AMIR TEMUR TARIXIGA OID NOYOB ASARNING BENAZIR TARJIMASI

by Matbuot xizmati
8 👁️

Joniyev Muzaffarxon

Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori, tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori, PhD

Amir Temur va temuriylar davri tarixi, undagi ilm-fan, madaniyat jahon sivilizatsiyasi tarixidan o‘rin olgan va uni o‘rganish tarixshunoslikning yirik ilmiy yo‘nalishlaridan biri sifatida doimo olimlar diqqat e’tiborida bo‘lgan. O‘z aql-idroki va betakror salohiyati bilan islom sivilizatsiyasi rivojiga salmoqli hissa qo‘shgan Amir Temurning hayoti va faoliyatiga qiziqish xorijiy yurtlarda ham har doim yuqori bo‘lgan. Shu bois ham azaldan dunyoning turli tillarida buyuk bobomizning hayoti va faoliyati haqida ko‘plab asarlar yaratilgan. Sohibqiron haqida ayniqsa, fors tilida ko‘plab asarlar yaratilgani tadqiqotchilarga yaxshi ma’lum. Tadqiqotchilarning fikricha, arab tilida nisbatan kamroq asarlar yozilgan bo‘lsada, lekin, shular orasida XV asr arab tarixchisi Ibn Arabshoh (1388-1450  yy.) tomonidan yozilgan “Ajoib al-maqdur fi tarixi Taymur” (“Temur tarixida taqdir ajoyibotlari”) nomli asari alohida ahamiyatga egadir. Qisqacha “Amir Temur tarixi” nomi bilan mashhur bo‘lgan bu asar to‘la-tukis Amir Temur va uning faoliyatiga doir arab tilida yozilgan yagona asar hisoblanadi. E’tiborlisi shundaki, ma’lum sabablarga ko‘ra Ibn Arabshoh asari garchand Sohibqironga nisbatan bir qadar tanqidiy ruhda yozilgan bo‘lsada, lekin Sohibqiron hayoti va faoliyatiga doir, o‘sha davrdagi ilmiy, madaniy hayot, obodonchilik, bunyodkorlik ishlari haqida shu qadar ko‘p va xilma – xil ma’lumotlar beradiki, o‘sha davrga oid boshqa birorta manbada bunaqa qimmatli ma’lumotlarni uchratish qiyin. Amir Temurning shaxsiga oid ko‘plab xabarlar, uning davlat arbobi, mohir lashkarboshi, ilm-fan va madaniyat homiysi sifatidagi faoliyati haqida ko‘plab qimmatli ma’lumotlar keltirilgan.

Ushbu asarning o‘zbek tilidagi tarjimasi va tadqiqi marhum islomshunos, tilshunos hamda tarixchi olim Ubaydullo Uvatov (1940-2020 yy.) tomonidan amalga oshirildi. Olim 1974 yili O‘zbekiston Fanlar Akademiyasining Abu Rayhon Beruniy nomidagi sharqshunoslik institutida  filologiya fanlari nomzodi ilmiy darajasini olish uchun 34 yoshli yigit himoya qildi. Dissertatsiya “Ibn Arabshoh  va uning «Ajoib al-maqdur fi navoyib Taymur» asarining arab tilida, o‘ta murakkab iboralar bilan yozilgan asar tarjimasiga bag‘ishlangan edi. Ayniqsa, sobiq Ittifoq davrida tarixchi Ibn Arabshoh tadqiqotlari asosida Amir Temur hayoti va buyuk sarkarda sifatidagi faoliyatini o‘rganib, nomzodlik dissertatsiyasini himoya qilish o‘sha davr uchun ma’naviy jasorat edi. Ibn Arabshohning mashhur asari bo‘lmish «Ajoibu-l-maqdur fiy tarixi Taymur» (Temur tarixida taqdir ajoibotlari) asarining asl arab tilidagi nusxasidan o‘zbek tiliga amalga oshirgan tarjimasi, nafaqat ustozning balki butun temurshunos olimlarning sohadagi ulkan yutug‘i bo‘lgan deyish mumkin. Negaki, asarning asl matni murakkab tilda, nasriy saj’ uslubida yozilgan bo‘lib bu turdagi asarlarning tarjimasi murakkabligi ko‘pgina sharqshunos olimlar tomonidan e’tirof etilgan. Shuningdek, ushbu murakkab asar tarjimasi nafaqat O‘zbekiston tarixi sohasining balki tilshunoslik sohasining ulkan yutug‘i ham hisoblanadi. 

Ibn Arabshohning ilmiy jamoatchilikka azaldan ma’lum bo‘lgan bu tarixiy-badiiy asari Amir Temurning hayoti va faoliyati hamda XIV asrning oxiri, XV asrning birinchi choragida sodir bo‘lgan voqealarni o‘z ichiga oladi.

