oshirish uchun ko‘pgina Sharq mamlakatlarini ziyorat qilgan. Jumladan, u uzoq yillar Iroqda, Isfahon, Xuroson, Makka va Madinada yashagan526.
Islom ulamolari o‘rtasida ilk davrdan boshlab hadislarning to‘g‘ri- ligi, ularni ishonchli manbalarga asoslanishiga katta e’tibor berilgan. Chunonchi, o‘sha davrning o‘zidan boshlaboq noaniq, chala-chulpa, hatto soxta hadislar ham el orasida tarqay boshlagan. Shunday paytlarda ular qayta- qayta tekshirilib, muhaddislarning betinim mehnati natijasida asl holiga qaytarilib, yozma ravishda qayd qilingan. Natijada islom ulamolari orasida ishonchli manbalar asosida to‘plangan va tartibga keltirilgan oltita hadislar to‘plami (Sihohi sitta) mualliflari eng nufuzli va mo‘tabar muhaddislar deb tan olingan. Mana shu e’tirof etilgan mashhur muhaddislardan biri – Imom Termiziydir. Keling, muhaddis bobomizning asarlari bilan qisqacha tanishib o‘tamiz:
«Al-jomi’ as-sahih». Imom Termiziyning ijodiy faoliyatida yara- tilgan asarlari ichida «Al-jomi’ as-sahih» (Ishonchli to‘plam) eng asosiy o‘rinni egallaydi. Ushbu asar yuqorida qayd qilganimizdek, «Al-jomi’ul kabir», (Katta to‘plam), «Sahih Imom Termiziy», «Sunani Imom Termiziy» kabi nomlar bilan ham yuritiladi. Tarixchi Ibn Hajar Asqaloniyning yozishicha, Imom Termiziy ushbu asarni 270-hijriy (884-milodiy) yilda, ya’ni qariyb oltmish yoshlarida, ilm-fanda katta tajriba orttirib, imomlik darajasiga erishgandan keyin yozib tugatgan. Ushbu asar qo‘lyozmalari dunyoning bir qancha shaharlarida, shuningdek, o‘zimizda, O‘zbekiston Fanlar Akademiyasi, Abu Rayhon Beruniy nomli Sharqshunoslik institutida ham saqlanmoqda. Muhim manba sifatida «Al-jomi’ as-sahih» bir necha marta nashr qilingan. Bunga dalil sifatida 1283 (1866)-yili Mitohda, 1292 (1875)-yili Qohirada, shuningdek, 1980 yili Bayrutda nashr etilganligini ko‘rsatish kifoya527.
Imom Termiziyning bu muhim asariga bir qator sharhlar ham yozilgan bo‘lib, ulardan ibn Arabiy nomi bilan mashhur bo‘lgan Imom Hofiz Abu
526 Imom Termiziy. Ash-Shamoil al Muhammadiya, T.:2021.-B.6.
527 Imom Termiziy. Ash-Shamoil al Muhammadiya, T.:2021.-B.8.
Bakr Muhammad Ashbiliyning «Oridat ul Ahvaziy ala kitob Imom Termiziy» nomli 13 juz’ (qism)dan iborat sharhlarini keltirish mumkin. Ushbu asar sharhi dastlab 1931 yilda Qohirada nashr qilingan. Imom Hofiz Abu Ali Muhammad Abdurahmon ibn Abdurahim Muborakfuriy qalamiga mansub yana bir sharh ham «Tuhfatul-Ahvaziy bisharhi Imom Termiziy» deb ataladi. To‘rt juz’dan iborat bo‘lgan bu asar 1979 yilda Bayrutda nashr qilingan (Hindiston nashri ham mavjud). Misrlik olim va adib Jamoliddin Abdurahmon ibn Abu Bakr Suyutiyning (1445-1505) Imom Termiziy asariga yozgan sharhi «Qut ul mug‘taziy ala Jomi’ Imom Termiziy» (undan ikki qismi nashr qilingan) deb atalgan. Bulardan tashqari, Muhammad ibn Abduqodir Abu Toyyib Madaniyning «Sharhu Sunani Imom Termiziy», Ahmad Muhammad Shokirning «Tahqiq va sharhu Jomi’ Imom Termiziy» (o‘ndan ikki qismi 1937 yilda Mustafa ul Bobiy ul Halabiy tomonidan nashr qilingan), Muhammad Yusuf Bannuriyning «Ma’orif sunani sharh sunani Imom Termiziy» (uning birinchi qismi 1963 yilda Pokistonda nashr qilingan), Siroj Ahmad Sarhandiyning «Sharh Sunani Imom Termiziy» nomli forscha sharhi, shuningdek, Rashib Ahmadul Kanuhiyning «Al-kavkab ad-durriy ala Imom Termiziy» (Hindistonda chop etilgan), Muhammad Anvar Shoh Kashmiriyning ikki juz’dan iborat «Al- a’rf ash-shaziy ala Jomi’ Imom Termiziy» (bu asar ham Hindistonda chop etilgan) va nihoyat Abul Hasan Muhammad ibn Abdulhodiy Sanadiyning (u 1138 yilda vafot etgan) «Hoshiya ala Sunani Imom Termiziy» kabi sharhlarini ko‘rsatish mumkin.
