
Qohira shahridagi Imom Husayn (r.a.) masjidida Misr Vaqflar vazirligi tomonidan tashkil etilgan Beshinchi xalqaro “Islom tafakkuri forumi” bo‘lib o‘tdi. Nufuzli anjumanda dunyoning 53 davlatidan ulamolar, mutafakkirlar, diniy arboblar va jamoat vakillari ishtirok etdi.
Forumda Misr Vaqflar vaziri professor doktor Usoma al-Azhariy ishtirok etib, islom ummatining bugungi vazifalari haqida muhim fikrlarni bildirdi. U o‘z nutqida:
“Ikki milliard musulmonga murojaatimiz — xavfsizlik va obodlik, ekstremizmdan himoyalanish, ilmda raqobat qilish, sivilizatsiya barpo etish hamda yuksak axloq va qadriyatlarni mustahkamlashdir”, — deya ta’kidladi.
Shuningdek, vazir butun insoniyatga murojaat qilib, tinchlik, yaxshi qo‘shnichilik va o‘zaro hamkorlik g‘oyalarini ilgari surdi.
Forumda buyuk vatandoshimiz, muhaddis olim Imom Buxoriyning “Al-adab al-mufrad” asari asosida ota-onaga ehtirom, ilmning inson kamolotidagi o‘rni, saxovat, zakot, ma’naviy tarbiya hamda jamiyatda sog‘lom ongni shakllantirish kabi mavzular muhokama qilindi.
Tadbirni Misr Oliy Islom ishlari kengashi bosh kotibi doktor Ahmad Nabaviy olib bordi.
Anjumanda Misrning yirik ulamolari bilan bir qatorda Albaniya, Ozarbayjon, Hindiston, Malayziya, Keniya, Kamerun, Indoneziya, Yaponiya, Nepal, Nigeriya, Niderlandiya, Gretsiya va boshqa ko‘plab davlatlardan diniy va ilmiy delegatsiyalar qatnashdi.
Forum yakunida duolar o‘qilib, ilm-ma’rifat, bag‘rikenglik va vasatiylik g‘oyalarini keng targ‘ib qilish muhim ekani ta’kidlandi.


