
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026 yil 24 iyuldagi PQ–275-son «Buyuk vatandoshimiz, hadis va tasavvuf ilmining yetuk namoyandasi Hakim Termiziy tavalludining 1200 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida»gi qarori mamlakatimizda buyuk ajdodlarimiz ilmiy-ma’naviy merosini asrab-avaylash, chuqur o‘rganish va uni xalqaro miqyosda keng targ‘ib etishga qaratilgan davlat siyosatining izchil davomi sifatida tarixiy ahamiyat kasb etadi.
So‘nggi yillarda Yangi O‘zbekistonda milliy va diniy-ma’rifiy merosimizni tiklash, uni zamonaviy taraqqiyot bilan uyg‘un holda rivojlantirish, buyuk allomalarimizning hayoti va ijodini har tomonlama tadqiq qilish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Bu borada Samarqand, Buxoro, Xiva va Termiz kabi qadimiy ilm markazlarining tarixiy nufuzini tiklash, allomalar ziyoratgohlarini obod etish, xalqaro ilmiy markazlar tashkil qilish, nodir qo‘lyozmalarni o‘rganish va akademik nashrlar tayyorlash bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Ayniqsa, Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida buyuk allomalar merosini xalqimiz ma’naviy hayotiga yanada keng tatbiq etish, ularning boy ilmiy merosini yosh avlod tarbiyasi bilan uzviy bog‘lashga alohida e’tibor qaratilayotgani mamlakatimizda Uchinchi Renessans poydevori aynan ilm, ma’rifat va milliy qadriyatlarga tayanilgan holda barpo etilayotganini yaqqol namoyon etmoqda.
Mazkur qaror ham ana shu ezgu maqsadlarning mantiqiy davomi bo‘lib, ulug‘ mutafakkir Hakim Termiziy hayoti va faoliyatini yanada chuqur o‘rganish, asarlarini xalqimizga yetkazish, jahon ilm-faniga qo‘shgan beqiyos hissasini munosib baholash hamda uning nomini xalqaro maydonda keng targ‘ib qilishga xizmat qiladi.
Qadimdan Termiz shahri Markaziy Osiyoning eng yirik ilm va madaniyat markazlaridan biri sifatida e’tirof etilgan. Bu muborak zamin nafaqat buyuk davlat arboblari va sarkardalarni, balki butun insoniyat sivilizatsiyasi rivojiga ulkan hissa qo‘shgan yuzlab olimlar, muhaddislar, mufassirlar va mutafakkirlarni voyaga yetkazgan.
Imom Termiziy, Hakim Termiziy, Abu Bakr Varroq Termiziy kabi buyuk zotlar aynan shu zamin farzandlari bo‘lib, ularning ilmiy merosi bugun ham musulmon olamida yuksak qadrlanadi.
Hakim Termiziy — komil inson ta’limotining buyuk asoschilaridan biri. Hakim Termiziy (taxminan 824–932 yillar) nafaqat o‘z davrining yetuk muhaddisi va faqihi, balki tasavvuf nazariyasini ilmiy jihatdan asoslab bergan buyuk mutafakkir sifatida butun islom olamida yuksak mavqega ega.
U Termiz shahrida tug‘ilib o‘sgan, dastlabki ilmlarni otasi va zamondosh ulamolaridan olgan. Keyinchalik Makka, Basra, Bag‘dod, Nishopur va boshqa ilmiy markazlarda bo‘lib, davrining mashhur mutasavvif, muhaddis va faqihlari bilan muloqot qilgan, yuksak ilmiy salohiyat sohibiga aylangan.
Tarixiy manbalarda Hakim Termiziy 80 dan ortiq ilmiy asar muallifi sifatida qayd etiladi. Ayrim manbalarda esa uning yuzga yaqin risola va kitoblar yozgani ta’kidlanadi. Bugungi kungacha ularning katta qismi dunyo kutubxonalarida qo‘lyozma holida saqlanmoqda.