Abu Ali Mansur ibn Abdulloh Xolidiy aytganlar: «Imom Termiziy:
«Men «Sunani Termiziy»ni yozib, uni Hijoz, Iroq, Xuroson olimlariga ko‘rsatdim. Barchalari bu kitobdan mamnun bo‘ldilar va: «Kimning uyida shu kitobdan bo‘lsa, go‘yo uning uyida Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam gapirib turgandek bo‘ladilar», dedilar», deganlar»528.
«Al-jomi’»da manfaatli ilm, to‘la-to‘kis foyda va ulkan masalalar mujassam. U islom asoslaridan biridir.
Abu Nasr Abdurahim ibn Abdul Xoliq aytganlar: «Termiziyning «Al- Jomi’»laridagi hadislar to‘rt qismdan iborat:
- Sahihligi aniq hadislar.
- Abu Dovud va Nasaiyning shartlariga javob beradigan hadislar.
- Yuqoridagi hadislarga zid hadislar va uning sabablarining bayoni.
- Sahih bo‘lmagan hadislar va ularning illatlari bayoni.
528 S.Mamadaliev. «Imom Termiziy», T.:» Movarounnahr» , 2011. B.19.
Termiziy: «Men ushbu kitobimda rivoyat qilgan hadislarga fuqaholar amal qilganlar. Faqat bir-ikkita hadis borki, ularga amal qilishmagan. Ular: «Kimki uch martagacha tavba qilib, aroq ichsa, uringlar. To‘rtinchi martasida o‘ldiringlar», hamda «Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam peshin va asrni Madinada jam qildilar. Xavf ham yo‘q edi, safarda ham emasdilar», deganlar.
«Sunani Termiziy» u kishining imom, quvvayi hofiza va fiqh sohibi ekanliklarining yorqin dalilidir. Lekin hadislarni qabul qilishda ko‘p ham qattiq turmaganlar va roviylarga baho berishda ham ko‘ngilchan bo‘lganlar.
Ibn Tohirning «Al-Mansur» kitoblarida bitilgan: «Shayx ul islom Abu Ismoilning: «Termiziyning «Al-jomi’ Imom Termiziy» asarlari Buxoriy va Muslimning kitoblaridan ko‘ra manfaatliroqdir. Chunki Buxoriy va Muslimning kitoblaridan olimlargina, Termiziyning kitob- laridan esa barcha foydalana biladilar», deganlarini eshitdim».
«ash-Shamoil an-nabaviya». Abu Iso Imom Termiziyning boshqa bir yirik asari «Shamoili nabaviya» (Payg‘ambarning alohida fazilatlari) deb ataladi. Bu asar ba’zi manbalarda «Ash-shamoil fi shamoil an-nabiy sollallohu alayhi vasallam», «Ash-shamoili Muhammadiya» nomlari bilan ham keltirilgan. Asar Payg‘ambar alayhissalomning shaxsiy hayotlari, u zotning siyratlari, ajoyib fazilat va odatlariga oid to‘rt yuz-u sakkiz hadisi sharifni o‘ziga jamlagan qimmatli manbadir529.
Shu o‘rinda ta’kidlash kerakki, ushbu mavzu, ya’ni Payg‘ambar alay- hissalomning fazilatlari, odatlari haqidagi hadislarni to‘plash bilan juda ko‘p olimlar, muhaddislar shug‘ullanganlar va bu xildagi hadislar turli-tuman kitoblardan o‘rin olgan. Lekin Imom Termiziy asarining boshqalardan afzalligi va farqi shundaki, muallif imkoni boricha Payg‘ambar alayhissalom fazilatlariga doir barcha hadislarni muntazam ravishda to‘plab, mantiqan izchil bir holatda tartibga keltirgan va o‘ziga xos mustaqil, yaxlit kitob shaklida tasnif qilgan. Buyuk muhaddis Abu Iso Termiziy rahmatullohi alayhning «Shamoili Muhammadiya» kitobi Islom olamida shuhrat qozongan, mo‘tabar sanalgan manbadir. U o‘zining ajoyib uslubi bilan keng kitobxonlar e’tiboriga tushgan, mag‘rib-u mashriqqa dong‘i ketgan. Bu muborak kitobda bashariyatning eng afzal vakili, anbiyolar sayyidi Muhammad Mustafo sollallohu alayhi va sallamning tashqi
529 Imom Termiziy. Ash-Shamoil al Muhammadiya, T.:2021.-B.10
ko‘rinishlari, ulug‘ xislatlari, yuksak xulqlari, go‘zal muomalalari haqidagi hadislar keltirilgan.
