Imom Moturidiyning adashgan firqalarga qarshi raddiyalari

by Matbuot xizmati
79 👁️

Islom tarixida aqidaviy masalalar doirasida yuzaga kelgan turli firqalar musulmon ummatining tafakkuri, diniy dunyoqarashi va ma’naviy hayotiga kuchli ta’sir ko‘rsatgan. Bu jarayonda Qur’on va hadisni o‘z manfaatlariga mos talqin qilgan, inson aqlini noto‘g‘ri yo‘nalishga burib yuborgan oqimlar ham bo‘lgan. Shunday sharoitda ulamolar, xususan, kalom ilmining yirik namoyandalari firqalarning noto‘g‘ri qarashlariga raddiya berib, to‘g‘ri e’tiqodni himoya qilishni o‘z oldilariga maqsad qilib qo‘yganlar.

Bu borada Movarounnahr zaminida yashab, musulmon aqidasini sof islomiy tamoyillar asosida mustahkamlashga katta hissa qo‘shgan mutakallimlardan biri Abu Mansur Moturidiy Samarqandiy (vaf. 944)dir. U hanafiylik fiqh maktabi bilan chambarchas bog‘liq bo‘lgan moturidiyya aqidaviy maktabining asoschisi sifatida tanilgan. Uning eng muhim asarlari “Kitob at-Tavhid” va “Tavilot al-Qur’on” kabilardir. Bu asarlarda Imom Moturidiy o‘z davrida keng tarqalgan adashgan firqalarning qarashlarini tahlil qilib, ularning e’tiqodiy xatolarini ochib bergan. Imom Moturidiy Islom olamida ko‘plab muhim voqealar sodir bo‘lgan, diniy, e’tiqodiy, falsafiy va siyosiy mazhablar hamda oqimlar paydo bo‘lgan bir davrda yashagan. Ana shunday murakkab muhitda yetishib chiqqan Imom Moturidiy sof Islom e’tiqodiga nisbatan olib borilgan buzg‘unchi harakatlarga qarshi yozgan asarlari bilan mashhurdir. Alloma o‘zining ilmiy faoliyati orqali sof diniy qadriyatlarni yemirishga uringan turli diniy va falsafiy oqimlarning fikr va da’volarini tanqidiy o‘rganib, ularni rad etishga intilgan. Avvalo, tavhid e’tiqodi orqali Islomning asosiy aqidaviy asoslarini aniqlab, ularni himoya qilgan va mustahkam aqidaviy poydevorga asos solgan.

Qur’oni karim nozil bo‘lgan davrdan boshlab Imom Moturidiy yashagan milodiy X asrgacha bo‘lgan davr oralig‘ida Islom olamida siyosiy, ijtimoiy, ilmiy va madaniy sohalarda ko‘plab muhim voqea va o‘zgarishlar yuz bergan. Buning natijasida Islom dunyosida dinni anglash va sharhlash borasida turli xil siyosiy, falsafiy, e’tiqodiy va fiqhiy mazhablar hamda oqimlar paydo bo‘lgan. Ayniqsa, Payg‘ambarimiz (s.a.v.) vafotidan so‘ng musulmonlar orasida birinchi marta yuzaga kelgan xalifalik/imomat borasidagi bahslar, Hazrat Ali (r.a.) xalifalik davrida sodir bo‘lgan Jamal va Siffin urushlari murakkab aqidaviy muammolarning yuzaga kelishiga sabab bo‘lgan. Aynan ushbu asrlarda xorijiylik, Shia va Murji’a kabi turli siyosiy mazhablar ham shakllana boshladi.

Islom o‘lkalarining kengayib borishi natijasida turli din, madaniyat va sivilizatsiyalar o‘rtasida diniy, fikriy, ilmiy va madaniy sohalarda o‘zaro ta’sirlanish kuchaydi va turli e’tiqod sohiblari o‘rtasida diniy-aqidaviy masalalarda bahs-munozaralar paydo bo‘la boshladi.