Uning «Navodir al-usul», «Bahr at-tafsir», «Xatm al-avliyo», «Manozil ul-qurba», «Kitob al-huquq», «Al-farqu baynal oyoti val-karomot», «Ar-raddu ala Rofiza» kabi asarlari nafaqat diniy ilmlar, balki inson ma’naviyati, axloqi, ruhiy tarbiyasi va jamiyat taraqqiyoti uchun ham muhim ahamiyatga ega.
Hakim Termiziy inson qalbini poklash, ilm bilan amal birligi, ixlos, halollik, adolat, mehr-oqibat, mas’uliyat va komil inson g‘oyalarini o‘z ta’limotining asosi qilib olgan. Uning fikricha, insonning haqiqiy kamoloti tashqi ko‘rinish yoki da’volarda emas, balki ilm, taqvo, poklik va ezgu amallarda namoyon bo‘ladi.
Nega bugun Hakim Termiziy merosini o‘rganishga ehtiyoj yanada ortmoqda? Globallashuv, raqamli axborot makonining kengayishi, turli mafkuraviy tahdidlar kuchayib borayotgan bugungi murakkab sharoitda yoshlarni to‘g‘ri yo‘lga boshlaydigan ishonchli ma’naviy manbalarga ehtiyoj har qachongidan ham ortib bormoqda.
Bugungi kunda internet tarmoqlari orqali turli mutaassib, ekstremistik va radikal oqimlar yoshlarning ongiga ta’sir o‘tkazishga, muqaddas dinimiz mohiyatini buzib talqin qilishga, ilmsizlikdan foydalanib, ularni yot g‘oyalarga ergashtirishga harakat qilmoqda.
Prezident qarorida akademik tarjimalarni amalga oshirish, qo‘lyozmalarni o‘rganish, xalqaro konferensiyalar o‘tkazish, media mahsulotlar tayyorlash, teledasturlar, videopodkastlar va raqamli loyihalarni tashkil etish bo‘yicha belgilangan vazifalar aynan shu maqsadga — jamiyatda sog‘lom diniy-ma’rifiy muhitni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Bugun ilmsizlik ekstremizm uchun eng qulay muhit hisoblansa, haqiqiy ilm va ma’rifat uning eng kuchli raqibidir. Hakim Termiziy merosi esa ana shu ma’rifat maktabining yuksak namunasidir.
Qarorda belgilangan vazifalar tahlil qilinganda, ularni shartli ravishda bir nechta muhim yo‘nalishlarga ajratish mumkin.
Birinchidan, Hakim Termiziyning boy ilmiy merosini har tomonlama o‘rganish va keng jamoatchilikka yetkazish.
Ikkinchidan, uning asarlarini akademik tarjimalar asosida nashr qilish orqali milliy diniy-ma’rifiy adabiyotlar xazinasini boyitish.
Uchinchidan, xalqaro ilmiy hamkorlikni kuchaytirish va termiziyshunoslikni yangi bosqichga olib chiqish.
To‘rtinchidan, yoshlar tarbiyasida alloma merosidan keng foydalanish.
Beshinchidan, ziyorat turizmi, raqamli texnologiyalar va zamonaviy media vositalari orqali Hakim Termiziy merosini dunyoga keng targ‘ib qilish.
Bu vazifalarning barchasi mamlakatimizda amalga oshirilayotgan «Inson qadri uchun» tamoyiliga asoslangan davlat siyosatining mantiqiy davomidir.
Qarorning eng muhim jihatlaridan biri — Hakim Termiziyning ilmiy merosini akademik-izohli tarjimalar asosida nashr qilish vazifasining belgilanganidir.
Ayniqsa, «Navodir al-usul» va «Bahr at-tafsir» kabi asarlarning o‘zbek tilida izohli tarjimalarini chop etish belgilab qo‘yilgani katta ahamiyatga ega. Ushbu nodir manbalar inson kamoloti, axloq, huquq, ilmi, adolat, ma’naviyat, ijtimoiy munosabatlar, jamiyat barqarorligi kabi masalalarga bag‘ishlangan fundamental ilmiy asarlar hisoblanadi. Bugungi kunda dunyoda ekstremizm, terrorizm va diniy radikalizm insoniyat xavfsizligiga tahdid solayotgan asosiy omillardan biri hisoblanadi.