Mo‘min banda Rasuli akram alayhissalom tashqi ko‘rinishlari, oliy fazilatlari haqida bilishi lozim ma’lumotlar mana shu kitobda bor. Uni qunt bilan o‘qigan kishi Nabiy sollallohu alayhi va sallamga xos go‘zal sifatlarni o‘rganadi. Bu bilan uning iymoni mustahkamlanadi, Rasulullohga hurmat-e’tibori, muhabbati ortadi.
Arab tilida bitilgan ushbu asarga bir qancha sharhlar va hoshiyalar ham yozilgan. Ulardan Abdurauful Munoviyul Misriyning (vafoti 1003-hijriy yili) «Sharh ush-shamoil», Ali ibn Sultonul Haraviy Qoriyning (vafoti 1192-hijriy yili) «Jam’ul-vasoil fi sharhi-shamoil», Sulaymon ibn Umar ibn Mansur ul Jumalning «Al-mavohib ul Muhammadiyya bi sharhi-shamoil Imom Termiziyya» kabilarni keltirish mumkin. Bu asarning bir qo‘lyozmasi Qohiradagi Azhar kutubxonasida 144-hadis ilmi raqami ostida saqlanmoqda. Muhammad ibn Jasus ul Molikiyning (vafoti 1182-hijriy yili) «Al-favoidul jaliylat ul bahiyya ala ash-shamoilul Muhammadiyya (bu asar 1927 yilda nashr qilingan) va nihoyat Azhar universitetining sobiq Shayxi Ibrohim Bojuriyning «Al-mavohib ul laduniyya ala shamoil Imom Termiziyya» kabi sharhlarini ko‘rsatish mumkin.
Buyuk bobomizning yana «Kitob ut-tarix», «Kitob ul ilal as-sag‘ir va ilalul kabir», «Kitob uz-zuhd» (Taqvo haqida kitob), «Kitob ul asmo val kuna» (Roviylarning ismi va laqablari haqida kitob), «Al-ilal fil hadis» (Hadislardagi illatlar yoki og‘ishlar haqida), «Risola fil xilof val jadal» (Hadislardagi ixtilof va bahslar haqida risola), «Asmo us-sahoba» (Payg‘ambar sahobalarining ismlari) degan asarlari ham mavjud.
U kishining shogirdlaridan bo‘lgan Abu Sa’d Idrisiy ustozlarini sifatlab, yodlashlari, zehnlari to‘g‘risida, zarbulmasallar bitilganini aytadilar. Shogirdlaridan yana birlari: «Imom Buxoriy vafotlaridan keyin Xurosonda Abu Iso Imom Termiziydek ilmda, zehnda, taqvoda, zohidlikda biror kishi topilmas edi», deb aytadi. Imom Termiziy ko‘p yig‘laganlaridan hayotlarining oxirgi ikki yilida ko‘zlari ojiz bo‘lib qolgan530.
Ibn Atiyya: «Mening huzurimda Imom Buxoriy va Muslimning kitob- lariga qaraganda Imom Termiziyning kitoblari nurliroq va tushunarliroq», deb aytadi. «Nima uchun?» deb so‘ralganda, Atiyya: «Chunki ikkita imomning kitoblaridan faqatgina ilm va ma’rifat ahllarigina
530 S.Mamadaliev. «Imom Termiziy», T.:» Movarounnahr» , 2011. B.58
foydalana olishadi, xolos», deb aytgan ekan. Shayxlardan biri Imom Termiziyga 40 ta g‘arib hadisni aytib, imtihon qilishlik uchun so‘raganda birorta harfda ham xato qilmasdan avvalidan oxirigacha o‘qib berganlarini ko‘rib: «Sening mislingdagi kishini ko‘rmaganman», deb aytdi. Imom Termiziy ko‘p kitoblarning muallifidir. Ayniqsa, «Sunan» kitoblari kitoblarining chiroylisi, foydasi ko‘p bo‘lib, takror so‘zlari oz, chiroyli tartibda yozilgandir.
