ISLOM – BIRDAMLIK VA BAG‘RIKENGLIK DINIDIR

by Matbuot xizmati
9 👁️

Islom – avvalo, tavhid, tinchlik, birdamlik, o‘zaro hurmat va hamjihatlikka asoslangan dindir. U barcha mo‘minlarni yagona e’tiqod atrofida birlashishga, bir-biriga mehr-oqibatli va hurmat bilan munosabatda bo‘lishga chaqiradi. Shu sababli jamiyatda adovat, nizo, o‘zaro dushmanlik va bo‘linishga sabab bo‘ladigan qarashlar dinimiz tomonidan ma’qullanmaydi.

Shu bilan birga, insonlarning fikrlashi, dunyoqarashi va ayrim masalalarni turlicha tushunishi tabiiy holatdir. Ilmiy va diniy masalalarda turli qarashlarning mavjudligi o‘z-o‘zidan yomon yoki xavfli hodisa hisoblanmaydi. Muhimi, bunday qarashlar Islomning asosiy tamoyillariga zid bo‘lmasligi, boshqalarga nisbatan adovat va nafratni keltirib chiqarmasligi hamda insonlarni bo‘linishga undamasligidir.

Islom tarixiga nazar tashlasak, musulmon olimlari ko‘plab masalalarni ilmiy izlanish, dalil va tafakkur asosida o‘rganganlarini ko‘ramiz. Turli davr va hududlarda yashagan ulamolar ayrim masalalarga turlicha yondashganlar. Bu esa Islom tafakkurining boyligi va keng qamrovliligini ko‘rsatadi. Demak, bir masalada turlicha fikrga ega bo‘lish har doim ham ixtilof yoki qarama-qarshilik degani emas.

Asosiy diniy masalalarda Qur’oni karim va Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamning sunnatlari barcha musulmonlar uchun muhim mezon hisoblanadi. Shu asosda shakllangan mazhablar va ilmiy maktablar Islom madaniyati va tafakkurining muhim qismidir. Ular musulmonlarning dinni anglash va hayotga tatbiq etish borasidagi ko‘p asrlik ilmiy tajribasini aks ettiradi.

Mazhablar o‘rtasidagi ayrim farqlar, asosan, dinning tafsilotlariga oid masalalarda yuzaga kelgan. Bunday farqlarni to‘g‘ri tushunish, bir-birini hurmat qilish va bag‘rikenglik bilan munosabatda bo‘lish muhimdir. Biror masalada boshqa fikr mavjudligini ko‘rgan zahoti uni noto‘g‘ri, begona yoki dushmanona qarash sifatida baholash to‘g‘ri emas.

Shuni unutmaslik kerakki, hech bir mazhab Islom dinining o‘zi emas. Mazhab – Qur’on va Sunnat asosida dinni anglash, sharhlash va amaliy masalalarda qo‘llashning muayyan ilmiy yo‘nalishidir. Shuning uchun bir mazhabga mansub bo‘lish boshqa mazhab vakillarini inkor etish yoki ularga nisbatan salbiy munosabatda bo‘lish uchun asos bo‘la olmaydi.

Ayniqsa, bugungi axborot makonida turli diniy qarashlar internet orqali tez tarqalayotgan bir sharoitda diniy bilimni ishonchli manbalardan olish, har qanday ma’lumotni tanqidiy fikrlash asosida baholash va mutaassiblikka berilmaslik muhim ahamiyat kasb etadi. Diniy bilimning yetarli emasligi ayrim hollarda insonning bir tomonlama yoki keskin qarashlarga berilishiga sabab bo‘lishi mumkin.

Islomning buyuk allomalari merosi ham bizga ilm, ma’rifat, odob va bag‘rikenglik yo‘lini ko‘rsatadi. Imom Termiziy, Imom Buxoriy, Abu Mansur Moturidiy, Burhoniddin Marg‘inoniy kabi allomalarimizning ilmiy merosi musulmonlarni chuqur bilim olishga, diniy masalalarni ilmiy asosda anglashga va jamiyatda ezgulikni qaror toptirishga xizmat qiladi. Ularning merosini o‘rganish yoshlarni turli mutaassib va radikal qarashlardan himoya qilishda ham muhim ma’naviy-ma’rifiy manba bo‘la oladi.

Bugungi kunda yurtimizda diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlarning asosiy maqsadlaridan biri ham aholining, ayniqsa yoshlarning ma’rifiy savodxonligini oshirish, ajdodlarimizning boy ilmiy merosini keng targ‘ib qilish, diniy bag‘rikenglik va millatlararo totuvlikni mustahkamlashdan iborat. Dinni to‘g‘ri anglash insonni ezgulik, bunyodkorlik, vatanparvarlik va tinchlikka xizmat qilishga undashi lozim. Shu bois diniy e’tiqod masalasida hurmat, ilmiy masalalarda fikr xilma-xilligi, jamiyat hayotida esa o‘zaro bag‘rikenglik va hamjihatlik muhim tamoyil bo‘lib qoladi. Turli qarashdagi insonlar bir-birini hurmat qilgan holda tinch va farovon jamiyat qurishga hissa qo‘shishlari mumkin.

Umuman aytganda, Islom bizni bo‘linishga emas, birlikka, adovatga emas, mehr-oqibatga, jaholatga emas, ilm-ma’rifatga, mutaassiblikka emas, bag‘rikenglikka chorlaydi. Shu ma’noda bag‘rikenglik, diniy masalalardagi to‘g‘ri yondoshuv, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga sodiq qolish hamda ajdodlarimizning boy ilmiy-ma’rifiy merosini chuqur o‘rganish jamiyatimizda tinchlik va totuvlikni mustahkamlashning muhim omillaridan biridir.

Umarali Uljayev – Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

Manzil: Surxondaryo viloyati Termiz shahri Shimoliy darvoza ko’chasi 3-uy


Telefon: +998 55 451 05 99


E-Mail: termiziycenter@gmail.com


Whatsapp: +998 55 451 05 99

©2017-2025 Imam Termizi ISRC- All Right Reserved. Designed and Developed by Shokhzamon

© 2017 by Imam Termizi ISRC is licensed under CC BY-SA 4.0
Яндекс.Метрика