Bundan tashqari, musulmonlar boshqa din, madaniyat va sivilizatsiyalarni chuqurroq o‘rganish va anglash maqsadida hind va fors madaniyati hamda yunon falsafasiga oid asosiy asarlarni tarjima qilishga katta ahamiyat bera boshladilar. VIII asrdan boshlangan ushbu tarjima harakatlari natijasida g‘ayriislomiy tafakkur shakllari Islom sivilizatsiyasiga kirib keldi. Bu holat bir tomondan ilmiy-falsafiy, aqidaviy jihatdan ko‘plab yangi fikr va yondashuvlarning paydo bo‘lishiga sabab bo‘lgan bo‘lsa, boshqa tomondan esa Islomga qarshi kayfiyatdagi, zararli va buzg‘unchi guruhlarning yuzaga kelishiga ham olib keldi. Natijada, musulmonlar bir tomondan din doirasida paydo bo‘lgan yangi masalalarni tushuntirishga, boshqa tomondan esa turli din vakillariga Islomni bayon qilishga va ko‘plab adashgan oqimlarning Islomga qarshi hujum va tuhmatlariga qarshi kurashishga majbur bo‘ldilar. Mana shunday ichki va tashqi omillar tufayli, Islom jamiyatida Jabariyya, Jahmiyya, Qadariyya, Mo‘tazila, Salafiyya kabi turli oqimlar vujudga keldi. Imom Moturidiy ilmiy merosining ahamiyati ham o‘z davridagi turli aqidaviy ixtiloflarni ilmiy dalillar asosida tushuntirib, musulmon dunyosida birdamlikni ta’minlash borasidagi intilishlarida namoyon bo‘ladi.

Ahli sunna va-l-jamoa oqimining ikki yirik aqida maktablaridan birining asoschisi hisoblangan Abu Mansur al-Moturidiy turli din, e’tiqod, mafkura, madaniyat va sivilizatsiyalarga beshik bo‘lgan Movarounnahr diyorida faoliyat ko‘rsatgan buyuk alloma va mutafakkir bo‘lib, o‘z ilmiy merosi, asarlari orqali islom dinining asl bag‘rikenglik, insonparvarlik g‘oyalarini targ‘ib qilgan. Shuningdek, turli yot g‘oyalarga qarshi Qur’oni karim va Sunnat asosida kurash olib borgan kalom ilmi olimi hisoblanadi. Alloma o‘z asarlari orqali islomiy tafakkur tarixida haqli ravishda shuhrat qozongan. Jumladan, “Kitob at-tavhid” asari uning kalom, falsafa va jadal ilmidagi chuqur bilimini, “Ta’vilot al-Qur’on” esa tafsir, hadis, fiqh va aqida ilmlaridagi yuksak salohiyatini namoyon etadi.

Imom Moturidiy islom tafakkuri tarixida adashgan firqalarga qarshi eng muvozanatli, asosli va keng qamrovli raddiyalarni bergan mutakallimlardan biridir. U xavorijlarning mutaassib qarashlarini, mu’tazilaning aqlga haddan ziyod urg’u berishga qaratilgan g’oyalarini Qur’on, sunnat va aqliy dalillar asosida inkor etib, to‘g‘ri e’tiqod mezonlarini belgilab berdi. Moturidiya maktabi keyingi asrlarda musulmon dunyosida keng tarqalib, hanafiylik fiqh maktabi bilan uyg‘un holda millionlab musulmonlarning e’tiqodiy qarashlarini shakllantirdi. Uning qarashlari bugungi kunda ham aqidaviy birlikni saqlash, ekstremizm va mutaassiblikka qarshi kurashishda muhim ilmiy-ma’naviy asos bo‘lib xizmat qilmoqda.

Sarvar Saidov – Imom Termiziy xalqaro ilmiy tadqiqot markazi bo’lim boshlig’i

Manzil: Surxondaryo viloyati Termiz shahri Shimoliy darvoza ko’chasi 3-uy


Telefon: +998 55 451 05 99


E-Mail: termiziycenter@gmail.com


Whatsapp: +998 55 451 05 99

©2017-2025 Imam Termizi ISRC- All Right Reserved. Designed and Developed by Shokhzamon

© 2017 by Imam Termizi ISRC is licensed under CC BY-SA 4.0
Яндекс.Метрика