Abu Ali Mansur ibn Abdulloh Xolidiy Imom Termiziyning «Jomi’ as-sahih» kitoblarini sifatlab: «Kimning uyida mana shu kitob bo‘lsa, go‘yoki uyida Payg‘ambarimiz gapirayotgandek bo‘ladilar», deb aytadi.
Abu Iso Termiziy asarlari hozirda ham o‘z qimmatini yo‘qotgan emas. Uning «Al-jomi’ as-sahih», «Ash-shamoil an-nabaviya» kabi asarlarida keltirilgan hadisi shariflar katta tarbiyaviy ahamiyatga ega bo‘lib inson- larni halol, adolatli, iymon-e’tiqodli, diyonatli, pokiza, mehnatsevar, muruvvatli, rahm-shafqatli, ota-ona, ayollarga nisbatan hurmat-e’tiborli bo‘lishga chorlaydi.
Termiziy maqbarasi. Abu Iso Termiziy maqbarasi – Surxondaryo viloyati Sherobod tumanidagi me’moriy yodgorlik (11-12 asrlar). Abu Iso Muhammad Termiziy qabri ustiga qurilgan. Hozirgi kunda yodgorlik bir- biridan ravoqlar orqali o‘tuvchi 4 xona (bo‘lma)dan iborat yaxlit bino ko‘rinishida, xonalar tarhi 4,3×4,5 m. Shimoli-sharqiy tarzi ayvon qurilishi munosabati bilan keyinchalik to‘silgan. 3 xonali bo‘lma murabba tarhli, ulardan janubdagisi go‘rxona. Unda marmar sag‘ana bor. Sag‘ana 3 pog‘onali, muqarnas naqsh va yozuvlar bilan pardozlangan. Go‘rxonadan tor uzun yo‘lka orqali xonaqohga o‘tiladi. Xonaqoh poli go‘rxonaga nisbatan pastroq bo‘lib, ular oralig‘i keng ravoq bilan ajratilgan. Xonaqoh gumbaz tomli, mehrobli. Yonidagi 2 xonadan shimoli-sharqiy tarziga chiqiladi. Xonaqoh oldidagi 3 ayvon gumbazli, qalqonsimon bag‘alli, devorlariga 4 ravoq ishlangan, pishiq g‘ishtdan hoshiyalar terilgan. Termiziy maqbarasi ganjkori bezaklar bilan pardozlanib, tashqi devorlariga 6 g‘ishtin ravoqli namoyonlar ishlangan.
Tobadonlariga oq ganjdan panjaralar o‘rnatilgan. Ravokdari g‘isht qalinligida hoshiyalangan. Termiziy maqbarasi bosh tarzini kichik ko‘shk- simon gumbazli qurilma egallagan. Yodgorlik haqida ilk bor D.N.Logofet yo‘l ocherklarida tilga olgan. 1945 yil V.L.Voronina me’moriy o‘lchamlarini bajargan. Amir Temur tavalludining 660 yilligi munosabati bilan Termiziy maqbarasida ta’mirlash ishlari olib borildi. Sag‘anasi va ganjkori panjaralari qayta o‘rnatildi.
Prezident Shavkat Mirziyoev tashabbusi bilan Sherobod tumanidagi Abu Iso Termiziy maqbarasi obod qilindi. 2017 yil 14 fevralda davlatimiz rahbarining Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazini tashkil etish to‘g‘risida qarori qabul qilindi. Unda islom dini, jumladan, hadis ilmi, Abu Iso Termiziy hamda Termiziy allomalar merosi chuqur o‘rganiladi. Diniy ta’lim, ma’naviy-axloqiy tarbiya ishlarida foydalanishga qaratilgan darsliklar va o‘quv qo‘llanmalari, ommabop nashrlar, ilmiy-amaliy tavsiyalar tayyorlanadi531. Davlatimiz rahbari markazga tashrif buyurib, bu yerda yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.
Buyuk muhaddis Imom Termiziy hayoti va asarlarini chuqur o‘rganish, yosh avlodga yetkazish, xalqimizga tushunarli tilda kitoblar chop etish bo‘yicha tavsiyalar berdi. Bu yerda ilmiy tadqiqotlar olib borish uchun munosib sharoitlar yaratish, olimlarning xalqaro ilmiy konferensiyalarda ishtirokini kengaytirish zarurligi ta’kidlandi.
Nozigul Xalimova Navro‘zovna,
«Jo‘ybori Kalon» ayol-qizlar o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi o‘qituvchisi
FOYDALANILGAN ADABIYoTLAR RO‘YXATI:
- Imom Termiziy. Ash-Shamoil al Muhammadiya, T.:2021.
2. S.Mamadaliev. «Imom Termiziy», T.:»Movarounnahr», 2011.