DINIY TAʼLIMNI QAYERLARDA OʻRGANISH LOZIM

by Matbuot xizmati
9 👁️

Diniy taʼlim masalasi jamiyat barqarorligi, yoshlar tarbiyasi va milliy xavfsizlik bilan bevosita bogʻliq boʻlgan muhim sohalardan biri hisoblanadi. Shu bois yurtimizda ushbu yoʻnalish davlat tomonidan aniq qonunlar va tartiblar asosida belgilangan. Keyingi paytlarda esa ijtimoiy tarmoqlar va norasmiy muhitlarda noqonuniy diniy taʼlim berish holatlari kuzatilayotgani tashvish uygʻotmoqda.

Avvalo, amaldagi qonunchilikka koʻra, diniy taʼlim faqat davlat roʻyxatidan oʻtgan va tegishli litsenziyaga ega boʻlgan taʼlim muassasalarida amalga oshirilishi lozim. Oʻzbekiston Respublikasining “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar toʻgʻrisida”gi Qonunida aniq belgilanganidek, diniy bilim berish huquqi faqat rasmiy diniy taʼlim muassasalariga berilgan. Bunga misol sifatida islomiy taʼlim yoʻnalishida faoliyat yurituvchi madrasalar, islom institutlari va maxsus diniy oʻquv yurtlarini keltirish mumkin.

Shu bilan birga, Vazirlar Mahkamasining tegishli qarorlarida diniy taʼlim berish tartibi, oʻquv dasturlari va mutaxassislar tayyorlash tizimi qatʼiy belgilab qoʻyilgan. Bu tartiblardan asosiy maqsad – din niqobi ostida ekstremistik yoki radikal gʻoyalarning tarqalishining oldini olish, aholini, ayniqsa yoshlarni turli yot gʻoyalar taʼsirlaridan himoya qilishdir.

Ammo amaliyotda baʼzi shaxslar tomonidan noqonuniy ravishda – uy sharoitida, ijtimoiy tarmoqlarda yoki xususiy “dars”lar orqali diniy taʼlim berish holatlari uchramoqda. Bu kabi holatlar qonunga zid hisoblanadi va javobgarlikka sabab boʻladi. Chunki bunday “taʼlim” jarayonida berilayotgan maʼlumotlar nazoratdan tashqari boʻlib, ularning mazmunida notoʻgʻri, hatto xavfli gʻoyalar boʻlishi mumkin.

Ayniqsa, internet tarmoqlarida oʻzini “ustoz” sifatida tanishtirayotgan ayrim shaxslar tomonidan berilayotgan darslar ishonchli manba emas. Ularda diniy bilimlar bir yoqlama, notoʻliq yoki mutlaqo asossiz talqin qilinishi ehtimoli yuqori. Bu yoshlar ongida chalkashlik, diniy masalalarga notoʻgʻri yondashuv va radikal qarashlarni shakllantirishi mumkin.

Shu nuqtayi nazardan, fuqarolarga, ayniqsa yoshlarga murojaat qilib aytish joiz: diniy bilim olishda faqat rasmiy va qonuniy taʼlim muassasalarini tanlash zarur. Ota-onalar ham farzandlarining qayerda va kimdan taʼlim olayotganiga befarq boʻlmasliklari kerak.

Diniy taʼlim masalasida yana bir oʻta muhim jihat – bu rasmiy va ishonchli manbalar, yaʼni kitoblardan foydalanishdir. Zero, toʻgʻri taʼlim faqat toʻgʻri manba orqali shakllanadi.

Rasmiy diniy taʼlim muassasalarida foydalaniladigan kitoblar maxsus ekspertizadan oʻtgan, ilmiy asoslangan va anʼanaviy diniy qarashlarga mos boʻladi. Bunday adabiyotlar orqali oʻquvchilarda sogʻlom va muvozanatli diniy dunyoqarash shakllanadi. Masalan, islom taʼlimida aqida, fiqh, tafsir va hadis ilmlariga oid kitoblar faqat mutaxassislar tomonidan tanlangan va tasdiqlangan holda oʻqitiladi.

Aksincha, noqonuniy ravishda tarqatilayotgan kitoblar yoki elektron manbalar koʻp hollarda tekshiruvdan oʻtmagan boʻladi. Ularda maʼlumotlar notoʻgʻri talqin qilingan, ayrim hollarda esa mutlaqo soxta yoki gʻarazli maqsadlarda yozilgan boʻlishi mumkin. Ayniqsa, internet orqali PDF, audio yoki video shaklida tarqatilayotgan “darslik”lar va “maʼruzalar”ga nisbatan nihoyatda ehtiyotkor boʻlish zarur.

Shu nuqtayi nazardan, diniy bilim olishni istagan har bir shaxs quyidagilarga amal qilishi muhimdir:

faqat rasmiy nashr etilgan va ruxsat berilgan kitoblardan foydalanish;

shubhali manbalardan olingan materiallarga ishonmaslik;

mutaxassis ustozlar tavsiya etgan adabiyotlarni oʻqish;

internetdagi har qanday maʼlumotga ishonmaslik va ergashmaslik.

Xulosa qilib aytganda, diniy taʼlim tartibli va qonun doirasida amalga oshirilishi lozim boʻlgan sohadir. Noqonuniy taʼlim nafaqat qonunbuzarlik, balki jamiyat xavfsizligiga tahdid hamdir. Shuning uchun har bir fuqaro bu borada hushyor boʻlishi, qonunlarga amal qilishi va shubhali manbalardan uzoq boʻlishi lozim.

Abduvaxidov Abdullaziz Abdusattor oʻgʻliImom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

Manzil: Surxondaryo viloyati Termiz shahri Shimoliy darvoza ko’chasi 3-uy


Telefon: +998 55 451 05 99


E-Mail: termiziycenter@gmail.com


Whatsapp: +998 55 451 05 99

©2017-2025 Imam Termizi ISRC- All Right Reserved. Designed and Developed by Shokhzamon

© 2017 by Imam Termizi ISRC is licensed under CC BY-SA 4.0
Яндекс.Метрика