USTOZLIKNING ASL MOHIYATI

by Matbuot xizmati
8 👁️

Insoniyat tarixi va islom tamadduni sahifalariga nazar tashlasak, komillikka yetgan har bir buyuk zotning kamoloti zamirida, avvalo, bir murabbiyning mehnati, ixlosi va duosi yotganiga guvoh bo‘lamiz. Imom Termiziy hazratlari o‘z ustozi Imom Buxoriy bilan ma’naviy-ilmiy hamnafaslikda hadis ilmining cho‘qqisini zabt etganlari, ustozining maqomini hamisha o‘z nafsidan yuqori qo‘yganlari ma’lum va mashhurdir. Ustoz faqatgina ma’lumot beruvchi emas, balki ruhiyatga yo‘l ko‘rsatuvchi, qalb ko‘zini ochuvchi yo‘lchi yulduzdir.

Sharq odob va ma’naviyat maktabida ustoz va shogird munosabati shunchaki zohiriy tahsil bilan cheklanmaydi. Bu — ikki qalbning bir-birini tuyishi, masofalar osha davom etadigan botiniy bog‘lanishdir. Saodat shundaki, shogird o‘z ustozining jismidan uzoqda bo‘lsa-da, uning ma’naviy nazorati, e’tibori va nasihatini hamisha yuragida his etib yashaydi. Bunday ruhiy munosabat insonni har qanday xato va adashishlardan asraydi.

Ustozlik faqatgina unvon yoki lavozim emas, balki mukammal xulq va mukammal ilm timsolidir. Haqiqiy shogirdlik esa ustoz huzurida kamtarlikni yo‘qotmaslik, uning fazilatlari oldida o‘z nafsini sinovdan o‘tkazish va unga munosib bo‘lishga intilishda namoyon bo‘ladi. Zero, shakldan ko‘ra mohiyatga intilgan, ustozining pokiza niyatini o‘ziga maqsad qilib olgan insongina asl merosxo‘rga aylanadi.

Shoir Mashrab Boboevning ustozlik va shogirdlikning ana shunday yuksak mohiyatini teran ochib bergan satrlari bugungi ayyomda har birimizga muhim bir eslatmadir:

Ustozlik haqida

Baxtingdir ustozning qo‘lini olsang,

Lekin, ustozni ham tanlab ololsang.

Ustozning qimmati menimcha shulkim –

Uzoqmi-yaqinmi uni tuyolsang.

Mayliga, orangiz bo‘lsa-yu yiroq,

U senga har kuni bermasa saboq,

Lekin, uning ismin eshitganing choq,

Yurakda orziqish his eta olsang.

Garchi oylab, yillab seni ko‘rmasin,

Peshonangni silab, holing so‘rmasin,

Yo‘l-yo‘riq ko‘rsatib, tergab turmasin –

Bas, uning nigohin sezib turolsang.

Ustoz deyilganda nima ko‘rinar?

Mukammal insonu mukammal hunar.

Unga, hunariga duch kelganda gar,

O‘zing hunaringdan bir oz uyolsang.

Ustozlar turlidir – ro‘yi, shaxsiyat:

Kimda shakl bor-u, kimda mohiyat.

Senga niyat bo‘lsa undagi niyat,

Ustozga munosib shogird bo‘lolsang.

Iqboljon Qambarov – Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi kichik ilmiy xodimi

Manzil: Surxondaryo viloyati Termiz shahri Shimoliy darvoza ko’chasi 3-uy


Telefon: +998 55 451 05 99


E-Mail: termiziycenter@gmail.com


Whatsapp: +998 55 451 05 99

©2017-2025 Imam Termizi ISRC- All Right Reserved. Designed and Developed by Shokhzamon

© 2017 by Imam Termizi ISRC is licensed under CC BY-SA 4.0
Яндекс.Метрика