ILMNI HIKMAT, E’TIQODNI AXLOQ, HUQUQNI MAS’ULIYAT BILAN UYG‘UNLASHTIRGAN ALLOMA

by Matbuot xizmati
115 👁️

Hakim Termiziy tavalludining 1200 yilligiga

Keyingi yillarda yangi O‘zbekistonda diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar xalqimizning tarixiy xotirasini tiklash, buyuk allomalarimizning muborak nomlarini ulug‘lash, ular qoldirgan boy ilmiy merosni chuqur tadqiq etish va jahon jamoatchiligiga yetkazishga xizmat qilmoqda. Bu ezgu ishlar o‘tmishni xotirlash bilangina cheklanmay, milliy o‘zlikni anglash, yoshlarni sog‘lom e’tiqod va teran tafakkur ruhida tarbiyalash, ilm-ma’rifatga asoslangan jamiyatni shakllantirishdek ulug‘ maqsadlarga qaratilgan.

Prezidentimizning 2026 yil 24 iyuldagi “Buyuk vatandoshimiz, hadis va tasavvuf ilmining yetuk namoyandasi Hakim Termiziy tavalludining 1200 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi qarori ana shu izchil islohotlarning mantiqiy davomi bo‘ldi.

Mazkur tarixiy hujjatda Hakim Termiziyning ibratli hayot yo‘li, islomiy tafakkur taraqqiyotiga qo‘shgan munosib hissasi va boy ilmiy-ma’naviy merosini milliy hamda xalqaro miqyosda chuqur o‘rganish va keng targ‘ib etish bo‘yicha muhim vazifalar belgilandi.

Ushbu qaror qabul qilinishi arafasida mamlakatimizda yana bir yirik ma’rifiy voqea yuz berdi. 2026 yil 7-11 iyul kunlari Toshkent, Samarqand va Termiz shaharlarida “Islom sivilizatsiyasi I Xalqaro forumi: tinchlik, bag‘rikenglik va ilm-ma’rifat yo‘li” tashkil etildi. Forum islom sivilizatsiyasining ilm-fan, madaniyat va ma’naviy taraqqiyotga qo‘shgan hissasini namoyon etish, uning insonparvarlik va ma’rifatparvarlik mohiyatini jahonga yetkazishga qaratildi. Anjumanda dunyoning o‘nlab mamlakatlaridan davlat va jamoat arboblari, vazirlar, muftiylar, olimlar, tadqiqotchilar hamda xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.

Forumning muhim tarkibiy qismi sifatida Termiz shahrida “Termiz hadis maktabi: allomalar merosi va zamonaviy tadqiqotlar” mavzusidagi IV xalqaro kon ferensiya bo‘lib o‘tdi. O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va ICESCO hamkorligida tashkil etilgan anjumanda Imom Termiziy, Hakim Termiziy va Termiz hadisshunoslik maktabi namoyandalarining jahon ilm-fani taraqqiyotiga qo‘shgan hissasi muhokama qilindi. Konferensiyada Hakim Termiziy merosini zamonaviy ilmiy yonda shuvlar asosida tadqiq etish, qo‘lyozmalarni o‘rganish va xalqaro akademik hamkorlikni kengaytirishga doir muhim takliflar ilgari surildi.

Shu ma’noda, davlatimiz rahbarining Hakim Termiziy tavalludining 1200 yilligini keng nishonlash to‘g‘risidagi qarori Termizda yangragan ilmiy fikrlar, ma’rifiy tashabbuslar va xalqaro hamkorlik g‘oyalarining amaliy davomi bo‘ldi deyish mumkin.

Musulmon olamining yirik mutafakkiri Abu Abdulloh Muhammad ibn Ali ibn Hasan ibn Bishr ibn Horun Hakim Termiziy taxminan 820-830 yillar oralig‘ida Termizda tug‘ilgan.

Alloma ilm va ma’rifat muhiti hukmron bo‘lgan oilada voyaga yetgan. Uning otasi musulmon dunyosida tanilgan muhaddislardan bo‘lgan. Onasi va ona tomondan bobosi ham hadis ilmi bilan shug‘ullangani qayd etiladi. Shu bois, Hakim Termiziy yoshligidanoq ilmiy muhitda tarbiya topdi. Sakkiz yoshidan intildi. Islom ta’limotidagi hukm va amallarning ichki ma’nolarini nazariy jihatdan sharhlab bergani uchun unga “hakim” — donishmand, hikmat sohibi degan yuksak nom berilgan.

Hakim Termiziy insonni faqat tashqi xatti-harakatlari asosida emas, balki qal bi, niyati, tafakkuri va ruhiy olami bilan yaxlit holda o‘rgangan. Shu jihatdan uning ilmiy merosi islom tafakkurida hikmat, axloq, ruhiyat va ma’rifat masalalarini bir tizimda tadqiq etgan noyob ilmiy maktabdir.

Uning asarlari mavzu va mazmun jihatidan nihoyatda keng qamrovli. Alloma “Bahrut-tafsir” (Tafsir ummoni) asarida aqliy va naqliy tafsir uslublarini uyg‘unlashtirishga harakat qilgan. Qur’on oyatlarini rivoyatlar asosida sharhlash bilan birga ularning ma’nosi, hikmati va inson ma’naviyhayotiga ta’sirini ham ochib bergan.

Hakim Termiziy asarlarining markazida inson turadi. U insonni faqat tashqi xatti harakatlari bilan emas, balki qalbi, niyati, axloqi va ichki ma’naviy olami bilan bir butun holda tadqiq etadi.

Alloma nazdida ilm insonni manmanlikka emas, kamtarlikka, adovatga emas, mehr oqibatga, jaholatga emas, hikmat va ma’rifatga yetaklashi kerak. Amalning qadri uning tashqi ko‘rinishi bilangina emas, balki ixlos va ezgu niyat bilan belgilanadi.

Shu ma’noda, Hakim Termiziy merosidagi qalb pokligi, insonparvarlik, halollik va ezgulik g‘oyalari yangi O‘zbekistonda qaror topayotgan “Inson qadri uchun” tamoyili bilan hamohangdir. Jamiyatning ma’naviy yuksalishi, eng avvalo, inson qalbida mehr muruvvat, ahillik, shukronalik va boshqalar taqdiriga daxldorlik tuyg‘ularini shakllantirishdan boshlanadi.

Hakim Termiziyning ilmiy-ma’naviy merosi ana shu fazilatlarni inson hayotining ajralmas qismiga aylantirishga xizmat qiladigan buyuk tarbiya maktabidir. Shu tariqa Hakim Termiziy tafsir, hadis va tasavvuf bilan birga shariat maqsadlari, inson psixologiyasi, axloqshunoslik va bilish nazariyasiga doir qarashlarni ham birinchilardan bo‘lib tizimlashtirgan.

Allomadan 80 ga yaqin asar qolgani qayd etiladi. Ularning katta qismi nashr etilgan bo‘lsa, ayrim nodir qo‘lyozmalari hozirga qadar jahonning turli kutubxona va qo‘lyozma fondlarida saqlanmoqda.

Muhaddis yashagan davrda islom olamida turli falsafiy qarashlar, siyosiy guruhlar va aqidaviy oqimlar o‘rtasida keskin bahslar kechgan. Alloma bunday sharoitda sof islom ta’limotini asrash, diniy manbalarni buzib talqin qilishga qarshi ilmiy asosda javob berishga alohida ahamiyat qaratgan.

 U “Ar-Radd alar-rofiza” (Rofiziylarga raddiya) kabi maxsus raddiya asarlarini yozgan. “Navodir ul-usul” va boshqa kitoblarida esa mo‘tazila, xavorij hamda turli adashgan firqalarning qarashlariga ilmiy munosabat bildirgan. Uning asarlarida ilm va axloq uyg‘unligi, e’tiqodda mo‘tadillik ustuvor o‘rin tutadi. Bu esa Movarounnahrda sof islom e’tiqodining saqlanishi va yoyilishiga xizmat qilgan.

Shu nuqtai nazardan, Hakim Termiziyni islom hikmat nazariyasi ko‘rinishida namoyon bo‘lgan islom falsafasining ilk darg‘alari dan biri deb baholash mumkin. Uning ilmiy uslubida naql va aql, e’tiqod va tafakkur, ilm va ma’naviy tajriba bir-birini to‘ldirib turadi.

Hakim Termiziyning tug‘ilgan va vafot etgan sanalari aniq qayd qilingan ishonchli manba hozirgacha uchramagan. Qator tadqiqotlarda uning 932 yilda vafot etgani ko‘rsatiladi. Tavallud sanasi bo‘yicha esa dunyo olimlarining tarixshunoslik va manbashunoslik nuqtai nazaridan o‘tkazgan qiyosiy tahlillari alloma 820-830 yillar oralig‘ida tug‘ilganini ko‘rsatadi.

Olim merosining yirik tadqiqotchilaridan Bernd Radtke va Jon O‘keyn: “Hakim Termiziy hijriy 205-215, milodiy 820-830 yillar orasida tug‘ilgan”, degan xulosaga kelgan. Shu ilmiy xulosalardan kelib chiqib, 2026 yilda Hakim Termiziy tavalludining 1200 yilligini nishonlash tarixiy va manbashunoslik jihatidan asoslangan muhim qaror hisoblanadi.

Prezidentimiz qarorida nazarda tutilgan vazifalar keng qamrovli bo‘lsada, ularning barchasini yagona maqsad — Hakim Termiziy merosini tizimli tadqiq etish, xalqimizga yaqinlashtirish va xalqaro ilmiy muomalaga keng olib kirish g‘oyasi birlashtirib turadi.

Avvalo, 2026 yil noyabr oyida Termiz shahrida “Hakim Termiziy ilmiy-ma’naviy merosining bugungi kundagi ahamiyati” mavzusida xalqaro konferensiya o‘tkazilishi belgilandi. Unda alloma merosining hadis shunoslik, tasavvuf, tafsir, axloq, ruhiyat va islom tafakkuri taraqqiyotidagi o‘rni zamonaviy ilmiy yondashuvlar asosida muhokama qilinadi.

Qarorning eng muhim yo‘nalishlaridan yana biri — Hakim Termiziyning “Navodir ul-usul” va “Bahrut-tafsir” asarlari hamda alloma merosiga oid boshqa manbalarning o‘zbek va xorijiy tillardagi ilmiy-izohli akademik tarjimalarini tayyorlash va nashr etishdir.

Bu vazifa oddiy tarjimadan ancha keng mazmunga ega. Buning uchun dunyo fondlarida saqlanayotgan qo‘lyozma nusxalarini aniqlash, ularni qiyosiy o‘rganish, ilmiy-tanqidiy matnlarni tayyorlash, murakkab istiloh va tushunchalarni sharhlash talab etiladi. Natijada Hakim Termiziyning asarlari nafaqat mutaxassislarga, balki talabalar, yosh tadqiqotchilar va keng kitobxonlar ommasiga ham yetib boradi.

Shuningdek, alloma ilmiy merosiga mansub qo‘lyozmalar, qadimiy kitoblar va boshqa madaniy boyliklarni tadqiq etish, restavratsiya qilish hamda munosib saqlash bo‘yicha vazifalar belgilandi. Fanlar akademiyasi, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va Madaniy meros agentligining bu yo‘nalishdagi hamkorligi milliy qo‘lyozmashunosligimiz taraqqiyotiga yangi sur’at bag‘ishlaydi.

Hakim Termiziy merosini o‘rganish faqat akademik doiralar vazifasi emas. Unda ilgari surilgan ilm, axloq, qalb pokligi, halollik, sabr, shukronalik va insonparvarlik g‘oyalari yosh avlod tarbiyasi uchun muhim ahamiyatga ega.

Qarorda termiziy allomalarning bag‘rikenglik, insonparvarlik va ma’naviy poklikka doir g‘oyalarini o‘rganish va ommalashtirish, termiziyshunoslikka oid tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida davlat ijtimoiy buyurtmalarini e’lon qilib borish tavsiya etildi.

Diniy ta’lim muassasalari talabalari o‘rtasida “Hakim Termiziy asarlari bilimdoni” tanlovini o‘tkazish belgilangani ham alohida ahamiyatga ega. Bu tanlov yoshlarni alloma asarlarini bevosita mutolaa qilish, ulardagi g‘oyalarni anglash va zamonaviy hayot bilan bog‘lab tahlil etishga undaydi.

Bugungi murakkab axborot muhitida yoshlar ajdodlarimizning sof ilmiy merosini qanchalik puxta bilsa, diniy tushunchalarni buzib talqin qiluvchi soxta da’vatlar va yot g‘oyalarga qarshi shunchalik mustahkam ma’naviy immunitetga ega bo‘ladi.

Qarorda Hakim Termiziy yodgorlik majmuasi va unga tutash hududlarni obodonlashtirish, uni zamonaviy ma’rifat va ziyorat maskaniga aylantirish vazifasi ham belgilandi.

Bu yondashuv tarixiy obidani ta’mirlash bilangina cheklanmaydi. Majmuada allomaning hayoti va ilmiy merosini aks ettiruvchi zamonaviy ekspozitsiyalar, raqamli axborot tizimlari, turli tillardagi audio va video materiallar, elektron kutubxona hamda interaktiv ta’lim vositalarini joriy etish imkonini beradi.

Natijada Hakim Termiziy majmuasi tabarruk ziyoratgoh bo‘lish bilan birga mahalliy va xorijiy sayyohlar, olimlar, talabalar va yoshlar uchun xalqaro ilmiy-ma’rifiy markazga aylanadi. Bu esa Termizni jahon islom sivilizatsiyasining qadimiy ilm markazlaridan biri sifatida keng targ‘ib etishga xizmat qiladi.

Qarorda “Termiziy hikmatlari” rukni ostida ko‘rsatuvlar, eshittirishlar va infografikalar tayyorlash, alloma tavalludining 1200 yilligiga bag‘ishlangan esdalik buyumlar, pochta markalari va taqvimlar yaratish ham nazarda tutilgan. Hakim Termiziy xotirasiga bag‘ishlangan xalqaro kurash turnirini “Mardlar maydoni” shiori ostida yuqori saviyada o‘tkazish va uning xalqaro brendini shakllantirish ham ma’naviy meros bilan milliy sportni uyg‘unlashtiradi.

So‘nggi yillarda O‘zbekiston buyuk allomalar merosini xalqaro maydonlarda taqdim etish orqali o‘ziga xos ma’rifiy diplomatiyani amalga oshirmoqda. Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy va Hakim Termiziy asarlaridagi tinchlik, adolat, bag‘rikenglik va insonparvarlik g‘oyalari nafaqat musulmon olami, balki butun insoniyat uchun umumiy ma’naviy boylikdir.

Ta’kidlaganimizdek, yaqinda o‘tkazilgan Islom sivilizatsiyasi I Xalqaro forumi ham O‘zbekistonning ana shu ma’naviy-ilmiy missiyasini yaqqol namoyon etdi. Forum ishtirokchilari mamlakatimizning islom ilm-fani, madaniyati va ma’rifatining qadimiy beshiklaridan biri sifatida gumani tar hamkorlik va sivilizatsiyalar o‘rtasidagi muloqotdagi mavqei mustahkamlanib borayotganini e’tirof etdi.

Hakim Termiziy tavalludining 1200 yilligini xalqaro miqyosda nishonlash esa bu jarayonning navbatdagi muhim bosqichi bo‘ladi. Alloma merosidagi qalb pokligi, ilm va amal uyg‘unligi, insonparvarlik, mo‘tadillik va ma’naviy mas’uliyat g‘oyalari O‘zbekistonning jahonga yo‘llayotgan ma’rifat da’vati bilan hamohangdir.

Muhaddisning ilmiy-ma’naviy merosi tarix sahifalarida qolib ketgan nodiryodgorlik emas. U har bir davrda insonni o‘z qalbiga nazar solishga, ilmni hikmat, e’tiqodni axloq, huquqni mas’uliyat bilan uyg‘unlashtirishga chaqiruvchi hayotbaxsh manbadir.

Prezidentimizning ushbu qarori alloma tavalludining 1200 yilligini nishonlash bilan birga termiziyshunoslikning uzoq muddatli taraqqiyoti uchun mustahkam poydevor yaratadi. Asarlarning akademik nashrlari, qo‘lyozmalarning tadqiq va restavratsiya qilinishi, xalqaro konferensiyalar, yosh olimlarni qo‘llab-quvvatlash, ziyoratgohni zamonaviy ma’rifat maskaniga aylantirish kabi vazifalar bir-birini to‘ldiruvchi yagona ilmiy-ma’rifiy dasturni tashkil etadi.

Buyuk allomaning 1200 yillik yubileyini keng nishonlash Termiz zaminining jahon ilm-fani va islom sivilizatsiyasi rivojiga qo‘shgan ulkan hissasini yana bir bor namoyon etadi. Eng muhimi, bu tarixiy qaror xalqimizni Hakim Termiziy qoldirgan hikmat va ma’rifat ziyosidan yanada keng bahramand etib, kelajak avlodlarni buyuk ajdodlarga munosib voris bo‘lib yashashga undaydi.

“Hakim Termiziy merosining yirik tadqiqotchilaridan Bernd Radtke va Jon O‘keyn: “Hakim Termiziy hijriy 205-215, milodiy 820-830 yillar orasida tug‘ilgan”, degan xulosaga kelgan. Shu ilmiy xulosalardan kelibchiqib, 2026 yilda alloma tavalludining 1200 yilligini nishonlash tarixiy va manbashunoslik jihatidan asoslangan muhim qaror hisoblanadi.”

“Hakim Termiziy insonni faqat tashqi xatti-harakatlari asosida emas, balki qalbi, niyati, tafakkuri va ruhiy olami bilan yaxlit holda o‘rgangan. Shu jihatdan uning ilmiy merosi islom tafakkurida hikmat, axloq, ruhiyat va ma’rifat masalalarini bir tizimda tadqiq etgan noyob ilmiy maktabdir.”

Muzaffarxon Joniyev – Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori,tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori

Manzil: Surxondaryo viloyati Termiz shahri Shimoliy darvoza ko’chasi 3-uy


Telefon: +998 55 451 05 99


E-Mail: termiziycenter@gmail.com


Whatsapp: +998 55 451 05 99

©2017-2025 Imam Termizi ISRC- All Right Reserved. Designed and Developed by Shokhzamon

© 2017 by Imam Termizi ISRC is licensed under CC BY-SA 4.0
Яндекс.Метрика