Afsuski, ba’zi buzg‘unchi kuchlar islom dinining muqaddas tushunchalarini noto‘g‘ri talqin qilib, yoshlarni yot g‘oyalarga jalb qilishga harakat qilmoqda. Alloma o‘z asarlarida haqiqiy musulmonning eng muhim sifati ilm, axloq, taqvo, bag‘rikenglik va halollik ekanini ilmiy dalillar bilan asoslab bergan. Uning qarashlarida adovat, zo‘ravonlik, mutaassiblik yoki insonlarni ajratish, tahqirlash g‘oyalari mutlaqo uchramaydi. Aksincha, u qalb tarbiyasi, poklik, insonga muhabbat va adolatni ustuvor qadriyat sifatida ko‘radi. Shu bois qarorda Hakim Termiziy ta’limotini keng targ‘ib qilishga alohida urg‘u berilayotgani mamlakatimizda ekstremizmga qarshi ma’naviy immunitetni yanada kuchaytirishga xizmat qiladi. Ushbu Qaror tahlil qilinganda, uning markazida aynan yoshlar masalasi turganini ko‘rish mumkin. Chunki mamlakat kelajagi bilimli, yuksak ma’naviyatli, mustaqil fikrlaydigan yoshlar qo‘lidadir. Shu nuqtai nazardan qarorda diniy ta’lim muassasalari talabalari o‘rtasida «Hakim Termiziy asarlari bilimdoni» tanlovini tashkil etish belgilangani katta ahamiyatga ega. Bu tanlov yoshlarni kitob mutolaasiga jalb qilib, ajdodlar ilmiy merosi bilan tanishishga undaydi hamda islom ilmlari bo‘yicha bilimlarini mustahkamlaydi. Eng muhimi, ularda ajdodlar bilan faxrlanish tuyg‘usini shakllantiradi. Chunki o‘z tarixini bilgan yosh hech qachon yot g‘oyalarga ergashmaydi.
Termiziyshunoslikning yangi bosqichi. Qarorning yana bir muhim jihati — termiziyshunoslik ilmiy maktabini rivojlantirishga qaratilganidir. Prezident qarorida xorijiy davlatlarda saqlanayotgan qo‘lyozmalarni aniqlash, ularning nusxalarini O‘zbekistonga olib kelish, tadqiq qilish, restavratsiya qilish hamda olimlar ishtirokida muntazam xalqaro anjumanlar tashkil etish vazifalari belgilangan. Bu ishlar kelgusi yillarda nafaqat Hakim Termiziy, balki butun Termiz ilmiy muhitini yanada chuqur tadqiq qilish imkoniyatini yaratadi.
Bugun Hakim Termiziy merosi nafaqat musulmon olami, balki butun insoniyat uchun umumbashariy ahamiyatga ega ma’naviy boylikdir. Uning inson kamoloti, ma’naviy poklik, adolat, ilm va axloq haqidagi qarashlari millat, din va hudud tanlamaydigan umuminsoniy qadriyatlarni ifoda etadi. Shu bois uning ta’limotini xalqaro miqyosda keng targ‘ib qilish Yangi O‘zbekistonning nufuzini yanada oshirishga xizmat qiladi.
Qarorda Hakim Termiziy ziyoratgohiga olib boruvchi yo‘l infratuzilmasini yaxshilash, ziyoratgoh va unga tutash hududlarni obodonlashtirish, zamonaviy servis xizmatlarini yo‘lga qo‘yish hamda mahalliy va xorijiy sayyohlar uchun qulay sharoitlar yaratish vazifalari ham alohida belgilab qo‘yilgan.