Sohibqiron Amir Temur va u hukmronlik qilgan davr haqida ko‘plab tarixiy asarlar yozilgan. Mualliflarning nuqtai nazari va Amir Temur shaxsiga nisbatan munosabatiga ko‘ra, ular bir-biridan ba’zi hollarda ancha farq qiladi. Ibn Arabshohning ushbu asari muallif guvoh bo‘lgan, o‘zi bevosita ishtirok etgan voqealarni tasvirlagani bilan g‘oyat muhim tarixiy ahamiyatga ega edi. Shu kabi holatlar ham uning xalq orasida mashhur bo‘lishiga sabab bo‘lgan edi.

Olim, Ibn Arabshohning bu kitobining arabcha qo‘lyozmasini xorijda xizmat safarida yurgan paytida qo‘lga kiritgan bo‘lib, mazkur asarning to‘liq tarjimasi ikki kitobdan iborat shaklda 1991-1992 yillarda “Mehnat” nashriyotida bosilib chiqdi (1991 yili 1-qism 324 betli, 1992 yili 2-qism).

Birinchi jildda sohibqironning bolaligi, Samarqand taxtini egallashidan vafotiga qadar bo‘lib o‘tgan voqealar tafsiloti bayon qilinadi. Ikkinchi jildda Amir Temurning vafotidan keyingi davr voqealari, toj-taxt uchun kechgan qonli kurashlar to‘g‘risida so‘z yuritiladi. Tadqiqotchi tarjimon asar matniga 1306 izoh yozadi. Jug‘rofiy joy nomlari va kishi ismlari ko‘rsatkichlari (165-181) 16 betni tashkil etadi. Ularning barchasi asarning ikkinchi jildiga joylashtiriladi. Ishni to‘liq amalga oshirish uchun 140 dan oshiq qo‘shimcha manbalar va ilmiy adabiyotlardan foydalanadi. Mazkur asar domla Ubaydulla Uvatovning zahmatli mehnatlari va fidokorona ilmiy tadqiqotlari evaziga ilk bor o‘zbek tilida nashr qilinib, keng kitobxonlar ommasiga yetkazilgandi.

Ushbu asarning boshqa arab manbalaridan ajralib turadigan yana bir o‘ziga xos jihati shundaki, u o‘ziga xos tarixiy asar bo‘lishi bilan bir qatorda, adabiy va geografik manba sifatida ham alohida ahamiyat kasb etadi. Yuqarida qayd etib o‘tilganidek, asar arab tili adabiyotining saj uslubida yozilganligi sababli dunyoning kamdan kam tillariga tarjima qilingan. U.Uvatov tomonidan arab tilidan o‘zbek tiliga tarjima qilinib 1992 yilda nashr etilgan asar mazkur noyob tarjimalardan biri sifatida e’tirof etiladi. Asar ikki jildda nashr etilgan bo‘lib, birinchi jildda Ibn Arabashohning hayoti va faoliyati, “Ajoibu-l-maqdur fiy tarixi Taymur” asari haqida umumiy ma’lumot keltirilidi. Ikkinchi jildning asosiy qismi asarda keltirilgan ba’zi so‘zlar izohiga ajratilgan. “Ajoibu-l-maqdur fiy tarixi Taymur” asarining U.Uvatov tomonidan tayyorlangan o‘zbek tilidagi tarjimasini boshqa tillardagi tarjimalar bilan qiyoslaganda faqatgina tarjima emas balki, asar ilmiy izohlarga boyligi bilan ajralib turadi. Masalan amerikalik olim Robert Chisney tomonidan tayyorlangan ingliz tilidagi tarjimasida qisqa izohlar bilan cheklanilgan[1]. Shuningdek asarning Ahsen Batur tomonidan 2012 yilda amalga oshirilgan turk tilidagi tarjimasi[2] bilan ham qiyos ham qiyoslaganda U. Uvatov tomonidan amalga oshirilgan tarjima arab tilidagi matnlarga sodiqligi va tahliliy izohlarga boyligi bilan ajralib turadi.

Xulosa o‘rnida shuni aytish mumkinki, professor U. Uvatov tomonidan tayyorlangan Ibn Arabshohning “Ajoibu-l-maqdur fiy tarixi Taymur” asari tarjimasi nafaqat Amir Temur va Temuriylar davri tarixchiligi rivojida balki, arabshunoslik sohasida katta burilish yasagan asar sifatida o‘zbek ilim-fanida alohida o‘rin egallaydi. 


[1] Arabshah A. I. Tamerlane-the Life of the Great Amir. – Ib tauris & Company Limited, 2017. – P. 384.

[2] Arabşah, İbni. Acaibu’l-Makdur (Bozkırdan Gelen Bela). Çeviren Ahsen Batur. – İstanbul: Selenge Yayınları, 2012. – S. 480.

Manzil: Surxondaryo viloyati Termiz shahri Shimoliy darvoza ko’chasi 3-uy


Telefon: +998 55 451 05 99


E-Mail: termiziycenter@gmail.com


Whatsapp: +998 55 451 05 99

©2017-2025 Imam Termizi ISRC- All Right Reserved. Designed and Developed by Shokhzamon

© 2017 by Imam Termizi ISRC is licensed under CC BY-SA 4.0
Яндекс.Метрика