
Diniy bir qarash yoki yondashuvni qabul qilib, keyinchalik uni haqiqatning yagona ifodachisi deb bilish mutaassiblikdir. Biror fikr yoki qarash mutlaq va o‘zgarmas haqiqat darajasiga ko‘tarilsa, undan tashqaridagi barcha qarashlar botil deb baholanishi mumkin.
Boshqacha aytganda, bu biror qarashni haddan tashqari ulug‘lash va boshqa talqinlarni qadrsizlantirish deganidir. Chunki «yagona to‘g‘ri yo‘lni topgan, yagona najotga erishgan yoki eng to‘g‘ri fikr bizniki» degan yondashuv boshqa haqiqatni izlovchi insonlarni kamsitish, ularni chetlashtirish va ulardan uzoqlashishni anglatadi.
Har qanday diniy tushuncha yoki yondashuv shaklining dogmatik tus olishi qadriyatlarni dogmatizm bilan, dogmatizmni esa murosasizlik bilan tenglashtirishga olib keladi. Bunday muhitda uning tarafdorlari o‘zlarini najot topgan guruh deb bilib, boshqalarni esa adashgan, noto‘g‘ri yo‘ldagi va halokatga olib boruvchi guruhlar sifatida qabul qila boshlaydilar.
Mutlaq haqiqat Qur’oni karimdir. Ijtihod va talqinga asoslangan qarashlarni esa mutlaq haqiqat darajasiga ko‘tarib bo‘lmaydi. Ularning xato qilish ehtimoli borligi, tanqid qilinishi mumkinligi hamda haqiqatga turli yo‘llar orqali yetib borish imkoniyati mavjudligini hech qachon unutmaslik kerak.
O‘z mazhabi, tariqati yoki jamoasini tanqid qilib bo‘lmaydigan mutlaq haqiqat deb bilish, uning to‘g‘ri yoki noto‘g‘riligiga qaramasdan ko‘r-ko‘rona ergashish mutaassiblikdir. Mazhablarning mavjudligi qanchalik tabiiy bo‘lsa, insonning ushbu fikriy maktablardan biriga ergashishi ham shunchalik tabiiy va normal holatdir.
Ammo sog‘lom va me’yoriy bo‘lmagan holat o‘zi mansub bo‘lgan mazhabni mutlaq va munozara qilib bo‘lmaydigan haqiqat deb bilish, haqiqatga eltuvchi boshqa yo‘llarni esa dushman sifatida ko‘rishdir. Bunday mutaassiblik dinimiz tomonidan aslo ma’qullanmaydi.
Islom tarixi davomida diniy matnlarni anglash, Qur’on va Sunnatning kundalik hayot bilan bog‘liqligini ta’minlashda mazhablarning o‘rni katta bo‘lgan. Bugun bizning vazifamiz — ana shu ilmiy meros va tafakkur ustiga yana bir «g‘isht» qo‘yish, mavjud ilmiy tajribani yanada rivojlantirish va yangi bosqichga olib chiqishdir. Buning o‘rniga biror fikr, jamoa yoki mazhabga ko‘r-ko‘rona bog‘lanib, uni mutlaq va muhokama qilib bo‘lmaydigan darajaga ko‘tarsak, diniy tafakkurni qotirib qo‘ygan va uni go‘yo tarix qa’riga qamab qo‘ygan bo‘lamiz.
Mazhab masalasidagi mutaassiblikning tarixdagi izlariga nazar tashlasak, o‘z mazhabi yo‘lida sahobalarga nisbatan nomaqbul so‘zlar aytgan, boshqa mazhab vakillarini kamsitgan, hatto o‘z qarashlarini qo‘llab-quvvatlash uchun hadislar ham to‘qigan kishilar bo‘lganini ko‘rishimiz mumkin.
Tarixda ham o‘zidan boshqalarni Islom doirasidan tashqarida deb hisoblagan xorijiylik tafakkuri musulmonlarning bir-birini tanishi, o‘zaro yaqinlashishi va hamjihat bo‘lishiga to‘sqinlik qilgan. Zamonaviy dunyoda ham o‘ziga o‘xshamaganlarni dushman deb biladigan va ularni yo‘q qilishni maqsad qiladigan turli ekstremistik qarashlar bunga yaqqol misol bo‘la oladi. Bugungi kunda yuzaki, tor doiradagi, hikmatdan yiroq va takfirchilikka asoslangan e’tiqodiy tushunchalar jamiyatda qanday vayronkor oqibatlarni keltirib chiqarayotganini alohida ta’kidlab o‘tirishning hojati yo‘q.
Boshqa tomondan, xuddi turli fikriy oqimlarni mutlaqlashtirish kabi, muayyan shaxslarni ham mutlaq va xatosiz deb bilish, ularni tanqid qilib bo‘lmaydigan yoki daxlsiz shaxs sifatida ko‘rish Islom ta’limotiga zid. Chunki Islom e’tiqodiga ko‘ra, Mutlaq Haqiqat faqat Alloh taolodir. Undan boshqa barcha mavjudlik nisbiy, o‘tkinchi va ayrim hollarda insonni yanglishtirishi mumkin.
Biror insonga bo‘lgan sadoqat uning har bir so‘zi, qarori va da’vosini hech qanday shubha va mulohazasiz qabul qilish darajasiga yetib borsa, bu insonning mustaqil fikrlash qobiliyatini yo‘qotishiga olib keladi. Inson xato qilishi, unutishi yoki noto‘g‘ri qarorga kelishi mumkinligini hech qachon unutmaslik kerak.
Shuningdek, g‘oyalar yoki shaxslarga nisbatan mutaassiblikning kuchayishi jamiyatda ajralish, qarama-qarshilik, guruhbozlik va nizolarni yuzaga keltiradi. Turli ijtimoiy muhitlarda yashaydigan va inson sifatida turlicha fikrlash imkoniyatiga ega bo‘lgan musulmonlar o‘zaro farqlarini kamchilik emas, balki boylik va xilma-xillik sifatida qabul qilishlari, bir-birini hurmat qilishlari va hamjihatlikni mustahkamlashlari lozim.
Aks holda, har bir guruh o‘zining yo‘li va qarashlarini mutlaq to‘g‘ri deb bilib, boshqalarga nisbatan keskin va vayronkor tanqid bilan yondashsa, bu nafaqat alohida guruhlar, balki butun jamiyat uchun zararli oqibatlarga olib keladi. Shu bois Islomning asl mohiyatiga mos ravishda ilm-ma’rifat, bag‘rikenglik, o‘zaro hurmat va hamjihatlikni qaror toptirish muhimdir.
Umarali Uljaev – Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi