HAKIM TERMIZIYNING HADIS ILMIDAGI O‘RNI

by Matbuot xizmati
33 👁️

Hakim Termiziy yashab ijod etgan davr hadis ilmining taraqqiy etgan zamoni bo‘lib, bu paytda hadis ilmining yirik namoyandalari Imom Buxoriy, Imom Muslim, Abu Iso Termiziy, Imom Dorimiy va boshqa mashhur muhaddislar yetishib chiqdilar. III/IX asr hadis ilmi tarixida «oltin asr» hisoblanib, bu davrda Payg‘ambar (a.s.) sunnatlarini tartibga keltirish, hadis ilmiy atamalarini belgilash, eng muhimi, sahih hadislarni o‘zida jam qilgan qimmatli manbalar tuzish kabi ulkan ishlar amalga oshirildi.

Mazkur davrda yashagan mashhur alloma Hakim Termiziy ham an’anaviy tarzda hadis ilmi bilan shug‘ullangan. O‘zining “Bad’ ash-sha’n” asarida asarida bolaligidanoq ilmiy muhitda o‘sganini yozib o‘tgan. Xatib Bag‘dodiyning “Tarixi Bag‘dod” asarida Hakim Termiziyning otasi muhaddis bo‘lgani va hadis rivoyat qilgani qayd etilgan. Jumladan, “Navodir al-usul” asarida otasidan 80 dan ortiq hadis rivoyat qilgan. Otasining 52 roviysini keltirgan. Ularning aksariyati “ishonchli” deb topilgan[1]. Hakim at-Termiziy o‘zining “ar-Radd ala-l-muattila” asarida o‘z onasidan ham hadis rivoyat qiladi. Shuningdek, uning ota va ona tomonidan bobolari ham hadis rivoyat qilganlari haqida ma’lumotlar keltirilgan. Uning o‘zi ham o‘z davridagi ko‘plab muhaddislardan hadis o‘rgangan. Misrlik olim Muhammad Ibrohim Juyushiy Hakim Termiziyning hadis ilmidagi 170 ga yaqin ustozini nomma-nom keltirgan. Boshqa bir arab tadqiqotchisi Nuruddin Burduriy “Navodir al-usul”dagi 223 nafar roviyni qayd etgan[2]. Shuning uchun ham tabaqot asarlarida uning ismi yonida “al-hakim” bilan bir qatorda hadis ilmidagi yuqori martabaga dalolat qiluvchi “al-hofiz” nomi ham keltiriladi.

Hakim Termiziy o‘z asarlarini ta’lif etishda quyidagi manbalarga murojaat etgan:

– Qur’oni karim;

– qudsiy hadislar;

– nabaviy hadislar;

– boshqa payg‘ambarlarning qavllari;

– sahobiylar so‘zlari;

– tobeiy va tabaa tobeiylar so‘zlari;

– zohidlar so‘zlari;

– o‘sha davr mashhur shaxslari so‘zlari;

– isroiliyotlar;

– she’riy namunalar;

– «xabarlarda keltirilishicha», «tafsir ahlining aytishicha», «salaflarning ba’zilaridan so‘ralganda», «menga yetib kelgan xabarlarda», «ba’zi tobeiylar dedilar» tarzida keltirilgan ma’lumotlar;

– Hakim Termiziyning shaxsiy qarashlari.

Lekin Hakim Termiziyning hadislarga bo‘lgan yondashuvi yuqorida zikr etilgan muhaddislarning hadislarni jamlash, saralash, boblarga ajratish kabi uslublaridan tubdan farq qiladi. Uning ilmiy merosini o‘rgangan olimlar Hakim Termiziyning hadisga yondashuvida asosiy uch uslubni ajratib ko‘rsatadilar:

  • tasavvufiy mazmunga dalolat qiluvchi hadislarni jamlash, ulardagi valoyat, avliyolar, ilhom va farosat kabi tushunchalarning mohiyatini sharhlash,
  • bir mavzuga oid hadislarni sharhlamay to‘plash; (bu uslubini at-Termiziy “ar-Radd ala-l-muattila” kitobida qo‘llab, unda mo‘taziliylarning qarashlarini puchga chiqaruvchi hadislarni bir yerga jamlagan)
  • hadislarni jamlash va ularni sharhlash asosida yo‘riqlar berish (“al-Manhiyot” asarida “qaytariq, taqiqlash” mazmunidagi hadislarni jamlab, taqiq nima sababdan qo‘yilganining hikmati haqida bahs yuritiladi).  

Hakim Termiziy ilmiy merosida hadislarning o‘rni ham beqiyos. Zero, sufiylar ham hadisga o‘ziga xos tarzda murojaat qilganlar. Ularning asarlarida faqatgiga rivoyat qilish emas, balki uni tasavvufiy sharhlash jihatlari ham muhim o‘rin tutgan.

Qur’onda muhkam va mutashobih bo‘lganidek, sunnatda ham tushunilishi aniq bo‘lgan va tushunilishi muayyan talablar asosida bo‘lgan hadislar bor. Sufiylarda hadisni tushunishda tasavvufga xos bo‘lgan usullar sifatida kashf, ro‘yo, ilhom kabilarni qayd etish mumkin[3]. Bu an’anaviy usuldan farqli usul hisoblanadi. Ilk sufiylar o‘z asarlarida an’anaviy yo‘l bilan bir qatorda aynan shunday yo‘lni tutishga harakat qilganlar.

Sufiylar rivoyat qilgan hadislarning darajasi haqida turli fikrlar mavjud bo‘lsada, lekin ular hadislarni o‘z usullari asosida tanlab olganiga e’tibor qaratish darkor. Imom Buxoriy, Muslim, Doraqutniy yoki Ibn Hajar darajasida bo‘lmasada, hadis bilan shug‘ullangan sufiylar, faqihlar, mufassirlar, mutakallimlar va boshqalar bo‘lgan[4].

Abu Abdurahmon Sulamiyning “Tabaqot as-sufiyya” asari ko‘rib chiqilsa, asarda hijriy II asrdan boshlab kiritilgan va besh tabaqaga bo‘lingan 100 dan ortiq sufiyning tarjimai holida 38 tasi hadis ilmi bilan shug‘ullangani, hadis rivoyat qilgani, ulardan yana 16 nafari hadisga qiziqishi tufayli hadis kitoblariga kiritilgani qayd etilgan. Bu ma’lumotlarni Abu Nuaymning “Hilyat al-Avliyo”, Ibn Javziyning “Sifat as-Safva” va Sha’roniyning “at-Tabaqa al-Kubro” asarlari ham bir qadar tasdiqlaydi[5].

Hakim Termiziy ham hadis sharhi tarixi, ham ishoriy hadis sharhi tarixi jihatidan nihoyatda muhim o‘rin tutadi[6]. Ko‘p tadqiqotchilar Hakim Termiziyning «Navodir al-usul» asarini hadisning irfoniy sharhi mavzusida yozilgan ilk asar, deb hisoblaydilar.  Hakim Termiziy «Navodir al-usul»da rivoyat qilgan hadislari tufayli tanqid qilingan. Uning ko‘pgina hadislarining asli yo‘qligi, roviylariga ta’na qilingani aytilgan. Biroq asarlarida, xususan, «Navodir al-usul»da Imom Buxoriyning mashhur ustozlari Qutayba ibn Said Balxiy ( vaf. 854/56), Ali ibn Hujr Sa’diy (vaf. 858), Utba ibn Abdulloh Marvaziy (vaf. 858), Sufyon ibn Vaki’, Yahyo ibn Said ibn Ravq Naysoburiy kabi ko‘plab taniqli va ishonchli ustozlardan isnodlari bilan hadislar rivoyat qiladi[7]. Turkiyalik olim Mehmet Turan ham uning oliy va nozil sanadlar bilan hadislar rivoyat qilganini ko‘rsatib bergan[8]. Termiziyning ham hadis tanlab olishning maxsus metodikasi bo‘lgan. Shu tufayli u mintaqadagi boshqa muhaddislarning metodlarini ham tanqid qilgan. Hakim Termiziyning «Navodir al-usul» asaridagi hukmlarga doir hadislar sharhida uning fiqhiy qarashlari namoyon bo‘ladi. Uning fiqhga oid qarashlari hadislarning zohiri, maqsadi va botiniy jihatlarini yaxlitlikda qamrab oladi. Hakim Termiziyda fiqh va axloq o‘rtasidagi bog‘liqlikni ko‘rsatuvchi, hatto ularni yaxlit – bir butunlikda ajratmagan shakldagi sharhlari mavjud[9]. Aynan shu uslub Hakim Termiziyning o‘ziga xos fiqhiy qarashlarini namoyon etadi.

Hakim Termiziy «Navodir al-usul»da ipak, tilla va kumushdan ishlangan narsalardan foydalanish fiqhi haqida mulohaza yuritadi. Bu masalada Abu Hanifa Abu Yusuf o‘rtasidagi farqli hukmlarni ham keltiradi. Umuman olganda, Hakim Termiziyning fiqhiy talqinlari sufiyona mohiyat bilan uyg‘un. U hadislarning harfiy mazmunini inkor qilmaydi, ammo doimo ularning ichki mazmun-mohiyatini anglab olishga intiladi[10]. Hakim Termiziy hadis haqida gapirib turib, undan chiqadigan fiqhiy xulosalarni ham berib ketadi. Jumladan, Hakim Termiziyning “Navodir al-usul” asarida ham fiqhiy qarashlari ko‘p uchratish mumkin. Masalan, tayammum haqida asarda fikr yuritgan Termiziy uning fiqhiy jihatdan qaysi holatlarda qo‘llanilishi haqida to‘xtab o‘tadi: suv yo‘q bo‘lib, zarurat bo‘lganda tayammum qilsa, janobat va tahoratsizlik ketadi. Shuningdek, boshqa zaruriyatlarda ham tayammum qilinadi: majruh yoki qamalda qolgan bo‘lsa, qattiq sovuqda halokat yetishidan qo‘rqsa, ayol kishi vafot etsa-yu, uni yuvadigan ayol topilmasa, yoki erkak kishi vafot etsa-yu, uni yuvadigan erkak topilmasa, yoki janoza hozir bo‘lib turganda o‘tib ketishidan qo‘rqsa, yoki ehtiyot yuzasidan, jumladan, agar siydik tegishidan poklanish uchun, uyquda uyg‘onib qolsa, uyqusining qolgan qismi tahoratda bo‘lishi uchun, masjidda uxlab qolsa va uyg‘onganda masjiddan tahoratda chiqishi kabi holatlarda[11].      

Termiziy ahli hadisning hadisga yondashuv metodikasini qayta ko‘rib chiqadi. Hadislarga yondashuvda Termiziy ko‘proq faqihlar uslubiga yaqin bo‘ladi. Hakim Termiziy muhaddislarni 3 turga ajratadi: 1) ruvot (roviylar) – ularni Termiziy hadislarning sanadi, roviylar bilangina ovora bo‘lib, nosix va mansux hamda om va xosni ajratmay, ma’nosi ochiq bo‘lmagan (g‘omid)larni farqlamasliklari, maqsadlari faqat yozish va yod olish bo‘lib qolgani, fikrlari boblar, sanadlar roviylar yo‘llari bilan cheklanib qolganini tanqid qilib, ilmning faqat po‘stlog‘ini qo‘lga kiritganlar, deydi; 2) vuot (anglab yetganlar) – Termiziy ularni hadislarning mag‘zini anglab yetishini maqtaydi: “Vuot (anglab yetganlar) Rasululloh (a.s.) hadislarini dindagi ishonchli, rozi bo‘lingan imomlardan olib, rioyasini qilganlar. Rioyasini qilishlari – istinbot qiladilar, hadisning ma’nolarini ochib beradilar, ta’vil jihatlarini o‘rganib zohirini botinga o‘giradilar… Vuot mudom (hadisning) ma’nolardagi pardalarni ochib borish va husni ta’vil talabidalar; 3) naqqolun – ular ruvotdan ham pastroq darajada bo‘lib, ularning sanadlarni terib chiqishlarini, hadis rivoyat yo‘llarini o‘rganishga o‘ta mashg‘ul bo‘lib, hadis ma’nolarini nazardan chetda qoldirishini tanqid qiladi[12].      

Termiziy ham hadisning sahihligini uning sanadi va roviylarini tekshirishga katta e’tibor qaratish bilan emas, balki uning matnini tekshirish, u hadisga amal qilinish holati yuzasidan baho berilishi kerakligini ta’kidlaydi. Hakim Termiziy isnodlarini yodlash bilan cheklanib, ma’noga e’tibor bermaydiganlar haqida «Shifo al-ilal» asarida: «Ular isnodlarini, rivoyat yo‘llarini yodlaydilar, roviylarni tahlil qilish, ularning illatlarini topishga zo‘r beradilar. Lekin hadislarning ma’nolari, lafzlari ularning diqqat e’tiboridan chetda qoldi. Qanchalab hadislarning bir so‘zi o‘zgarib ketishi oqibatida ularning asosiy ma’nosi ham o‘zgarib ketdi. Ular bunga e’tibor bermadilar, ular buni tadqiq etishdan ko‘ra roviylarning tanqidi bilan ovora bo‘ldilar. Falonchi falonchidan g‘arib, deb, ular soxtalashtirgan rivoyatni keltiradilar. So‘ngra uni inkor qiladilar. Bularning bari o‘zlarini ko‘rsatish, dunyodan yeb qolish uchun. Hasad va ta’na olovi o‘rtalarida bot-bot alangalanadi. Ular Alloh uchun qilmadilar bularni»[13], – deb yozadi. Yana bir o‘rinda faqih va muhaddislarni “tergab” o‘tadi: “Fiqh ilmi bilan “bezanib” olgan kishi butun vaqtini qiyos qilish, munozarada tovushini ko‘tarish bilan o‘tkazadi. Agar o‘zi uchun fikr qilsa, munozarada haqiqatga yetishishni maqsad qilganmi yoki raqibini yengishnimi?”[14] Shundan so‘ng, Termiziy ayrim muhaddislarni “sanadlar bilan bezanganlar” deb atab, davom etadi: “Sanadlar bilan bezanganlar bor vaqtini boblarga tasniflash, sanadlarni tartiblash, roviylarga ta’na qilish (yoki jarh qilish), (o‘zi to‘plagan hadislardagi mashhur) muhaddislar ismlaridan sarxush bo‘lish bilan o‘tkazadilar”. Shuningdek, Hakim Termiziy mazkur asarida hadis roviylarining o‘z rivoyatlarida isnodlarini bezash uchun taniqli kufalik, basralik yoki shomlik roviylarni keltirishga intilishlarini qoralaydi. Jumladan shunday deydi: «Bular bir hadisni avval o‘z yurtdoshidan eshitadilar, lekin keyinroq aynan shu hadisni kufalik, basralik yoki shomlikdan eshitsalar ulardan rivoyat qilib, o‘z yurtdoshini tark etadilar… Ular bu amallari, axloqlari, shamoyillari bilan odamlarni dovdiratdilar. Odamlarni ibodat yo‘lidan to‘sdilar, o‘zlari esa o‘ta adashgan va ibodatdan yiroqdirlar. Ruxsatlarni sotadilar hamda ulamolarning xatolarini to‘plab, lahvga beriladilar. Hukmdorlar sitam o‘tkazishlari va razil ichimliklarni iste’mol qilishlari, dunyo matohlariga berilishlariga yo‘l ochib beradilar»[15].

Yana bir boshqa o‘rinda “Ilm talabida yurtlarni kezadilar. O‘z yurt ulamolarini qo‘yib, ertasiga “bizga buni falonchi faloniy rivoyat qilgan” deb ommaga ko‘z-ko‘z qilish uchun boshqa diyor ulamolari nomlarini keltirish bilan ajralib turmoqchi bo‘ladilar” – deb norozilik bildiradi. Hakim Termiziy “Navodir al-usul” asarida hadislarning sahihini ajratib berishni hakimlar amalga oshira olishini aytib, ularning uslubi hadisning ma’nosini tafsilotlarigacha o‘rganish, so‘zlarning zohiriy va botiniy mazmunini tahlil qilish, Qur’on va sunnatga muvofiqligini tekshirish orqali to‘g‘ri xulosaga kelishdir[16].  Bu uslubda matn tanqidiga katta e’tibor qaratiladi. Shu o‘rinda aytish o‘rinliki, ahli hadis muhaddislar hadis matni tanqididan ko‘ra ko‘proq sanad tanqidi, roviylarni saralash masalasiga ko‘proq e’tibor qaratganlar. Bunga bir necha sabablar bor, jumladan: muhaddislarning maqsadi sanadning o‘zi emas, balki uni o‘rganish orqali matn sahihligini aniqlash bo‘lgan, zero ishonchli roviylardan qilingan rivoyat sahihligi kelib chiqadi; hadisga hukm chiqarishning eng muxtasar yo‘li ham sanad tanqidi orqali amalga oshadi; matn tanqidi esa mashaqqatli yo‘l, unga katta salohiyat talab etiladi»[17].

Ammo shu bilan birga “Bahr at-Tafsir” kitobida Hakim Termiziy ayrim hadis “roviylarini bekor qildik” (inna alg‘ayna) deb ayrim tark qilgan rivoyat yo‘llarini qayd etadi: Ibn Abbos, ibn Mas’ud, Qatoda, Mujohid, Dahhok, Sufyon ibn Vaki’, Abu Muoz Nahviy, Zayd ibn Aslamdan Hakim Termiziygacha yetib kelgan ba’zi rivoyat yo‘llari, jumladan, otasi orqali kelgan ayrim rad qilingan sanadlarni to‘liq shaklda keltiradi[18].   

Hakim Termiziyning hadis saralashga munosabati ham o‘ziga xos tarzda amalga oshadi. «Navodir al-usul» asarining 44-bobini aynan hadislarni saralash mavzusiga bag‘ishlagan. Mazkur bob avvalida quyidagi hadisni keltiradi:

عن أبي هريرة رضي الله عنه قال قال رسول الله صلى الله عليه وسلم: إذا حدثتم عني بحديث تعرفونه ولا تنكرونه قلته أو لم أقله فصدفوا به وإني أقول ما يعرف ولا ينكر وإذا حدثتم عني بحديث تنكرونه ولا تعرفونه فكذبوا به فإني لا أقول ما ينكر ولا يعرف[19].

[Ma’nosi: Agar mendan (ya’ni, Rasululloh s.a.v.dan) deb rivoyat qilingan, o‘zingiz bilgan hamda men aytgan yoki aytmaganligimni inkor qilmaydigan hadisni eshitsangiz uni tasdiqlanglar. Zero, men ma’ruf bo‘lgan va inkor qilinmagan narsalarni aytaman. Agar, mendan deb, sizlar inkor etadigan va bilmagan hadisni sizlarga rivoyat qilsalar, uni (hadisni) yolg‘onga chiqaringlar, zero, men inkor etiladigan va ma’ruf bo‘lmagan narsani aytmayman].

Ushbu hadis sharhida (asarda «ta’vil» so‘zi ishlatilgan تأويل حديث رسول الله صلعم) Hakim Termiziy deydi: «Kimki, Rasululloh (s.a.v.)dan aytilishi mumkin bo‘lgan hadisni boshqa lafzlar bilan keltirsa ham joizdir. Zero, Rasululloh (s.a.v.) hadislarning usul(o‘zagi, ildiz)ini aytganlar, sahobiy va tobeiylar ulardan keyin o‘sha usuldan far’(shahobcha-tarmoq)larini so‘zlaganlar. Agar bu far’ Rasululloh (s.a.v.) tomonlaridan aytilishi mumkin bo‘lgan bo‘lsa-yu, lekin u zot aytmagan bo‘lsalar ham biz uni (hadis sifatida) tasdiqlashimiz lozim[20]. Demak, allomaga ko‘ra, usul hadislar bu Rasululloh s.a.v. aytgan o‘zak hadis bo‘lib, sahobiy va tobeiylar undan boshqa hadislar chiqarib olishlari mumkindir. Lekin asosiy shart shuki, ushbu hadisni «sizlar o‘zingiz bilgan hamda men aytgan yoki aytmaganligimni inkor qilmaydigan» bo‘lishi kerak. Hadisdagi «sizlar» esa Rasululloh (s.a.v.)dan so‘ng haq yo‘lida va hidoyatga boshlash maqsadida so‘zlaydigan aql va basirat egalaridir (أولوا الألباب والبصائر). Ular esa – hakimlardir[21]. Demak, hakimlar hadisning to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri ekanligini ajratib bera oladilar. Bu o‘rinda biz hadislarni saralab olishning sanad orqali emas, balki hakimlar yordamida uning chuqur, botiniy ma’nolarini anglash orqali hadislar holatini aniqlash uslubiga duch keldik. Bu albatta ahl al-hadisning hadislarning ishonchli ekanini aniqlashdagi asosiy talablaridan tubdan farq qiladi.  

 Misol tariqasida Hakim Termiziy «aql va basirat egalari» inkor etgan bir qancha soxta hadislarni keltiradi. Muallif yozadi: «Haq so‘zlovchilarning qalblari rad etgan hadislardan biri: «Muso (a.s.)ning qavmi Alloh Azza va Jalladan ularga o‘z tovushini eshittirishini so‘rab berishni undan (Muso a.s.dan) iltimos qildilar. Shunda ularga sado keldi: «Men Allohman Mendan boshqa iloh yo‘q va Men al-Hayy va al-Qayyumman. Sizlarni baland qo‘l va kuchli bilak bilan Misrdan chiqardim». Muallif yozadi: «Ushbu hadisni uning ma’nosini tushunmaydiganlar rivoyat qilgan. Alloh taolo barcha bani Odamdan faqat Muso (a.s.) nigina (so‘zlashish uchun) xos qilgan. Agar Alloh uning qavmi bilan ham so‘zlashgan bo‘lsa, barcha Payg‘ambarlar orasida «kalimulloh» nomiga sazovor bo‘lgan Muso a.s.ning boshqalardan fazli qaerda qoldi»[22].  Hakim Termiziy hadisga yondashuvida ezoterik jihatlarga ham e’tibor qaratadi. Bunda u hadis olimlarini ham zohir va botin ulamolariga bo‘ladi. Zohir ulamolari suv ustida yurish, yurganda yer oyoq ostiga yig‘ilib kelishi, rizq noodatiy holda yetib kelishi haqidagi holatlarni qabul qilmaydilar. Agar ular bu narsalarni anglaganlarida, sahobiy Mutarrif ibn Abdullohning quyidagi so‘zlarini aytgan bo‘lardilar. Jumladan, hadisda kelishicha, bir kuni sherigi bilan tunda yurib ketayotganlarida hassasining bir uchi chiroq bo‘lib yo‘lni yoritib borar edi. Shunda sherigi unga aytdi: «Agar buni kimgadir aytsak, yolg‘onchiga chiqarilamiz». Bunga javoban Mutarrif dedi: «Allohning ne’matlarini yolg‘onga chiqaruvchilar buni ham yolg‘onga chiqaraveradilar». Bu narsalarni qalblaridagi pardalari ochilganlar ko‘ra oladilar[23]. Hakim Termiziy qalblar inkor etadigan hadislar jumlasida Ibn Abbosdan rivoyat qilingan Hazrati Alining uch kun davomida o‘z oilasi bilan muhtoj bo‘lib turgan taomni tilanchiga berib yuborishi, natijada o‘zlari ham besh-olti yoshlik Hasan va Husayn ham ochlikdan titrab qolishi haqidagi uzun hadisni qayd etadi. Hakim Termiziy aytadi: «Bu hadisda mubolag‘a qilingan, bunday qilish mazammat qilinadi, Alloh taolo o‘zidan va oilasidan ortganni infoq qilishga buyurgan»[24].

Sahihligi nuqtai nazaridan Hakim Termiziyning «Navodir al-usul» asari mashhur hanafiy ulamosi Muhammad Taqiy Usmoniy tomonidan hadis to‘plamlarining 4-tabaqasiga kiritilgan. Bu tabaqa kitoblarida ko‘p zaif hadislar bo‘ladi[25]. Hadis to‘plamlarining sahihlik darajasi bo‘yicha shakllantirilgan birinchi tabaqaga Imom Buxoriy va Imom Muslimning «Jome’ as-Sahih» asarlari, ikkinchi tabaqasiga «Sunani Nasoiy» va «Sunani Abu Dovud» va «Sunani Termiziy», uchinchi tabaqaga «Sunani Ibn Moja» kiritilgan.

Hakim Termiziy “Manhiyot” asarida biror ishni qilishdan qaytaruvchi – 170dan ortiq nahy (qaytarish) hadislarni jamlagan. Hadislarning yo‘llarini aniqlab, sanadlari to‘liq tafsilotlar bilan beriladi. Asarda muallif avval hadisni keltiradi, so‘ngra uning mazmunini ochish uchun oyat, hadis, mashhur sahobiy, tobeiy va ulamolarning gaplarini keltiradi. Yoki faqatgina o‘z qarashlarini ifoda etadi. Nahy hukmlarning sabablarini ko‘rsatib beradi va unga amal qilmaslik insonga bu dunyo va oxiratda qanday ayanchli oqibatlarga olib kelishi ko‘rsatiladi. Bu dunyoda kelishi mumkin bo‘lgan oqibatlar ichida tibbiy ahamiyatga ega bo‘lganlari ham bor. So‘ngra turli bir-biriga yaqin hamda qarama-qarshi qarashlar bo‘yicha o‘z munosabatini bildiradi: ba’zan ularni muvofiqlashtiradi, ba’zan bir tarafni qo‘llab-quvvatlaydi. Muallif albatta masala bo‘yicha o‘z munosabatini bildirib o‘tadi. Keyin hadislar sharhlanib, ulardan hukmlar chiqariladi.

Asarda fiqhiy ahamiyatga ega matnlar ham talaygina keltirilgan. Ayniqsa, Termiziyning nahy masalalari bo‘yicha fiqhiy xulosalari alohida e’tiborga molik. Ushbu xulosalarni shakllantirishda Termiziy hanafiy ulamolarining qavllaridan foydalangan. Jumladan, “Manhiyot” asarida suv oqadigan ariqlarga bavl qilish mavzusida mavzuga oid ulamolarning qarashlarini zikr qilib, hal qiluvchi fikr sifatida Abu Yusufning hadisga oid sharhini (Termiziy “ta’vil” deb ataydi) keltiradi[26].

Ayniqsa, savdoga oid qaytarilgan hadislar sharhida Termiziyning fiqhiy qarashlari ko‘proq namoyon bo‘ladi. Asarda quyidagilar mumkin emasligi ta’kidlanadi: mevani salohiyati ko‘rinmasdan sotish (96-bet), muhoqala (54-bet), bir necha yilga sotish (97-bet), uzumni mayizga tengma-teng sotmaslik (98-bet), qarz berish hisobiga savdo qilish (102-bet), ikki shartli savdo (102-bet), o‘zining huzurida bo‘lmagan narsani sotish (102-bet), kishining kafolatiga o‘tmagan narsadan foyda olish (103-bet), suvni sotish (108-bet), suvdagi baliqni sotish (187-bet), Mus’haf sotish (188-bet), ish haqini kelishmasdan mardikor ishlatish (188-bet), hayvonni hayvonga nasiya qilib sotish (190-bet), podshohning ruxsatisiz jang qilish (191-bet), oltinni oltinga nasiya qilib sotish (196-bet), oltinni oltinga barobar qilmasdan sotish (196-bet) kabi masalalar.

Garchi Hakim Termiziy ahli hadisning mashhur hadis to‘plamlaridan hadis rivoyat qilmasada, birgina “al-Akyos va-l-mug‘tarrun” asarida “ushbu hadis al-Buxoriyda rivoyat qilingan” deb sanadsiz rivoyat qilingan hadis keltirilgan. Hadisda madinalik kishiga agar qo‘lidagi dunyosi olib qo‘yilsa unga g‘am chekmasligi, agar dunyo berilsa unga xursand bo‘lib ketmay, rad qilishi, qalbida hech kimga g‘ashligi yo‘qligi tufayli Rasululloh (a.s.) jannatiy deb bashorat berganlari keltirilgan[27]. Ammo ushbu hadis matni “Sahihi Buxoriy”da uchramadi. Ehtimol, bu qo‘shimcha keyinroq kirib qolgan, yoki noshirlar tomonidan xatoga yo‘l qo‘yilgan bo‘lishi mumkin.

Ibrohim USMONOV,O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti, tarix fanlari nomzodi, dotsent. i.usmanov@yahoo.com


[1] Нуруддин Бурдурий. Ҳаким Термизийнинг “Наводир ал-усул” асарининг ношир муқаддимаси. – Байрут: Дар ал-минҳаж,  2015. – Б. 26.

[2] Нуруддин Бурдурий. Ҳаким Термизийнинг “Наводир ал-усул” асарининг ношир муқаддимаси. – Байрут: Дар ал-минҳаж,  2015. – Б. 57.

[3] Karapinar Fikret. Ilk devir sûfîlerin hadis birikimleri // Marife, yıl. 7, sayı. 2, güz 2007. – S. 44.

[4] Karapinar Fikret. Ilk devir sûfîlerin hadis birikimleri // Marife, yıl. 7, sayı. 2, güz 2007. – S. 48.

[5] Karapinar Fikret. Ilk devir sûfîlerin hadis birikimleri // Marife, yıl. 7, sayı. 2, güz 2007. – S. 48-49.

[6] Karapinar Fikret. Ilk devir sûfîlerin hadis birikimleri // Marife, yıl. 7, sayı. 2, güz 2007. – S. 49.

[7] Karapinar Fikret. Ilk devir sûfîlerin hadis birikimleri // Marife, yıl. 7, sayı. 2, güz 2007. – S. 50.

[8] Қаранг: Mehmet Turan. Hadis şerh geleneginde Hakim et-Titmizi. – Istanbul: Kitap Dunyasi Yayinlari, 2025. – S. 110-112.

[9] Mehmet Turan. Hadis şerh geleneginde Hakim et-Titmizi. – Istanbul: Kitap Dunyasi Yayinlari, 2025. – S. 277-281.

[10] Mehmet Turan. Hadis şerh geleneginde Hakim et-Titmizi. – Istanbul: Kitap Dunyasi Yayinlari, 2025. – S. 287.

[11] Ҳаким Термизий. Наводир ал-усул / Н.Бурдурий нашри. – Байрут: Дар ал-минҳаж, 2015. Т. III. –Б.762-779.

[12]Ҳусайний А. Ал-Маърифа инда ал-Ҳаким ат-Тирмизий. – Қоҳира: Дор ал-кутуб ал-арабийя, 1963. – Б. 79-80.

[13] Ҳаким Термизий. Шифо’ ал-‘илал. Қўлёзма. Валиюддин, №770. 7б варақ.

[14] Ҳаким Термизий. Шифо’ ал-‘илал. Қўлёзма. Валиюддин, №770. 7б варақ.

[15] Ҳаким Термизий. Шифо’ ал-‘илал. Қўлёзма. Валиюддин, №770. 8а варақ.

[16] Ҳаким Термизий. Наводир ал-усул. – Жидда: Дар ал-минҳаж, 2015. Т.4. –Б.536-537.

[17] Жузжоний А. Қоваид фи улум ал-ҳадис ан-набавий ала манҳаж ас-сада ал-ҳанафийя. – Девбанд, 2018. – Б. 16-17.

[18] Ҳаким Термизий. Баҳр ат-тафсир / Ж.Чўтматов нашрга тайёрлаган. – Истанбул: Дор ал-кутуб ал-арабийя, 2023.  – Б. 239-261.

[19]Мазкур ҳадис «сиҳоҳ тисъа»га кирмаган.

[20] Ҳаким Термизий. Наводир ал-усул. Т. I. Б. 361.

[21] Ҳаким Термизий. Наводир ал-усул.  Т. I. Б. 357-365.

[22] Ҳаким Термизий. Наводир ал-усул. Т. I. Б. 367.

[23] Ҳаким Термизий. Наводир ал-усул / Н.Бурдурий нашри. – Байрут: Дар ал-минҳаж, 2015. Т. I. –Б.596-597.

[24] Ҳаким Термизий. Наводир ал-усул / Н.Бурдурий нашри. – Байрут: Дар ал-минҳаж, 2015. Т. I. –Б.628.

[25] Муҳаммад Тақий Усмоний. Дарси Термизий. – Карачи: Мактаба дар ал-улум, 2010. – Б.72.

[26] Ҳаким Термизий. Қайтарилган амаллар (ал-Манҳиёт)/ О.Қориев, М.Исмоилов тарж. – Тошкент: Наврўз, 2017. – Б. 17.  

[27] Ҳаким Термизий. Ал-Акёс ва-л-муғтаррун / А.Сойиҳ ва С.Жамилий нашри. – Қоҳира: ал-Мактаб ас-сақофий, 1989. –Б. 63.

Manzil: Surxondaryo viloyati Termiz shahri Shimoliy darvoza ko’chasi 3-uy


Telefon: +998 55 451 05 99


E-Mail: termiziycenter@gmail.com


Whatsapp: +998 55 451 05 99

©2017-2025 Imam Termizi ISRC- All Right Reserved. Designed and Developed by Shokhzamon

© 2017 by Imam Termizi ISRC is licensed under CC BY-SA 4.0
Яндекс.Метрика