Bu, avvalo, yurtimizda ziyorat turizmini yanada rivojlantirishga xizmat qiladi. Keyingi yillarda Samarqand, Buxoro, Termiz, Xiva va Qarshi kabi tarixiy shaharlarimizga tashrif buyurayotgan xorijiy sayyohlar soni tobora ortib bormoqda. Ular nafaqat tarixiy obidalar, balki buyuk allomalarimiz hayoti va ilmiy merosi bilan tanishishga ham qiziqish bildirmoqdalar. Hakim Termiziy ziyoratgohining zamonaviy ziyorat va ma’rifat markaziga aylantirilishi nafaqat Surxondaryo viloyati, balki butun mamlakat turizm salohiyatining yuksalishiga, yangi ish o‘rinlari yaratilishiga va hudud iqtisodiyotining rivojlanishiga ham munosib hissa qo‘shadi. Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarning tub maqsadi — mamlakatimizda Uchinchi Renessans poydevorini barpo etishdir. Tarixga nazar tashlasak, Birinchi va Ikkinchi Renessans davrlarida Markaziy Osiyodan yetishib chiqqan Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Hakim Termiziy, Forobiy, Beruniy, Ibn Sino, Mirzo Ulug‘bek kabi allomalar ilm-fan taraqqiyotiga ulkan hissa qo‘shgan. Bugun ana shu buyuk an’analarni davom ettirish, ilm-ma’rifatga asoslangan taraqqiyotni ta’minlash Yangi O‘zbekiston davlat siyosatining ustuvor vazifasiga aylandi.
Hakim Termiziyning boy ilmiy-ma’naviy merosi Uchinchi Renessansning ma’naviy tayanchlaridan biri hisoblanadi. Uning ta’limotida ilm va axloq, e’tiqod va ma’rifat, inson va jamiyat uyg‘unligi haqidagi g‘oyalar bugungi taraqqiyot strategiyasi bilan hamohangdir.
Prezident qarorida ko‘zlangan eng ulug‘ maqsadlardan biri — yoshlarni ajdodlarga munosib voris etib tarbiyalashdir. Hakim Termiziy merosini chuqur o‘rgangan yosh avlod o‘z tarixi, madaniyati va milliy qadriyatlarini anglaydi. Bunday yoshlar ilm-fanga intiladi, yurtiga muhabbat bilan yashaydi, millat taqdiriga daxldorlik hissini tuyadi. Eng muhimi, ular turli buzg‘unchi va radikal oqimlarning yolg‘on g‘oyalariga qarshi mustahkam mafkuraviy immunitetga ega bo‘ladi. Chunki haqiqiy ilm va ma’rifatga ega inson har qanday yot mafkurani tanqidiy baholay oladi, uning asossizligini anglaydi. Shu ma’noda Hakim Termiziy ta’limoti nafaqat diniy bilim manbai, balki vatanparvarlik, millatparvarlik, insonparvarlik va yuksak ma’naviyat maktabidir.
Qarorda belgilangan vazifalarning hayotga to‘liq tatbiq etilishi natijasida Hakim Termiziyning boy ilmiy-ma’naviy merosi yanada chuqur o‘rganiladi, uning asarlari mazmun-mohiyati xalqimiz yetib borigi ta’minlanadi, xorijiy olimlar bilan ilmiy hamkorlik mustahkamlanadi va termiziyshunoslik ilmiy maktabi yangi taraqqiyot bosqichiga ko‘tariladi.
Buyuk mutafakkir, yetuk olim, mutasavvif va muhaddis Hakim Termiziyning boy ilmiy-ma’naviy merosini chuqur o‘rganish va uni hayotimizga keng tatbiq etish orqali Yangi O‘zbekistonning ma’naviy poydevori yanada mustahkamlanadi. Zero, allomaning ilm-ma’rifat, axloqiy kamolot, insonparvarlik, bag‘rikenglik va ezgulikka asoslangan ta’limoti bugungi taraqqiyotimiz maqsadlari bilan hamohangdir. Uning bebaho merosi Uchinchi Renessans g‘oyalarini mazmunan boyitib, yosh avlodni yuksak ma’naviyat, chuqur bilim va vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda muhim manba bo‘lib xizmat qiladi. Hakim Termiziy ilmiy qarashlarini keng targ‘ib etish esa mamlakatimizda ilm-fan, ma’rifat, tinchlik va barqaror taraqqiyot muhitini yanada mustahkamlashga, O‘zbekistonning jahon sivilizatsiyasidagi munosib o‘rnini yuksaltirishga xizmat qiladi.
Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori o‘rinbosari, filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) – Jamahmatov Karomiddin