Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2017 yil 14 fevraldagi PQ-2774-son qarori asosida tashkil etilgan.
Markazning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
- islom dinining, Qur’oni karim va hadis ilmining asl mohiyatini, hadisshunoslik maktabining ilmiy-ma’naviy asoslarini, Imom Termiziy hamda termiziy allomalar, yurtimizdan yetishib chiqqan mutafakkir zotlar merosini har tomonlama chuqur o‘rganish va keng targ‘ib etish;yuksak insoniy g‘oyalar va muqaddas qadriyatlarimizni o‘zida ifoda etgan manbalarni tizimli asosda tadqiq etish, ulardan diniy ta’lim, ma’naviy-axloqiy tarbiya ishlarida foydalanish maqsadida zarur darsliklar va o‘quv qo‘llanmalari, ommabop nashrlar, ilmiy-amaliy tavsiyalar tayyorlash yuzasidan doimiy ish olib borish;
- turli mafkuraviy xurujlar avj olayotgan bugungi kunda ajdodlarimizning ma’naviy merosini chuqur o‘rganish, ulardagi ezgu g‘oya va ta’limotlarni keng xalq ommasiga yetkazish va shu asosda yoshlarda sog‘lom dunyoqarashni kuchaytirish, ularni azaliy qadriyatlarga sodiqlik ruhida tarbiyalash;
- Imom Termiziy va termiziy allomalarning boy merosini o‘rganish va keng targ‘ib etish maqsadida xorijiy ilmiy markazlar, xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, xalqaro konferensiya, simpozium, ko‘rgazma, ilmiy ma’ruzalar, seminar-treninglar, tanlovlar va boshqa madaniy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etish;
- mamlakatimizda hamda xorijiy davlatlarning kutubxonalari va qo‘lyozma fondlarida saqlanayotgan termiziy allomalar hamda buyuk mutafakkirlarimizning qo‘lyozma va toshbosma asarlari nusxalarini, ular haqidagi kitoblarni to‘plash va ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish;
- ma’naviy merosimizni o‘rganishda zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan, ilm-fan yutuqlaridan keng foydalanishga doir tegishli ilmiy ishlanma va tavsiyalarni tayyorlash.
Bugungi kunda Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida 10 nafar ilmiy xodim faoliyat ko‘rsatadi. Shundan 4 nafari ilmiy darajaga ega bo‘lgan islomshunos, manbashunoslardir.
Markazda Ilmiy-tadqiqot bo‘limi, Xalqaro aloqalar va ziyorat turizmini rivojlantirish bo‘limi, Axborot-resurs markazi, Axborot texnologiyalari va multimedia bo‘limi, Nashrlar bo‘limi faoliyat olib boradi.
Ilmiy tadqiqot bo‘limining asosiy maqsadi – islom dini rivojiga ulkan hissa qo‘shgan buyuk alloma, vatandoshimiz Abu Iso Termiziy (Imom Termiziy) va termiziy allomalarning boy ma’naviy merosini ilmiy asosda chuqur o‘rganish, muqaddas yurtimiz zamini azal-azaldan ulug‘ allomalar, aziz-avliyolar vatani bo‘lib kelganini yurtdoshlarimiz va xalqaro jamoatchilik o‘rtasida keng targ‘ib qilish, milliy-diniy qadriyatlarimizni asrab-avaylash va rivojlantirish, shu asosda yosh avlodni ezgu g‘oyalar ruhida tarbiyalash, ularning qalbida Vatanga muhabbat va sadoqat tuyg‘usini yanada kuchaytirishdir.
Xalqaro aloqalar va ziyorat turizmini rivojlantirish bo‘limining asosiy maqsadi – Imom Termiziy va termiziy allomalarning boy merosini o‘rganish va keng targ‘ib etish maqsadida xorijiy ilmiy markazlar, xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, xalqaro konferensiya, simpozium, ko‘rgazma, ilmiy ma’ruzalar, seminar-treninglar, tanlovlar va boshqa madaniy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etishdan iborat.
Axborot texnologiyalari va multimedia bo‘limi zamonaviy axborot-kommunikatsiyalardan unumli foydalangan holda ajdodlarimizning ma’naviy merosini keng ommaga targ‘ib qilishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan. Bo‘lim tomonidan Imom Termiziy, termiziylar va movarounnahrlik mutafakkirlarning hayoti hamda boy ma’naviy merosiga oid maqola, video, audio, infografika materiallar Markazning www.termiziy.uz sayti va ijtimoiy tarmoqlarida joylashtirib boriladi. Hozirgi kunda bo‘limda barcha imkoniyat va shart-sharoitlarga ega bo‘lgan alohida media studiya faoliyat yuritmoqda.
Nashrlar bo‘limining asosiy maqsadi – Markaz ilmiy-xodimlari tomonidan nashrga tayyorlanadigan Termiziy va Movarounnahr allomalarining hayoti va merosiga oid kitob va risolalarni hamda ommaviy axborot vositalarida e’lon qilinadigan tezis-maqolalar, xabarlarni tahrir etib, nashrga tayyorlashdan iborat.